Ajib damlar ekan bolalik

0
142
marta ko‘rilgan.

(Esse)

Onamning aytishicha, murg‘aklikda og‘rigan paytlarim, Zaynab momo tanglayimni paxta bilan ko‘tarib qo‘yarkan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, paxtaga mehrim bolalikdan boshlangan. To‘rt yashar chog‘imda, onamning gardi ro‘molini belimga etakdek bog‘lab, otamning oldiga tushib paxta terganman. O‘shanda bo‘yim g‘o‘zalardan past bo‘lgani bois, ko‘proq osmonni, oppoq bulutlarni kuzatardim. Nazarimda, ular ham menga ulkan paxta xirmonlarini eslatardi.
Keyinchalik, peshonasiga charm ko‘ztumor taqilgan, bir shoxli, sersut sigirimizni Damariq bo‘yidagi ajriqzorlarda o‘tlatib yurib ham dehqonlar ishini zavq bilan kuzatishdan tolmaganman. Paxtaning momiq tolalarini paypaslab, uning qop- qora  chigitlarini tishlarim bilan qisirlatganda ro­hat­lanardim.
Biz – bir guruh quvnoq bolalar, xirmonchi Hazrat boboning haqoratu tahdidlarini nazar-pisand  qil­may, o‘zimizni paxta xirmoni bag‘riga otardik. Uning tafti, isi kishiga o‘zgacha kayfiyat baxsh etardi. Balki, o‘sha sabab, yuragimizning qat-qatidan paxta joy olgan bo‘lsa, ajabmas…
Paxtazorlarni oralab, damodam etak bo‘­shat­ganimizni ko‘rgan Baxshi kampirning: “Deti – detam, xeti – xetam”, – deya erkalatishlari quloqlarim os­tida hanuzgacha jaranglab turadi.Baxshi kampir, biz terimchi bolalarni, go‘yo o‘sha paytlar dalalarda paxta terib yurgan, terim mashinalariga qiyoslardi.
Oy to‘lishib chiqqan pallada, Zulhayot opam bizni ohista shivirlab, shirin uyqudan uyg‘otardi:
– Paxta terishga boramiz…  
Bizning butun fikru zikrimiz dalalar bilan bog‘lanib ketardi. Goho, kunlik paxta terimi normasini bajarolmay qolsak, hisobchimiz Bozor Qodirning vajohatidan qo‘rqib, dalalar bag‘riga bekinish payida bo‘lardik…

     U KUNLARNI UNUTISH OG‘IR…
Bolalik dalalar bag‘rida qoldi,
Paxta terar edik hatto qorlarda.
Opa, Baxshi kampir qayga yo‘qoldi,
Yoki pul tegdimi paxtakorlarga?

Xushmo‘ylov yigitning dalasi qayda,
Qamchilab yuribdi ko‘kka otini.
Chiqib uch yuz kilo paxta terganmish,
Sho‘rlik Jangiboyning dardmand xotini.

“Uyim kuydi”, – deya titrar Sharif chol,
Quloqqa ko‘ndalang qo‘yib o‘zini.
U shunday qilmasa edi ehtimol,
Sel olib ketardi rizqu ro‘zini.

Dala darsxonadek bo‘lmagan bejiz,
Bosh egib yurardik, nihollarga qul.
“Tuzning ozi ham tuz, ko‘pi ham bu tuz,”
Mahzun so‘z boshlardi usta Jumaqul.

Xirmonlar osmonga bo‘ylashib borar,
Unda toshdan edi balki jonimiz.
Har kun barmoqlarni teshib qon olar,
So‘nggi chanoqlarda qolgan nonimiz.
Opa, u kunlarni eslagim kelmas,
Pinhona ko‘z yoshim oqaveradi.
Yurakka zarracha halovat bermas,
Hijronlar dilimni yoqaveradi.
Yana bir kunimni o‘g‘irlaydi tun,
Ko‘zimni uzmayman qora chodirdan.
Normamni bajarmay qochganim uchun,
Uyalib yuribman Bozor Qodirdan…
Ajib damlar ekan bolalik…
Onam kunu tun olov bilan sirlashishdan tolmasdi.
Nazarimda, ko‘kda kezib yurgan
Oy ham onamni non yopishga undayotgandek bo‘lardi…
Oy…
Onam quvlab ado bo‘lgan non,
Oqarmadi qismat tandiri.
Bizlar esa yo‘ldamiz hamon,
Bo‘ynimizda hayot zanjiri…

Onamning tandiri oqarganini eslayolmayman, og‘zidan ajdar kabi lovullab o‘t purkayotgan qop-qora tandir, onamning gulgun kunlarini yulib ketdi.
Sho‘rlik, dunyo tashvishlaridan horiqqan paytlari bir so‘zni bizga bot-bot uqtirardi.
–  Bir kuni peshonang dunyoning ko‘hna ustuniga tek­kach, bilasan, mening qanchalar haqligimni…
Dunyoning ham ko‘hna ustuni bo‘ladimi, deya o‘y­lardim. Yillar o‘tib borgan sari volidamning o‘sha so‘zlari nechog‘lik hikmatga limmo-lim ekanligini anglab yetayapman.
Qishlog‘imizning chekkasidagi joylashgan bog‘dagi sarxil mevalarni negadir hech kim qo‘riqlamasdi, u hamma uchun birdek edi. Nomi ham g‘alati: O‘g‘rilar bog‘i.  Emishki, bir zamonlar u yerda behisob bir to‘p qaroqchilar yashagan ekan. Balki, o‘shalar o‘zlarining qing‘ir ishlarini yuvish ilinjida bu yerga  daraxt ko‘chatlarini o‘tqazib ketishgandir. Yana, kim biladi deysiz…. Qishloq bolalarining qiyqirib beminnat balxi tut yeyishi marhum o‘g‘rilarning qilgan gunohlarini bir yo‘la yuvayotgan bo‘lsa, ajabmas.
O‘shanda men nega bu qadar paxtazorlarga mahliyo bo‘lib qolganligimning mohiyatini hanuzgacha anglayolmayman. Ilk bor sevgan qizimning qo‘liga gulpaxta yasab tutqazganimda, uning ichida qalbim sirlari qorishib ketgan xat ham bor edi…
Mening eng ayanchli, qorong‘u kunim, bog‘larni zar­hal yaproqlarga burkagan zarg‘aldoq kuz, onamning o‘l­tirgan so‘risini xazonlarga to‘ldirganida keldi.
– Oyoqlarim zirqirab og‘riyapti, bolam… – deya no­liyotgan onamizni kuz o‘zining xazonlari bilan qorish­tirib ketdi…
O‘shanda, boshim dunyoning ko‘hna ustuniga ilk bor to‘qqillab tekkanini his qildim.
Bolaligim kechgan hovli bir zumda huvillab qoldi…

    ONAMNI SOG‘INDIM
Qiyshaygan tandiri qoraydi,
Dunyo ko‘z oldimda toraydi,
Pandlari korimga yaraydi,
Onamni sog‘indim, O n a m n i…

Bo‘g‘zimni kuydirib chiqqan satrlar meni cheksiz sog‘inch domiga tortadi. U paytlar men tuproq bilan sirlashib yurgan ziroatchi edim…
Onamni tuproqqa qo‘ygach, orzu-havasdan ko‘nglim butkul soviganday bo‘ldi. Umr bo‘yi bizlarni deb tashvishlarga ko‘milib yashagan u mushtipar ayolni yo‘qotib qo‘ygach, dunyodagi eng katta boyligimdan ayrilganimni fahmladim. O‘n ikkita farzandni oq yuvib-oq taragan onamiz, borlig‘ini farzand tarbiyasiga bag‘ishlab, o‘zini unutib qo‘ygandi. Onamiz bizlardan bir zayil ezgu maqsadlarga erishish uchun yaxshi niyat qilishni talab qilardi.
Onam yerga tushgan bir parcha yozuvi bor qog‘ozni ham, garchi savodi bo‘lmasa-da, e’tibordan chetda qoldirmay, bizlarga: “…o‘qib ko‘r-chi, bunda nima yozilgan”, – deb ixlos bilan uzatardi. Maktab ko‘rmagan volidamning zukkoligidan  doim hayratlanganman…
Har gal qabri boshiga borsam, quloqlarim ostida:
– Oyoqlarim zirqirab og‘riyapti, bolam… – degan nido yangrayotgandek bo‘ladi.
Bugun yana shu yerdaman. Bahor bo‘lgani uchun may­salar ham o‘zlarining yam-yashil sepini yozibdi. Lo­laqizg‘aldoqlar lovullab onamning yurak dog‘lari bi­lan qorishib ungandek edi. Qabr – homilador ona vujudiga o‘xshaydi. Bir paytlar men onamning qornida bo‘lganman, bugun esa onam yer bag‘rida yotibdi. Nazarimda bunda bir hikmat bordek tuyuladi. O‘zimcha nelarnidir ilg‘aganday bo‘laman.

BU MAYSALAR USTIMDAN KULDI
Men kim bo‘ldim dunyoda, ona,
Bu maysalar ustimdan kuldi.
Mendan oldin mozoringizga,
Borib sizni ziyorat qildi.

Tushunmay bu dunyo ishlarin,
Orqasidan quvib tolganman,
Balki o‘sha sabab, onajon,
Maysalardan ortda qolganman.

Qabristonda qizg‘aldoqlarning,
Qanchalar qon bo‘lganin ko‘rdim.
Tabiatning tanbehlaridan,
Qarshingizda xijolat bo‘ldim.

 

Tuproq kabi beozor onam,
Endi sizni qaydan topaman.
Ko‘nglim kabi huvillab yotgan,
Dalalarga qarab chopaman.

Topdim barcha yo‘qotganlarim,
Hamroh bo‘ldi menga shuhrat-shon.
Ammo sizni qancha izlasam,
Topolmayman endi, onajon.

Men kim bo‘ldim dunyoda, ona,
Bu maysalar ustimdan kuldi.
Mendan oldin mozoringizga,
O‘zlarini poyandoz qildi.

Ona, dunyoning nohaqliklari bilan to‘qnashgan chog‘imda, sizning ibratli pandlaringiz menga yor bo‘ladi. Siz, har bir insonning yelkasida doimiy ikki farishta turadi, derdingiz. U farishtalar kishining qilgan niyatlari ijobat bo‘lishi uchun “Omin”, deb turar ekan. Shuning uchun ham, tilak doim yaxshi bo‘lishini bot-bot uqtirardingiz. Biz – bolalar u pandlarni momolarning ko‘hna naqli, deb kulardik.
Bahor quruq kelgan palla, g‘o‘za nihollarining yerdan unib chiqishi qiyinlashgan lahzalar, hali tong otmay turib dalalar bag‘riga singib, qorong‘u tushganda uyga qaytardik. Sahar payti xo‘jalik bog‘ida bir bulbul sayrayapti, yuraklarni tilka-pora etib kuylayapti, bag‘ri qon gullarni ko‘ksiga bosib kuylayapti. Navodan dilim yayrab ketdi. Bulbulning ovoziga mahliyo bo‘ldim.

Gul ishqida yongan bulbul,
            sen menga yonishni o‘rgat,
Tillaringdan aylanayin,
            eng shirin xonishni o‘rgat.

Ey sen bog‘ning hukmdori,
            oshiq dillarning sardori,
Menga faqat bitta gulning
             ko‘nglini olishni o‘rgat.

Navo qilding gulni quchib,
            guldan gulga bording uchib,
Bellaridan olay quchib,
            unga yolvorishni o‘rgat.

Sochiga bog‘lab jonimni,
            xino qildi dil qonimni,
Balki qiynab o‘ldirmoqchi,
            o‘lmay sog‘ qolishni o‘rgat.

Qachon chiqar mening gulim,
            darddan to‘lib ketdi dilim,
Ustozim bo‘lgin bulbulim,
            eng dardli nolishni o‘rgat.

Kim bo‘ldi deb, Axtamquli,
            lol qolsa ko‘plarning tili,
G‘o‘zalardan uzr so‘rab
            Toshkanga borishni o‘rgat.

Tilagim ijobat bo‘ldi, g‘azal ko‘plarni haya­jon­lantirdi. Yelkamdagi farishtalar “Omin”, deb turgan ekanmi, g‘o‘zalardan izn so‘rab, Toshkentga borishimga imkon topildi… Katta minbarlarda, elning ichida hayajonlanib she’r o‘qiyotgan chog‘imda, duogo‘y onamning aytgan farishtalariyu, xo‘jalik bog‘ida tinimsiz kuylayotgan kuychi bulbulning navosi xayolimdan kechadi. Niyatni doim yaxshi qilish kerak ekan, degan xayolga boraman…
Ona, onajon, bu yorug‘ olamda ilm olish ilinjida dunyoning bir qancha boshi berk ko‘chalariga kirib chiqdim. Ulkan bilim dargohlari menga quchoq ochdi.Ammo sizning darsxonangizdek, mehrli, beminnat dargoh, dunyoning hech bir go‘shasida yo‘qligini angladim.
Yurtboshimizning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasida bejiz:
“Yozuvchilik – bu oddiy kasb emas, Xudo bergan iste’­doddir. Bu kasbga hech qayerda o‘qitib, o‘rgatib bo‘l­maydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfununi ham bitta. U ham bo‘lsa hayot ichida, o‘z xalqi bilan ham­dardu hamnafas yashash, haqiqat va adolatga sa­do­qat bilan xizmatqilishdir…” deyilmagan.
To‘shakda mixlanib yotgan onam haqida she’r yozib borgandim,u kishi she’rimni tinglab, mungli ko‘zlarini menga tikib dedilar:
– She’r eshitgan bilan, tuzalmayapman-ku, bolam?!..
Keyin bilsam, meni ne-ne kuylarga solgan bu no­shud baytlarim, onamning ham dardiga malham bo‘­lol­magan ekan.

Oq bulutdek to‘ziladi borgan sari,
Qismatimning bitilmagan daftarlari,
Bu holatni sezmaganman men ilgari,
Ona, sizni bir sog‘indim, Ona, sizni…

Shotiro‘d, mening barcha orzu-armonlarimni bor­liqqa tarannum aylagan ona qishlog‘im! Uning soddadil, ko‘ngli osmon odamlarining har biri menga ustozlik qilishgan. Darvozasi kechayu kunduz lang ochiq, mehmon qabul qilishdan zavqlanadigan Kokil bobodan tortib, qirlar bag‘rida yalang oyoq yurgan omonatbon  Devona bobogacha hamma-hammasi, hayotimda ibrat maktabi bo‘lgan.
Ona, bugun men sizning ko‘ngil maktabingiz haqida kengroq fikr yuritishni niyat qildim. Tarbiyaning boshlanishi dunyoni teran nigoh bilan ko‘ra bilishda, u dargohning muallimidadir. Biz – o‘n ikki farzand, qishning uzun tunlari sandal atrofida g‘uj bo‘lib “Ko‘k sigir” haqidagi g‘aroyib ertakni eshitganimizda, ko‘kdan xum to‘la sut yog‘ilishini orzu qilib chiqqanimiz sir emas. Ayniqsa, singillarim – Fotima-Zuhra tug‘ilgan yili qish qattiq kelgandi. Qisir qolgan bir shoxli, sersut sigirimizning qadri bilinib turgan bir paytda, qishlog‘imizga chetdan kelin bo‘lib kelgan ximiya o‘qituvchisi – Bahriniso opaning har kuni yarim paqir sutni bepul, beminnat, egizaklar uchun berib yuborgani og‘irimizni yengil qilgan. Uning qilgan yaxshiliklariga onamning behisob duolari yog‘ilardi. Duolarni Alloh ijobat etdi. O‘qituvchimiz  ham payti kelib, egizaklarning onasi bo‘ldi.
Ona, mening ijodim zamirida yotgan g‘oyalarning barchasi, bolalikdan olgan taassurotlarim hosi­lasidir. Sizning osmondek cheksiz bag‘ringizda ul­g‘ayib, dunyoni tanidim. Harbiy xizmatda yurgan kezlarim moskvalik bir tillasoch ayol, oilada nechta farzandsizlar, deb so‘rab qoldi.
– Biz oilada o‘n ikki farzandmiz.
Ammo bu javobimga shaharlik xonim ishonmaganday bo‘ldi.
– Nahotki, bir ayol o‘n ikkita farzandni dun­yoga keltirgan bo‘lsa?! Men borlig‘imni Irinaga ba­g‘ishlaganman, ikkinchi bolaga mehr berishni tasavvur ham qilolmayman.
Kuldim. Ajablandim. Kuldim.
Ona, siz o‘n ikkita farzandga birdek mehr bera olgan, dunyodagi eng jasoratli ayolsiz!
Mana, yana o‘sha yurak-bag‘rimni tilkalab yuboruvchi zarg‘aldoq kuz keldi. Kuz havosi sizga yoqmagani kabi, men uchun ham yoqimsizdir. Ayni damda shifoxonada yotibman, dardimning ham tayini yo‘q.
U kun qadrdon dalalarimni sog‘inib, paxta dalalariga chiqqandim. Paxtazorda qo‘limni nimadir chaqib oldi. Mahalliy aholining aytishicha, zulmkorning ismini sir tutish kerak emish. U yerdagilar uni “nomsiz” deyisharkan. Uning nishidan sochilgan zahar halovatimni buzdi. Yetti kun shifoxonaga qatnadim. Asorati bitay deb turganda yana bir “nomsiz” “yuragimni chaqdi”. Tappa yiqildim, keyin nima bo‘lganini bilmayman. Bugun o‘n to‘rt kundir, shifoxonaning oppoq shiftiga tikilib yotibman. Qaqragan tomirlarimga shifokorlar dori tomchilatayapti.

Kaftimga qo‘y kaftingni, paxta,
“Nomsiz” chaqib oldi qo‘limni!
Qirq yil bo‘ldi egatlar ichra,
Izlayapman sarxush yo‘limni.

Yuragimni chaqdi “nomsiz”lar,
G‘aflat aro qoldim bilmayin.
Dard dilimni tilkalab borar,
Zo‘rligimni pisand qilmayin.

El bo‘lmagan bu xumkallalar,
Bir-biriga yetkazar ziyon.
Ko‘zlarimning yog‘ini yalar,
Oyog‘imga chirmashgan ilon.

Odamzodning qismati taxir,
Hayratingga hayrat soladi.
Mashrabni dor ostidan chaqir,
Yo‘qsa dunyo kuyib qoladi.

Ulug‘bekning oltin boshiga,
“Nomsiz”larning nomi bitilgan.
Farzandining qo‘llari bilan,
Xurosonda qatl etilgan.
    
Tuprog‘ini tark etdi Bobur,
Ixtiyori ketgach o‘zidan.
Sog‘inchlari misli javohir,
Bo‘lib yog‘di uning izidan.

Hamrohimiz quvg‘indi shayton,
Yirtilmagan ko‘hna niqobi.
Mehrobdagi mehrsiz “chayon”,
Qodiriyning dard iztirobi.

Buxoriyni izlar Buxoro,
Astrobodda benavo Hazrat…
Mendan  ko‘ngil tilasang, dunyo,
Bardoshimni tog‘ qilib yarat!

Mayli, onajon, nima bo‘lganda ham, hammasi xayrli kechdi. Peshonam dunyoning ko‘hna ustuniga ikkinchi bor unsiz urildi. Men ham bugun asta-sekinlik bilan yashashni o‘rganyapman…
 

AXTAMQULI – 1964 yilda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining Shotiro‘d qishlog‘ida tu­g‘ilgan. O‘zbekiston Milliy univeristeti qoshidagi Oliy Adabiyot kursida tahsil olgan. “Bodomginam”, “Qorachiqda asraganimsan”, “Bahorimdan kechikkan gul”, “Qirq g‘azal” nomli she’riy to‘plamlari hamda “Ibratli hayot”, “Baxt izlagan odam” nomli biografik qissalari va “Tog‘lar ham qariydi” kitoblar muallifi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

“Yoshlik” jurnali 2014 yil, 3-son

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.