Ishonch quyoshi

0
41
marta ko‘rilgan.

Inson taqdirida o‘zi kutgan voqealar ham bo‘ladi, kutilmagan hodisalar ham ro‘y beradi…

Bilasiz, yoz faslida to‘ylar juda ko‘p bo‘ladi. 2017 yilning 25 avgust kuni murindiq (tutingan) bolam Tolibay Izimbetovning kelin tushirar to‘yida qadrdonlarim bilan beli qayishgan dasturxon atrofida o‘tirardik. Qo‘l telefonim jiringladi, yaqin inilarimdan biri Yesimxan Qanaatov tabrikladi, ziyofatning qizigan payti bo‘lgani bois  “va-ha-ha”lar kuchayib, har bir so‘zini aniq eshitish imkoni bo‘lmadi. Biroz vaqt o‘tgach, Do‘rmonda tanishgan surxondaryolik, qashqadaryolik do‘stlarim qo‘l telefonimga qo‘ng‘iroq qildi: “Baxtiyor do‘stim! Davlat unvoni muborak bo‘lsin!…”  Voh! Mana bu men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi! Kimdir televizordan eshitgan, yana kimdir internet sayti orqali bilib olgan… Men to‘yxonada o‘tirib, taqdirimdagi bu voqeadan bexabar qolibman-da…

Tunning allamahalida uyga kelsam, bayram dasturxoni tuzalgan; ayolim, farzandlarim, kelinim va nevaralarim parvozga shay qushlarday, ko‘zlarida quvonch nurlari… Ular ham allaqachon bilib, mening kelishimni kutib, yo‘limga qarab o‘tirgan ekan. Birinchilardan bo‘lib do‘stim Quo‘anishbay Orazimbetov, Bahamdulla Nurabullayev o‘sha oqshom uyimga kelib, quvonchimga sherik bo‘ldi. “Prezidentimizning sizga bergan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”  faxriy unvoni bizlar uchun, butun qoraqalpoq ziyolilari uchun katta sovg‘a bo‘ldi! Ha! Bu biz uchun ham mukofot!..” deb xursandchiliklarini ichlariga sig‘dirolmay tabriklashdi… Uyimiz mehmonga to‘ldi! Ertasiga chorbog‘imizda shoxlari uch buralgan oq qo‘chqor so‘yildi…

Meni juda… juda to‘lqinlantirgan hodisa muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga yigirma besh yil to‘lishi munosabati bilan so‘zlagan tabrik so‘zi va faxriy unvonlar, mukofotlar bilan taqdirlash marosimi bo‘ldi! Mamlakatimiz rahbarining shaxsan o‘z qo‘lidan mukofotni qabul qilib olish lahzalaridagi baxtiyorligimni oddiy so‘zlar bilan ta’riflash mumkin emas edi… Qalbimda ikki band she’r paydo bo‘ldi:

Yaxshi ishning boshiga kelar Yaxshilar,

Kuch-quvvat bag‘ishlar bilagimizga.

Siz uyg‘otgan Umid shami yarqirar –

Ishonch Quyoshi Yuragimizda!…

 

Bu Quyosh so‘nmaydi, mangu porlaydi,

Xalq Siz bilan birga – tilagingizda!

Vatan mustaqillik qo‘shig‘ini kuylaydi,

Rahmat, Prezidentimiz! Rahmat Sizga!..

Baxtiyor GENJEMURODOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.