Gulxandan yolqin

0
38
marta ko‘rilgan.

Bir savol meni shu kungacha o‘ylantirgani-o‘ylantirgan. Adabiyot darsliklarini basma-bas o‘qirdik. Ayniqsa, sakkizinchi sinf adabiyotini! “Kuntug‘mish”, “Xamsa”dan parchalar hanuz ko‘z o‘ngimda. O‘quv yili oxirida esa kutubxonachimiz aynan shu kitoblar “hol”idan xunobi oshardi. “Sizlardan keyin ham o‘qiydiganlar bor!” deb koyigan bo‘lardi. Holbuki, darsliklar orasida umuman qo‘l tegmagandek bet-varag‘i sharaqlab turganlari ham ancha-muncha uchrardi. Bu endi bolaning o‘qishga zavqi bilan bog‘liq.

Xullasi, sakkizinchi sinf adabiyoti xaridorgir edi. Endi-endi o‘ylasam, bu kitobning o‘quvchilarga birdek manzur jihati – “Biz baxtli bo‘lamiz”, “Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor”, “Mehr qolur” kabi ko‘pchilik yodaki aytadigan she’rlar borligi bo‘lsa kerak. Ikki misrani yolchitib yodlolmaganlar ham darslikning shu joyida jonlanib qolardi. Bola boshim bilan “Sodda she’rni yodlash oson-da” deb o‘ylaganim bor va negadir o‘sha kezlari “sodda” yozishga boshi bilan sho‘ng‘ib ketganlarning sanog‘i oshganiyam rost. Buning ta’biri ne: shoirga taqlidmi yo tezroq nom qozonishga intilish? Ustoz Ozod Sharafiddinov fikrlarini o‘qiy turib, buning mag‘zini chaqqandek bo‘ldi odam:

“Muhammad Yusuf degan shoir she’riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi. Ammo u tezda, hammani hayron koldirib, og‘izga tushib ketdi… Odamlar uning she’rlarini hayajonsiz o‘qimaydigan, kitoblarini do‘konlardan qidirib yuradigan bo‘ldilar”.

Gapni uzoqdan aylantirib kelganimiz boisi bor, albatta. Bu gal Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi xususida so‘z yuritamiz.

 

Bugun ona tili va adabiyotni chuqurroq o‘rganishga ehtiyoj har doimgidan-da ko‘proq tuyuladi. Biroq gap ona tilini biror oliy o‘quv yurtiga kirish uchungina chuqurroq o‘qish haqida borayotgani yo‘q. Bundan ancha baland va muhimroq masala – ijod borasida.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati 2017–2018 o‘quv yili uchun viloyatning turli shahar va tumanlaridan, hatto qo‘shni viloyatlardan kelgan bir yuz ellik nafar iqtidorli o‘quvchini sinov asosida qabul qildi.

– Ijod maktablarini tashkil etishdan muddaoni o‘quvchi she’r yo hikoya yozishni “qotirib” qo‘yish kerak deb tushunsak, qattiq yanglishamiz, – dey­di ushbu maktab-internati direktori Shohista Nurmetova. – Bolaning tasavvur olami kengaysin, dunyoqarashi o‘ssin, maqsad shu. Biroq bu paytda bolasi kelajagi uchun “qayg‘uradigan” ota-onalar hukmi meni ko‘proq o‘yga toldiradi. Ya’ni, o‘g‘il-qizining yuragi boshqa kasbga urib turganiga qaramay, o‘z yo‘rig‘iga solishga kirishib ketgan ota-onalar istagi.

Unda-bunda “Ijod qorningga non bo‘lmaydi” degan gaplar ham quloqqa chalinib qoladi.

Aslida hayotda moddiyatdan muhimroq narsalar borligini anglatuvchi qudratli vosita IJOD bo‘ladi. Bu yo‘nalishdagi maktabda o‘qishdan maqsadni shaxsan men shunday tushunaman. Aniqrog‘i, bolani tarbiyalashda uning xayolotini biqiq kayfiyatdan tashqariga olib chiqish zarur. Buning uchun o‘quvchilarning bari she’r yozib, hikoya to‘qishi shart emas. O‘z sohasiga ijodkorona yondashuvchi kadr sifatida ulg‘aysa – niyatga erishganimiz shu bo‘ladi. Shoira Halima Xudoyberdiyeva aytmoqchi, “She’riyat atalmish bu qadimiy gulxan atrofida o‘tirganlarning har biri bilganini aytadi… O‘tirganlarning har biri me’yoriga yetkazib, ko‘ngillarga malham satrlarni demoqdalar. Ammo hali hech kim “Kimda g‘am ko‘p bo‘lsa – u mening onam” demadi”. 

Ijod maktablarida, xususan, o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlar orasidan kelajakda mana shunday quyma satrlar yozishga moyil iqtidor egalari yetishib chiqishiga ishongim keladi. 

Maktabda tashkil etilgan qo‘shimcha darslar bevosita nutq madaniyatini shakllantirish bilan bog‘liq. Bunda ham hikmat bor. Bola uzzukun ijod og‘ushida yuravermaydi. U jamiyatning faol a’zosi sifatida o‘zini namoyon etishi uchun ham notiqlik soatlaridan qancha boxabar bo‘lsa, shuncha foydali.

– Darsni adabiy til qonuniyatlari asosida o‘tish burchimiz, – deydi maktab-internatning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Shahnoza Azimjonova. – Bu yoqda yonib-kuyib dars o‘tsagu, shevani qalashtirib tashlasak, o‘quvchining imloviy xato-kamchiliklariga yo‘l ochgan bo‘lamiz. Bunda darslarning ko‘cha suhbatidan farqi qolmaydi. Uyda yo ko‘chada, umuman, darsdan tashqarida oilamiz, do‘stlarimiz bilan qanday so‘zlash – o‘z xohishimiz. Biroq ishda, o‘qishda, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yoki rasmiy yig‘ilishlarda adabiy tilda so‘zlash shart. Aynan mana shu nuqtai nazardan ijod maktablarida notiqlik san’ati va mahorati bilan bog‘liq qo‘shimcha darslarning ko‘payishi tarafdoriman. Chunki ijodni boshga to‘qmoqlab o‘rgatib bo‘lmaydi. Unga olib boruvchi so‘qmoqlar ko‘p. Shulardan biri, bari desak ham adashmaymiz – adabiyotdir. Shu ma’noda ijod maktablaridagi kutubxona fondini o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlari bilan boyitish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Kuzatdik. O‘quvchilar orasida maktab-internati tashkil etilganining daragini eshitib kelganlari bor.

– Qabul jarayonida bolaning ijodiy salohiyati imtihon qilinsa, deylik, ularning insho, bayon yozish qobiliyati, adabiyotga uquvi chig‘iriqdan o‘tkazilsa, ortiqcha gap-so‘zga o‘rin qolmaydi, – deydi O‘zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Qo‘chqorova. – O‘quvchilar orasidan yillar davomida manaman degan o‘nta ijodkori chiqsa ham katta yutuq. Aytmoqchimanki, ijod majburiyatga aylanib qolmasligi kerak. Ertagacha bitta she’r yozishim shart yoki uch kun ichida zo‘r bir hikoyani tugatib qo‘ymasam bo‘lmaydi, deb fikr yuritishning o‘zi yutqiziq. Yoki qizlarimiz orasida Zulfiya mukofoti ilinjidagina yozib-chizayotganlar uchrab qoladi ba’zan. Qizi qolib, ota-­onasi yugurib yurganining guvohi bo‘lamiz. She’r yozish zavq-shavqini shundaylar bo‘g‘adi, ilhomni shundaylar qochiradi. Bola qalbida esa yuksak fazilatlarni o‘stirish kerak. Zotan, qush emas, parvoz xotirlanadi.

 O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda maktab-internat qoshida “Muhammad Yusuf izdoshlari” adabiy to‘garagi tashkil etilgan. Mashg‘ulotlar taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokida olib borilib, o‘quvchilar o‘z-o‘zidan badiiy ijod sirlarini o‘rganib kelmoqda.

Maktabda Muhammad Yusuf hayoti va ijodini keng yorituvchi muzey tashkil etilgan. Unda shoirning bolalik chog‘lari, ijodi, shoir nomini abadiylashtirish bo‘yicha qabul qilingan muhim hujjatlar bilan tanishasiz. Shoirning turmush o‘rtog‘i Nazira as-Salom taqdim etgan eksponatlar – Muhammad Yusufning shaxsiy buyumlari, qo‘lyozmalari, kitob­lari, tarixiy suratlar alohida e’tiborga loyiq.

Maktabga yonma-yon joylashgan Muhammad Yusuf nomidagi xiyobonga mohir haykaltarosh Shohrux O‘rozov tomonidan yaratilgan shoirning mahobatli byusti o‘rnatilgan bo‘lib, zamonaviy va milliy arxitektura an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan ushbu ma’naviy maskan Amir Temur shohko‘chasi bo‘ylab shaharga kirib kelayotgan mehmonlar va yurtdoshlarimiz e’tiborini tortmoqda. Landshaft dizaynidagi so‘lim sayilgoh, ixchamgina maydonning ikki tarafidagi favvoralar, byustning orqa tomonidagi naqshinkor manzaralar ajib uyg‘unlikni tashkil etgan. Xalqimizning sevimli shoiri Muhammad Yusuf nomi bilan bog‘liq ushbu ma’rifiy-madaniy maskanlar kelgusida ko‘plab iste’dodlar kashf etilishiga xizmat qilishi shubhasiz. Eng muhimi, qilayotgan ishingni sevish, ana shunda mehnat rosmana ijodga aylanadi!

 

Muhammad Yusuf nomidagi­ ijod maktabi

 

  • Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan.
  • Andijon shahrida joylashgan.
  • Ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan.
  • O‘quv binosi 180 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 150 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
  • 27 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchi ta’lim bermoqda.
  • 120 o‘rinli faollar zali, 80 o‘rinli yotoqxona, 120 o‘rinli oshxonasi bor.
  • Zamonaviy sport zali bolalar ixtiyorida.
  • Fan to‘garaklaridan tashqari, “Yosh nosirlar”, Yosh dramaturglar”, “She’riyat shaydolari” kabi ijod to‘garak­lari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

 

Akmal MUROD

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.