Vaqt tuhfa etgan baxt

0
115
marta ko‘rilgan.

Bolaligimda peshayvonda otamning qoramoydan yaltirab turgan poyabzalini oyog‘imga ilib, qachon men ham ulg‘ayar ekanman, deb o‘ylar edim. Har kun shunday kechar, katta bo‘lish ishtiyoqidan mitti yuragim hapqirib ketardi. Vaqtni kimdir jilovlab turgandek tuyulardi, go‘yo. Bugun o‘sha xotiralarni yodga olib, sog‘inaman…

Buni qarangki, bir kiprik qoqqunchalik lahzada bo‘yim otamdek barvasta bo‘ldi, yetkazganiga shukr! Shoshib o‘tayotgan oyu kunlar tizginida umrimizning lahzalarini sarf etib, hamon odimlayapmiz. Orzu-maqsadlarimiz, ezgu niyat va rejalarimiz oliy hakam – Vaqtning ajri bilan goh oson, gohida sinovu imtihonlar bilan amalga oshib borayotir.

Hademay yana bir yil poyoniga yetadi. O‘tayotgan 2017 yil butun yurtdoshlarim kabi mening ham hayotimga chuqur iz qoldirdi. Sababi, yil boshida kichkintoylar uchun yozilgan “Shokoladli tush” kitobim nashrdan chiqdi. Bolalikdagi sog‘inchlarimning hovuri biroz bosilgandek bo‘ldi.

Mustaqillik kuni bayrami arafasida yana bir orzum ushaldi. Davlatimizning, ustoz ijodkorlarning mehri va e’tibori bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindim. Boshim osmonga yetdi… Axir, irmoqning quyiladigan daryosi bo‘lgani yaxshi!

Darhaqiqat, har yilning inson uchun katta-kichik tuhfalari bor. Muhimi, ularning qadriga yetish, g‘animat onlarni to‘g‘ri sarf etish, jonajon Vatanga, xalqimizga munosib bo‘lish – baxtli hayotga zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Aytgancha, bugun o‘g‘lim mening poyabzalimni oyog‘iga ilib olganiga ko‘zim tushdi…

 

Har niholning ildizin yoyib

Unarga o‘z vatani bo‘lsin!

Har qushning keng qanotin yozib

Qo‘narga o‘z vatani bo‘lsin!

 

O‘chog‘idan o‘rlasin tutun,

Nasibasi bo‘lsin bus-butun.

Har odamning osoyishta kun

Ko‘rarga o‘z vatani bo‘lsin!..

Faxriddin HAYIT,

shoir

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.