“Salom, Jayhun shamollari”

0
21
marta ko‘rilgan.

Qachon yo‘lim qoraqalpoq diyori sari tushsa, Ibroyim og‘aning Otajon Xudoyshukurovga bag‘ishlab yozgan satrlari yodimga kelaveradi:

 

El mehri so‘nmas yuzingdan,

Ulug‘ daryoi azimdan,

Qoraqalpoq, Xorazmdan,

Esar Jayhun shamollari.

 

Ibroyim der: el nafasi,

Amuning sirli sharpasi,

Umrimning boqiy sabosi,

Salom, Jayhun shamollari!

 

Jayhun shamoli, Amu suvlaridan bahra olib yashayot­gan katta el bu – o‘zbegu qoraqalpoq. Kamolot va taraqqiyot yo‘liga birga chiqqan mard, tanti, ishbilarmon, ma’naviya­ti yuksak, imoni mus­tahkam, halol va pok qalbli millatdir – o‘zbegu qoraqalpoq. Ibroyim Yusupov esa ana shu ikki millatning ardoqli farzandi, katta shoi­ridir. Ibroyim og‘a bilan tengdosh, safdosh, yelkadosh adib To‘lep­bergen Qayipbergenov ham xuddi shunday: har ikki xalq uchun ham birday suyuklidir. Ularning izdoshlari – Ulmambet Xo‘janazarov, To‘lepbergen Matmurodov, Kengesbay Rahmonov, O‘rozboy Abdurahmonov, Kenesbay Karimov, Muradbay Nizanov, Baxtiyor Genjamurod kabilarning asarlari ham qorqalpoq uchun qanchalik qadrli bo‘lsa, o‘zbek uchun ham ana shunday qadr-qimmatga ega. Aslida bu adabiyot o‘zbek va jahon adabiyotining toza buloqlaridan bahramand bo‘lish bilan bir qatorda Ajiniyoz, Berdaq, Kunxo‘ja singari buyuk oqinlar merosidan suv ichgan, nasibador bo‘lgan…

Bu galgi safarim davomida millat, xalq, Vatan uchun xolis xizmat qilgan, hayotini shu xayrli yo‘lga sarf etgan adabiyot namoyandalarini ziyorat etish va yana bir karra yodga olish, shuningdek, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi bilan yaqindan tanishish, qalamkash yoshlar va ularning ustozlari bilan dildan suhbatlashishni maqsad qildim.

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kenesbay Karimov hamrohligida dastlab Ibroyim og‘a mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qildik. Keyin Chimboyga – og‘a tavallud topgan ovul sari yo‘l oldik. Atrofda keng paxta dalalari, kuzgi bog‘lar, biri-biridan ko‘rkam ovullar ko‘zga tashlanadi.

– O‘tmishga qaytib ish ko‘rish xayrlidir, degan gap bor xalqimizda. Tarixni bilish, uni o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish esa hammamizning burchimiz, – deydi Kenesbay og‘a. – Ulug‘larimizdan Berdaq va Kunxo‘janing ramziy maqbarasi, ularning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey qad rostlashi, ajoyib  bog‘ yaratilib, kommunikatsiya tarmoqlarining olib kelinayotgani hammamizni quvontirdi.

Darhaqiqat, bu xayrli ishlar zamirida ajdodlarga yuksak ehtirom, avlodlar qalbida Vatan tarixiga, o‘tgan buyuk bobolarga nisbatan mehr-muhabbat, daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, ularda faxru g‘urur hislarini uyg‘otishdek ezgu maqsad mujassam. Shu ma’noda bunday ziyoratgohlar ma’naviyatimizga xizmat qilayotgani bilan qadrli va azizdir…

Yo‘limizni Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialiga qarashli akademik litsey tomon burdik. Litsey rahbari Esnazar Madrimov bizni mo‘jazgina muzeyga boshlab kirdi. Bu yerdagi eksponatlar – kitoblar, yozuv mashinkasi, suratlar, soatlar, qalamu ruchkalar, qo‘lyozmalar – hamma-hammasi Ibroyim og‘a haqida hikoya qiladi. Muzeydagi bu buyumlar bir paytlar O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovga xizmat qilgan. Ular shoirning so‘z ustida chekkan zahmatlariga, hayotining baxtli va mahzun pallalariga tilsiz guvoh bo‘lishgan. Biroq qalb nigohi ila teran nazar tashlagan odam buyumlarning sokin so‘zlarini, albatta, eshitadi. Ibroyim Yusupov otlig‘ yetuk so‘z salafining ijod va hayoti bilan yaqindan tanishadi.

– Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Chimboy tumaniga, xususan, bizning litseyga kelgandilar, – deydi litsey direktori E. Madrimov. – Prezidentimiz o‘qituvchi va o‘quvchilarning tashabbusi, Ibroyim og‘aning oila ahli va do‘stlari ko‘magi bilan tashkil etilgan muzey bilan tanishdi va bu xayrli ishdan mamnun bo‘ldi…

Ibroyim Yusupov yashagan uy. O‘z sohibi kabi odmi, ortiqcha hashamdan xoli xonadon. Insonni joy emas, joyni inson ulug‘laydi, degan gap bor xalqimizda. Bu xonadonda, bu ovulda Ibroyim Yusupov yashab o‘tganligi tufayli ham bugun u aziz maskanga aylangan. Elning kattadan kichigigacha Ibro­yim og‘a bilan faxr etishlarini his qildim.

Xabaringiz bor, Prezidentimiz 2017 yil 21 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safari chog‘ida Nukus shahrida Ibroyim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat ochish, maktab oldida shoir haykalini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq bergandi. Qisqa fursatda uch qavatli ziyo maskani barpo etildi. Hozir mazkur ijod maktabida asl iste’dod egalari ta’lim-tarbiya olyapti.

Maktabga kiraverishda Ibroyim Yusupov siymosi: “Mening izdoshlarim ta’lim olmoqda, ertaga bu yoshlar millati, xalqi, yurtining koriga yaraydigan o‘g‘il-qizlar bo‘lib ulg‘ayishadi”, deyayotgandek taassurot qoldiradi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida maktab-internatda bo‘lib, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar, qoraqalpog‘is­tonlik adiblar bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida Prezidentimiz bu yerni ma’naviyat maskaniga aylantirish, atoqli shoir va yozuvchilarimiz ijodini xalqimizga va butun dunyoga tarannum etish, ular o‘rtasida ijodiy tanlovlar o‘tkazish, jamiyatda kitobsevarlik muhitini shakllantirish, ayniqsa, yoshlarni kitobga qaytarish zarurligini aytib o‘tdi. Maktab o‘quvchilariga maxsus avtobus sovg‘a qildi. Mamlakat rahbari bilan bo‘lgan uchrashuv bir umr yoshlarning qalbida totli xotira  sifatida qolishi, ularni yanada chuqur bilim olishga, ijod sirlarini o‘zlashtirishga da’vat etishi shubhasiz.

 – Prezidentimiz bilan uchrashuv menda va tengdoshlarimda juda katta taassurot qoldirdi, – deydi maktab o‘quvchisi Berdibek Aytmuratov. – Men bu uchrashuvda Ibroyim Yusupov xotirasiga bag‘ishlangan she’rimni o‘qib berdim. Ozgina hadik yo‘q emas edi, Xudoga shukur, ma’qul keldi. Prezidentimiz meni yanada o‘qib-izlanishga da’vat etdilar. Ha, ayni damlarda men dunyodagi eng baxtiyor o‘quvchiman. Shunday yurt farzandi ekanimdan g‘ururlanaman.

Qoraqalpoq tili va adabiyotini o‘rganishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati 216 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, sinf xonalari proyektor va kompyuterlar bilan jihozlangan. Kimyo, biologiya, fizika fanlari uchun o‘quv-laboratoriya xonalari ham mavjud. Shuning­dek, yuz o‘ringa mo‘ljallangan faollar zali, tarjima markazi va kichik bosmaxona, yuz o‘rinli yotoqxona, ellik o‘rinli oshxona o‘quvchilar ixtiyorida.

Ularga 34 nafar yuqori malakali o‘qituvchilar dars berishadi. Maktabda  “Ifodali o‘qish”, “Notiqlik san’ati” kabi qo‘shimcha darslar hamda  “Biz – Ayoziy izdosh­lari” (Ibroyim Yusupov Ayoziy taxallusi bilan ham ijod qilgan), “Yosh adabiyotshunoslar”, “Pub­litsistik asar sirlari” to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan. Biroq bu kam. Nazarimda ijod maktablarining boshqa ta’lim dargohlaridan farq qiladigan jihatlari xususida o‘ylash kerak.  Bu borada katta ilmiy-ijodiy tajribaga ega pedagog olimlar, shoiru adiblarning maslahatlariga suyanilsa, ta’lim sifati yanada oshadi.

Bugun maktab kutubxonasida 1500 nomdagi badiiy kitob bor. Ushbu kitoblarning ming donasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan sovg‘a qilindi. Albatta, bu juda oz. Bunday xayrli ishlarni boshqa tashkilotlar ham yo‘lga qo‘ysa, maktab kutubxonasi yanada boyiydi. 

Yana bir mulohaza. Ibroyim Yusupov maktabida o‘zbek va qoraqalpoq adabiyotiga bag‘ish­langan muzeyga ehtiyoj bordek, nazarimda. Sababi, yoshlar adabiyot bilan bog‘liq tasavvur va fikrlarini yuksaltirib borishlari kerak. Albatta, bunda muzeyning xizmati katta bo‘ladi.

– Prezidentimiz Ibroyim Yusupov maktabiga kelganlarida, ijodkor o‘quvchilarning har o‘n nafariga bitta taniqli shoir yoki yozuvchini biriktirish taklifini bergan edilar, – deydi Kenesbay og‘a. – Biz allaqachon bu taklifni amalga oshirishga kirishganmiz. Elning suyukli ijodkorlari bilan bo‘lib o‘tayotgan muloqotlar yoshlarning ijodiga ijobiy ta’sir qilayotgani barchani birdek quvontirmoqda. Shuningdek, uyushma va ijod maktabi hamkorligida ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, adabiy kechalar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yganmiz.

Maktabning qishki va yozgi sport maydonlari farzandlarimizning jismonan tetik, sog‘lom bo‘lishlariga xizmat qiladi. Shogirdlarning yutuqlari har doim ustozlarni quvontirib kelgan.

– O‘quvchilarimning barchasi iqtidorli. Ularga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib kishining yoshlikka qaytgisi va shu maktabda tahsil olgisi keladi. Maktabimizda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan o‘quvchilar ko‘p, – deydi maktab-internatining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mambetmurod Reymov. – Iste’dodli ijodkor Abdurashid Smaylov Yoshlar ittifoqining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Ayoziy izdoshlari” tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. Gulparshin Joldasboyev esa shu yilning 1-7 iyul kunlari Yaponiyada o‘tkazilgan “Sakura Sience Exchange program in Japan” nomli anjumanga ishtirok etib keldi. 10-sinfda tahsil olayotgan o‘quvchimiz Davlatyor Shariboyev sportning “Qo‘l jangi” turi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi chempionatida ishtirok etib, 3-o‘rin sohibi bo‘ldi. Shu ma’noda biz o‘quvchilarimizning kelajagiga katta umid bilan qarashga haqlimiz.

Ulug‘lardan eshitganim bor: dunyoda iste’dodsiz odamning o‘zi yo‘q. Hammaning u yoxud bu kasbu hunarga iqtidori bo‘ladi. Faqat u vaqtida ilg‘anib rivojlantirilsa, kifoya. Shubhasiz, niholga ham o‘zini tutib olgunga qadar parvarish zarur. Bu ijodkor yoshlar bamisoli bir nihol. Ijod maktablari esa ularni barkamol bo‘lib ulg‘ayish­lariga ko‘mak beradi. Shu chog‘ negadir Zahiriddin Muhammad Boburning ushbu misrasi yodimga kelmoqda: “Yo‘lchi yo‘lni na bilsun, to rahnamo ko‘rsatmagay”.

Muhtaram Prezidentimiz katta g‘oyani amalga oshirdilar. Endi uning natijalari ustida halol mehnat qilish zarur. Ana shundagina bu ilm maskanlaridagi tolibi ilmlar ertaga mamlakat xizmatiga yaraydigan chinakam vatanparvar, elparvar kishilar bo‘lib kamol topishadi.

 

G‘ayrat MAJID

1976 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Gulsanam”, “Hech kimga o‘xshamaysan”, “Ko‘zlaringni sog‘inaman”, “Ishqqa borar yo‘l” kabi kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.