Iste’dodlar maktabi

0
133
marta ko‘rilgan.

Jizzax zamini azal-azaldan o‘zining baxshilari, so‘z ustalari, shoir va yozuvchilari bilan ham dong taratib kelgan. Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Oqiljon Husanov kabi zabardast ijodkorlar yaratgan sara asarlar bugun o‘zbek adabiyotining durdonalari sifatida o‘qib o‘rganilayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev aytganlaridek: “Ijodkor ziyolilarimizning eng yaxshi asarlarini yurtimizda va chet ellarda targ‘ib etishni biz ma’naviy-ma’rifiy sohadagi siyosatimizning muhim bir qismi sifatida davom ettiramiz. Ayniqsa, madaniyat, san’at, adabiyot va matbuot olamiga kirib kelayotgan iqtidorli yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirishga, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi”.
Bunday g‘amxo‘rlikdan ruhlangan ijodkor yoshlarimizning safi kundan kunga ko‘payib, mahoratlari oshib, qalamlari charxlanib borayotgani esa kishini quvontirmay qolmaydi.  Aynan adabiyot yo‘nalishida ko‘plab yosh iste’dodli qizlarimizning Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq ko‘rilayotgani fikrimiz isboti.
Bundan yigirma yil oldin asos solingan yosh ijodkorlarning Zomin seminari  ham mamlakatimiz adabiy hayotida ulkan hodisa bo‘lgani sir emas. Zero, “Zomin maktabi” deb nom olgan mazkur adabiyot bayramida ko‘plab ijodkor yoshlar kashf etildiki, ular bugungi kunda o‘zbek adabiyotida o‘z ovozi, o‘z o‘rniga ega shoir va yozuvchilar bo‘lib yetishdilar.
Jannatmonand yurtimizning so‘lim go‘shasi O‘riklisoy bu yil yana yoshlik va nafosat bayramiga guvoh bo‘ladi. Shu yilning 5-7 iyul kunlari Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida mamlakatimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan yosh ijodkorlar  o‘z iqtidorlarini namoyon etib, o‘zbek adabiyotining taniqli shoir va adiblaridan kerakli maslahatlar oladilar.
Biz – jizzaxliklar mana shunday muhtasham adabiyot anjumanini yuksak darajada o‘tkazishga hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz. Chunki bugun iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizni har xil buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish, ularni vatanparvar va insonparvar etib tarbiya­lash barchamizning birinchi galdagi vazifamiz bo‘lib turibdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi o‘z vaqtida qabul qilingan qarorlardan biri bo‘lib, bu borada amalga oshirilayotgan ko‘plab chora-tadbirlar yosh avlodning buyuk ajdodlarimizga xos yuksak ma’naviyatli insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, insonning insoniyligini belgilab beruvchi eng asosiy mezon – ma’rifatdir.
Zomin seminarida kashf etiladigan yosh qalamkashlarning ijodiga ustozlar oq yo‘l tilab, ilk ijodiy to‘plamlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tashabbusi bilan “Ijod” jamoat fondi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilishi ham, shubhasiz, yosh avlodning asl kitobxon va asl ijodkor  sifatida shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Biz mezbon sifatida Zominga tashrif buyurayotgan barcha qalam ahliga xush kelibsiz, deymiz va  hamisha ma’naviyatni, adabiyotni yuksaltirish ishiga kamarbasta ekanimizni bildirib qolamiz.

Ulug‘bek UZOQOV,
Jizzax viloyati hokimi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.