Yuraklarni yangilagan nutq 

0
37
marta ko‘rilgan.

Bugun axborot asrida, fikrlar sur’ati tezlashgan davrda yashayapmiz. Dunyoning to‘rt burchida har kuni qandaydir anjuman, yig‘ilish, konferensiya. Bu tadbirlarda qanchadan-qancha nutqlar so‘zlanadi, ma’ruzalar o‘qiladi. Notiq ko‘p, voiz bisyor.

Ammo nutqlar ichida shundaylari bo‘ladiki, butun boshli mamlakatning, kerak bo‘lsa, mintaqaning muhitini o‘zgartirib yuboradi; xalqning kayfiyatini, ruhiy iqlimini yangi o‘zanga buradi; bu nutqni so‘zlagan notiq esa muayyan millatning, elning chinakam Yo‘lboshchisi sifatida olis-yaqin mamlakatlarda birday e’tirof etiladi.

 Prezident Shavkat Mirziyoevning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan murojaatnomasi ana shunday tarixiy chiqish, unutilmas nutq bo‘ldi.

Prezident jamiyatimizning deyarli barcha sohalarida kechayotgan yangilanish jarayonini sodda, xalqqa yaqin tilda, ayni paytda teran tahlil qilib berdi.  Bu o‘ziga xos yillik sarhisob, shuningdek, yaqin kelajakdagi rejalarni belgilab olish yo‘lida muhim hodisa bo‘ldi.

To‘rt soat atrofida davom etgan muloqot O‘zbekiston televideniyesi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatildi. Prezident, mening xalqimdan yashiradigan hech qanday sirim yo‘q, deganday, butun elimizga yuragini ochdi: qalb qo‘ridan otilgan har bir so‘z, fikr, hissiyot to‘g‘ridan-to‘g‘ri dillarga, ongu shuurlarga borib quyuldi. Idroklar larzaga, yuraklar junbushga keldi.

Ko‘p savollarga javob topildi.

Ko‘p illatlarning ildizi ko‘rinib qoldi.

Ko‘p yuraklarda umid, ishonch shamchiroqlari yondi.

Ko‘ngillarga quvvat, shijoat, yorug‘lik baxsh etdi bu ma’ruza.

“Endi boshqacha yashashimiz kerak, boshqacha ishlashimiz kerak” degan qanoat tug‘ildi har bir tinglovchida. Jamiyatdagi o‘zgarishni avvalo o‘zimizdan boshlashimiz darkorligini angladik har birimiz. Davrning yangi to‘lqinlarini, chaqiriqlarini his etdik botinimizda…

2018 yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar yili deb e’lon qilindi.

Innovatsiya – taraqqiyotga yangicha kuch, samara bag‘ishlovchi g‘oyalar majmui. Innovatsion g‘oyalar iqtisod, sanoat, qishloq xo‘jaligidan oldin, eng avvalo, yuraklarga, onglarga yangi nafas olib kiradi. Tuyg‘ularga yangi jilo, fikrlarga yangi shiddat bag‘ishlaydi.

“Innovatsiya – bu, kelajak degani”, dedi Prezident. Qanchalar sodda, lo‘nda va keng qamrovli ta’rif. Kelajakni esa, shubhasiz, yangi bilim, yangi texnologiyalar bilan qurollangan yoshlar yaratadi. Chunki mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganiday: “Zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi”.

Yuksak minbarlardan so‘zlangan nutqlar nishonga tegdimi-yo‘qmi – qayoqdan bilish mumkin? Agar muayyan ma’ruza faqat siyosiy doiralardagina muhokama bo‘lsa, demak, uning aks sadosi qalin devorlardan oshib tashqari chiqmabdi. Agarda u ko‘cha-ko‘yda, to‘y-ma’rakada, bozoru avtobuslarda ham esga olinsa, qizg‘in tahlilga tortilsa, bilingki, aytilgan so‘z, fikr egasiga yetib boribdi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoevning nutqini butun xalqimiz qizg‘in muhokama qilmoqda. Har kim o‘zicha sharhlab, o‘z talqinini o‘rtaga tashlamoqda. Zero, maqsad ham shu edi: odamlarni fikran qo‘zg‘ash, jonlantirish, faollikka chorlash…

Shubhasiz, mamlakatimiz rahbarining ushbu tarixiy nutqidagi mulohazalaru dalillar qulog‘imiz ostida hamisha qo‘ng‘iroq sadosiday jaranglab turadi. Endi uxlashga, g‘aflatga berilishga haqqimiz ham, imkonimiz ham yo‘q…

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.