Azim daryo bo‘lsang, qalbimda oqgin…

0
41
marta ko‘rilgan.

Polvon

 

Tursun Ali Muhammadga bag‘ishlov

 

O‘g‘lonlarim, zinhor biling, bas,

Faqat tosh ko‘targan polvon polvonmas,

Musibatni, kulfatni yengib,

Istibdodni, zulmatni yengib,

El ichra bosh ko‘targan – polvon!

 

Yursa kimdir cho‘kib, sarg‘arib,

Vafo izlab, bir do‘st axtarib,

Inson bo‘lib, dunyoda g‘arib

Bir ko‘ngilni ko‘targan – polvon!

 

Faqat tosh ko‘targan polvon polvonmas,

Mag‘rurlanmay jasad kuchiga,

O‘z g‘amini yutib ichiga,

El g‘amini ko‘targan – polvon!

 

Davr haqning o‘tkir va sinmas

Tishlariga tosh osib tursa,

Gurzi bilan polvonning emas,

Haqiqatning ko‘ksiga ursa,

Dast ko‘tarib haqning tug‘ini,

Haqqa chorlab, xalqning ruhini

Toki me’roj ko‘targan – polvon!

 

Faqat tosh ko‘targan polvon polvonmas.

Shovqin-suron qilayotganlar – 

Musibatni kuylayotganlar,

Ishrat bilib g‘amimizni ham,

Ko‘tarmasa bitta so‘zni ham,

Raiyatning qasosi uchun

Chidab, Haqning rizosi uchun

Mazlum yukin ko‘targan – polvon!

 

Faqat tosh ko‘targan polvon-polvonmas…

 

Ajdodlarning qutlug‘ libosin

Olaquroq shimga almashib,

Misli sahna masxarabozi –

Butun avlod yursa adashib,

Ayol –  Kashmir san’ati bilan

Yurt sahnida o‘ynatsa ilon,

Xudosini unutsa to‘qlar

Va belida belbog‘i yo‘qlar,

Nomus qilib bu holdan andak,

Or egniga kiygizib yaktak,

Belbog‘ bog‘lab Nomus beliga,

O‘z kasbini berib o‘g‘liga,

Yuksak tutib millat sha’nini,

Boshida toj ko‘targan –  polvon!..

 

 

Yukinuv

 

Ilohiy, agarchi jurmu isyondin o‘zga ishim yo‘q,

Ammo sendin o‘zga ham kishim yo‘q!..

Alisher Navoiy

 

Ilohiy, so‘zimda so‘ngsiz so‘rovlar,

Aslimni hovuchlab, yig‘ladim gohi.

Birovlar bilmagan jumboq-burovlar,

Nomingdan yechilib, yayrar, ilohiy!

 

Ilohiy, nazaring sirlarga guvoh,

Gunohim dashtida undi dil ohi.

Ayoning – o‘zimga noayon gunoh,

Umidim panohi Sensan, ilohiy!

 

Ilohiy, bu ruhim baqoga yondosh,

Fanoga qarindosh qattiq vujudim.

Eng kichik zarraman –  yo‘qlikka nomdosh,

Dunyoyi dalilman –  yo‘qdir hududim!

 

Ilohiy, tog‘laring harakatdadir,

O‘lik vodiylaring tuzgay ziyofat.

Ming hikmat xonqizdek bir san’atdadir,

Chirildoq unida –  mangu zarofat!

 

Ilohiy, quyoshing, oying avaylar,

Jonzotu ekinlar –  tuman ismlik.

Dilga chuqur qo‘nib, tilimda sayrar

Qush oyoq, qush tili degan o‘simlik.

 

Ilohiy, inson-ku o‘zi –  koinot,

Dengizda –  dolg‘alar, qalbda –  ehtiros…

Yomonlikdan tortgan iztirobim bot

Tavbam deb qayd etsang, kimda e’tiroz?!

 

Ilohiy, har naki mangulikka esh,

Har naki poklikdan –  Sendan dalolat,

Unga hayratimni sochsam kunu kech,

Shukronam deb qabul qilgaysen faqat!

 

Ilohiy, bilgaysen vaziyatimni,

Ilohiy, umidim qilmagaysen kul.

Haq yo‘l deb chekkan har aziyatimni

Ibodat o‘rnida etgaysen qabul!..

 

 

Termiz daraxtlari

 

Termiz – ajdodlarga qadimiy vatan,

Yellari qalbimga berur farahlar.

Lekin xayolimni tortar daf’atan

Xiyol bir tomonga og‘gan daraxtlar.

 

Ayon, erkalikdan bu bog‘lar xoli,

Chunki kasbi bo‘lmish kurash va sabot:

Nihollik chog‘idan afg‘on shamoli – 

Achchiq qumlar bilan siylamish hayot!

 

Har shajar kitobin yellar varaqlar – 

Yashirin sir qolmas biror yaproqda:

Dovullar qo‘ynidan uryon daraxtlar

Mening yuragimga qarab kelmoqda.

 

Tiriklik hamisha taloshli bo‘lur,

Har ko‘chat boshida bo‘lg‘usi ne hol? – 

Hayot jabhasida bardoshli bo‘lur

Siltovlar ichida o‘sguvchi nihol.

 

Ignalari bilan igna barglilar,

Shamoldan o‘ziga tikibdir rido:

Yashil saltanatin saqlashga ular

Raqibdan himoya topibdir hatto!

 

Termiz – ajdodlarga qadimiy vatan,

Tafti ham qalbimdan otash so‘roqlar.

Lekin xayolimni chulg‘ar daf’atan

Siltovga dosh berib o‘sgan daraxtlar.

 

Shamollar bog‘lanib, tinganda quyun,

Bog‘larni kuzatdim: nechog‘ baxtiyor!

Yellarda –  moziylar salomi tayin,

Yellarda yomg‘irlar xushxabari bor!

 

Har yurak shajardan topur farahlar,

Har dilni yashillik yashnatar tag‘in.

Lekin siltovlarda o‘sgan daraxtlar

Ko‘nglimga yaqindir, ko‘nglimga yaqin!..

 

 

Qur’on o‘qi

Odam o‘g‘li, gar o‘zingga ikki jahon

Dorul-amon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Tirik joning nafas olgan har bir zamon

Nurli zamon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Qur’on o‘qi, ammo buyuk ixlos bilan,

Irfon bilan, tafsir bilan, ustoz bilan,

Amal qilib chin dil bilan, ehsos bilan,

Olam bo‘ston bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Qur’on nurdir, zamiringni yoritgaydir,

Rahmat, shifo: dardlaringni aritgaydir,

Rabbim Alloh O‘zin go‘zal tanitgaydir,

Umrim irfon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Ilk risolat titroqlari Qur’on edi,

Sahobalar tutmoqlari Qur’on edi,

Rasululloh axloqlari Qur’on edi,

Xulqim Qur’on bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Halol-harom, haq va botil unda ayon,

Va’da-va’id – xabarlardir yaxshi-yomon,

Ikki jahon farqin ravon aylar bayon,

Qalbim furqon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Qiyomat kun jonlar qattiq titraganda,

Iymonsizlar najot topmay qaqshaganda,

Iymon ahli qo‘rg‘on ichra yashnaganda,

Tegram qo‘rg‘on bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Ey, olamga ko‘ngli ochiq manzurlarim,

Dardu g‘ami rahmatlarga arzirlarim,

Dunyom obod, ham oxirat manzillarim

Ravhu rayhon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Kimki Qur’on o‘quvchidir, azob bo‘lmas,

Yana Qur’on o‘rgatganga hisob bo‘lmas,

Ma’no bilgan zotga parda-hijob bo‘lmas,

Vasli ayon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

O‘tdi necha Haq kalomin xo‘rlaganlar,

Qur’on istab, ohi ko‘kka o‘rlaganlar,

Ey siz, mudhish zulmlarni ko‘rmaganlar,

Yurtim omon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Qur’on, hikmat – Haqning fazlu atosidir,

Ka’ba bunyod etgan Xalil duosidir,

To qiyomat Haq Rasulin nidosidir –

Iymon omon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

Mirzo, besh kun bu dunyoning zahmati bor,

Rabbim Alloh, shafo’atxoh Ahmadi bor,

Baski, Haqning g‘azabi ham rahmati bor –

Ma’vom rizvon bo‘lsin desang, Qur’on o‘qi.

 

 

Mirzo Kenjabek

1956 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Maktublarim”, “Quyoshga qaragan uy”, “Munojot”, “Sharq tili”, “Bahorim yellari” kabi kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.