Ustozga berilgan ilk vaʼda…
Maktabga birinçi qadam qöygan kunim, öşa kundagi ilk hayratlarim keçagidek yodimda… 1959-yil 1-sentyabr. Sinfga baland böyli, navqiron yigit – qöşnimiz Abdusalom aka kirib keldi. Biz bilan salomlaşdi. Öquvçi bölganimiz bilan tabrikladi. Keyin sinf jurnalidan ism-şarifimizni öqib, örnidan turgan har bir bola bilan tanişa boşladi. Birinçi partada ötirgan bölsam-da, hadeganda meni çaqirmayotganidan ajablanib, içim qizib boryapti. Röyxat alifbo tartibida şakllanişiga u paytlar aqlim yetmagan-da. Nihoyat, menga ham navbat yetdi. Ötirgan yerimda boş irğab, iljayib qöydim. U yana çaqirdi. Ajablandim: meni körmayaptimi? Yonimdagi, orqamdagi bolalar turtkilaşidan keyin örnimdan turdim.
– Ha, men bilan tanişgingiz kelmadimi? – dedi kulimsirab.
– Meni taniysiz-ku, malim, – dedim.
Hamma kulib yubordi. Abdusalom aka ham jilmaydi. Keyin boşimni silab qöyib, yana stoli yoniga qaytib bordi-da:
– Men nafaqat sizni (aytmoqçi, hammamizni sizlab gapirayotganidan ham ajablanib turgandim), bu yerda ötirgan har bir bolani yaxşi taniyman. Hamqişloq, qöşni, qarindoşlar sifatida. Lekin bugungi tanişuvimiz öqituvçi-öquvçi, ustoz va şogird tanişuvidir, – dedi.
Qiziği keyin böldi. Öqituvçi kitob tarqata boşladi. Qarasam, hamma bolalar sumkalarini, ayrimlari matodan tikilgan jild-xaltalarini parta ustiga olib qöyişyapti. Men ham darhol qöynimga tiqib kelgan otamning belboğini çiqarib, oldimga yoydim. Bundan yana kulgi kötarildi. Gap şundaki, öşanda olti yoşda edim. Maktabga yana bir yil keyin çiqişim kerak edi. Lekin özimdan bir yoş-yarim yoş katta köçamiz bolalarini maktabga borişini eşitib, töpolon kötargandim. Şunda rahmatli onam otamdan, mayli, zerikkunça borib tursin, keyin bir gap bölar, deb ruxsat olib bergan va qölimga kitob örab kelişim uçun belboğ tutqazib yuborgan edi. Bundan öqituvçim ham xabardor ekan, şekilli, bolalarga tuşuntirdi:
– Oralaringizda bu eng yoşi kiçiklaring. Uning maktabga kelişiga bugun ruxsat tegdi. Şuning uçun tayyorgarliksiz kelibdi. Ertagayoq körasiz, u yap-yangi sumkada keladi. Va eng yaxşi öquvçi bölib, hammamizni xursand qiladi. – Keyin menga jiddiy tikilib: – gapim töğrimi, Ergaşev? – dedi.
– Töğri, xursand qilaman, – dedim bu safar öquvçilarga xos burrolik bilan.
“Xursand qilaman!..”
Ilk ustozim işonçini qay darajada oqladim, qançalik xursand qildim, bilmayman. Lekin, şunisi aniqki, uning öşa kungi bildirgan işonçi menga bir umrlik tirgak böldi. Qaçon bir muşkulot, sinov oldida qolsam, ilk öqituvçim Abdusalom aka Rahimqulovni eslayman, uning öşa kungi mehr va işonç balqib turgan nigohi köz oldimga keladi. Şundan quvvat olaman, jurʼatlanaman. Va “yaxşi öquvçi” böliş haqidagi vaʼdamni bajarişga kirişib ketaman.
Taqiqdagi kitobxonliklar
Aqlimni tanib otam rahmatlining qölida ketmon körganman. Dalada işlardi, ğöza suğorardi. Aslida, degrezlar avlodidanmiz, qozon quyardik, omoçga tiş yasardik, deganlari esimda. Otakasbni nega davom ettirmaganining sababini ança keyin tuşunganman.
Onamga kelsam… Samarqandning Xöjandi guzarida tuğilgan. Otasi Şirinxöja bobomiz madrasa körgan kişi bölgan. Biroq zamona kötarmagani sabab ilm-u iqtidorini oşkor qilavermagan. Öttizinçi yillarda otasi Muhammadxon eşon surgun qilinadi, özi esa quloqning farzandi sifatida uy-joyidan mosuvo etilib, orqaga qaytmaslik şarti bilan, şahardan çiqarib yuboriladi. Bobomiz oilasi bilan Miyonqolning çekka bir yeridan qönim topsa-da, umrining oxiriga qadar taʼqibdan qutulmaydi. Şunga qaramay, xonadonida oyda bir-ikki bor yiğinlar bölib turar, eşik-derazalar bekitilib, köça boşiga kuzatuvçi qöyilib, kitobxonlik qilinarkan. Biror şovur anglaşilgan zahoti kitoblar xontaxta ostiga tuşib, dasturxonda ulfatçilik tusini beruvçi manzara paydo qilinarkan. “Hid olib kelgan” kimsa esa eşikdan boş suqib, hammani bir qur nazardan ötkazarkan-da, keyin tirjaygança: “Ha, tuzuk, tuzuk, odam böp qopsizlar”, degança ortiga qaytarkan.
Onam rahmatlining onasi Muşarraf buvimdan eşitgani böyiça öşa yiğinlarda aksari Söfi Olloyor öqilgan ekan, derdi. Va yodida qolgan baytlardan bizlarga aytib berardi. Söfiy şoirning “Otang yerdur, senam yerdek qiliq qil, Yamonlik aylaganga yaxşilik qil” degan maşhur baytini birinçi marta onamdan eşitganman.
Tursunboy dostonçining deganlari
Bir kuni uyimizga qöşni tumandan otamning bolalikdan birga ösgan Tursunboy degan oşnasi yöqlab keldi. Köpdan körişişmagan ekan, yoş bolalardek quvnab, açomlaşib ketişdi. Oilaning tönğiçi bölganim uçunmi, Tursunboy amaki meni kattalarday körib, jiddiy gaplaşdi. Öqişimni, nimalarga qiziqişimni suriştirdi. Otam bilan birga keçgan bolaligi haqida gapirib berdi: “Murod jöram yolğiz öğil edi, erka edi, lekin tantiq emas edi. Zukko edi, öqiganda katta odam bölardi, lekin şunday böldiki, ilmi bor, savodi borni quloq qilaverişdi. Qamayverişdi. Ergaş bobong aytdiki, qöy öğlim, tinçgina yonimga kirgin, qozon quygin, omoçga tiş yasagin. Sipohilik bizga emas, dedi. Menikilarga ham bu gap maʼqul tuşdi-da, ikki jöra degrezlik qilib yuraverdik. Ajabki, buniyam Xudo köp kördi. Temirçimi, kosibmi, siquvga olişdi. Otning kallasidek soliq solib, sillamizni qurita boşlaşdi. Davlatga hunarmand emas, işçi kerak emiş. Men zavodga işga kirdim, çapani otang, e, bore, deb bu yoqlarga köçib keldi…”
Keçasi uyimizda köp odam töplandi. Hammasi otamning tengqurlari. Mehmonimiz Tursunboy amaki esa bir davra odamni oğziga qaratib yarim tunga qadar doston aytdi. Men bölsam, ön bir yoşli bolakay, bir çekkada havas-u hayratga kömilib ötiribman. Ötiribman-u, ötirgan joyimni unutganman. Doston voqealari içiga singib ketganman. Kim bilsin, balki öşa keçasi ilk bor uçqun tuşgandir yuragimga…
Oçilxon toğamiz
Mendan beş-olti yoş kattaroq Oçilxon toğa degan qarindoşimiz bölardi. Onamning amakisi – Töraxöja bobomizning öğli. Aytmoqçi, Amak bobomiz (bizda şunaqa deyiladi) öşa notinç öttiz-qirqinçi yillarda bir iş qiladi: qarasaki, akasi Şirinxöja kitobxonligini qöymayapti. Zamon notinç. Köza kundamas, kunida sinadi deganlaridek, bu ketişda boşiga balo orttiradi. Otamizdan ayrilganimiz kammidi, deb, akasidan bekitiqça, uning hamma kitoblarini bir qopga joylaydi-da, qabristonga olib borib kömib keladi. Şundan aka-uka orasiga sovuqçilik tuşadi. Gaplaşmay qöyişadi. Orada uruş boşlanib, uka frontga olinadi. Jigarlar şundagina yaraşişib, közda yoş bilan xayr-xöş qilişadi…
Oçilxon toğamiz dalada traktorçilik qilardi, “Universal” degan traktor haydardi. Men unda öspirin bola, uning ketidan qolmasdim. Ilinjim traktor haydaş edi. Toğam raʼyimni qaytarmas, lekin qator orasidamas, töğri yöllarda ora-sira rulni berib turardi. Men u kişini öşa paytlarda öqiganim – Pirimqul Qodirovning “Uç ildiz” romanidagi Oçil şoirga öxşatardim. Nafaqat şoirligi, feʼl-atvorini ham. Gap şundaki, toğamizning tuzukkina qalami bor edi, tuman gazetasida katta-kiçik xabarlari, şeʼrlari bosilib turardi. Hatto felyetonlari ham. Bir safar “Eşon qişloq ögaymi?” degan tanqidiy maqolasi sabab ança-munça gap-sözlarga qolgani ham ğira-şira esimda. Xullas, Oçilxon toğam atrofida ğimirlab yurib, nafaqat traktor boşqarişni örgandim, balki u kişidagi dardni ham yuqtirib oldim. Ijod dardini. Bir paytlar Tursunboy dostonçi sabab yuragimga tuşgan uçqun endi özini sezdirib, bezovta qila boşladi.
Tuman gazetasiga borganim
Toğam mendagi bezovtalikni payqadimi, bir kuni tuman gazetasiga boşlab bordi. 7-sinfga köçgan paytim, yoz oylari edi. Men negadir qattiq hayajon, hadikda edim. Yöq, gazetçilar juda boşqaça bölişar ekan, xuddi eskidan tanişday, hazil-huzul bilan kutib olişdi. Birpasda özimni bosib olib, savol-sörovlarga burro-burro javob bera boşladim. Qanday kitoblar öqigansiz, deyişdi. Bir boşdan ayta boşlagandim, öhhö, juda köp-ku, deyişdi. Rostdanam maktabimiz kutubxonasida men öqimagan kitob qolmagandi. Şunda kutubxonaçi opamiz qölimdan yetaklab borib, kolxozning eski maçit örnidagi katta kutubxonasiga aʼzo qildirib kelgan edi. Şularni ham aytib maqtangim keldi-yu, arang özimni tutib qoldim. Keyin nimalar yozişimni söraşdi. Bitta doston, keyin ança-munça şeʼrlar yozganimni, “Ğunça”, “Gulxan”, “Lenin uçquni”dan Xayriddin Saloh, Yusuf Şomansur, Miraziz Aʼzamdan xatlar olganimni aytayotib, bunday qarasam, Oçilxon toğamiz hayron bölib qarab turibdi. Çunki u kişiga bu haqda aytmagandim-da. Nafaqat toğam, sinfimizdan ham birortasi bilmasdi bu gaplarni. Özimça bir narsalarni yozardim-da, Toşkentga jönatib yuborardim. Keyin yangi kelgan gazeta-jurnallarni kişi bilmas varaqlab, ism-şarifimni izlardim… Öşa kuni jamoatçi muxbir sifatida gazetadan topşiriq olib qaytdim va köp ötmay köpdan kutganim yuz berdi: kiçik-kiçik xabarlar ostida mening ham ism-familiyam körina boşladi.
Şoir bölib tanilganim
Bir kuni ertalab sinfga kirib kelişim bilan bolalarning biri baland ovozda şeʼr öqiy boşladi. Hayron qoldim: “iye, meniki-ku!.. Qayerdan olding?” “Qayerdan bölardi, ha, muğombir”, dedi u iljayib. “Rostdanam bilmayman, özi nima gap”, dedim. Şunda sinfdoş qizlardan biri oldimga yugurib keldi-da, qölimga gazeta tutqazdi. “Mana, şeʼring çiqibdi, – dedi. – Tabriklaymiz…” Hozir bu yerda keltirişga ham istihola qilib turganim – ikki karra ikki tört qabilidagi bu maşqim meni maktabda “şoir” sifatida tanitib yubordi. Sirtimga çiqarmasam-da, özimda ham ajabtovur özgarişlar seza boşladim. Orzu-havaslarim jöşgandan jöşar, köp emas, uç yillar nari-berisida özimni Toşkent köçalarida diplomat kötarib yurgan talaba sifatida tasavvur qila boşlagan, hatto bu qatʼiy qarorimga aylanib ulgurgandi.
Otdan tuşganim
“Yaxşi odamlar yoxud ijod dardi” badiamda (“Yoşlik” jurnali, 2019-yil, 9-son) yozganimdek, xayol boşqa, hayot boşqa ekan. Ön beş yoşlarimda otamiz xastalanib qoldi. Oilada yetti öğil, tönğiçi menman. Aqlan olganda kiçigi ikki, oldi ön uç yaşargaça bölgan ukalarim, kasalmand otam, yolğizqöl onamni taşlab, poytaxtga jönash töğri kelmasdi. Ammo dilimga qattiq örnaşgan öjar istak aqlimga böysunmaslikka undar, dam-badam ğalayon qözğab turar, bu ğalayonni arang bosib tinçitsam-da, iç-içimdan öksinib yurardim. Oxiri qöşnim – SamDUning matematika fakulteti talabasi Abbos akaga aytdim. U heç narsa demadi. Demadi-yu, ertasi kuni meni özi bilan şaharga olib ketdi. Universitetning filologiya fakulteti bilan taniştirdi. Auditoriyalari, keng zallari, kutubxonasini körsatdi. Talabalar bilan uçraştirdi. Bu yerda kimlar öqib, kimlar bölib yetişgani, ayni çoqda qanaqangi maşhur siymolar dars berayotganigaça gapirib berdi. Oxirida, şoir böladigan odam bu yerda ham astoydil öqisa, maqsadiga erişişiga işontirdi.
Otdan tuşdim. Maktabni bitirgaç, indamaygina SamDUning filologiya fakultetiga hujjat topşirdim. Uni qarangki, poytaxtdan boşqa joyni xayoliga ham keltirmay, havolanib yurgan mallasoç, ğör yigitça, öqişga arang ilindim. Ilinganda ham sirtqi bölimga… Menga öxşagan xiyol kamroq bal töplaganlardan öttiz nafarini (közlari qiymaganidan bölsa kerak) sirtqi bölimga qabul qilişdi. Xullas, ön olti yoşimda asosan yoşi kattalar diplom oliş uçungina öqiydigan sirtqi bölim talabasiga aylandim.
“Zarari yöq, – dedim hamon otdan tuşsam ham, egardan tuşgim kelmay, – birinçi kursni tamomlab, kunduzgi bölimga qayta ariza beraman. Kerak bölsa, imtihon ham topşiraman, lekin sirtqida qopketmayman!..”
Keyin esa…
Bu niyatim ham çippakka çiqdi. Otam vafot etdi. Öşa “Yaxşi odamlar…”da yozganimdek, kunduzgi bölim havasidan voz keçib, kolxoz raisiga iş sörab bordim. Ota qadrdonim Rofe Hamroyev (keyinçalik u qissalarimda Rustam Haydarov bölib körindi) niyatimdan quvonib, meni bir yillik buxgalteriya kursiga yubordi. U yerdan qaytib rosa olti yil çöt qoqdim, “debit-kredit” bilan maşğul böldim. Bu orada universitet tahsili ham tugadi. Nihoyat, kökragimga “şamol tegib” özim öqigan maktabga til va adabiyot öqituvçisi bölib işga ötdim. Ikki yil havas bilan işladim, suvga tuşgan baliqdek his etardim özimni. “Şalola” degan adabiy tögarak ham oçib, öquvçilarimga şoirlikdan “dars” bera boşladim. Lekin bölmadi, yana öz-özimdan norozilik, hafsalasizlik boşlandi. Bir zamonlar yuragimga örnaşgan çöğ öz sözini ötkaza boşladi: nimaga endi dunyoning bir çekkasida qopketişing kerak, loaqal endi toleingni sinab körişing mumkin-ku!.. Ha, mumkin, deya uning sözini uzil-kesil maʼqulladim.
Nihoyat, 1979-yilning iyul oyida poytaxtga otlandim. Aytsam işonmaysiz: öşanda katta daʼvolar bilan yölga çiqqan ğör yigitçaning qöltiğida beş-önta hikoyasi va şeʼrlari bosilgan bir dastagina tuman gazetasidan bölak heç vaqosi yöq edi…
Haqiqiy ustozga uçraganim…
Ozroq çekiniş qilsam: sakkizinçi sinfda bizga maktabga yangi kelgan adabiyot öqituvçisi dars bera boşladi. Eramat aka Xudoyorov degan (Asli ismi Ermamat, yanada aniqroği Ermuhammad bölsa kerak, deb öylayman. Şöro hujjatçiligi şunaqa edi-da). Uruşda bölgan, kamgap, ammo çörtkesar bir kişi ekan. Şeʼrlari hatto Respublika naşrlarida bosilib turarkan. Bir kuni u “Farhod va Şirin” dostoni yuzasidan inşo yozdirdi. Avvaliga inşo rejasi haqida gapirdi. Kiriş, asosiy qism, xulosa… Tiniş belgilari – nuqta, ikki nuqta, nuqtali vergul… hamma-hammasini hijjalab tuşuntirdi. “Şuni bilib qöying, natija rejaning mahsuli, hayotda ham puxta rejaga tayangan odam adaşmaydi”, dedi. Oradan bir haftalar ötib yozgan inşolarimizni darsga olib kirdi. Umuman yomonmas, dedi daftarlarni bir-bir varaqlab. Masalan, falonçi, falonçilarning inşosi… Hammasi kam-köstsiz bajarilgan. Lekin hammaga tegişli bir qusur – mustaqil fikr yöq. Öz gaplaring yöq. Darslikdan çiqib ketolmagansizlar. Şu sababdan faqat bitta öquvçiga tört baho qöydim…
Hammamiz hayajonda bir-birimizga qaray boşladik. U sir bermay, sözida davom etdi. Töğrimi, notöğrimi, öz gapini yozgan. Yozuvçilarday erkin fikrlaşga intilgan… Nimanidir payqab, qizara boşladim. Boşimni egib oldim. Sezmabman, bolalar menga qarab imo-işora qilib, jilmaya boşlaşibdi.
– Ha, şunday, topdilaring, Ergaşevning işi menga maʼqul böldi, – dedi Eramat aka endi oçiğiga köçib. Bu gapni u öqituvçilar xonasida ham aytgan ekan, birinçi öqituvçim Abdusalom aka maktab hovlisida meni atayin töxtatib, qölimni siqib tabrikladi. “Ana endi haqiqiy ustozga uçrading, uni qattiq uşlagin”, dedi quvonib.
Baʼzan öşa kunlarni eslab qolsam dilim yorişadi, qanday ustozlar ekan-a, qay bir öquvçisida yilt etgan uçqun körsa quvonadigan, quvonçini boşqalar bilan baham köradigan…
Yozuvçilikka havas
Öşanda sentyabr oyi edi. Keyin paxta terimiga çiqib ketib, dekabrni qoralab darsga qaytsak, sinfimizga boşqa bir öqituvçi kirib kelyapti. Eramat aka, hali aytganimday, uruş qatnaşçisi edi, xastalanib qolib, işdan ketibdi. Men bölsam, kökrakka töymagan gödakday tamşanib qolaverdim. Tan olay, Eramat Xudoyorovdan olgan bir oylik saboğim izsiz ketmadi. Birinçidan, keyingi yozgan inşolarimda ham emin-erkin bölişga, “yozuvçilarday” fikrlaşga intiladigan böldim. Ikkinçidan, özimda ham yozuvçilikka mayl uyğona boşladi şekilli, ul-bul narsalar qoralay boşladim.
Maktabni bitirdim. Hali aytganimday, sirtqida öqib, buxgalteriyada çöt qoqib yuribman-da, botinimda dam-badam ijod dardi simillab qoladi, ozroq fursat topdimmi, nimalardir maşq qilaman. Ora-sira gazetada şeʼrlarim körinib, yurak taftimni bosib turadi.
Bir kun qarasam, “Atirgul” nomli hikoyam bir sahifa bölib çiqib turibdi. Endi buning zavqi boşqaça bölarkan. Yana hov öşa ilk şeʼrim çiqqanidagi köyga tuşdim. Faqat bu safar öşanda mendan ham köproq quvongan, biri olib, biri qöyib qutlagan sinfdoşlarim atrofimda yöq edi, xolos.
Poytaxtdaman
Xullas, yuragimda bir dunyo havas, qöltiğimda bir dasta tuman gazetasi bilan poytaxtga yöl oldim. Öziga tavakkal qilgan bandasini Özi qöllaşi haq rost ekan, katta bir dargohga işga ham joylaşdim. Tuman gazetasidan boşqa dargohni körmagan, tajribasiz, ğör bir qalamkaşning Respublika radiosi Adabiy-dramatik eşittirişlar Boş tahririyatiga, yana deng, Nasr bölimiga muharrir sifatida işga olinişi bu möjiza edi. Toşkentga kelib, avval kimlarga uçraganim, ular men uçun tahririyatlarga qönğiroq qilib, iş izlaşgani, hamma yerdan “bizga tayyor kadr kerak, uzr” degan javob olişgani, keyin tasodifan Radiodagi böş örin haqida xabar topişgani va u yerdagi yaxşi odamlar qöllovi sabab işga qabul qilinişim tafsilotlarini “Yaxşi odamlar…”da rosa maroqlanib, ijikilab bayon qilganman. Bu yerda men aytmoqçi bölganim boşqa narsa: öşanda garçi omadim çopgan esa-da, göyo qoronği örmonga tuşib qolganday his qilganman özimni. Eplab ketarmikinman? Işqilib menga işonib örtaga tuşgan (Tohir Malik, Eminjon Usmonov)-lar oldida yuzim şuvut bölib qolmaydimi? Ayniqsa, poytaxtda öqigan hamkasblarimning dunyoqaraşlari, saviya-salohiyati bilan öz tuşunçalarimni soliştirib, ularning adabiyot haqidagi bahs-munozaralarini tinglab, kişi-bilmas ökinaman. Ön yil muqaddam kelganimda qanday yaxşi bölardi-ya, deyman…
Birinçi hikoyam
Bu yoğiga hammasi özimda qolgan edi. Har holda azza-bazza işlab turgan joyimni taşlab Toşkentga kelganim, menga işonç bildirgan ustozlar oldidagi masʼuliyatim va, albatta, tabiatimdagi botin bir öjarlik quvvat berdimi, xiyol fursatda radioçiga aylandim.
Hali aytganimday, Nasr bölimidaman, tahririyatga kelgan nasriy asarlarni “böladi– bölmaydi”ga ajratib, efirga tayyorlayman. Özim hali birorta hikoya yozib, qotirib qöygan joyim yöğ-u, lekin har holda yaxşi yoki bundayroq asarni farqlay olaman. Maʼqul deb bilganlarimni ijikilab tahrir qilaman. Nuqta, verguligaça nazardan qoçirmayman. Hammasi köngildagidek boryapti-yu, ammo özimning ijodim… Qişloqdan qöltiqlab kelgan hikoyalarimni, garçi Tohir akaga (Tohir Malikka) yoqqan bölsa-da, eʼlon qildirişga yuragim betlamaydi. Har holda Nasr bölimida işlab, turli saviyadagi asarlarni öqiyverib, ozmunça közim pişib qolgan ekan-da.
Nihoyat, yangi bir narsa tuğildi-da, uni “Özbekiston madaniyati” gazetasiga olib bordim. Hikoyani maʼqul topib, olib qolişdi. Lekin ana-mana degunça 8-9 oy ötib ketdi hamki, hikoya bosilmadi. Özimdan ötganini özim bilib, uniqib yurgan kunlarimda “Özbekiston madaniyati” gazetasi “Özbekiston adabiyoti va sanʼati”ga aylantirilib, yoş ijodkorlarning katta homiysi Asqad Muxtor boş muharrir etib tayinlandi. Gazeta yangi nomda 1981-yil aprel oyidan çiqa boşlagan bölsa, may oyining ön beşida mening “Poyandoz” degan hikoyam bosilib turibdi.
Öşanda yangilangan adabiy gazetamizga boş muharrir bölib kelgan Asqad aka işni tahririyat papkalarida yiğilib yotgan asarlar bilan tanişişdan boşlagan ekan. Aytişlariça, bir hafta bosim ötirib, hikoya, şeʼr, publitsistik asarlarni bittalab közdan ötkazadi, saralaydi va şunda mening sarğayibgina yotgan hikoyam ham qöliga tuşib qoladi…
Asqad akaga uçradingizmi, deyişdi. Yöq, nimaydi? Har holda rahmat aytib qöygan yaxşi. Şartmikan, dedim çöçinqirab. Tortinmang, boring, qoidasi şunaqa.
Ming bir istihola-yu hayajon bilan yölga çiqqandim, uçraşuvimiz jöngina ötdi. Domla, men rahmat aytgani kelgandim, dedim. U indamay, sinçi nigoh bilan kulimsirab qarab qöydi. Hikoyam çiqqan edi. Ha, sizmidingiz? Ha, domla, minnatdorman… Qayerdasiz, dedi mulozamatimga ortiqça eʼtibor qilmay. Radiodaman, Litdramda. Ha, yaxşi joy, Ölmas işlagan, Omon Muxtor. Bilişimça, hozir Tohir, Eminjonlar öşa yerda… Böpti, qatnaşib turing. Yaxşi narsalar yozing…
Hikoya haqida hikoya
Har bir asar muallifning farzandiday gap. Bir qorindan talaşib tuşgan farzandlar turliça feʼl-atvorli bölganiday, yozilgan narsalar ham hamişa bir xil saviyada bölavermaydi. Özimga keladigan bölsam, agar biror narsa boşlasam-da, orada boşqa işga çalğimay, oxirgi nuqtaga yetib olsam, qolgani yengil köçadi. Aks holda, ora yölda qolib ketadi. Amallab tugatganimda ham könglim tölmay, taşlab yuboraman. Allaneçuk rangsiz, ruhsiz bölib tuyilaveradi…
Keles tarafda ijarada turaman. Oilamni qişloqqa jönatganman. Yolğizman. Bir kun keçga tomon qöşni hovlida qiz majlisi böldi. Bazm şovuri, kuy-qöşiqlar şundoq eşitilib turibdi. Ayvonda yonboşlab yotibman. Bir mahal men yaxşi köradigan qöşiq yangrab qoldi: “Sumbula”. Örnimdan turib, ötirib, maza qilib eşitdim. Xayolim allaqayoqlarga ketib qoldi. Birpas ötib, hofiz yigitdan talab qilişdimi, yana şu qöşiqni aytdi. Aytgandayam berilib, nola qilib ayta boşladi. Ayniqsa, “Mening könglim sen bilan, sen ketasan kim bilan? Qadamingda gullar oçilsin…” degan joylarida fiğon çekib yubordi-yov deyman. Davra töymadimi, yana ayttirişdi. Hofiz qöşiq aytmayotgandi, balki nola qilayotgan edi, nazarimda. Şunda miyamga bir narsa urildi. Mabodo hofizning özi… Ne mahalda bazm tugab, hamma yoq jimib qolgaç, ğayratlanib içkariga kirdim-da, xontaxta yoniga çökdim:
“Badmast kuyovnavkarlarning beparda qiyqiriğ-u yer tepinişlaridan halovatini yöqotgan qişloq, nihoyat, tinçidi. Kelin ketdi. Köp ötmay, xonadonlardagi çiroqlar birin-ketin öçib, köçalar qoronğilik qöynida qoldi. Bu paytda qöşni qişloqdan çildirmaning taka-tumi, töy ğovuri eşitila boşlagan, qiz uzatgan qişloq esa, bu ovozlarga munğayibgina quloq tutib, maʼyus sukutga çömgan edi…”
Boşlanma özimga yoqib ketdi-da, şoşa-pişa davom etdim:
“…Qoronği qişloqdan çiqib kelgan baland böyli bir yigit ikki tomonida qator teraklar saf tortgan yöl boşida bir zum töxtadi. Çöntagidan sigareta olib tutatdi-yu, istar-istamas yana yölga tuşdi…”
Özim ham öşa qoronği qişloqdan çiqib kelgan yigitga qorama-qora yölga tuşganman. Oldinda töy ğala-ğovuri. U qayoqqa boryapti? Töyga-da! Yöğ-e, axir u!.. Rostdanam töyxona eşigida u ilkis töxtadi. Ortiga qaytmoqçi böldi. Biroq, u hofiz, hamma taniydi. Qöyarda-qöymay içkariga olib kirib ketişdi. Men ham taşqarida qolişni istamadim. Qani bu yoği nima bölarkin? Hofizni kelin-kuyovga yaqinroq stollardan biriga ötqazişdi. Yigit qizarinqirab, yon-veridagilar bilan boş irğab söraşgan böldi. Miqti gavdali, jingalak soç, közlari qattiqqina örtakaş allanimalar deb sözamollik qilyapti…
Ha, öşa eski gaplari-ku haliyam. Kimgadir yozdirib yodlab olganmi. Har gal faqat kelin-kuyov ismini almaştiradi, xolos… Kuzatib turibman, Hofiz çekmoqçi bölib, sigareta çiqardi-yu, lekin niyatidan qaytdi. Şu payt örtakaş Bahri şoirga söz berdi. Ustozi-da, unga töy avvalida söz bermasa baloga qoladi… Bahri şoir hozir, hoynahoy, “Kuy, ğazal, oh!..”, deb monolog boşlaydi. Yöq, avval eʼlon qiladi: “Hurmatli örtoqlar, men sizlarga uluğ şoirimiz Alişer Navoiyning klassiçeskiy ğazallaridan birini aytib beraman”, deydi. Keyin maşşoqlardan kuy talab qiladi, ana aytdi, “Oğirroğidan bölsin”, dedi…
“Hov, mulla yigit, mundoq oçilib ötirsangiz-çi, bunça öy surib ketdingiz?” Xayolim bölinib, alangladim. Qarasam, böyinboğini bemalol böşatib, yoqalarini oçib olgan, yuzlaridagi terni römolça bilan hadeb artayotgan semiz kişi Hofizga gap qotyapti. Uni tanimadim, mehmon bölsa kerak. “Keçirasiz, amaki… Qani, ovqatga qarang”, dedi Hofiz xijolat tortib. “Bizlar olyapmiz, sizdi mazangiz yöq. Yotsiramay, yeb-içib ötiriş kerak. Töyga nima uçun kelganmiz, yigit. Qani, uşlang buni!”
Hofiz qadahni oldi-da, soçlari moşguruç, yuzlari jigarrang tusga kirgan kişiga kulimsirab tikildi: “Ha, albatta, töyga yeb-içgani kelamiz-da, mulla aka!” degan maʼnoni uqdim uning qaraşidan. “Qani, oling-çi, kutyapmiz!.. Ha, balli, mana, zakuska!”
Har-har yerdan qarsak ovozlari eşitildi: Bahri şoir “Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz…” deb “ğazal”ni tugatgan edi. “Lekin, mulla yigit, Navoiy ham şeʼrni zap qotirgan ekan-da! Bolaga ham gap yöq, talant ekan, nastoyaşşiy talant. Bopladi!” “Ha, u Navoiyni doim boplab yuradi…” dedi Hofiz oğir xörsinib. Ha, yaxşi, buyam qorinboyni bopladi, dedim özimça quvonib.
Xöş, endi bu yoği nima böladi, deb turgandim, örtakaş Hofizning nomini aytib qoldi-ku. Qarsak gurulladi. Hamma Hofiz tomonga qarab olgan. Bu beçora bölsa, gangib ötiribdi. Örtakaş töğri u tomonga bostirib kelyapti. Yöl-yölakay maşşoqlarning torini ham sörab oldi. Qöşiq ayttirmoqçimi unga! Albatta-da, hofiz qöşiq aytadi-da. Uning tabrigi qöşiq. Dil izhori, ökinç-u armonlari qöşiğida jamlanişi kerak. Şundan boşqa iloji ham yöq…
Mana u qölida tor, gangib-garangsigan ahvolda örtaga çiqdi. Bir bola mikrofon tutdi. “Şöx-şöxidan bölsin, Kamoljon!..”
Ha, aytmoqçi, ismi Kamol edi-ya… Şöx-şöxidan bölsin deyişyapti. Lekin u şu holida nimani aytadi, qanday aytadi? Kuzatib turibman. U göyo torni sozlayotgandek bir muddat tiringlatib turdi-da, keyin boşladi.
Oq tunukali baland tomga örnatilgan radiokarnaylar torning nozik, hazin sadolarini qişloq uzra tarata boşladi, söng xuddi ohanglardek hazin qöşiq yangradi:
Keça kelgumdir debon, ul sarvi gulrö kelmadi,
Közlarimga keça tong otqunça uyqu kelmadi…
Öylaşimça töyxona jim-jit bölib qolişi kerak edi. Yöq, unday bölmadi, şirakayf töyxörlar özaro gurung qilişar, har yer-har yerdan kulgi kötarilib turar, “Ha, döst!”, degan ovozlar eşitilib turardi. Lekin Hofiz bularni eşitmayotgani aniq edi.
…Ana, pastda Köksoy şovullab oqyapti. Hofiz esa soy böyida, baland tollar kölankasida osmonga tikilgança çalqança yotibdi. Yonida oppoq harir köylak, boşiga kelinçaklar misol tör yopingan bir qiz… U nozik barmoqlari bilan yigitning soçini taraydi, közlariga mehr bilan tikiladi, allanimalar deb şivirlaydi. U esa baxtdan yuragi hapriqib, osmonning feruzaligiga, Köksoyning toza suvi aslo körinmasligiga, tollarning soyasi faqat halovat baxş etişiga işonadi…
Qöşiq tugadi. Qarsaklar, olqişlar, yana talablar…
Tor tağin tilga kirdi. Yangi qöşiq boşlandi:
Sumbula-yo sumbula, örab olay gul bilan…
Ha, ana endi asosiy muddaomga yaqinlaşdim. U men istagan qöşiqni boşladi. Örtaga bir yigit va qiz tuşdi, bir-biriga im qoqib raqs boşladi.
Sumbula-yo sumbula, örab olay gul bilan,
Mani könglim san bilan, san ketarsan kim bilan?
Qadamingda gullar oçilsin…
Hofizning közlarida yoş yiltiradi. Ovoziga bilinar-bilinmas titroq kirdi. Töyxörlar “Yaşa!”, “Kam bölma!”, “Ha, döst”, deb uni olqişlar, Hofiz ularni eşitmas, ularni körmas, ökinç-u alam bilan fiğon çekardi.
Mani könglim san bilan, san ketarsan kim bilan…
Hofiz örtanib kuylar, örtanib bözlar, mast-u behud olomon esa baqiriq-çaqiriqlar bilan olqişlar edi…
Böldi, bas, şu yerda nuqta qöyaman. Nuqta qöydim-da, olis qişloğimdan yana Kelesdagi ijara uyimga qaytdim. Nimqoronği xonamda, xontaxta yonida ötiribman. Har kuni ham sodir bölavermaydigan hodisa röy bergan, boş-keti ikki soat nari-berisida yangi hikoya tuğilgan edi.
Bir paytlar radioda “Hikoya haqida hikoya” degan turkum eşittirişimiz bölardi. Hozirgi işim şunga öxşab ketdi, çamamda.
Birinçi qissamning yaraliş qissasi
Hali bir asar boşlasam, bir ötirişda oxiriga yetkazişga urinaman, aks holda işim unmaydi, deganday gap qilgan edim. Xöp, hikoyani bir zarbda yoziş mumkindir, lekin kattaroq asarda iloji bölarmikan…
Unda Oqilon mahallasida ijarada turardim. Bir şanba kuni vaqtli turdim-da, köçaga çiqib ketdim. Özimça xayol surib, mahalla köçalarida uzoq aylanib yurdim. Uyga qaytib ham iş boşlay olmadim. Hovlida kiçkintoylarim qiy-çuv qilib çopqillab yurişibdi. Oxiri özimni qölga oldim.
Balzak degan yozuvçi stolga ötirdimi, bas, paysalga solib ötirmas, qalamini qitirlatib, işga kirişib ketar ekan, deb eşitgandim. Şu qoidaga amal qildim. Bolalarim qiy-çuviga ham eʼtibor bermadim. Hamma narsani unutib, “qişloğimga jönavordim”… Yozning avvali. Ayollar, qizlar va bir öspirin bola… dala böylab yoyilib, çopiq qilib borişyapti. Uç nafar böy qiz bir çekkada “musofirgina” bölib ketmon çopayotgan yigitçani kuzatib, özlariça kulib-kulib qöyişadi. Uni öz davralariga oğdirib oliş payida bölişadi.
Hali aytganimday, özim ham körinmasgina bölib, qahramonlarim atrofida yuribman-da, ularni faqat kuzataman, boşqarmayman, öz tovriga qöyib qöyganman…
Çoşgoh soat ön birlarda boşlagan işimga keçki ön birlarda nuqta qöydim. Nuqta qöydim, deganim qay maʼnodaki, rassomlarga öxşab, asarimning eskiz variantini bitirgan edim. Endi unga şoşilmasdan rang berişim, pardozlaşim mumkin edi.
1982-yil avgustida ijara uyimdan çiqib ketişim kerak bölib qoldi. Odatdagidek, oilamni qişloqqa jönatdim. Bor-yöq taqir-tuqurimni Mahkam aka (taniqli yozuvçi va olim Mahkam Mahmudov)ning peşayvoniga olib borib joylab qöydim-da, yangi joy izlaşga tuşdim. Özim taniş-bilişlar uyida yotib yuribman. Bu orada baxtimga Dörmonda Respublika yoş ijodkorlarining 2-seminari boşlanib, men ham qatnaşadigan böldim. Demak, ön kunça boşpana taşvişini qilmayman. Seminarning sönggi tantanali kunida Jamol oğaynim (Jamol Sirojiddin – Xumiy) meni Dörmonga izlab bordi. Yakuniy yiğinda qatnaşdi. Ustozlar maʼruzasida tuzukkina tilga olinganimdan u ham yonimda bolalarça quvonib ötirdi. Ikki-uç marta qölimni siqib qöydi. Ikkalamiz ham menga atalgan maqtovlardan oyoğimiz yerga tegmay Toşkentga qaytdik. Avtobusdan tuşdik. Xayrlaşişimiz kerak. Uni kuzatganimdan keyin qayoqqa borişimni öylab körarman. Yöq, öylab körişgayam hojat bölmadi, “Aka, men bilan yuring”, deb qoldi hamrohim. “Qayoqqa?” “Borganda körasiz!”
Qöyliq tarafga yöl oldik. 5-Qöyliq mavzesida maşinadan tuşib, “dom”lar oralab ketdik. Nihoyat mavzening kolxoz dalalariga qadalib töxtagan oxirgi binosi, birinçi yölagiga kirib, sönggi beşinçi qavatiga kötarildik. Jamol öng taraf eşigini oçib, içkariga boşladi. “Qani, marhamat…”
Bir xonali uy. Xona örtasida xontaxta. Atrofida körpaçalar. Bu yerda yaqinda boşqa viloyatga işga ketgan Jamolning tanişi ijarada turgan ekan. “Ijaraçining uyida ijarada turarkanmiz-da!” dedim. ”Şunaqa. Kalitni menga berib ketgandi”.
Dilim kunday yorişib ketganini aytmaysizmi. Xayriyat-e!.. Öşa kunlar haligi “bir zarb bilan” qoğozga tuşgan qissam eskizi men uçun katta muammo bölib turgandi. Çunki, seminarda “Şarq yulduzi” jurnalining alohida bir soni yoşlarga bağişlanişini aytişgan, men unda hikoya bilan emas, birvarakayiga qissa bilan qatnaşişni yuragimga tugib qöyganman…
Balkonga çiqdik. Yozuv stoli bor ekan. Stol derazaga taqalgan. Derazaning bir közi sinib tuşgan. Salqin şabada urib turibdi. “Ijodni şu yerda qilasiz, aka”, dedi Jamol könglimdagilarni öqib turganday.
* * *
Tun. Hamrohim xontaxta yonidagi körpaçaga uzala tuşgança uxlab qoldi. Xontaxta ustida yangi şeʼrning bir-ikki satri tuşgan qoğoz. Men “ijodxonam”daman. Ötiribman derazaga köz tikib, tungi dala, qişloq, qönalğa manzarasini kuzatib… Qissa qoralamasini qayta-qayta öqib çiqaman. Lekin davom ettirişga qalamim yurmaydi. Dam– badam buruqsitib çekaman (Öşa paytlar bir alam ötib, yarim yilça çekkanman). Bir mahal desangiz, Jamol oğaynimning maslahati yodimga tuşib qoldi. “Qissangizni inşo şaklida yozsangiz maʼqulmidi, – degandi u qoralamamning oğzaki bayonini eşitib bölib. – Qahramoningiz töğridan-töğri öqituvçisiga murojaat qilsa. Adolatsizlik, nohaqliklarga bölgan isyoni, alami, nafratini unga bildirsa. Keyin öqituvçining ismini… Odil aka deb qöysangiz. Odil Yaratganning ismlaridan biri. Demak, siz töğridan-töğri Uning Öziga arz qilayotgan bölasiz…”
“Böldi! – dedim fikrim yarq etib oçilib. – Şunday qilaman!”
Va boşladim: “Odil aka, siz bu topşiriqni bir hafta burun bergandingiz.
Men bölsam, şunça kunni ötkazib yuborib, mana endi yozişga ötirdim. Juda şoşilyapman. Qaniydi bir-ikki sahifada hammasini aytib qöya qolsam… Avvaliga-ku, bu gaplarni yozişni istamay yurdim…”
Işonasizmi, möjiza röy berdi, birinçi sahifadan ötib olişim bilan qalamim özi yoza boşladi. Tepamda birov şivirlab turibdi. Men şoşa-pişa çala-yarim qilib qoğozga tuşiryapman. Xiyol ötmay yetti sahifa töldi. Yuragim hapriqib ketdi. Sabrim çidamadi. Içkariga kirib şoirni uyğotdim. “Ey, Jamol, turing!” “Ha, ha, nima gap?” “Turing, gap bor”.
Qölimdagi dasta qoğozga közi tuşdi-yu, tuşundi. Bir otim nosni tili tagiga taşlab, çordona qurdi. Men xontaxta çekkasiga ötirib, boşladim. Öqiyapman-u, tinglovçimni kuzataman. U yerga boş solib olgan. Jim. Öqib tugatdim ham holati özgarmadi. Mening bölsa içim qizib boryapti. Şunaqa paytda dalda kutasiz-da birovdan. Sabrim çidamay, yelkasidan turtdim. Boşini kötardi. “Uxlatib qöymadimmi işqilib?” “Yöq, mast qildingiz, aka”. “Rostdanmi?” “Rost, faqat kiriş biroz çözilgan körinadi. Asosiy gapga tezroq ötaveriş kerakka öxşaydi”. “Töğri aytasiz, özimga ham sezildi”. “Ğayrat qiling!”
Qölim qizib, balkonga şoşdim. Sigaret tutatib olib, stolga muk tuşdim. Şu mahal qönalğadan yer-u kökni titratib “Aerobus” havoga kötarildi. Keyin yana sukunat çökdi. Men sukunat ovoziga quloq tutdim. Köp ötmay u gapira boşladi. Men bölsam, uning sözlarini hovliqqança qoğozga töka boşladim… Tongga yaqin stolga boş qöygança mudrab qolibman. Uyğonib, ortimga qarasam, xona çiroği yoqiğ. Jamol oğaynim qoğoz qoralab ötiribdi.
“Yangi şeʼr eşitarkanmiz-da”, deya içkariga kirdim. “Yöq, avval “Dunyoning bir çekkasi”dan yangi bobni eşitamiz”, dedi. Tuşunmadim. “Qissangizga menimça ana şu nom mos tuşadi”, dedi. “Dunyoning bir çekkasi… E, rostdanam şunday-ku!” dedim özimça hayratga, hayajonga tuşib. Döstimga qanday minnatdorçilik bildirişni bilmayman endi!..
Qissa 1993-yil dekabrida “Şarq yulduzi” jurnalida (ustoz adib Xudoyberdi Töxtaboyev taklifi) “Soyböyi qizlari” nomi bilan bosilib çiqdi. Bir yildan keyin kitob holida naşr etilayotganida Jamoliddinning köngliga borib uni “Dunyoning bir çekkasi” deb nomladim.
Kitoblarim haqida
Bu borada ham, Öziga şukur, avvaliga omadim çopdi. 1983–90-yillar orasida ketma-ket beş kitobim bosildi. Keyin esa rosa yigirma olti yillik tanaffus. Yigirma bosma taboqlik qissalar kitobim “Şarq” naşriyotining 2008-yil rejasiga kirgan böyi qolib ketdi. Homiy topişim kerak ekan, menda esa bunaqa işlarga uquv yöq edi.
Yöq, mana, keyingi uç yilda ketma-ket uçta kitobim (avvalgidek 30-40 ming nusxada bölmasa-da) naşr etildi. Bu yil esa bir yöla uç kitobim (biri “Tanlangan asarlar”) çop etiladi deb niyat qilib turibman.
Söngsöz örnida demoqçi bölganlarim
Hali yuqorida poytaxtga yangi kelgan paytlarimda özimni qoronğu örmonga tuşib qolganday his qilganim, ön yil muqaddam kelganimda qanday yaxşi bölardi-ya, deya ökinib yurganlarimni eslagandim.
Bir qaraşda ökinişlarimda jon borga öxşardi. Taqdir yozuği sabab ön yilga imkoniyatni bor berganday edim. Boşqa tarafdan keladigan bölsam, aslida, şundaymidi? Ön yillik umrim behuda ötganmidi? Aslo. Odamiylik tarafdan olib qarasam, birinçi navbatda yolğizqöl onamning duolarini olişga ulgurdimmi, şukur, ulgurdim. Suyagi qotmagan ukalarim oldidagi burçimni ado etdimmi, etdim. Endi masalaning boşqa tarafi: men nafaqat buxgalter bölib idorada ötirdim, örni kelganda traktor haydadim, mavsumi kelganda pilla brigadiri bölib, qişloqma-qişloq, uyma-uy kezdim, çorvaning sutçiligimi, bördoqiçiligimi, yilqiçilik yo parrandaçilik sohasimi… hammasining sir-asrori, maşaqqatli mehnatidan voqif böldim. Qisqasi, qişloq zahmatkaşi hayotini örgandim. Qolaversa, şöro davrining sönggi yillardagi talvasalari, kosasi oqarmagan özbekni yomonotliq qilib, paxta işi, özbek işi deb boşlagan öyinlari… hammasi köz öngimda bölib ötdi-ku! Xöp, bularning bari men uçun haqiqiy dorilfunun, haqiqiy hayot saboqlari emasmidi? Agar men bu saboqlardan bebahra qolganimda, qanday ijodkor bölardim-u, nimalar deb qoğoz tirnagan bölardim?! Şular haqida öylarkanman, Yaratganning bergani neʼmat, bermagani hikmat, degan ilohiy aqida yodimga tuşadi. Va Yaratganning hikmati uning neʼmatidan afzalroqdir, degim keladi.
Orziqul ERGAŞ
1953-yili tuğilgan. Samarqand davlat universitetining Özbek filologiya fakultetini tamomlagan.
“Töy”, “Dunyoning bir çekkasi”, “Bolaligim köçalarida”, “Şohsanam”, “Darxon qissalari”, “Sening bu dunyoda borliging”, “Qalb gavhari”, “Yulduzsiz osmon” kabi qissalar va hikoyalardan iborat kitoblari naşr etilgan.
2023/2
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


