Adabiyot internetga ko‘chdimi?

0
94
marta ko‘rilgan.

– Axborot texnologiyalari rivojlangan hozirgi davrda dunyo davlatlarida elektron kitoblar juda keng tarqalmoqda. Ammo negadir, o‘zbek tilidagi elektron kitoblar ommalashib ketmadi. Sizningcha, buning sababi nimada?  

– Bu borada texnik omillarga e’tibor qaratish lozim. Internet tezligining pastligi, maxsus elektron kitob qurilmalarining ommalashmagani, texnik jihatdan sifatli, moslashuvchan, multimediali zamonaviy elektron kitoblar (PDF, HTML ko‘rinishidagi elektron kitoblar vaqti o‘tdi) ishlab chiqarilmayotgani buning asosiy sabablaridir.

Bundan 15 yil avval dunyoning rivojlangan davlatlarida elektron kitoblarning afzalligi, qulayligi va arzonligi sabab ommaviy ishlab chiqarishga chaqiriqlar ko‘p bo‘lgan edi. 2010 yildayoq AQSHda elektron kitoblar savdosi hajmi bosma kitoblardan oshib ketdi. “Amazon” kompaniyasi 2010 yili 15,6 million dona bosma va 20 million dona elektron kitob sotgan edi. Kompaniya ma’lumotlariga qaraganda, keyingi yillarda bestseller bo‘lgan kitoblarning 25 foizi hali nashriyotlar chop etmasdan turib mualliflar internetga joylagan asarlardir. Katta nashriyotlar dastlab xalqaro tarmoqda mashhur bo‘lgan kitoblarning mualliflari bilan shartnoma tuzib, asarlarni chop etdi. Masalan, Britaniya universiteti professori Pol Rikingtonning avval “Amazon” saytida e’lon qilingan ikki romani “Pan Macmillan” nashriyotida 150 ming nusxada chop etildi.

Yevropada ham elektron kitoblar savdosi bosma kitoblarga teng­lashadi, deya taxmin qilingandi. Ammo so‘nggi yillarda G‘arbda yana an’anaviy kitob bozori ulushi elektron kitob savdosidan sezilarli darajada oshib ketdi.

Bu jarayon bizga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan so‘rov va tadqiqotlarga ko‘ra, bizda ham kitobni birrov varaqlab chiqish, uning mazmun-mundarijasi bilan tanishish, muayyan matnni qidirish uchun elektron kitoblardan foydalaniladi. Lekin mutolaa uchun hamon an’anaviy kitob ma’qul ko‘rilyapti.

– Siz birinchilardan bo‘lib o‘zbek adabiyotini Android tizimiga olib kirdingiz. Ko‘pchilik kitobxonlar siz tayyorlagan mobil ilovalar orqali durdona asarlardan bahramand bo‘lishyapti. Nima uchun bu loyiha to‘xtab qoldi? O‘zbekcha elektron kitob bozorining istiqboli qanday?

 – 2013 yili sinov sifatida Android tizimi uchun mobil kitob-ilovalar tayyorlab, Play Market xizmatiga joylagan edim. Joylangan 20ta kitobni yuklab olganlar soni hozirda 1 milliondan oshgan. Mobil kitoblar ham xuddi mobil qurilmalarga o‘xshaydi. Ularni ham zamon talabiga ko‘ra, doimo yangilab turish kerak. Bu ko‘p mehnat va mablag‘ talab qiladi. Shuningdek, Play Market xizmatining ham o‘z talablari bor. Siz istagan imkoniyatlar ularning talabiga mos kelmasligi mumkin.

O‘zbek tilidagi elektron kitoblar bozorini takomillashtirish maqsadida 2012 yili Kitobim.uz loyihasini boshlagan edik. 2014 yili o‘zbek tilidagi birinchi elektron kitob sotuvchi mobil-platforma ilovasini ishga tushirdik. Birinchilardan bo‘lib “Akademnashr” nashriyoti kitoblarini elek­­t­ron variantda sotuvga chiqardik.

Avvaliga rosa ikkilandik. Yoshlar elektron kitobni sotib olishmasa kerak, degan hadik bor edi. Ma’lum bo‘ldiki, O‘zbekistonda elektron kitoblarni sotib olib, o‘qish an’anasi shakllanayotgan ekan.

Nashriyotlar bilan ishlash oson kechmadi. An’anaviy usulda kitob sotishga o‘rganib qolgan ba’zi nashriyotlarga elektron kitoblar istiqbollari haqidagi gaplarimiz qiziq tuyulmadi.  Ayrim nashriyotlar esa, o‘zlari qiziqib, hamkorlik taklif etdilar.

Hozir O‘zbekistonda elektron kitoblar bozori chaqqon bo‘lmasa-da, tahlillarimizga ko‘ra, oydan-oyga bu soha rivojlanyapti. Yaqin yillarda o‘zbek ijodkorlari ham o‘z kitoblarini internet orqali sotib, yaxshi daromad olishlariga ishonaman.

 

– Bugun ayrim ziyolilarning “Adabiyot ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chib o‘tdi”, degan gapi quloqqa chalinada. Ijtimoiy tarmoqlarda ijodkorlar yangi asarini tugashi bilanoq e’lon qiladi. Ammo ijtimoiy tarmoqda mashhur bo‘lib ulgurganlarning hammasi ham ijodkor emas-da! Mamlakatimizdagi eng yirik adabiy portalning rahbari sifatida bu holni qanday baholaysiz?  

– To‘g‘ri, ijodning ma’lum qismi internetga ko‘chdi. Lekin buni haqiqiy adabiyot deb bo‘lmaydi. Internetning ijodkor uchun “foydali” jihati unda muharrir, musahhih, tanqidchi, noshir kabi “senzor”larning yo‘qligidir. Oniy kayfiyat bilan yozilgan “ijod” namunalarini lahzalarda internetda e’lon qilish mumkin.  

Ammo insof yuzasidan ijodkorlarning asosiy yutug‘ini – ular jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga o‘z vaqtida munosabat bildira olayotganini qayd etish joiz. Bunday vaqtda o‘quvchi asarning badiiy saviyasi, janri va muallifning ijodiy mahoratiga jiddiy e’tibor qaratmaydi. Muhimi, odamlarning dilidagi gaplar hamma ham ifoda eta olmaydigan usulda taqdim etilsa bo‘lgani…   

Yaqinda asosan ing­liz tilida mutolaa qiladigan turk do‘stim aytib qoldi: “Internetda o‘qish uchun kitob­lar shu qadar ko‘pki, o‘zimga ma’qul keladigan asarni taqriz va o‘quvchilar fikri orqali o‘rganib, topib olguncha bir-ikki kun o‘tib ketyapti”. Bizda ham asta-sekin shunday bo‘lib bormoqda. Tarmoqda o‘qishli, mag‘zi to‘q asarlardan ko‘ra, didsizlik va savodsizlik bilan yozilgan, yengil-yelpi mavzudagi asarlar ko‘paymoqda.

O‘zimdan ham ko‘pchilik “Tavsiya qiling, qaysi asarlarni o‘qisak bo‘ladi?” deb so‘raydi. Shuni inobatga olib ziyouz.uz portalida “Eng sara asarlar” ruknini tashkil etganman. Unda jahondagi nufuzli gazeta-jurnallar, atoqli adabiyotshunos, yozuvchi va olimlar  tavsiya etgan kitoblar ro‘yxatini e’lon qilib boryapman. O‘zbek ziyolilari tavsiya etayotgan kitoblar ham o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shuningdek, “Hafta hikoyasi” loyihasida har dushanba kuni jahon va o‘zbek adabiyotidan eng yaxshi deb topilgan hikoyalar taqdim etilyapti.

Ikki-uch oy avval ziyolilarimiz orasida “Kim nima o‘qiyap­ti?” deb nomlangan so‘rovnoma o‘tkazdik. Unda 120 dan ziyod javob olinib, o‘ziga xos ma’lumotlar zaxirasi jamlandi. Atoqli olimlar, yozuvchi-shoirlar va boshqa soha vakillari – millatimiz ziyolilarining javobi bilan tanishib, turfa kitoblar, ularning mazmun-mundarijasi haqida o‘quvchilarga ma’lumot berdik.

Ayni choqda yoshlar qanday kitob­lar o‘qiyotganiga ham qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, yoshlar ko‘proq jahon adabiyotidan mutolaa qilishmoqda. So‘rovnomadan jahon adabiyotiga oid 447 ta (38,8%) kitob o‘rin olgan. Yoshlarimiz orasida buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov, turk ma’rifatparvari Ahmad Lutfiy Qozonchi, amerikalik afg‘on adibi Xolid Husayniy, Amerika yozuvchisi Teodor Drayzer, dunyoda kitobi eng ko‘p sotilgan Paulo Koelo, rus klassiklari Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy asarlari mashhur ekan.

So‘rovnomada o‘zbek adabiyotidan 319 ta kitob (27,7%) qayd etildi. O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad, Tohir Malik, Abdulla Qodiriy, Pirimqul Qodirov, Tog‘ay Murod asarlari eng ko‘p mutolaa qilingan. Respondentlar zikr etgan 122 ta diniy-ma’rifiy kitobning  (10,6%) asosiy qismi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalamiga mansub. Tarixga oid 88 ta kitob (7,6%) orasida din tarixi, yurtimiz tarixiga oid asarlar o‘rin olgan. Psixologiya yo‘nalishidagi 73 ta (6,3%) kitobning asosiy mualliflari Deyl Karnegi, Robert Kiyosaki va Adam Jeksondir. So‘rovnomada qayd etilgan kitoblarning 65 tasi (5,6%) ilmiy-ommabop mavzuda, 37 tasi ijtimoiy-siyosiy (3,2 %) yo‘nalishdadir.

O‘qilayotgan asarlarning eng ko‘pi (78%), tabiiyki, o‘zbek tilida. Qolgan 22 foiz kitoblar xorijiy tillarda o‘qil­yapti. Chet tillarida mutolaa qilinayotgan kitoblar orasida rus va ingliz tillari alohida ajralib turadi. Xorijiy tillarda o‘qilgan 251 ta kitobdan 141 tasi rus, 77 tasi ingliz, 15 tasi turk, 11 tasi arab, 3 tasi koreys tiliga to‘g‘ri keladi.

Alohida qayd etib o‘tish lozimki, kitobxon yoshlar asosan bosma kitob o‘qishni ma’qul ko‘rishar ekan. Elektron kitoblardan Android tizimi uchun mo‘ljallangan kitoblar mashhur. Ba’zi respondentlarning ta’kidlashicha, ular kitobni avval elektron nusxada tanishib, agar yoqsa, uning bosmasini sotib olib o‘qir ekan.

 

– Siz yuqorida aytib o‘tganlardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, “yoshlarning kitob o‘qimay qo‘ygan”i yolg‘on ekan-da?

– “Har avlod avvalgilardan o‘zini aqlliroq va keyin­gilardan donoroq deb xayol qiladi”, degan edi Jorj Oruel. Ko‘pincha katta avlod vakillaridan “yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi” degan tanbehni eshitamiz. Yaqinda bosma kitoblarni elektron kitoblardan judayam qizg‘anuvchi bir ziyoli akamiz shunday deb qoldi: “Metroda, avtobusda yoshlar telefoniga termilib, nuqul o‘yin o‘ynaydi, deb o‘ylarkanman. Keyin kuzata boshladim. Telefonida kitob o‘qib ketadigan yoshlar ham ko‘p ekan”.

Ba’zi ulug‘ yoshli ziyolilar orasida internet va elektron kitoblardan hayiqish mavjud. Mutolaaning shakli o‘zgargani bilan sifati o‘zgargani yo‘q. Aksincha, keyingi yillarda informatsiya miqdori keskin ortib, mutolaaga bo‘lgan qiziqish ham yuksalayotganini statistika ko‘rsatmoqda.

Yoshlar o‘qiyapti! Elektronmi, bosma kitobmi, muhimi – mutolaadan chekinmasak bo‘lgani! 

 

– Istaymizmi-yo‘qmi, jahon internet to‘rida O‘zbekiston, o‘zbek tili haqidagi xolis manbalar hamon kam. Qidiruv xizmatlarida yurtimiz haqida izlasangiz, ko‘pincha, milliy saytlarimizdan ko‘ra, boshqa til va nashrdagi ma’lumotlar chiqib keladi. Jahonning eng katta axborot maydonida salmoqli o‘rin egallashimiz uchun nimalar qilish kerak? 

– Albatta, internetdagi axborot maydoni ham bozorga o‘xshaydi: sen tayyorlab, bozorga olib chiqmasang, boshqalar o‘z mahsulotini o‘tkazishga harakat qiladi. Rivojlangan davlatlarda axborot maydonini o‘z tilidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirish yuqori darajada tashkillashtirilgan. Maxsus bilim jamiyatlari, jamg‘armalar tashkil etilgan. Ularning vazifasi davlat tilidagi har qanday ma’lumotni saralab, to‘ldirib, taqdim etishdan iborat.

Shuningdek, nodavlat tashkilotlar ham xayriya asosida o‘z tillarini dunyo bo‘ylab yoyishga harakat qilyapti. Masalan, eng yirik ochiq internet ensiklopediyasi – “Wikipedia” ingliz tilida 5 734 000, nemis tilida 2 228 000, fransuz tilida 2 047 000, rus tilida 1 502 000, italyan tilida 1 467 000, ispan tilida 1 481 000 ta va boshqa tillarda ming-ming­lab maqolalarni jamlagan. O‘zbek tilidagi maqolalar soni esa atigi 129 000 ta bo‘lib, uning yarmidan ko‘pi chala materiallardir. O‘zbek “Wikipedia”sini rivojlantirish bo‘­yicha maxsus dasturlar ishlab chiqilib, salohiyatli yoshlarni jalb etish zarur.

O‘zbek tilida nashr etilgan barcha ensik­lopediya va lug‘atlarning elektron nusxasini tayyorlab, internetga joylash zarur. Toki o‘quvchi kerakli so‘z va atamalarni qiynalmay topa olsin. Bunday akademik saytlar ingliz, rus, fransuz, nemis, arab tillarida mavjud. Ensiklopediya va lug‘atlar uchun maxsus dasturlar tuzib, muntazam takomillashtirib borilsa, ularni virtual tarmoqda sotish imkoniyati bor.

Respublikamizdagi mavjud barcha kutubxona, muzeylarning to‘liq onlayn kataloglarini tuzib, internetda muntazam ishlashini yo‘lga qo‘yishda kech qolayotgandaymiz.

 Suhbatdosh: Sa’dullo QURONOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.