Abdusalimning akasi

0
10
marta ko‘rilgan.

Uzoq xotiralar tanish odamlarni ma’nan yaqinlashtirib, ko‘ngillarni gohida g‘oyibona bog‘lab turadi. O‘ninchini bitirib, Toshkent davlat universitetiga hujjat topshirgan edim. Omad chopmadi. Uzoq Sharqqa harbiy xizmatga ketib qoldim…
 Oradan o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Ammo o‘sha yili xuddi menga o‘xshab manglayiga talabalik imzosi qo‘yilmagan surxondaryolik bir tengqurimning universitet ostonasida, daraxtlarning olaquroq soyasida shoirona kayfiyatda samimiyat bilan she’r o‘qiyotgani hamon qulog‘im ostida jaranglab turibdi:

Bahor bu o‘lkaga kelganda takror,
Ufura boshlaydi gulgun nasimlar.
Umrim, bahorlarni kuzatding bedor,
Qush bo‘lib uchganda zangor fasllar…

Universitet hovlisidagi so‘lim, sersoya va haybatli chinorlarga qarab “Qush bo‘lib uchganda zangor fasllar”ni sekin pichirladim.
Aytgancha, to‘yxonaga borayotgan edim. Fizika-matematika fanlari doktori, universitetdagi qadrdonimiz Bahodir Sho­­yimqulov to‘y oshi berayotgan edi. Naridan shoir Abdumajid Azim ko‘rindi. Uni tashqaridan taniyman. Ijodini imkoni boricha kuzataman, o‘qiyman. Shoirga ichimda anchadan beri yurgan muhim bir savolim bor edi. Fursat pishganga o‘xshaydi. To‘yxonaga yetib borguncha aytsam bo‘ladi. Abdumajid aka bilan salomlashib, hol-ahvol so‘rashgach, ukalaridan gap ochdim. E’tibor bermadi: “Boshqa ishlar bilan mashg‘ul, ularni tanimaysiz”, dedi. Ukalaridan biri men bilan abituriyent bo‘lgani, filologiya fakultetiga hujjat topshirganini aytdim. Birdan jonlandi: “Abdusalimmi? Shundaymi?! Nahotki?!..”. Ko‘zlarida ham hayrat, ham samimiyat paydo bo‘ldi. “Akam – shoir. Abdumajid Azim!” deya g‘ururlangan, “Yoshlik” jurnali va mo‘jaz bir to‘plamda ilk she’rlari chiqqanidan faxrlanib, akasining yozganlarini yod o‘qigan Abdusalimni oradan o‘ttiz yillar o‘tib, endi so‘rab turishim. Abdusalim va undagi viqorli kayfiyatni esimdan chiqarmaganimning sababi bor. Odatda biz maktab sinfxonalarida shoirlarning tarjimai hollarini o‘qir va ularning rahmatli bo‘lib ketganini so‘zimiz oxirida mahzun takrorlab qo‘yar edik. Hayhot, men tirik shoirning ukasiga duch kelgan edim! Endi tasavvur qiling, o‘ziga uchrab qolsam, nima bo‘lardi? Bilmadim! O‘sha mahalda o‘nlab abituriyentlar bilan gurung­lashib, osh-qatiq bo‘lgandirman. Biroq ularning ko‘plarini eslay olmayman. Abdusalim esa esimda, chunki u tirik shoirning ukasi! Abdusalim tilidan birinchi bor eshitilgan “Abdumajid Azim” ismi men uchun izsiz ketmadi. Shoirni ko‘rganimda beixtiyor navqiron yoshlik, she’r o‘qiyotgan Abdusalim esimga tushardi:

Samoda qaldirg‘och urmoqdadir charx,
Yomg‘irdan ivigan keng dalalar jim.
Oppoq navolarga bo‘lmoqdadir g‘arq
Musaffo bir qo‘shiq istagan qalbim…

Bir kuni “Mohiyat”ga maqola olib bordim. Abdumajid Azim – bosh muharrir. O‘sha uzoq xotirani bir eslatay dedim. Andishaga borib, maqola nashri uchun Abdusalim ismini vosita qilishni istamadim. Tahririyatga ma’qul keldi, chamasi, professor Sharif Yusupov to‘g‘risidagi “Shariflik saodati” degan maqolam bosildi…
 Abdumajid aka bilan to‘yda osh yedik. Gurung­lashdik. Shu-shu, ora-sira ko‘rishamiz va suhbat uchun mavzu bor: gohida adabiyot, she’r, ba’zan – Abdusalim.
Shoirning she’ri o‘ziga o‘xshagani – yaxshilik belgisi. Abdumajid aka, tasavvurimcha, kamtar, kamsuqum, xotirjam ko‘rinadi; qarashlari o‘tkir. Suhbatda dardlari ochiladi. “Mening dodimdir bu, mening bunyodim, Bu imlo meniki, bu so‘z meniki” – peshonaga tushgan ajinlardan shunday she’riy misralarni o‘qiyman. Qalin muqovali bir she’riy kitobni qo‘lga oldim. Muallifi: Abdumajid Azim! Ha-ha, Abdusalimning akasi. “Abdusalimning akasi” – shu birikma bir necha kun o‘yimda aylanib qoldi. She’rlarini o‘qiy boshladim va ularda “Shoshu Surxon aro” kezgan, “bir oshufta ko‘ngil” ko‘rindi. Shoir she’rlarining mavzu ko‘lami rang-barang. Ba’zida mumtoz adiblar ruhi bilan suhbatlashadi; ba’zan yassaviyona yoki maxtumquliyona kayfiyatga tushadi. Goh xalq ohangida oshiq dilini yozsa, ba’zan qushlar maskani – Hazratning “Lison ut-tayr” mamlakatiga safar qiladi.

Sevgilim, ayriliq misoli tuman,
Hali uchrashamiz gullar faslida.
Yana avvalgidek so‘zsiz, begumon
Gaplasha boshlaymiz qushlar tilida.

Shoir yo‘qotganini topishga, izlaganiga erishishga, hijrondan visolga umid etadi. Biroq she’r avvalidagi, garchand badiiy topilmaga o‘xshab ko‘ringan bo‘lsa ham, to‘g‘risi, “Ko‘zing beshigida ulg‘ayar iloh” misrasi g‘alat tuyuldi.
Hech bir shoir olamga, odamga, umr mohiyatiga befarq bo‘lmaydi. Abdumajid aka hayratini “Hayot asli chapog‘on bir bedov ekan” yoki “Hayot – bir yalt etib chaqnagan chaqmoq” deb izohlaydi. Bu jumboqni boshqa bir she’rida yana ham teran va go‘zal ifodalaydi:

Vahki, jismimizda omonatdir jon,
Shirin kalom xushdir do‘stga munosib.
Fano ahli bunda bir kecha mehmon,
Umr – vaqt mulkida bir subhi kozib.

“Subhi kozib” – yolg‘on tong. O‘tkinchi, yolg‘onchi bu dunyo shoir nazdida bir nafaslik ham rostga o‘xshamaydi. Abadiyatga nisbatan “o‘ngingdan chapingga boqqancha” lahzalik umr shitob o‘tadi; deylik, “qirq yil qirqta onday kechadi”. “Cho‘lpon nidosi” she’rida “subhi kozib” ta’birini erkparvar shoir nutqida qo‘llaydi:
Qanday og‘ir,
Bu subhi kozib,
Uxlay desang, uyqu bo‘lmasa.
Dardu g‘aming
Bag‘ringga bosib,
Yashamoqdan ko‘ngling to‘lmasa.

Bu olamda xotirjam, salomat, to‘kis va imon bilan yashab o‘tgan inson saodatlidir. Taassufki, insoniyat boshidan kechirgan tarixda, ayniqsa, XX asrda ko‘p odam hayotdan mamnun bo‘lmadi. Ayniqsa, cho‘lponlar avlodi har dam qon yutdi, besaranjom va bezovta kun o‘tkazdi; yurtsizlik, o‘z elida turib bevatanlik g‘urbatlariga duch keldi. Shu bois qatag‘on – dapsan1 zamon dovuliga uchragan, “o‘z yurtida bechoralar” bo‘lgan adabiy avlod yuragini “Yashay desang – yurting bo‘lmasa” degan bir armon yoki “Sig‘madim-a, Turkistonga, Ayo do‘stlaru birodar”, degan cho‘ng nola va dard qiynadi. Shoir ko‘ziga gohi dunyo keng, goh tor ko‘rinadi. Shunda u ro‘yodan imdod kutib bo‘lmasligini anglaydi; shoirga qalb vodiysining asrori yordam beradi. Ko‘ngil ko‘zning nazargohiga aylanadi. Chunki tashqi dunyo uning kayfiyatiga mos kelmaydi:

Ranju hasrat ila to‘libdi jahon,
Bilsam, ancha nozik bo‘libdi zamon,
Odamzot fe’liga hech bo‘lma hayron,
Dil, senga tilarman Ayubday bardosh…

Mumtoz sharq adabiyotida Ayub (a.s.) – sabr-toqat ramzi. Birgina ism assotsiatsiyasi ortidan shunday tarixiy shaxs bilan bog‘liq bir olam real voqelik yuzaga qalqib chiqadi va shoir dardining sharhiga ko‘maklashadi.
Shoirlik – og‘ir qismat. “Dunyoning eng og‘ir savdosi”ni zimmasiga oladi u. “Yulduzlarning shiviridan mast” bo‘lish unga taqdir bitigi. Shoir kulib ingraydi; dildagi sururdan so‘zlaydi.

Esimda sabuhiy naysonlar fasli,
Qirlarni bezagan gullarning vasli…

Bu misra guldan gulga uchib-qo‘ngan kapalakdek nafis tuyuladi. Aslida chinakam she’r tiynatiga kamalak rangi, qushlar sasi munosib; shu sas va rang jilvasidan dil yorishadi; ruh yuksaladi. Shoir qalbi go‘zal va orasta manzaradan rang va ruh oladi. “Shabnamday top-toza ruhi ravonim”. Shoirning kayfiyati, sarvati, boyligi o‘ziga xos: “Ruhim sarvatida vasvasa, junun”. Ijod ahli allanima ta’sirida odatiy hayot tizimidan jununvashlikka yuz buradi; o‘zidan ketadi, his-tuyg‘u aql yo‘rig‘idan chiqadi.

Biz telbayu devonalar,
Aqli xushdan begonalar.
O‘tga oshiq parvonalar,
O‘tday tutoshib yonalar.

Ishq hamma vaqt – inson qalbiga Yaratguvchining bebaho in’omi, shoir ta’biricha, olam Musavvirining “buyuk hikmati”. Hikmatdan esa odam hushyor tortadi, ba’zida ishqning g‘aroyib hikmati odamni hushidan ayiradi.

Vasling hajrida mendek telbayu devona yo‘q,
Siyrati majnunsifat, suvrati mastona yo‘q.

Topmadim olam kezib, bag‘ri butun bir kimsani,
Vahkim, ishq o‘trusida hech kuymagan parvona yo‘q.

Bu misralarda shoir yana mashrabona parvona ko‘nglini, majnunvash holini mumtoz an’analar yo‘rig‘ida bayon qiladi.
 She’r original tashbehlar bilan xayolga muhrlanadi:

Yaxshi bir odamni yutmoqda tuproq,
Tog‘lar yutganidek quyoshni oqshom.

Bu mahobatli qo‘shmisrada “o‘lim” yoki “fojia” so‘zi yo‘q. Oqshomda mahzunlik bor, ayni holat yaxshi bir insonning bu dunyodan rizqi uzilganiga taqqoslanadi…
O‘zlikka, “men”ga, asliyatga qaytishda ma’naviylik ustuvor keladi. Qishloqqa qaytish, asl Vatanni qo‘msash, yurt sog‘inchi, hijron dardi – bu mavzu juda ko‘p qalam ahlining urib turgan yuragidir. “Qaytishim-ku aniqdir, Ona, Kindik qonim to‘kilgan yerga”. Shaharga kelib o‘troqlashgan odam qishloqni, qirlarni, tog‘larni, daralarni, adirlarni, dashtu dalalarni qo‘msaydi.

Yana qaytayapsan horg‘in izingga,
Sarg‘aygan qirlarga to‘ymaydi nigoh.
Yo‘llar, masofalar oqar izingdan,
Yaqinlashib keladi qadrdon Qishloq!

Ko‘p ijodkorlardek shoir “Oqshommi yoki tongda, Ko‘zim hamon Surxonda” deganicha yurgan yo‘liga, bosgan iziga qaraydi.
Abdumajid Azimning “Qalbimning vatani”, “Ruhi ravonim”, “Yorug‘lik odami”, “Oshiq dilim”, “Umid belanchagi” kabi qator she’riy kitoblari chiqdi. Muxlislarini topdi…
 O‘z vaqtida menga o‘xshab harbiy xizmatga ketgan Abdusalim qaytib kelib uylangan, shu ko‘yi hayot tashvish­lari ichida yuribdi. Farzandlari kamoli uchun kuyinib yashamoqda. Ora-sira tirikchilik uchun qishlog‘idan chetga chiqadi. Biroq u, tasavvurimcha, akasi yozganlaridan yaxshi xabardor va osmono‘par so‘lim daraxtlar soyasida hamon she’r o‘qimoqda:

Yoshlik larzon. Sevgi armon. Umr hayron,
Meni kutib sarg‘aydingmi, Surxondaryo?
Qaylardasan, bolaligim, zangor osmon,
O‘ksik ko‘nglim ulg‘aytirgan armon dunyo…

Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori

“XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi”, “XX asr o‘zbek hikoyasi antologiyasi”, “O‘zbek adabiy tanqidi antologiyasi” kitoblarining g‘oya muallifi va tuzuvchilaridir biri. “Jadid munaqqidi Vadud Mahmud”, “Qodiriy qadri”, “Yangilanish sog‘inchi”, “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin”, “Adabiyotshunoslik metodologiyasi” kabi kitoblar muallifi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.