O‘gitlarda ilmiy haqiqat

0
65
marta ko‘rilgan.

“Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan yoshlar festivali dovrug‘ini eshitmagan yurtdoshimiz qolmadi, hisob. O‘ndan ziyod loyihalarni o‘zida qamrab olayotgan ushbu yirik festival orqali yoshlarimiz qalbiga chuqurroq kirib boryapmiz, ularning orzu-intilishlari, o‘y-tashvishlarini yaqindan o‘rganyapmiz. Quvonarlisi, festival har bir hududda o‘ziga xos ruh, shukuh bilan o‘tyapti. Jumladan, Samarqand viloyatida ham shunday bo‘ldi.

Ko‘hna obidalarida ajdodlarimiz nafasini saqlab kelayotgan qadimiy shaharga tashrif buyurgan taniqli shoir-yozuvchilar, olimu san’atkorlar ishni  Amir Temur tuzuklarini o‘qishdan boshladilar: sharqona xontaxta, lavhlar o‘rnatilgan maxsus joylarda el suygan insonlar Sohibqiron o‘gitlarini ifodali o‘qib, yoshlarga o‘rnak bo‘ldilar. Mutolaa jarayonida ulug‘ bobomiz hikmatlarining asrlar osha o‘z ahamiyatini yo‘qotmasdan, aksincha, qadr-qimmati tobora oshib borayotganiga amin bo‘ldik.

Amir Temurning nafaqat davlat arbobi sifatida aytgan so‘zlari, balki  ota, oila boshlig‘i sifatida bildirgan fikrlari, qabul qilgan qarorlarida ham katta hayotiy hikmat borligi bot-bot e’tirof etildi. Jumladan, Sohibqiron bobomiz shunday deydi: “O‘g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirish tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog‘lik-salomatligini, jismonan kamolotini aniqladim. Kelin bo‘lmish nasli-nasabi, odob-axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli  bo‘lsagina, el-yurtga to‘y-tomosha berib, kelin tushirdim”.  Bu mulohazalar faqat hayotiy tajribaga emas, chuqur ilmiy asosga ham ega ekanini bilib, hayratga tushdik. “Insondagi genetik xususiyatlar avlodlarga asosan ona tomondan o‘tadi, – dedi festivalda ishtirok etayotgan yosh olimimiz – Butunjahon fanlar akademiyasining a’zosi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi direktori Ibrohim Abdurahmonov. – Shuning uchun  fanda inson genetikasi ona shajarasi bo‘yicha o‘rganiladi”.  

Shuurimiz ko‘zlari bexosdan “yarq” etib ochilganday, ota-bobolarimizning ming yillik qadriyatlari sirini anglaganday va mustaqillik yillarida yurtimizda ayollar, xotin-qizlar, onalar salomatligiga davlat miqyosida ulkan ahamiyat berilayotganining sababini teranroq tushunganday bo‘ldik.  Muhtaram Prezidentimizning “Ayolni hurmat qilsak, millatni hurmat qilamiz” degan so‘zlari qanchalik haqqoniy, purma’no ekaniga yana bir bor iqror bo‘ldik. Mamlakatimizda “Sog‘lom ona va bola yili”da amalga oshirilayotgan ishlarning mohiyatiga yangicha nazar bilan qaray boshladik.

Umuman olganda, ushbu keng qamrovli festivalda qatnasharkanmiz, o‘zimiz uchun juda ko‘p yangi haqiqatlarni kashf qilyapmiz. Shubhasiz, ularni qisqacha, bir so‘z bilan bayon qilish imkonsiz. Muhimi, istiqlol yillarida o‘rtaga tashlanayotgan har bir ezgu g‘oya, tashabbus, avvalo, aniq ilmiy xulosaga, “etti o‘lchab bir kesilgan” hayotiy tajribaga asoslanayotganini anglab yetdik. Bu haqiqatni hayotimizdagi, jamiyatimizdagi o‘zgarishlar, yangilanishlar kun sayin, soat sayin isbotlab turganiga guvoh bo‘ldik…

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.