Ulkan yangilanishlar aro

0
64
marta ko‘rilgan.

2017 yil ko‘p qatori, ijodkorlar uchun ham xayrli bo‘ldi. Poytaxtimiz markazida Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi, zamonaviy bino qurilishi, Adiblar xiyobonining barpo etilishi, ijodkorlarga zamonaviy va qulay shart-sharotlar yaratib berilishi kabi ko‘pdan-ko‘p ezgu ishlar davlatimizning ziyolilariga qaratilgan yuksak e’tiborini ochiq-oydin namoyon etib turibdi. Mening o‘zimga kelsak, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi shu paytgacha yozilgan asarlarimni ikki jildlik kitob holida nashr etdi. Shuningdek, o‘lkamizda mutlaqo yangi, zamonaviy sohaning ilg‘or namoyandalaridan biri, fan yorug‘ida xalqimiz ildizlariga nazar solgan hamda qanchalar muhtasham, ulug‘ xalq ekanimizni anglab yetgan bugungi kun kishisi haqidagi “Genetik” romanini o‘z ichiga olgan yana bir to‘plamim nashr arafasida turibdi.

Yilning yana bir voqeasi – “Hazrati Xizr izidan” nomli asarim Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo adabiyot va kitob festivali doirasidagi “Open Eurasia-2017” xalqaro tanlovi g‘oliblaridan biri deb e’lon qilinishi bo‘ldi. Bu tanlov o‘zbek badiiy tafakkuri, asrdan-asrga o‘tib kelayotgan an’ana va tushunchalari dunyo xalqlarining e’tiborini jalb qilishga qodir ekanini ko‘rsatdi. El-yurt hayotidan olib yozilgan, o‘zbek kishisining tasavvurlarini aks ettirgan hikoyalarni, bir tomondan, Angliyadagi “Heltfordshire Press” nashriyoti ingliz tilida kitob qilib chiqarishga qaror qilgan bo‘lsa, boshqa tomondan, xuddi shu mavzudagi asarlar jamlangan “Bog‘i Eram” kitobimiz yana bir davlatda, – Turkiyada tez tarqalib ketdi hamda qayta nashrga kirdi.

Bular, albatta, kishini ruhlantiradigan voqealar. Yangi 2018 yil barchamiz uchun yanada xayrli kelishiga ishonchim komil. Rejalarga kelsak, ular hammaning orzu-havaslari kabi yorug‘ va ezgu. Kimdir uy qurmoqchi, kimdir to‘y qilmoqchi, kimdir oilasiyu ota-onasi bilan sayohatga chiqmoqchi, kimdir shu ulkan yangilanishlar aro o‘zini namoyon etmoqchi. Bularning bari O‘zbekiston deb atalgan shu qutlug‘ vatanda el uchun, xalq uchun chekilayotgan zahmatlarning samaralari desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu sababli nafaqat o‘zim, balki oilam nomidan avvalo elimiz-yurtimiz tinch-omon bo‘lishini, yangi yil O‘zbekistonimizga yangi zafarlar hamda ko‘pdan-ko‘p xayru barakotlar olib kelishini tilayman.

Isajon SULTON,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.