Qalb islohoti mutolaadan boshlanadi

0
81
marta ko‘rilgan.
 

So‘rovnomalarga ko‘ra, insoniyat tarixidagi eng buyuk ixtiro – kitob ekan! Dunyoning yetti mo‘jizasi haqida ko‘p eshitganmiz. Ammo rasmiy e’tirof etilmagan bo‘lsa-da, hech qan­day e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan yana bir mo‘jiza bor, bu ham bo‘lsa kitobdir! Kitobning mo‘jiza ekanini his etish uchun esa, avvalo, kitob­xon bo‘lish kerak.

Kitob o‘qiydiganlarning dunyoqarashi, bilim, qiziqish doirasi keng, hayoti mazmunli bo‘ladi, shu bois ularning suhbati diltortardir. Kitob o‘qimaydiganlar bilan nima haqda gaplashishni ham bilmaysan kishi – darrov zeriktirib qo‘yishadi.

Kitob haqida mashhur shaxslar – buyuk allomalar, fozil-u fuzalolar, mutafakkirlar dono, ibratli hikmatlarni xo‘p va ko‘p aytganlar. Ular bir joyga jamlansa, bir necha jild kitob bo‘ladi.

“Odamlar o‘qishdan to‘xtaganda fikrlashdan ham to‘xtaydilar” degan edi buyuk fransuz mutafakkiri Didro. Naqadar dono fikr! “O‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitoblardan minnatdorman” deya kitobning buyuk tarbiyaviy ahamiyatini qayd etadi rus adibi Maksim Gorkiy. Menga mana shu e’tirof ko‘proq yoqadi. Darhaqiqat, kitob insonni tarbiyalaydi. O‘z vaqtida o‘qilgan birgina kitob inson hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib, taqdirini butunlay boshqacha o‘zanga solib yuborishi ham mumkin. Yaqinda Rossiyada chiqadigan bir gazetada taniqli rus dramaturgi Viktor Rozovning xotiralarini o‘qib qoldim. Unda shunday g‘aroyib voqea hikoya qilinadi. Ashaddiy bir jinoyatchi poyezdda birovning katta jomadonini o‘g‘irlaydi. Keyin yolg‘iz qolgach, o‘ljasini mundoq ochib qarasa, jomadondagi turli lash-lushlar ostida bir kitob turganmish. U fransuz adibi Romen Rollanning “Jan Kristof” degan romani ekan. Jinoyatchi erinmay asarni o‘qib chiqadi-yu, azbaroyi qattiq ta’sirlanganidan butunlay boshqa odamga aylanadi. Yozuvchiga xat yozib, tavba-tazarru qiladi. Keyin mi­litsiyaga borib, aybini bo‘yniga oladi. Jazo muddatini o‘tagach, oila qurib, bola-chaqali bo‘ladi va to‘g‘ri, halol yashash yo‘lini tanlaydi. Hammasiga o‘sha birgina kitob sabab bo‘ladi.

Ma’naviyatni yuksaltirishning yagona yo‘li-chorasi kitobga oshno bo‘lish, mutolaadir. Kitob fikrlashga o‘rgatadi, tafakkurni charxlaydi. Qalb tarbiyasi, qalb islohoti ham asosan kitob orqali amalga oshiriladi. Bu borada hech narsa kitob bilan tengla­sholmaydi.

Hali-hamon eng sirli xilqat sanalayotgan inson haqida, uning murakkab ichki dunyosi haqida eng mukammal, eng ta’sirchan ma’lumotni, bilimni biz badiiy adabiyot atalmish san’atdan olamiz.

Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanida besh yuz nafarga yaqin qahramon tasvirlangan. Ularning har biri o‘z fe’l-atvoriga, xarakteriga, taqdiriga ega. Yozuvchi ana o‘sha qahramonlar­ning har biriga “jon ato etolgan”, ya’ni bir vaqtning o‘zida besh yuzta rolni “o‘ynay olgan”. Vaholanki, biz sahnada bitta rolni yaxshi o‘ynay olgan aktyorni olqishlaymiz. Demak, boshqa san’atlarni mutlaqo kamsitmagan holda dadil aytish mumkinki, adabiyot barcha san’atlar ichida insonga eng yaqin, eng buyuk san’atdir.

Mutolaa madaniyatining susayishi sabablari haqida gap ketganda, ko‘pincha yoshlarning vaqti ijtimoiy tarmoqlarda o‘tayotgani, internet atalmish “balo” ko‘pchilikni mutolaadan chalg‘itayotgani qayd qilinadi. Yuzaki qaraganda bu gaplarda jon borga o‘xshasa-da, masalaning mohiyati murakkabroq. Internetni olabo‘ji qilib ko‘rsatmaslik kerak. Agar undan to‘g‘ri, o‘rinli foydalanilsa, u mutolaa masalasida betakror, beminnat yordamchi bo‘lishi mumkin.

Endilikda nashriyotlarda chop etilayotgan kitoblarning adadi juda kamayib ketayotgani, shu bois ularning narxi qimmatlashib borayotgani sir emas. Shunday pallada internet asqatadi. Kerakli kitoblarni internetdan topib, bemalol ekranda o‘qish yoki uni qog‘ozga ko‘chirib olish mumkin. Audio va elektron kitoblar “moda” bo‘lib borayotgani ham sir emas. Bunda vaqt va ko‘z nuri tejaladi. Ammo, baribir, qog‘ozda chiqarilgan bosma kitoblarni afzal ko‘ruvchilar ko‘proq.

Yaqinda fransuz adibi Frederik Begbederning ayni shu masalaga bag‘ishlangan “Kones sveta” degan kitobini o‘qib qoldim. Muallif hozircha, fursat g‘animatligida o‘zi tavsiya etgan yuzta bosma kitoblarni o‘qib qolishga da’vat etadi. Bu kitoblarni faqat o‘zining didi-saviyasi asosida tanlaganini ham yashirib o‘tirmaydi.

Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivoj­lantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qi­lish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishining e’lon qilinishi ayni muddao bo‘ldi. U ko‘pchilikni to‘lqinlantirib, ruhlantirib yubordi. Farmoyishda mazkur masala bo‘yicha to‘planib qolgan va o‘z yechimini kutayotgan bir qator masalalar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Oradan o‘tgan shu qisqa fursatda juda ko‘p foydali, xayrli ishlar qilindi, muhim tadbirlar amalga oshirildi. Odamlarning kitob­ga munosabatlarida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgani kuzatilmoqda. Kelinlarning seplariga tilga tushgan mashhur kitoblar sovg‘a tariqasida qo‘shib qo‘yilmoqda. Kitob o‘qimaydigan ayrim rahbarlar ham kitobga yuz tuta boshladilar, o‘z hududlarida kitob do‘konlarini ochishga kirishdilar. Ammo hali qilinishi kerak bo‘lgan yumushlar juda ko‘p.

Farmoyishda “kitobxonlik madaniyati” degan ibora qo‘llangan. Xo‘sh, bu nima degani?

Ma’lumki, barcha sohalarda bo‘lganidek, kitobxonlikning ham o‘z madaniyati bor. Mutolaa madaniyati deganda, avvalo, kitobni tanlay bilish va tanlab, saralab o‘qish va uning ma’no-mohiyatini teran tushunish malakasi nazarda tutiladi. Xo‘sh, nima uchun kitobni saralab o‘qish kerak? Sababi oddiy. Dunyoda yaxshi kitoblar juda-juda ko‘p, insonning vaqti-umri esa hisobli. Eng yaxshi, kerakli kitoblar saralanib o‘qilmasa, ularni o‘qishga ulgurish qiyin bo‘lib qoladi.

Mutolaa madaniyati haqida gap ketganda, juda ko‘p muammolar ko‘z oldimizga keladi. Shulardan uchtasi, mening nazarimda, juda muhimdir. Bular quyidagilardir:

  1. Kitobxonlikka havas, qiziqishni qanday uyg‘otish mumkin?
  2. Qanday kitoblarni o‘qish kerak?
  3. Kitobni qanday o‘qish kerak?

Menimcha, birinchi masala juda muhimdir. Agar shu masala hal etilsa – olam guliston, kitobxonlik madaniyati bilan bog‘liq barcha muammolarning yechimi topiladi. Kitobxonlikka havas uyg‘ongandan keyingina qanday kitoblarni o‘qish va ularni qanday o‘qish haqida mulohaza yuritish o‘rinli bo‘ladi. Chunki har qanday ish zavq-shavq, ishtiyoq bilan bajarilsagina kutilgan samarani beradi. Kitobxonlikda ham xuddi shunday.

Kitobxonlik madaniyati ham, avvalo, oilada shakllanadi. Endi xayolga andak erk berib, shunday manzarani ko‘z oldimizga keltiraylik. Oilada yaxshigina, boy uy-kutubxonasi bor. Ota-ona ziyoli, o‘qimishli odamlar. Qo‘llaridan kitob tushmaydi. Kitobxonlik madaniyati borasida o‘zlari ideal – namuna! Ammo farzandlari yoki nabiralari kitobga mutlaqo qiziqishmaydi. Ular zurriyodlarining kitobga qiziqmasligidan xunob bo‘lishadi, da’vatlar, majbur qilishlar kor qilmaydi. Har kuni bolakaylar bilan kitobxonlik masalasida dahanaki jang bo‘ladi. Bolapaqir esa boshini xam qilgancha yer chizib turaveradi yoki maktabda uyga berilayotgan vazifalar ko‘payib ketganini bahona qiladi. O‘sha bolakay uch oylik ta’tilda ham baribir kitob o‘qimaydi. Boyoqish qiziqmasa nima qilsin?..

Xo‘sh, nima qilmoq kerak, degan azaliy jumboq-muammo kun tartibiga chiqadi. O, qaniydi bu borada tayyor bir yo‘l-yo‘riq, qonun-qoida bo‘lsa… Men bu haqda juda ko‘p o‘ylayman. Hali-hamon bir to‘xtamga kelolmayman. Shu bois bu borada jo‘yali maslahat berishdan ojizman. Menimcha, bu muhim masala tajribali o‘qituvchilar, pedagog – olimlar, sotsiolog va psixo­loglarning o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakati bilan yechilishi lozim bo‘lgan muammodir.

Yaqinda Madaniyat va ma’rifat “telekanal”ida adabiyotshunos olim Omonullo Madayevning ushbu masala yuzasidan aytgan qimmatli mulohazalarini eshitib qoldim. Domla sira ikkilanmay “Bola kitob o‘qigisi kelmasa, uni majburan o‘qitish kerak” dedi. Bolaligida ota-onasi, Anvar Hojiahmedov degan adabiyotshunos tog‘asi uni kitob o‘qishga majburlashgani, shuning oqibatida adabiyotga ixlos qo‘yganini ham eslab o‘tdi.

Ustozning fikriga to‘la qo‘shildim. Darhaqiqat, bolani davolash uchun unga achchiq dorilarni maj­burlab ichiramiz-ku! Kitob o‘qishga majburlasak, osmon uzilib tushmas!..

Matbuotda kitob va kitobxonlik masalalariga bag‘ishlangan maqolalarni sinchkovlik bilan kuzatib borarkanman, yuqoridagi muammo haqida chuqurroq, asosliroq mulohaza aytilarmikin deya intiqlik bilan kutib yurdim. Bu borada fikr aytishi lozim bo‘lgan mutaxassislar – pedagoglar, psixologlardan negadir diqqatga sazovor mulohazalar aytilavermadi. Ehtimol, kitobga ishtiyoq, havas uyg‘otish masa­lasi KUTILAYOTGAN KASHFIYOT bilan bog‘liqdir.

Ittifoqo, matbuotda taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad va zukko adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinovning yuqoridagi muammoga daxldor maqolalarini o‘qib qoldim.

“Biz bolalarda kitob o‘qishga havas tug‘dirish yo‘llarini ko‘p izlaymiz, lekin aniq yo‘l-yo‘riq topganimizcha yo‘q, – deydi Xurshid Do‘stmuhammad. – Besabab emas bu, zero, mutolaa havasining tug‘ilishi har kimda har xil kechadi. Ana shu turlicha kechgan jarayon mohiyatidagi qonuniyatni topish uchun mumkin qadar misollarni ko‘plab jamg‘armog‘imiz, sinchiklab o‘rganmog‘imiz kerak”.

Yozuvchining bunday o‘rinli taklifini o‘qirkanman, hazrat Navoiyning yetti yoshida “Mantiq ut-tayr”day murakkab asarni yod olganini esladim. Ayni chog‘da Ozod Sharafiddinov, Ibrohim G‘afurov, Mahkam Mahmudov, Mahmud Sa’diy kabi ustozlarning kitobga bo‘lgan ibratli munosabatlari, boy tajribalari ko‘z oldimga keldi.

Zuhriddin Isomiddinov yoshlarda kitobxonlikka havas uyg‘otish masalasiga yana-da realroq, hayotiy­roq yondoshadi:

“…Biz yoshlarning kitobga qiziqishi oshishini istasak, avvalo, butun jamiyatda o‘qigan odamlar­ning o‘qimagan kishilarga nisbatan, ozgina bo‘lsa-da, yaxshiroq yashashiga erishishimiz kerak”.

E’tiroz bildirish qiyin bo‘lgan istak-taklif. To‘g‘ri-da, axir, dunyoni baribir manfaat boshqaradi.

Olimning ushbu istagi hayotda ijobat bo‘la boshlaganiga guvoh bo‘layotirmiz. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashabbusi va homiyligida televizorda namoyish etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi naqadar qiziqarli, mazmunli va maroqli o‘tayotgani ko‘pchilikka ma’lum. Tanlov g‘oliblariga yengil avtomobil va boshqa qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Umid qilamizki, bunday tadbirlar yana bardavom bo‘ladi.

Kitob tanlashda bolaga ota-onadan keyin ikkinchi muhim yordamchi maktabdagi adabiyot muallimidir. Kuzatishimcha, aksariyat adabiyot muallimlari o‘zlarining bu muhim vazifasiga yaxshi e’tibor qilmaydilar, bolalarning sinfdan tashqari qanday kitoblarni o‘qishayotganiga qiziqmaydilar, maktab darsliklari doirasidan chetga chiqolmaydilar. Adabiyotni san’atning bir turi sifatidagi mohiyatini yaxshi ilg‘amaydilar. Adabiy jarayonni mutlaqo bilmaydilar, bilishga intilmaydilar ham. Sanoqli adabiy nashrlarni o‘qib bormaydilar. Bunday muallimlarning qo‘lida ta’lim olgan bolalarda ada­biyotga ishtiyoq, qiziqish uyg‘otish qiyin. Adabiyot muallimining asosiy vazifalaridan biri yaxshi kitob­xon tayyorlashdir. Shu o‘rinda mashhur rus shoiri, Nobel mukofoti sohibi Boris Pasternakning “Buyuk kitobxonlar paydo bo‘lgandagina buyuk adabiyot paydo bo‘ladi” degan so‘zlari esga tushadi

Maktabdagi ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq aksariyat muammolarni ijobiy hal etish bevosita o‘qituvchi­ning SHAXSIYATI bilan bog‘liqdir.

Maktab davridagi shunday bir unutilmas lahzani eslagim keladi. O‘zi ham ahyon-ahyon she’rlar yozib yuradigan, kolxozning ko‘p nusxali gazetasini mustaqil, bir o‘zi chiqargan darveshfe’l amakim Sodiq Otaboyev o‘qitardi. Bir kuni u dars paytida Pushkinning “Dubrovskiy” povestini hikoya qilib berdi. Xuddi teatr aktyorday, rolini qoyilmaqom ijro etdi. Amakimning bunday noyob iste’dodi borligini birinchi marta ko‘rib turardim. Boshqalarni bilma­dim-u, men bu hikoyadan shu qadar ta’sirlandimki, ertasidan boshlab o‘sha povestnigina emas, Pushkinning ona tilimizga qilingan barcha tarjimalarini topib o‘qidim. Balki keyinchalik kasb tanlashimga amakimning o‘sha hikoyasi turtki bo‘lgandir.

Ishonchim komilki, bolaning fanlarga qay darajada qiziqishidan tortib qanday kasb tanlashi va qanday inson bo‘lishigacha – hamma-hammasida o‘qituvchining SHAXSI muhim o‘rin tutadi. Afsuski, biz bu dolzarb masalaga shu davrgacha yetarli e’tibor bermay keldik. Biz san’atning barcha turlarida birinchi galda iste’dod lozimligini ko‘p ta’kidlaymiz, ammo yaxshi muallim bo‘lish uchun ham talant kerakligini unutib qo‘yamiz. Pedagogika universitetlariga talabalikka qabul mahali bironta test savollari abituriyentda bunday iste’dod borligini aniqlab berolmasa kerak. Menimcha, bunday noyob iste’dodni aniqlash uchun maxsus test savollari tuzish joiz…

Faraz qilaylik, kitobxon o‘qish uchun o‘ziga kerakli kitobni topdi ham deylik, ko‘nglida mutolaaga havas-ishtiyoq ham bor, xo‘sh, endi u kitobni qanday o‘qishi kerak? Bu ham juda muhim masala. O‘qish boshqa, uqish boshqa deya bejiz aytilmagan. O‘qish malakasi ham yillar davomida shakllanadigan tajriba mahsulidir. Eshitishimcha, ayrim xorijiy mamlakatlarda kitob o‘qish malakasi fan sifatida maxsus o‘rgatilar ekan. Buyuk nemis shoiri va mutafakkiri Gyote sakson yoshida ham haligacha kitob o‘qishni yaxshi o‘rganolmaganidan yozg‘irib gapirgan ekan. Bu soxta kamtarlik emas, albatta.

Kitob o‘qishda tezlik masalasi ham muhimdir. Sezganmisiz, yosh bolakay (kattalarda ham shunday holatni kuzatish mumkin) kitob o‘qiyotganda lablari bilinar-bilinmas pichirlayotgandek bo‘ladi. Mutaxassislarning fikricha, ana o‘sha holat kitobni tezroq o‘qishga xalaqit berar ekan.Tez o‘qishni o‘rgatadigan maxsus kurslar, ko‘plab adabiyotlar bor. O‘zimcha mashqlar qilib, tez o‘qishni o‘rganmoqchi bo‘ldim-u, oxirigacha hafsalam yetmadi.

Xo‘sh, tez o‘qish nima uchun kerak o‘zi degan tabiiy savol tug‘iladi. Javobi oddiy: insonning umri juda qisqa, dunyoda yaxshi kitoblarni o‘qib chi­qishga ulgurish qiyin. Bu masalada oddiygina bir xulosaga kelganman. G‘oyaviy-badiiy saviyasi yuksak kitoblarni shoshilmay, “mazasiga quloq solib” deganday, sekinroq o‘qiyversa ham bo‘ladi, ma’lumot olish, xabardor bo‘lib qo‘yish uchungina o‘qiladigan kitoblarga, publitsistik asarlarga esa kamroq vaqt sarflansa ham bo‘laveradi…

Kitobni chuqurroq anglashda, undan chinakam zavq-shavq olishda uni qayta o‘qib chiqish juda muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘pchilik yaxshi bilmaydi. “Bir marta o‘qib chiqishga arzimaydigan kitoblar ikki marta o‘qib chiqishga ham arzimaydi” degan edi donolardan biri. Darhaqiqat, yaxshi kitoblar ikkinchi marta, qayta mutolaa qilinganda o‘zgacha kayfiyat uyg‘otadi, taassurotlar yangilanadi, yozuvchi g‘oyasi bor ko‘lami – salmog‘i bilan namoyon bo‘ladi. Esimda, ustoz adabiyotshunos va mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov bir maqolasida “Qutlug‘ qon” romanini o‘n ikki marta qayta o‘qiganini yozgan edi. Jahon va o‘zbek ada­biyotida qayta-qayta o‘qishga arziydigan asarlar kam emas. Gap ularni tanlay bilishda va vaqt, hafsala topib qayta qo‘lga olishda.

Mavzuga ozroq daxldor bo‘lgani uchun o‘zim­ning kitobxonlik tajribam haqida ozroq to‘xtalmoqchiman. Men o‘qilgan kitoblar haqida yozish uchun maxsus qalin daftarlar tutganman. Hozirgacha ularning soni o‘ntadan oshib qoldi. Bu daftarlarga o‘qigan kitobimning nomi, muallifi, asosiy qahramonlar, qachon, qayerda chop etilgani, o‘zimga ma’qul bo‘lgan jumlalar, hikmatga monand gaplar hamda kitob haqidagi qisqacha fikr-mulohazalarimni (kichik taqriz) yozib borishni odat qilganman. Kitob har qancha qiziqarli, mazmunli bo‘lmasin, yillar o‘tgach, ko‘p joylari xotiradan ko‘tariladi. Daftarga shundoq ko‘z tashlasam kifoya – kitobni yaqinda o‘qib chiqqanday bo‘laman.

Ko‘psonli aziz kitobxonlarga haqiqiy mutolaa zavqi bir umr hamroh bo‘lib qolishini tilayman.

 

Shodmon Otabek,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.