Ma’naviyat mayog‘i

0
215
marta ko‘rilgan.

Vatanimiz madaniyati tarixiga yana bir sana zarhal harflar bilan bitildi. Endilikda 2017 yil Adiblar xiyoboni tashkil etilgan yilga aylandi. Xiyobon tez orada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy bog‘ida qad rostlaydi. Uning tashkil etilishi haqida Prezident qarorining e’lon qilinishi mamlakatimiz madaniyati va san’ati rivoji, millatimiz ma’naviyati yuksalishi yo‘lida tashlangan yana bir qadamdir.
Xiyobon Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy bog‘ida ochilayotgani chuqur ma’noga ega. 1991 yili Milliy bog‘ hududida asarlari butun insoniyatning bebaho merosiga aylangan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyga haykal o‘rnatilgan edi. Bog‘ uzra qo‘r to‘kib turgan ushbu yodgorlik xuddi ma’naviyat nurlarini sochayotgandek, biz qanday ulug‘ zotlarning avlodi ekanimizni ko‘rsatib turgandek. Tarixga nazar tashlagan kishi xalqimiz asrlar osha adabiyotga oshufta bo‘lib kelayotganiga guvoh bo‘ladi. Bizning xalqimiz atoqli turkiy shoir va mutafakkir Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy va boshqa ulug‘ so‘z san’atkorilaridan boshlab to G‘afur G‘ulom, Oybek, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning yuksak adabiy asarlaridan ulgi olib keldi. Ularning ijodi beqiyos ma’naviy quvvat va katta ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Ulug‘ o‘zbek shoiri Cho‘lpon: “Adabiyot yashasa, millat yashar”, deb yozgan edi. Shu sababli ham yurtimizda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy, madaniy, ma’rifiy merosini o‘rganishga katta e’tibor berilmoqda. Bu esa milliy adabiyotning rivojlanishiga, millat ma’naviyati yuksalishiga xizmat qiladi.
Bugun Milliy bog‘ni Alisher Navoiy haykalidan tashqari atoqli adiblarimiz Oybek, Abdulla Qahhor, Said Ahmad va mashhur shoira Saida Zunnunova haykallari bezab turibdi. Endilikda Adib­lar xiyoboniga, Qarorga ko‘ra, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom va Zulfiyaga qo‘­yilgan yodgorliklar ko‘chirib kelinadi. Bundan tash­qari, milliy adabiyotimizning yorqin vakillari – Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Muhammad Yusuf siymolarini yaratish bo‘­­yicha tanlov e’lon qilindi. Bu nafaqat ulug‘ so‘z san’atkorlarining xotirasini ulug‘laydi, balki Milliy bog‘ni nodir tarixiy-madaniy majmuaga aylantiradi. U o‘zini adabiyotga bag‘ishlagan va millatimiz ma’naviy hayotida yorqin iz qoldirgan Vatan farzandlariga o‘chmas yodgorlik ham bo‘lib qoladi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yangi bosqichga ko‘taradi. Uyushmaning uzoq yillik faoliyati davomida ilk bor yangi binoga ega bo‘lamiz. Bino o‘zbek adabiyotining asos­chisi nomi bilan ataladigan Milliy bog‘da joylashishida ham chuqur ramziy ma’no bor. Zamonaviy me’morchilikning eng yaxshi an’analari asosida quriladigan ushbu inshoot ma’naviyat mayog‘iga, mamlakatning eng kuchli adabiy iqtidorlari birlashadigan joyga aylanishi shubhasiz. Qurilish rejasi ipidan ignasigacha  chuqur o‘ylangan. Kutubxona va Uyushma huzuridagi “Ijod” kitob do‘koniga alohida joy ajratilgan. Vaqti kelib o‘z nashriyotimizni ochish rejamiz ham yo‘q emas. Bo‘layotgan o‘zgarishlar bizni nafaqat rag‘batlantiryapti, balki ilhomlantiryapti ham. Uyushmamizning 700 nafarga yaqin a’zosi bor. Yaqinda Navro‘z arafasida bir qator yoshlarni safimizga oldik.
O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmalar zali yaxlit me’moriy majmuani to‘ldiradi. Qarorda belgilanganidek, unda kitoblar ko‘rgazmasi va taqdimoti, ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Adabiyotga e’tibor, shak-shubhasiz, hozirgi va kelajak avlodning ma’naviy kamolotiga g‘amxo‘rlik qilish demakdir.

Muhammad Ali,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.