Bunda bulbul kitob o‘qiydi

0
16
marta ko‘rilgan.

Mirpo‘lat Mirzo,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir

Zomin ertaknamo ma’vodir. She’rga ixlos qo‘ygan yoshlarning bunda jam bo‘lishi bu muhitni yanada go‘zallashtirib yuboradi. Lojuvard osmon, mag‘rur cho‘qqilar, kumushyol suvlar, tog‘ chechaklari kechagidek yodimda. Yosh qalamkashlarga faqat she’riy mahoratdan dars olishni emas, tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lish san’atini ham uqtirmoq kerak.
Men Zominda bo‘lganimda tabiatdan bahra olib, ushbu satrlar bilan boshlanuvchi she’rimni ham yozganman:

Suzib qorday toza hislar nahrida,
Mahzun yuraklarni yayratay deb sha’n.
Yuksak va barhavo tog‘lar bag‘rida
Shoirlar tuzdilar go‘zal anjuman.

Minhojiddin Mirzo,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir

Men Zomin seminarida besh yil davomida bevosita tashkilotchi bo‘lib – O‘zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishtirok etganman. Raisimiz, marhum ustoz Abdulla Oripov har gal shaxsan o‘zlari bosh bo‘lib borar, yarq etgan iste’dodni ko‘rsa, behad quvonib ketardi.
Agar o‘sha yillardagi yosh ijodkorlarga e’tibor bersangiz, Zulfiya nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritgan qizlarimizning aksariyati Zomin seminari qatnashchilari. Yoki yurtimizning turli oliy o‘quv yurtlarining filologiya, jurnalistika, madaniyat yo‘nalishlarida o‘qib, keyinchalik hayotda o‘z o‘rnini topgan, iste’dodi bilan yuzaga chiqqan yoshlarning birinchilari qatorida mana shu seminar kashfiyotlari bor.
Yodimda qolgan ba’zi yosh qalamkashlarni misol qilib keltirishim mumkin. Masalan, Adiba Umirova katta shoira bo‘lib yetishdi, Ikromjon Asliy yaxshi g‘azallari bilan ko‘zga tashlandi, Behzod Fazliddin degan yaxshi bir shoir yoki uning yurtdoshi Benazir ismli shoira qizimiz shu seminar sabab kashf etildi, Oygul Asilbek qizi bugun yaxshi bir adabiyotshunos olimaga aylandi. Ushbu seminar katta adabiyotga kirish uchun ostona vazifasini o‘tadi. Hozir yodimga kelgan ijodkorlarnigina sanadim. Agar do‘ppini bir chetga qo‘yib, yaxshilab eslasam, ularning safi bir necha karra ko‘payadi.
Uch-to‘rt kun davom etadigan seminarning har bir kuni nafaqat yosh ijodkorlar mushoirasi, balki chinakam mahorat maktabi bo‘lar edi. Qanchadan-qancha ustoz adib­lar saboq berardi, yoshlar ijod qozonida qaynardi. Asarlarning yutug‘iyam, kamchiligiyam, yarq etgan tomonlariyu bo‘shroq jihatlariyam – hamma-hammasi tahlil qilinardi. Faqat asar muhokamasi bilan cheklanmasdan, adabiyot va san’atdagi muammolar o‘rtaga tashlanar, erkin fikrlar aytilardi. Bu adabiyotning istiqbolini belgilab beradigan jonkuyar ijodkorlarni tarbiyalashga katta hissa qo‘shdi.
Bundan tashqari, tevarak atrofdagi qishloqlardan, sanatoriylardan adabiyot muxlislari uchrashuvga kelardi yo o‘zimiz tadbir uyushtirar edik. Ko‘plab adabiyot xayrixohlari, ixlosmandlari yo‘qlab turardi. Buyam yoshlar uchun katta maktab bo‘ldi.
Boshqa seminarlarda ham qatnashganman. Lekin, to‘g‘risi, ruhi, jo‘shqinligi, samarasi jihatidan Zomin seminaridek bo‘lmagan. Tabiat sofligida gap ko‘p bo‘lsa kerak-da. Ijodkor uchun qalb musaffoligi juda muhim. Tuyg‘ular ham shunga yarasha tiniq chiqadi, yarqirab namoyon bo‘ladi. Shuning uchun bu seminarning tiklanishini juda katta mamnuniyat bilan qarshi olaman.

Mehribon ABDURAHMONOVA,
Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi mas’ul kotibi

Bu zaminga tashrif buyurgan ijod ahli ilhom og‘ushida qoladi. Zomin ilhomlari yangidan-yangi asarlar yaratilishiga zamin tayyorladi. Ustozlardan oq fotiha olgan ko‘plab yoshlar katta adabiyot sari ishonch bilan odimladilar. Seminarda ustozlarning qimmatli fikrlaridan bahramand bo‘lib, mahorat darslarini tinglab,  asl adabiyot nima, ijodkor kim, uning adabiyot, el-yurt, Vatan oldidagi burch va vazifalari nimalardan iborat, degan savollarning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.  
O‘sha qutlug‘ kunlarda meni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilishgandi. Yigirma yil avvalgi xotiralarni qancha hayajon bilan eslasam, shu kunlarda o‘tayotgan yosh ijodkorlar seminari yana ko‘ngilga quvonch ulashib turibdi. Bu gal ustozlar safida, mezbon yurt vakili sifatida ishtirok etyapman. Men bundan bag‘oyat baxtiyorman.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.