Marrani baland olgan avlod

0
68
marta ko‘rilgan.

Bu yil mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritganiga 25 yil bo‘ldi. O‘tgan yillarga nazar solsak, ko‘plab sohalar qatori ta’lim-tarbiya sohasida ham ulkan yutuqlarga erishganimizga guvoh bo‘lish mumkin. Bugun yurtimizning qaysi go‘shasiga bormaylik, zamonaviy ta’lim maskanlariga, muhtasham sport inshootlariga ko‘zimiz tushadi. Bu binolarda ilm-fan asoslarini puxta egallab, aqlan va jismonan barkamol bo‘lib ulg‘ayayotgan o‘g‘il-qizlarni ko‘rganimizda istiqlolning ilk yillaridan boshlangan keng qamrovli islohotlar mohiyatini yanada teranroq anglaymiz.

Yurtimizda yoshlar kamolotiga qaratilgan yuksak e’tibor Jizzax viloyatida ham o‘z samaralarini berayotir. Bugun viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 756 ta umumta’lim muassasasining barchasi zarur o‘quv jihozlari va multimedia vositalari bilan ta’minlangan. Ko‘pmillatli, ahil-inoq xalqimiz bolalari ta’lim o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz va tojik tillarida olib boriladigan o‘quv muassasalarida bilim olib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan o‘g‘il-qizlar bo‘lib voyaga yetmoqda. Bu yil viloyatdagi o‘n ikkita maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgani o‘quvchilarning bilim sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. O‘qituvchilarning dars jarayonini sifatli va samarali tashkil etish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida shu kungacha 418 ta maktab fizika, 335 ta maktab kimyo va biologiya fan kabineti jihozlari bilan ta’minlandi. Ushbu sa’y-harakatlar tufayli farzandlarimiz yangi-yangi marralarni egallayotir. Jumladan, shu yil iyun oyida umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan bilimlar bellashuvining respublika bosqichida Jizzax viloyatidan ishtirok etgan o‘quvchilarning o‘n bir nafari 1, 2, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

O‘g‘il-qizlarning salohiyati oshayotganida o‘qituvchilar o‘rtasida samarali tajriba almashuv tizimi yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etayotir. Joriy o‘quv yilida viloyatdagi ta’lim muassasalarida o‘n sakkizta fandan 46 ta “Mahorat maktabi” tashkil etilgan. Ularga metodistlar, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Jizzax davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari murabbiy sifatida biriktirilib, amaliy metodik yordam ko‘rsatmoqda.

Buning samarasi o‘laroq, viloyat o‘qituvchilari qator muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda. Jumladan, bu yil “Eng yaxshi dars ishlanmasi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan jizzaxlik pedagoglar sakkizta fan bo‘yicha faxrli o‘rin g‘olibi deb topildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘qituvchilarimiz ushbu tanlovda respublika bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi. “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida uch nafar o‘qituvchimiz mehnat ta’limi, geografiya, ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha faxrli o‘rinlarga munosib ko‘rildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq xorijiy tillarni o‘qitish ishlari izchil olib borilmoqda. Viloyat xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan 1032 nafar ingliz tili o‘qituvchisi samarali faoliyat yuritishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda chet tili o‘qituvchilari haftalik malaka oshirish kurslarida o‘z bilim va malakalarini oshirmoqda.

Ayni paytda bitiruvchilarni ta’limning keyingi bosqichiga jalb etish muhim ahamiyatga ega. Shu bois o‘tgan o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 21306 nafar 9-sinf bitiruvchisiga oid ma’lumotlar “e-maktab” elektron bazasiga kiritilib, yoshlarni ta’limning navbatdagi bosqichiga qamrab olish uchun o‘quv yili davomida “Ota-­onalar yig‘ilishi”, “Otalar yig‘ilishi”, “Onalar yig‘ilishi”, “Kasb-hunar – qizlar iqboli”, “Hunarli qiz – yurt kelajagi” kabi mavzularda davr suhbatlari va so‘rovnomalar o‘tkazildi. O‘quv yili yakunida bitiruvchilardan 1419 nafari akademik litseylarga, 19860 nafari kasb-hunar kollejlariga qabul qilinib, o‘n ikki yillik uzluksiz ta’limga to‘liq qamrab olindi.

Globallashuv davrida ta’lim muassasalarining xalqaro axborot maydonidagi ta’lim-tarbiya va ilm-fanga oid yangiliklardan xabardorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois joriy yil davomida viloyatdagi barcha ta’lim maskanlarini internet tarmog‘iga ulash ishlari olib borildi. Natijada o‘quv muassasalarining 111 tasi “Uztelecom”, 389 tasi “Uzmobile” kompaniyasi Jizzax filiallari bilan imzolangan shartnomaga muvofiq “Ziyonet” axborot ta’lim tarmog‘iga ulandi. Bugungi kunga qadar viloyatdagi 462 ta ta’lim muassasasi 7398 ta kompyuter texnikasi bilan ta’minlangan bo‘lib, joriy yilda bunga qo‘shimcha ravishda “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish” loyihasi doirasida yetmishta maktab zamonaviy kompyuter jamlanmasi va boshqa turdagi jihozlar bilan ta’minlandi. Mavjud imkoniyatlar tufayli hozir viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tizimida 162 ta maktab, 121 nafar o‘qituvchi, 34 nafar o‘quvchi o‘z veb-saytiga ega. Bu yil “Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi veb-sayt – 2016” ko‘rik-tanlovida ishtirok etgan o‘qituvchimiz 1-o‘rinni egallab, hamkasblariga o‘rnak bo‘ldi.

Yosh avlod ta’lim-tarbiyasida sportning o‘rni alohida. Bu borada ham viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilayapti. Ayni paytda yangidan tashkil etilgan o‘n uchta bolalar va o‘smirlar sport maktabida 11278 nafar o‘quvchi o‘n beshta sport turi bilan shug‘ullanmoqda. Ularga 331 nafar murabbiy sport sirlarini o‘rgatayotir.

O‘g‘il-qizlarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish dolzarb ahamiyatga ega. Shu bois viloyatdagi o‘n to‘rtta “Barkamol avlod” bolalar markazidagi to‘garaklarga 7215 nafar o‘quvchi jalb qilingan bo‘lib, yoshlar “Badiiy ijodiyot”, “O‘lkashunoslik va ekologiya”, “Texnik ijodiyot”, chet tili yo‘nalishi bo‘yicha mashg‘ulotlarda vaqtini maroqli o‘tkazmoqda.

Viloyatdagi mavjud o‘n beshta bolalar musiqa va san’at maktabida ham yoshlarning badiiy didi va saviyasini ko‘tarish, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun yetarli shart-sharoit­lar yaratilgan. Ayni paytda mazkur madaniyat dargohlarida to‘rt yuz nafar mutaxassis faoliyat ko‘rsatayapti. Ulardan 2700 nafar o‘quvchi san’atning o‘nta yo‘nalishda saboq olmoqda. Hozirgi kunda bolalar musiqa va san’at maktablarida oliy ma’lumotli mutaxassislardan tashqari bir nafar fan nomzodi, bir nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, bir nafar “Nihol” mukofoti sovrindori faoliyat yuritmoqda.

Shu yil 27 fevral – 1 mart kunlari Do‘stlik tumanidagi 3-bolalar musiqa va san’at maktabining o‘quvchilari fortepiano, doira, tasviriy san’at, xoreografiya yo‘nalishlari bo‘yicha Sochi shahrida o‘tkazilgan “Faktor uspexa” xalqaro festivalida ishtirok etib, 1-o‘rinni egalladi. Shu yil 11 – 18 iyun kunlari Jizzax shahridagi 1-bolalar musiqa va sanat maktabi o‘quvchilari Sochi shahrida tashkil etilgan “U samogo Chyornogo morya” xalqaro festivalidan ikkita 1 va ikkita 2-o‘rinni olib qaytdi. Bu kabi yutuqlar boshqa ta’lim muassasalari faoliyatida ham uchraydi, albatta. Eng muhimi, yoshlarning yuragida san’atga mehr-muhabbat va ezgulik urug‘ini qadashni maqsad qilgan olijanob sa’y-harakatlar xorij sahnalarida O‘zbekiston dovrug‘ini yoymoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni ta’lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etishda salmoqli yutuqlarga erishgan, yosh avlod kamolotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘qituvchilar har yili Mustaqillik hamda O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayramlari arafasida davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlanmoqda. Jumladan, bu yil ham viloyatimizdan yetti nafar tajribali pedagog davlat mukofotlariga munosib ko‘rildi.

Istiqlol yillarida yurtimizda o‘qituvchilarning mavqeini yanada oshirish, mehnatini munosib rag‘batlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Zero, muallim zahmatisiz, fidoyiligisiz eng ilg‘or pedagogik texnologiyalar ham, so‘nggi rusumdagi kompyuter uskunalari ham kutilgan samarani bermaydi. Davlatimiz ta’lim siyosati yuksak bilim va salohiyatga ega, mahoratli o‘qituvchi va murabbiylarni yetishtirish, ularning samarali mehnati orqali esa yoshlarni barkamol o‘g‘il-qizlar etib voyaga yetkazishga qaratilgan.

 

Ergash JABBOROV,

Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.