Tiriklik çoğida aytolganim söz…
Meni ham ming yillar qilar hikoya.
Ğafur ĞULOM
Ijod – maşaqqat. Zahmatli yöl. Biroq ijod bor joyda – zafar bor. Bir yaxşilik bor. Köngilni yorituvçi nur bor.
Söz – ilohiy neʼmat. Har bir yaxşi Sözning öz barakoti bor. Yaxşi sözlar hayot ğildiragini yaxşi tomonga, yomon sözlar esa yomon tomonga aylantiradi.
“Söz – tirik olam!” deydi bilganlar. U köngildan tökiladi. U xuddi obihayot misol mehr çaşmalarini zuhur etadi. Inson olamini poklaydi. Tafakkurga çorlaydi. Yaxşilikka, yoruğlikka yetaklaydi.
Biz, qalam ahli Yaratganning ana şu uluğ martabasiga muyassar böldik. Qoğozlarga dilimizni tökib, odamlarga hadya etdik. Aslida bu yöl faqat zahmatdan, mehnat va maşaqqatdan iborat edi. Biroq u qançalar qiyin bölmasin, söqmoqlari hur, sözlar kelayotgan lahzalar huzur edi.
Talabalik yillarim rus yozuvçisi Konstantin Paustovskiyning ijod zahmatlariga bağişlangan “Oltin gul” kitobini öqidim va sözlar tuğilayotgan ondagi “tölğoqlar” tasviriga ilk bor guvoh böldim. Keyinroq Valentin Katayevning “Xayol çeçaklari” kitobini öqidim. Kitob nomining özi gözal. Ijoddagi tuğilişlarni yozuvçi “Xayol çeçaklari” deb nomlagan. Haqiqatan ham şunday… Şogirdning öz ustozi eşigi ostonasidagi içki titroqlarini şu kitobda kördim. Bu titroqlar içida qança ixlos, muhabbat, adabiyotga fidoyilik, sözga ehtiyoj bor.
Bir kuni Sergey Yeseninning “Maktublar” töplami qölimga tuşdi. Kitobni rus tilida öqidim. Unda şoirning xolasiga, singlisiga, döstiga, sevgilisiga yozgan maktublari jamlangandi… Bildimki, maktub – muhabbat ekan. Inson maktublarga muhabbatini, soğinçini tökadi. Inson soğinçidagi yaxşiliklarning poyoni bormi-ya…
Yillar ötgan sayin “Oltin gul” singari kitoblarni öqişga ehtiyojim kuçaydi. Negaki, asarning tuğilişi – özi bir asar. U öşa yaratilgan roman, qissadan ham qiziqarliroq bölsa, ne ajab.
Könglimda hamişa “Ijod söqmoqlari” degan kitob yoziş iştiyoqi yolqinlanib turdi. Bu masalaga, avvalo, özim qiziqaman. Masalan, Oybek domla “Navoiy” romanini qanday yozganini bilgim va saboq olgim keladi. Qani, yozuvçining kundaliklari bölsa-yu, özini unutib, Navoiy yaşagan davr tarixi orasiga kirib ketgan, bitta qalami bilan qança murakkab şaxslar olamida yaşagan yozuvçining azoblarini aytib bersa. Balki bu kundaliklar insonni maydalikdan, yengil-yelpi qaraş, yaşaşlardan asrab qolarmidi! Qani deyman, Radiy Fiş qalamiga mansub “Jaloliddin Rumiy” romanining dunyoga kelişi haqida maʼlumotlar bölsa!
Yozuvçining kitobi çop etilgan kunlardagi quvonçlari emas, niyat qilgan-u, ammo yozolmagan asarlari – armonlari köproqqa öxşaydi. Öşa armonlar içida ijodkorning odamlarga yetib bormagan qança izlanişlari, urinişlari ham borligi aniq.
***
Juda köp adiblar kundalik tutadi. Çunki u ijodkor uçun eng yaxşi dastyor. Yaşayotgan kunimizdan bir gözal tuyğu topsak, kundalikka bitamiz. Ular oylab, gohi yillab ğaladonlarda yotsa ham, bir kuni asqatadi. Goho yangi bir asarning tuğilişiga turtki böladi.
Ustoz Abdulla Qahhorning bir neçta yondaftarçalari bölgan ekan. Adib ularga nozik iboralarni, asar qahramoni feʼl-atvorini oçadigan sözlarni yozib qöygan. Payti kelganda ulardan foydalangan.
***
Ustoz Yöldoş Sulaymon aytardilar:
“Yozayotgan odam özini bemalol qöyişi kerak. Sözlar quyilib kelyaptimi, yozavering! Keyin uni qisqartiriş, tahrir qiliş oson”.
Ijod jarayonlari… Astoydil qarasangiz, juda oğir. Ijodkor intilib-intilib, oldinga qadam bosmasa, qalamini qitirlatmasa, heç narsaga erişolmaydi.
Özbekiston xalq şoiri Maqsud Şayxzoda vafotidan ikki yilça oldin Farğonaga keldilar. Viloyat gazetasi tahririyatida u kişi bilan uçraşuv böldi.
– Yozayotganda töxtamay yozişga harakat qiling, – dedilar ustoz. – Yozib bölgaç, yozganlaringizni ön beş kun ğaladonga taşlab qöying. Keyin olib, uni öquvçi közi bilan öqing. Yozganlaringiz özingizga taʼsir qildimi? Taʼsir qilgan bölsa, demak, yaxşi ijod bölibdi. Yangi asar tuğilibdi! Agar u Sizni zeriktirsa, öqigingiz kelmay taşlab qöysangiz, qayerlaridir ezmalikka öxşasa, demak, bu asar emas. Yo undan voz keçing yoki ustida qattiq işlang, ter töking!..
Bu ögitlar bizga bir umrlik saboq böldi.
Konstantin Paustovskiy ijodni oltin zarralardan yaralgan oltin gulga öxşatadi. “Bu oltin gul qaysi xonadonda bölsa, oilaga omad, baxt olib kelar emiş…” deb taʼriflaydi. Ha, çindan ham, ijod – oltin gul! U ijodkorning tillo tuyğularidan saçragan hislar, hayajonlar, hayratlar, çöğlar, olovlar hosilasi bölib tuğiladi.
Şunisi quvonçliki, odamlar öz şoiriga, yozuvçisiga işonadi. Hamişa eliga, yurtiga, odamlarga, adolatga, haqiqatga qayişadigan, vaqti kelsa, himoya qiladigan, ijodi bilan oğriqli dillarga malham qöyadigan qalam ahliga xuddi öziga işongandek işonadi.
Ijodkor qalbi avvalo Mehrga töla böladi. U – mehribon, ilinçoq, kuyunçak… Uning ana şu tuyğulari könglidan toşganida, qoğozlarga tökib, odamlarga ulaşadi.
***
Odamlarning özidan olib,
Odamlarga bermoqdir işim.
Erkin Vohidov
Bugun psixiatr-terapevt hikoyasini eşitib, yana Sözga qulluq qildim. Bu toifa şifokorlar öz bemorlarini igna bilan yoki aççiq dorilar bilan emas, Söz bilan, Söz sehri bilan davolayapti ekan.
“Psixoterapiya muolajasi har kuni har bir bemorga yarim soatdan olib boriladi, – deydi şifokor. – Bizning şifo qurolimiz ham Söz! Bemorning dağallaşgan, toşdek qotib, sahroga aylanib qolgan könglini Söz bilan yumşatamiz. Unda gul undirişga, çeçaklar oçirişga urinamiz. Bir ayol bemor keldi. Beş kun muolaja olib bordim. Suriştirsam, umuman kitob öqimagan ekan. Gazeta-jurnal haqida biror tasavvurga ham ega emas. Şunday zamonda! Oilada birga yaşaydigan hamxonalaridan birortasi haqida ijobiy fikri yöq. Hatto öz farzandlaridan ham norozi…
Axir, bu – dözaxda yaşaş degani emasmi? Bemorimga vazifa berdim. Axir hayotning şirinligini, gözalligini his etişingiz uçun, avvalo, öz atrofingizdagi odamlarning yaxşi fazilatlarini köra bilişingiz kerak. Ularni izlab toping. Axtaring. Birinçi, qaynonangizning yaxşi tomonlarini, keyin turmuş örtoğingizdagi ijobiy xislatlarni topib, yozib keling. Birgalaşib öqiymiz, – dedim.
– Voy, ular şunaqayam yomon… – bemorim qaysarlik bilan ters javob berayotgan edi, töxtatdim:
– Axir, Siz ular bilan birga yaşayapsiz, bir dasturxonda ötiribsiz. Bitta qozondan ovqat yeyapsiz. Axir, eringiz topib-tutib kelayotgandir?
– Topib keladi. Çor hunari bor usta. Faqat qildan qiyiq axtaradi, tajang.
– Negaki, Siz öşa eringizga faqat yomon köz bilan qarayapsiz. Siz uni hurmatlab, izzatini joyiga qöyib, muomala qilmayapsiz. Qaynonangizga ham şunday munosabatda bölsangiz kerak.
Bemorim indamadi. Oradan kunlar ötdi. Huzurimga bemor ayol kelganda, rosti, hafsalam ança pir böldi. Emişki, ulardan birorta ham yaxşi fazilat topolmabdi.
Men öşa ayol qalbida gul undirmoqçi edim. Könglida gul oçilib turgan odam atrofidagilarga ham gulday iforini soçib qaraydi. Röparasidagi tajang, ğazabi qaynab turgan odamni ham muloyimroq bölişga çaqirganday tabassum ulaşadi. Şunday emasmi?
***
…2007-yil 15 iyun. Şom va xufton orasida umr yöldoşim, şoir Abduvali Ortiqov Vodil yölidagi yurak xastaliklari şifoxonasida omonatini topşirdi. Inson Alloh yöliga hozirlik körib, hamişa şay turişi kerak ekan. Ölim qoş bilan qovoqning örtasida deyişsa-da, odamzot yaşagisi keladi. Döxtirlar umr yöldoşimning ahvolini “Oğir, ança oğir!” deyişsa-da, umidlarim katta edi. Negaki, uning şoir közlari sönggi daqiqagaça çaqnab turdi. Ranglari ham, hatto ovozi ham binoyidek edi. Erkinjon öğlimizga:
– Ertaga qalam, daftarlarimni olib kelgin, men endi şeʼrlar yozaman, – deb tayinlagan odam ikki soat ötmay, yoruğ dunyoni tark etdi. Yurak işi şunaqa tez ekan…
Öşa voqeadan keyin uzoq vaqt betob odamga öxşab yurdim. Köngil sörab Andijonning Marhamatidan kursdoş dugonam Mahbuba keldi. U meni yupatib:
– Abduvali ötib qoldi, deb yiğlab ötiravermagin, – dedi malham böluvçi va huşyorlikka çorlovçi tovuş bilan. – Özimiz ham neçaga çiqdik? Öylab kör! Qayğuga berilgandan köra Abduvali ulgurmagan işlarni sen qilgin. Nimagadir ulguriş kerak… – dedi.
Bu sözlar xiyol özimga keltirdi. Umr yöldoşim daftarlarida qolgan şeʼrlarni topib, kompyuterga köçirişga kirişdim. Bu iş tez bölmadi. Juda sekinlik bilan bordi. Biroq qimirlagan jon, rostdan ham, qir oşar ekan. Kitobni tayyorladim, unga Özbekiston xalq şoiri, qadrli ustozimiz Oydin Hojiyeva sözboşi yozib berdilar…
***
Bolaligimizda Fayziobodda kun qaytgandan söng uç-tört qiz dalaga öt yulgani borardik. Öşanda, hamma köproq öt yulişga urinsa, men qizarib yotoğiga yöl olgan quyoşni tomoşa qilardim. Quyoş botgaç, şom kirişi oldidan ufqda qolgan çöğlar közlarimni lovullatardi. Ularga töymay tikilardim.
Bolalikdagi xotiralar bir umr yöldoş bölar ekan, ong-şuurda öçmas iz qoldirar ekan. Ular qançalar gözal, şirin bölsa, inson umri davomida ulardan kuç-quvvat, yuksak ruh oladi. Şu sabab ham bolaligimizni tez-tez soğinamiz, eslaymiz. Gohi juda-juda xumori tutadi. Unga intilamiz. Unga suyanamiz. Öz umrimizni öşa xotiralar bilan bezaşga tinmay urinamiz.
Aksinça bölsa-çi… Tuğilgan gödak to esini tanib, ota-onasining janjal-töpolonlarini köp körsa, turtkilaşlarga giriftor bölsa, erkalanmasa, ruhiy yuksakliklarga yetaklanmasa, bu tuyğuni his etmasa… qörqoq yo janjalkaş-jangari, tafakkuri qoloq, heç kimga nafi tegmaydigan xudbin bölib ösişi tayin.
***
Men yoşlarga tez-tez aytaman:
– Tarjima asarlarni ham heç ikkilanmay öqing! Bu kitoblardan albatta nimadir topasiz. Agar öşa asar tarjimon könglini tebratmaganida, zavq-şavq bağişlamaganida, u bu kitobni qiynalib, boşqa tilga ögirarmidi!
Tarjimonlik, nazarimda, yozuvçilikdan ham qiyinroq yumuş. Yozuvçi könglidan oqib kelayotganini yozadi. Tarjimon esa har bir söz ustida, muallif uslubini saqlaş yölida zahmat çekadi, göyoki u yaşagan hayotda yaşaydi. Ikki til örtasida zahmat çekadi.
Yuqorida aytganimday, Sergey Yesenin maktublarini öqib, insonning insonga çeksiz mehrini yanada teranroq tuydim. Ana öşa maktublarda bitilgan, inson qalbidagi gözal soğinç tuyğulari mening könglimda ham bisyorligini anglab yetişimga astoydil kömaklaşdi. Keyin maktublar yozişga kirişib ketdim.
Sergey Yesenin maktublarini öqiş ijodimda yangi söqmoq oçdi. Bu söqmoqda men öz qalbimni kördim. “Ustozga maktublar”ni yozayotganimda könglimning çöqqilarida, Mehr degan dunyoning çamanlarida yaşadim. Könglim qoğozga tökilgan sari köra boşladim.
***
Ayol ijodkorga oson emas. Hali yoşlikda ilhom kelgan lahzalarni yaxşi “taniy” olmadik. Ilhom kelganda… sözlar quyilib keladi. Ustozlar aytişadi:
– Ijodkor köp yurişi, köplab voqea-hodisalarni öz közi bilan körişi, ularni tahlil etişi, qalb çiğiriğidan ötkazişi, turfa xil odamlarning ming bir qiyofa va holatlari, kayfiyatlari, niyatlari, ularning falsafalarini tinmay örganişi zarur…
Şunaqa, ijod – ğarq pişib turgan olma emas ekan-da. Bitta savatça olib borib, uzib-uzib olsangiz. Ustoz Yöldoş Sulaymon aytardilar:
– Kattaroq nasriy asar yozayotganda, ilhomni “tutib” olsang yaxşi. Mabodo qöldan uçib ketsa, tamom, yana uzoq vaqt asar voqealari içiga kirolmay, qahramonlar ruhini topolmay, bir söz yozolmay yuraverasan. Şuning uçun “Subhidam”, “Vafo”, “Armon” asarlarimni yozayotganimda, köçaga çiqib ketmaslik uçun atay soqol olmasdim. Bitta tökin dasturxonni oldimga tuzab qöyardim. Köngil nimani tusasa, ozgina-ozgina totinib, işlayverardim. Goho hovlidan qoçib, “dom”da işlardim. Goho boşqa şaharlarning mehmonxonalariga joylaşib olardim. Toki meni heç kim topolmasin…
Öylab qolaman. Ijodga bu qadar fidoyilik, bu qadar zahmat… Bu işlar aql buyruği emas, köngil amri bilan bajariladi!
***
Keça Şukur Xolmirzayevning esselar kitobini miriqib öqidim. El tanigan buyuk odamlar haqida yozib qöyibdi-da. Özim orzu qilgan kitobni topgandekman. Bitta yozuvçining şakllanişi…
Şukur akaning kitobidan köçirib oladigan joylari, dars olib, amal qiladigan sahifalari köp ekan. Har bir yoş ijodkor bu kitobni albatta öqişi kerak. Şukur akaning kitoblarini qaçon öqisam, bu uluğ yozuvçimizni ilk bor uçratganim yodimga tuşadi. Öşanda Erkintoy öğlim oltinçi sinfda öqirdi. Taxminan 1986-yil edi. Dörmondagi ijod uyining ikkinçi qavatidan tuşayotsam, Şukur aka şlyapasini astoydil bostirib, tepaga çiqib borayotgan ekan. Suratlarini matbuotlarda körgandim. Hikoyalarini miriqib öqigandim. Bir kun uçraşişni orzu qilgandim, albatta.
– Assalomu alaykum, Şukur aka! – dedim quvonib.
Öğlim ham ortimdan tuşayotgan edi. Şukur aka zina ustida töxtab, boş irğab alik oldi va bizlarga sinçkov qaradi.
– Hikoyalaringizni sevib öqiyman. Siz bilan uçraşişni orzu qilardim, – dedim şoşa-pişa hayajonlanib.
– Yaxşi. Qani, yuringlar bölmasa… – özlari oldinga qadam taşladilar. Biz u kişiga ergaşdik.
Rosti, oyoqlarim qaltirayotgan edi. Hozir şunday katta yozuvçi bilan röbarö bölaman, nima deyman?
Içkariga kirdik. Men özim havas qilgan yozuvçi bilan dildan suhbatlaşişni istab turardim. Asarlari haqida, nazarimda, uzuq-yuluq sözlar aytdim. Özimning u-bu narsalarim naşr etilganidan gapirganday böldim. Şukur aka könglim uçun bölsa kerak:
– Körganman, közim tuşgan, – deganday boş qimirlatdilar.
Bu daqiqalar şunday ediki… Ham özing orzu qilgansan, ham havasli, ham hadikli, ham igna ustida tik turganday…
– Şu… hikoyaçilikda Sizdan maslahatlar olmoqçi edim, – dedim.
– Yaxşi. Yozmoqçi bölgan birorta hikoyangning syujetini ayt-çi… Unga qarab, keyin bir maslahat berarman, – dedi Şukur aka.
Kalovlandim. Ajaboki, öşa daqiqada miyamga birorta syujet tugul, tiniqroq fikr kelmasdi. Nimalardir deb özimni oqlaşga urindim.
Biror narsa qoralayotganda, oldindan syujetni öylamas ekanman. Nimadir turtki böladi. Könglimda nimadir yalt etadi. Zimiston olamim yorişadi. Yozişga ötiraman. Hikoya oxiriga yetadi. Keyin örnimdan turaman.
– Albatta oldin syujetni pişitiş kerak. Yozilayotgan asarni boşidan oxirigaça xayolda “qurib”, keyin yoziş kerak. Yoziş davomida asar yana u yoq-bu yoği özgarib, tölib-toshib boradi, – dedi Şukur aka.
Şukur akadan yana nimalardir söradim. Hali-hali afsus qilaman. Biz köp tortinçoq ekanmiz. Xijolat çekibmiz. Bu ustozdan ijodning köp sir-asrorini örganiş mumkin edi. Ilm bobida Şukur Xolmirzayevga teng kelib bölmasdi. Tarixni, ayniqsa, özbek xalqi tarixini zör bilardi. Bir gapirişga tuşsa… Millat, xalq oğriqlarini ingrab turib sözlayotganga öxşardi. Adibning esselar kitobida öşa oğriqlarni yanada çuqurruq his qildim.
Şukur aka yozganlari yoqmay qolsa, gohi yirtib taşlaganini aytgandi. Şunday uluğ yozuvçi-ya… Esselarida öşa holatlarini, öz qalbiga maʼqul kelmagan “mulk”lardan voz keçgan damlarini kengroq yozganida edi… Nimasi yoqmadi? Nimasidan köngli tölmadi?..
Şukur Xolmirzayev ijodiga havasim keladi. Yozganlari tabiiy… Rost… Inson tuyğularini ming bir tarozida tahlil va tadqiq etib, keyin uni qoğozga tuşiradigan ijodkorlar hamişa bor bölsin. Öşalar-da, bizni tabiiylik va rostlikka örgatadiganlar. Öşalar-da, tuyğularimizni tarbiyalaydiganlar.
***
“Kitob dunyosi” gazetasida Lev Tolstoyning kundaliklaridan parçalar öqidim. Ularda faqat adabiyot haqida fikr yuritilgan. Öylayman, uluğlar hamişa uluğ bölgan va yuksakda turgan. Turgenevni Tolstoy nihoyatda qadrlagan. Ularning köngil mehnati, maşaqqati, iztirobi, topgan-tutgani ijod, adabiyot bölgan.
“… Hayajonsiz yozuvçilik işlarimiz olğa siljimaydi”, deb yozadi Lev Tolstoy. Bu fikrga qöşilaman. Ulkan aqlni tebratguvçi, işga solguvçi bu – öşa hayajon, bu – öşa tuyğulardir. Hayajonsiz yoziş, yaşaş, diydorlaşiş menga umuman yoqmaydi. Öşanday lahzalardan qoçib ketgim keladi.
***
Şu kunlarda hazrat Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni nasriy bayonini takror-takror öqiyapman. Öqigan sayin könglim suv içyapti. Alişer Navoiy uşbu asarining sönggi sahifalarida ruhiy holatlari haqida batafsil yozganlar. Bu mavzu ijod ahli uçun ham, muxlislar uçun ham qiziqarli, albatta:
“Söz ham kişi taʼbidan yaratilgan bir farzand kabidir, farzand esa kişining joni bilan boğlangan. Farzand degan narsa birovlarga qançalar yoqimsiz bölsa ham kişining öziga juda azizdir. Boyquş bolasi qançalar xunuk va jirkanç bölmasin, baribir öz oldida tovus bolasi singari jilvagardir. Kanop daraxtining şoxi xas-xaşakça bölmasa ham, undan tön qilib kiyadigan qalandarlarga u tik sarv daraxtidek barno körinadi”, deydilar Navoiy va yana yozadilar:
“Şu singari özingga juda ham yoqimli köringan bu dostonlaring xalqqa ham maʼqul bölarmikin yoki bölmasmikin? Har bir narsani kaşf etuvçi ustoz Jomiy buni körib, meni asl holdan xabardor qilsalar yaxşi bölmasmikin? Avval şunday dostonlarni yozgan (hozir yuzlariga ajal niqobi yopilgan) odamlar ruhlariga bu qanday taʼsir etar ekan? Buni körib, ularning ruhlari şodlanar yoki ranjirmi ekan? Bu ahvollardan dili ravşan pir özini xabir (xabar beruvçi) va meni xabardor qilsa ekan. Könglimda mana şu kabi xayollar va çuqur mulohazalar bilan qadam taşlab borar edim”.
Navoiy bobomizning bu holatlarini öqib, şunday uluğ zot ham öz asarlari haqida bir oğiz haq va rost sözga ilhaq bölganini anglaymiz. Ijod ahlining öz yozganidan qoniqiş hosil qilmay, olğa intilişi uni yuksaklarga kötarsa, ajab emas. “Saddi Iskandariy”ning oxirgi bobini tugatarkanman, Navoiy asarlarini ham jisman, ham ruhan poklanib öqiş zarurligini angladim.
Oradan neça asrlar ötdi. “Xamsa” qatidagi dur-gavharlar hamon sarflanmoqda. Qalam ahli uçun taqvo, pokizalik birinçi örinda ekani bu asarda alohida taʼkidlanadi. Öşanda qalamlardan tökilayotgan Sözlarning quvvati kuçli, elga nafi ziyoda bölişi aniq. Biz ijodkorlar bu dostonni qayta-qayta öqib, undan ibrat darsi olişimiz kerak.
***
Rahmatli ustoz Yöldoş Sulayman qaçon Toşkent bilan qönğiroqlaşsalar, örinlaridan turib olardilar. Bir kuni ajablangança şunday dedim:
– Yöldoş aka, Sizning tik turib gapirayotganingizni ular körmaydi-ku!
– Ötirib gaplaşolmayman… Axir, bizni odam qilgan (yaʼni, yozuvçi qilgan, elga tanitgan) şu Toşkent, şu bağrikeng ustozlar-ku! – deb javob berdilar.
Yöldoş aka Said Ahmad, Hamid Ğulom, Nosir Fozilov va boşqa ustozlar bilan şunday gaplaşardilar. Ustozlarning maslahatlari, marhamatlari haqida tölqinlanib gapirardilar.
Agar viloyatda yaşaydigan ijodkorga Toşkentdan bir qönğiroq bölib qolsa ham, göyo ilhom darçalarini, boşqaça aytganda, irmoqlarini oçib yuboradi. Nega? Negaki, işonç insonni dadillantiradi, qanotlantiradi. Bir kuni xuddi şunday bölgan. Uyimizga Toşkentdan qönğiroq böldi.
– Opa, Sizga bir iltimos bilan…
Ajablandim.
– Iltimos…
– Agar qölimdan kelsa, ming marta…
– Uç kun içida qöqonlik muallima, Özbekiston Qahramoni Manzuraxon Madaliyeva haqida oçerk yozib berişingiz kerak…
– Uç kun içida? Vaqt juda qisqa-ku, – öylanib qoldim.
– Nima endi… roman yozgan odamga bitta oçerk yoziş…
Şu bir oğizgina eʼtirofmi, bilmadim, menga kuç bağişladi. Poytaxtdan olisda yaşaydigan ijodkorga bölgan hurmat, balki meni qanotlantirdi. Men öşa işni uddaladim. Oçerk “Özbekiston Qahramonlari” kitobiga kiritildi. Bu oçerkimga köp yaxşi aks sadolar keldi.
Quvonarlisi, öşa iliq qönğiroq meni yana-yana astoydil işlaşga undadi. Qönğiroq egasi kitob muharriri Abduqodirjon Niyozov edi.
***
Hozirgina eşitdim. Qişloqda bir kuyov homilador xotinini uy içiga qamab qöyibdi. Kelin jinoyat qilgani yöq. Faqat betobligini yonidagilarga aytolmay, öz onasiga aytgani, onasiga qönğiroq qilgani uçun, xolos. Axir, öşa johil er farzand dunyoga kelayotgan vujuddagi oğriqlarni özi sezmagan bölsa… Oiladagi temir intizomdan bezib, onasiga yorilgan-da. Hatto şuni ham tuşuna olmabdi-ku!
Qani endi, şunaqa johillarning özini ham qamab qöyadigan mardlar topilsa! Negaki, u insonni his etişdek nozik tuyğularni tanimaydi. U yaşaşni faqat moddiy boylik, şohona uy-joy, maşinalar deb biladi. Ular kitob öqimaydi. Maktabdagi adabiyot darslarida ham heç narsani uqmagan.
Farzandining eson-omon, soğ tuğilişi haqida öylamagan, fikrlamagan odam birovning dilbandi bölgan xotinining qadriga yetarmidi!..
***
Yaqinda Namangan viloyatdagi soylari şarqirab turgan qişloqning “Onaning közyoşlari” degan ziyoratgohida böldik. Xuddi, xuddi… onaning közyoşlari töxtamay, sizib-sizib oqayotganga öxşaydi. Yil – ön ikki oy, keçasiyu kunduzi oqadi. Aytişlariça, farzandidan judo bölgan Onaning jolalari emiş… bu tomçilar. Tomçilar oqib, poyidagi buloqqa tökiladi. Balki… bu buloq öşa közyoşlardan bino bölgandir.
Öşa Çodakda mehmondöst ukamiz Obidjonning xonadonida bir piyola çoy içdik. Oddiy odamlar… Biroq ular közlaridan toşayotgan, bizga – umrida birinçi marta körib turgan odamlarga bölgan mehrlarini körsangiz, şoşib qolasiz. Göyo daryo tölqinlariga röbarö bölganday, göyo bu daryolar öz-özingiznikiday yaqinlikni topib olasiz. Obidjonning onasi Şodmon xola mening kitobimni qöliga olib:
– Özing yozdingmi? Kitob yozasanmi? – deganday hayratlanib-hayratlanib, közlarimga qaradi. Keyin… kutilmaganda, birdan şunday yiğlab yubordiki… Közlaridan duv-duv yoş tökildi. Menga ötinib qaradi. Göyo iltijolar qilib qaradi.
– Meni yoz, mening yuragimni yoz, – deya kökragini körsatdi.
– Yigirma beş yoşli öğlidan, navqiron ukamizdan avtohalokat tufayli bevaqt ayrilib qolgan. Şundan buyon közyoşlari töxtamaydi, – dedi onasiga mahzun termulib Obidjon.
Hozirgina “Onaning közyoşlari” qoşidan kelgan edik. Mana, yana bitta ayriliq, alam doğlari. Naqadar öxşaş…
Şodmon xolani yoza olamanmi yoki yöqmi? Qalamning kuçi yetadimi? Bular hammasi mening armonlarimdir.
***
2010-yil qişida bitta söz ham yozolmadim. Özimni betob, bemor his etdim. Öqişga-da rağbatim bölmadi. Hatto kiçik-kiçik qatralar ham meni yöqlamadi. Hatto qatra yoziş oson emas ekan. Unga ham xalqdan olgan biror hikmatni jo aylaş kerak. Unga ham nuqra tuyğular kerak.
Yozolmaslik – ijodkor uçun ölim bilan teng. Nihoyatda azob. Xuddi böm-böş idişga, suvi qurigan anhorga öxşaysan. Odamlar orasida özingni erkin sezmaysan. Göyo olamni, yaşaşni, umrni idrok etolmayotganday. Voqea-hodisalarga munosabatsiz, beparvo, hissiz hayot keçirayotganday… Seni yuksaklarga kötarguvçi ruhing tanangdan çiqib ketganday…
Yozayotganda yonayotgan öçoqqa öxşayman. Yozib bölgaç esa… Köpinça yozganlarim uzoq vaqt, baʼzan yillab daftarlarda qolib ketadi.
Ustoz Yöldoş Sulaymon bir kuni:
– Şoirlar davrasiga kirsam: “Men asosan nasrda yozaman, mayli, bitta şeʼr öqiy”, deb şeʼrimni boşlayman, degan edilar.
Demak, ustozning özlaridan, öz ijodidan köngillari tölmagan. Biroq heç qaçon şeʼrdan köngil uzolmagan va hatto:
– Men keksayganda, oltmişdan oşganda, yuragi yonayotgan, yuragi kuyayotgan şoirga aylandim, – degandilar.
Yana ustoz aytardilar:
– Ijodning çegarasi yöq. U insonni tebratsa, taʼsirlantirsa, ezgu yölga yetaklasa, yurakda orzuga, yaşaşga, yaratişga rağbat uyğotsa – öşa ijod, – der edilar.
Ijodkor şunaqa. Bir umr izlanadi, ilinadi, bir umr intiladi. U qayerga intiladi? Avvalo, öz köngliga… Gohi könglidagi rango-rang çeçaklardan tortib, atrofidagi insonlar könglidagi oğriqlar bilan çirmaşib ketadi…
***
Muhabbat insonni poklaydi, deymiz. Gohi bir ayol muhabbatga duçor bölib, olovlarda yonsa, odamlar uni “telba” deya malomat aylaydilar. Muhabbatga röbarö bölgan inson, bir kun albatta köngil olamidagi gulzoriga, yaʼni yuksalib, ilohiy işqqa yetib boradi. Nazarimda, özbek adabiyotida musulmon ayolning ming qavatga öralgan pinhoniy muhabbati, uning iztiroblari, hayotga hadya aylagan qudratlari haqidagi kitoblar juda kam. Biz göyoki Köngilni emas, atrofimizdagi voqea-hodisalarning tafsilotlarini yozayotganga öxşaymiz.
Mayli, yozganingiz qanday asar bölsa ham, inson könglini yoritsin, tuyğularni yuksaklikka çorlasin. Ustoz Pirimqul Qodirov bir suhbatida muhokama etilayotgan nasriy asardagi qahramon haqida gapirib:
– Bekorga ölib ketmasin bu qahramon. Agar izsiz ölib ketsa, kitob içida qahramon bölişiga nima bor? – degan edi astoydil jon koyitib.
Bu suhbat men uçun ustoz oçgan katta yöl böldi. Kitob – oftob, deymiz. Demak, uning sahifasiga hamma ham kira olmaydi. U kitobxonga yöl körsatsin, fikrini çaroğon etsin. Faqat ezgulik ulaşsin.
Kimdir kimnidir sevib qolsa… Nafratlaniş, yomon köriş, ğiybat qilişdan köra seviş – ming marotaba afzal! Sevgi köngil içinda gul oçadi. Bu degani uni darrov kimgadir tutqaziş degani emas-ku! Qaysidir kitobda öqigan edim. “Muhabbat bor joyda fahş yöq”, deyilgan edi. Bu fikrga töla qöşilaman. Qayerdaki, yengiltaklik, davru davron surib qoliş qabilidagi holatlarga röpara bölsak, begunoh norasidalarning kutilmagan tuğilişlari haqida gapirilayotgan ekan… bilingki, çindan ham, u manzillarda muhabbat sodir bölmagan. Demakki, insonning nozik tuyğularini tarbiyalaydigan, sevgi titroqlaridan roz aytadigan, xayolçan ğunçalar kabi ibo, hayo va iffat haqidagi asarlarga muhtoj ekanimizni his etaman.
***
Qöqon şahrida ustoz muallima, Özbekiston Qahramoni Manzuraxon Madaliyeva yaşaydi. U öz izlanişlari bilan çinakam qahramon bölgan inson. U öz fani – matematikani şunday sevadiki… Matematikaga bağişlab kitob yaratdi. Göyo matematika bilan adabiyotni çatiştirgan, göyo aql bilan köngilni bir-biriga boğlagan. Kitobining nomi “Sahnada matematika” deb ataladi. Öquvçilar qiyin fan deb hisoblangan matematikani avval şeʼr qilib öqiydilar. “Biz parallel çiziqlarmiz”, deya şeʼriy kayfiyat bilan boşlangan dars keyin yuksak ruh bilan murakkab masalalarni yeçişga kirişib ketadi. Qiyin işlar ham osonday bölib, matematika olamiga kirib, uni astoydil sevib qoladilar. Bir söz bilan aytganda, Manzuraxon öz umr yoğdusini topişga erişgan va uni hayotga, odamlarga hadya aylagan. Bu yoğdu – ijod mahsulidir.
Har bir inson öz kaşfiyotini – izlagan oltinini topsa, albatta, jamiyat gullab-yaşnaydi. Maʼnaviyatimiz çinorga aylanadi. Odamlar yolğon sözlaşdan uyaladi. Eşiklarga qulflar osilmaydi. Bir-birimizga işonamiz. Negaki, izlaniş olamida kezinayotgan odam atrofga rostlik bilan qaraydi. Bilmadim, keyingi avlod qanday bölar ekan? Men başoratçi emasman. Biroq kelajakdan umidlarim katta. Hozir yozayotganlarim ham şunga işora emasmi?
Iymonli insonlar, Allohni taniganlar, undan qörqadigan bandalar heç qaçon birovni aldamaydi. Kimdir kimnidir aldayotgan ekan, bilingki, u hali öz Xudosini tanigani, topgani yöq. Maʼnaviyat – asli til va dilning bittaligi. Halollik – maʼnaviyat. Töğrilik, tamalardan qoçiş, birovning haqiga nazar solmaslik, ğiybat qilmaslik, birovga çoh qazimaslik, öz manfaati deb, boşqalarni oyoqosti qilmaslik… Ularning hammasi – maʼnaviyat, komillik yöllari.
Biz har bir işdan hikmat izlab, qadam taşlasak, köp uluğliklar sodir böladi, deya umid qilaman.
Goh-goh “Ha, u odamga işonsa böladi”, degan gap quloqqa çalinadi. Naqadar xuşbaxt sözlar:
– Işonsa böladi!
Dunyoda bitta işonçli odamning borligi – katta, poyonsiz pok olam. Bu odamga eng katta omonatingizni tutqazsangiz ham, u zarrasiga-da xiyonat qilmaydi. Öylaymanki, dunyoning şodligi ana şunday kişilar tufaylidir.
***
Qarangki, adabiyot – özi tuyğular xazinasi. Tuyğular toşmasa, kim yozadi? Kitoblar qatiga jo bölgan öşa tuyğular xuddi şabnam misoli kitobxon dilini poklaydi, yaşnatadi, yangi-yangi orzular kurtaklarini yozdiradi. Biroq kimdir: “Kitobingizni mazza qilib öqidim”, desa, ana şu – eng katta mukofot! Şu bir oğiz söz hamişa yozişga undaydi.
Köngil çopyapti, köngil yozyapti.
Katta asarlar, romanlar yoziş uçun yozuvçiga katta materiallar kerak. Asar boş qahramoni fizik olim bölsa, fizika fani sir-asrorini bilmagan odam uni qanday yozadi? Demak, yozuvçi özi yozayotgan qahramonining kasb-kori sirlarini aniq bilişi kerak. Öşa kasb egalarining ruhiyatini bilişi şart. Bölmasa, kitobxon işonadigan asar yozilmaydi.
Hamişa köplab romanlar yozgan yozuvçilar hayotiga qiziqqanman, havas qilganman. Şulardan biri amerikalik yozuvçi Uilyam Folknerdir. U “Mağlubiyatga uçrasam ham mayli”, degan ahd ila astoydil ijod qilgan va öttizdan ortiq romanlar yaratgan. 1949-yili Nobel mukofotiga sazovor bölgan.
Mağlubiyatlardan çöçimay ijod qila biliş ham katta jasorat ekaniga amin bölaman. Biroq bu qadar jasur qalamkaşning katta bilimi, hayot tajribasi bölişi, şu bilan birga, uning yuragida kitoblarga kirişga, şu asarlar qahramonlari bölişga arzigulik insonlar – qahramonlar yaşaşi kerak.
***
Uşbu bitiklarim içra goh şod, goh mahzun qadam taşlar ekanman, inson umri haqida uzoq-uzoq xayollarga tolaman. Uy poydevorsiz, ustunsiz bölmagani kabi umrning ham öz tayançlari bor. Ilk ustozlarim – otam Dehqonboy Otajonboy öğli, onam – Pölatxon Nişonboy qizidir.
Dadamning otasi Otajonboy buvam 1933-yilda mulkdor bölgani uçun Tojikistonga surgun qilingan. Buvam poyezd vagoni oynasidan boşini çiqarib xayrlaşayotganida, közidagi şaşqator yoşlari oppoq, çiroyli yuzlarini yuvib, nigohlari umidsiz, nihoyatda iltijoli bölgan.
– Ahmadjon, men sizga işonaman, şu yolğizgina bolamni ehtiyot qiling. Uni sizga omonat taşlab ketyapman. Mendan zurriyod qolsin, jon Ahmadjon. Bizdan zurriyod qolsin… – deya zorlangan.
Dadamning toğasi – Ahmadjon Otajonboyga sodiq bölib qoldi. Umrining oxirigaça otalik qildi. Quloqlar bolasini şöro maktabiga olişmadi. Öşanda töqqiz yoşli Dehqonboy jiyanini öz nomiga olib, unga Ahmedov deb familiya berdi.
Otajonboy buvamizning niyatlari ijobat bölganki, otamiz Dehqonboy Ahmedov 1941–1943-yillarda ikkinçi jahon uruşida qatnaşib, çap qölidan, öng közidan yaralanib, eson-omon qaytdi. Uylanib, sakkiz farzand kördi. Ne baxtki, Otajonboyning zurriyodlari endi Fayziobod oşa Farğonada, Toşkentning turli manzillarida yaşab, umrguzaronlik qilmoqdalar.
Otajonboy buvamizni körmagan bölsam-da, har lahza mehrini his etib turaman. Bitta jiyanimizning ismini Otajon qöyişgan. Şu jiyanimiz 2011-yili ijaraga olma boği olib, parvarişladi. Bu boğ şunday meva berdiki… Qip-qizil beş yulduz naqşin olmalar şoxlarini kötarolmay, yerlarga egildi. Terib, sotib, ulgurib bölmasdi. Otajon tez-tez qarindoşlarga qoplarda olma tarqatardi. Göyo Otajonboy buvamiz bizlarga olma ulaşib yurganga öxşardi. Buvamizni bilgan keksalarning aytişiça, mulkdor Otajonboy öz topgan-tutgani bilan köp noçorlarni boqqan ekan.
Odam ellik yoşga yetganda, bir ortiga qaraydi. Öşanda ham dunyoni u qadar anglamaydi. Öşanda ham yerning yelkasida atrofni tomoşa qilib turganday, ha, hali vaqt bor, deyotganday bölamiz. Göyo yuz yoşga yetamiz-u, hali yarim umr bizni kutib turganday. Odamlar bekorga “Payğambar yoşi” deyişmas ekan. Payğambar yoşi, yaʼni oltmişdan ötgandan söng, odam kun sayin yerga yaqinlaşib boradi. Ötgan umriga tez-tez nazar taşlaydi. Köngli töladi yo tölmaydi. Bu fikr qoşida töxtab qolaman. Umrimdan könglim töldimi? Ohistagina “ha”, degim keladi. Nega? Negaki, beş farzand, ön beş nabiram bölsa, ularga faqat yaxşilikni örgatdim. Heç kimga yomonlikni ravo körmadim…
***
Gul söqmoqlarning xotimasini negadir nasriy nazmda bitgim keldi. Yaʼni… könglim mamlakatida Malika böldim bugun. Çor tarafda sayroqi quşlar navo qiladir. Rayhon, jambil böylari tutib ketar havoni. Poyimdadir maysalar, giyohi, neʼmatlari. Göyo ular dardlarga tutar mingta şifoni. Osmonda quyoş şohdir, hadyalari adoqsiz. Çuçmomalar, yalpizlar, atroflarim – gul, çaman. Dilimda sayrar bir quş, tiriklikdan aytar söz…
Xayollarim gul bölgan, dilim içida bulbul. Bilingki, azizlarim, dilga kelibdi bahor!
***
Hislar qilar töpolon. Yozib-çizib kun ötar. Qalamni mahkam uşlab şoşaman, toşaman, keyin… Nimalar yozdim, deya termulaman ularga. Ular – könglim mulkidir. Ular bamisli közyoşimday tökildi. Demak, ular – rostlarim, yaşaşga havaslarim. Topganim-tutganlarim, hayratim, ğayratlarim. Yomonmi yo yaxşimi? Közyoş tiniq-ku axir, işonaman ularga.
Azizlar, jonkaşlarim, bu rangli söqmoqlarda, yaşil, gulgun, noparmon, oppoq, qizil, siyohrang… Ular içra men borman. Faqat, faqat, Siz meni şu söqmoqlardan izlang. Gul söqmoqlardan izlang…
Matluba DEHQON qizi
1948-yili tuğilgan.
Farğona davlat universitetini tamomlagan.
“Qoraçiq”, “Köngil uyi”, “Soğinç”, “Köngil malhami” “Muhabbat fasli”, “Öşa kun” kabi şeʼriy va nasriy asarlari eʼlon qilingan.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


