10 daqiqada öqiladi

283 marta körilgan

“Avval Vatan, keyin jon!..”

Jamol Kamol

Jamol Kamol ijodini kuzatar ekanmiz, unda: Vatan, tabiat, sadoqat, mehr-muhabbat, maʼrifat kabilardan tortib adolat, döstlik, ota-ona, halollik, diyonat singari ezgulikka, taraqqiyotga, hayotda kuraşçanlikka çorlovçi köplab mavzularda qalam surilganiga guvoh bölamiz. Ijoddagi mavzularning keng qamrovliligi ijodkorning badiiy tafakkuri bilan boğliq, albatta. Taniqli rus adibi M.Gorkiy: “mavzu muallif tajribasi asosida bunyodga kelgan, hayotning özi körsatib bergan, ammo ayni vaqtda muallif tasavvurida töla-tökis şakllanmagan bir holda saqlanib, obrazlarda gavdalantirişni talab qilib, muallifda işlaşga mayl uyğotadigan ğoyadir”, – deganda ham mavzu va ğoyaning muallif tafakkuriga boğliqligini taʼkidlaydi.

Jamol Kamol şeʼriyatidagi boş mavzulardan biri Vatan, millat mavzusidir. Şoir bu mavzuda goh faxrlanib, goh kuyinib, goh hayratlanib, goh muşohada yuritib qalam tebratgan. Uning nazdida Vatan otadek tabarruk, onadek mehribon. U Yurtdan ajralişni musibat deb biladi:

Otam diydorini körolmadim men,

Onasiz össam-da, bölmadim yetim.

Onam deb yerimga erkalandim men,

Otam deb elim-la iftixor etdim.

 

Körsatmasin, agar bir kun beomon,

Yerimdan, elimdan ayirsa hijron,

Boşimga yiqilgan yetimlik toği

Yakson etar edi meni şu zamon…

Sakkizlik hasbi hol xarakterida bölib, şoirning yetimlikda ötgan bolaligiga işora qiladi. Ota-ona bağrida ulğayiş baxti Jamol Kamolga nasib etmagan. Ammo bağrikeng millati, Ona Vatani uni bu musibatdan yiroqlaştirib, unga baxtiyorlik hissini tuydirgan.

Şoir ijodidadgi “Eng buyuk tuproq”, “Tun. Boğimda kezaman…”, “Özbekiston tuni”, “Buyuk trassa ilhomi”, “Ufuqlar”, “Tasavvur” kabi dastlabki şeʼrlarida Ona Vatanning daryolari-yu kengliklari, toğlari-yu boğlari, tunlari-yu tonglari – barça-barçasidan hayratlaniş közga taşlanadi. Jumladan, uning “Tasavvur” şeʼrida öqiymiz:

Hayrat – şu muhtaşam jahon hayrati,

Noliş – şu jahonga taşna armondan.

Men avval entikib, bosib savlati,

Köz uzmay turaman Özbekistondan.

Yoş şoir hali navqiron yigit – kitobxonga ögit berişni öziga ep körmaydi. Çunki uning özi Vatanning, Vatan orqali dunyoning sir-u sinoatlarini bilişga muştoq. Yurt tarixi esa juda qadim. Muqaddas qadamjolari-yu buyuk allomalari bisyor. Şuning uçun ham “avval entikib” örganişga kirişgan lirik qahramonni yurtning “savlati” bosadi. Ammo sir-sinoatlardan hayratlanib qoliş şoirning maqsadi emas. Uning lirik qahramoni özini Vatanning bilaklari kuçga tölgan, yurtning koriga yaraydigan öğloni deb biladi. Tomirlarida qon Jayhun yangliğ jöş uradi. Endi u hayrat-u ğayrat bilan qardoş ellarning ham yumuşlariga yelka tutmoqçi:

Sening osmoningdan soğinç bilan mast,

Qadrdon ellarga taşlasam nazar,

“Öğlim!” – deb çaqirar möysafid Kavkaz,

“Öğlim!” – deb çaqirar daryoyi Hazar…

Lirik qahramonning tasavvuri yanada uzoqroqqa nigoh taşlaydi. Şoir Vatan söziga yanada kengroq maʼnolarni yuklab, butun yer-u osmonni – borliqni “mening Vatanim”, deydi:

Şu Osmon, şu Zamin – mening Vatanim,

Şu Osmon, şu Zamin – mening Xudoyim.

Bunda begona yöq, barçasi manim,

Mening Amerikam, mening Xitoyim!..

Şeʼrda ilgari surilayotgan fikr bugungi dunyoga qutqu solayotgan qutblaşiş, dunyoni bölib oliş, tarafkaşlik, guruhbozlik siyosatiga qarşi zaruriy qalqon vazifasini ötaydi. Inson faqatgina özi mansub bölgan mamlakat tinçligini öylaşi, sarhadlardan taşqaridagi yurtlarning taşvişlariga beeʼtibor bölişi kaltabinlikdir. Qöşning tinç – sen tinç, deydi dono xalq. Insoniyat uçun Yer şari umumiy ekan, muammolar ham yurtlarga ayro-ayro taqsimlangan emas. Insoniyatga ofat keltirayotgan ekologik, siyosiy va iqtisodiy muammolar bu fikrlarni töla tasdiqlaydi. Bu ofatlarga qarşi birgalikda, bahamjihat kuraşişni talab qiladi. Va ayni damda barça xalqlar baxtiyor yaşaşga haqli:

– Başar avlodining barçasi – inson,

Vatan hammamizga – şu buyuk Zamin!

Şoir Vatan tuşunçasining mohiyatini oçişda turli usullardan foydalangan. Jumladan, “Tasavvur” şeʼridagi kabi ona yurt orqali dunyoni vatan deb biliş, uni köz qoraçiğidek asraş uning sakkizligida dialog orqali oçib berilgan:

– Ona Özbekiston, sendan sörayman,

Nelarni öylaysan şu farahli tun?

– Jumla mamlakatga non bersam deyman,

Kiyintirsam deyman uni bus-butun…

 

– Ona Özbekiston, orzuli çaman,

Qayergaça yetar mehring poyoni?

– Men jumla dunyoga non bersam deyman,

Kiyintirsam deyman jumla dunyoni…

Şeʼrda lirik qahramonning Vatan obrazi bilan suhbatlaşişi va Vatan tilidan insoniyatga çeksiz mehrning ifodalanişi taʼsirçanlikni oşirgan.

Yuqoridagi şeʼrlarda şoir ona yurtda turib butun zaminga omonlik tilagan bölsa, “Yurtim” şeʼrida aksinça, jahonni dur bilsa, ona yurtini durdona deb biladi. Quyoş, osmon, zamin hamma yurt uçun bir, lekin u Özbekistonning öz porloq quyoşi, öz musaffo osmoni, öz bebaho zamini bölişini orzu qiladi. Yaxşi kunlar bölganidek baxtsiz kunlar ham bor, albatta. “Judoliklar kelsa, boşing omon bölsin”, – deydi şoir musibatli kunlarga işora qilib. Şeʼr söngida u vataniga yana ezguliklarni soğinadi. Bayramlari köp bölişini, sahrolari, vodiylar-u daryolari nasib etişini söraydi:

Nurli-nurli ayyomlaring bölib tursin,

Nasib etsin senga oltin sahrolaring,

Ovozingga tölib tursin, tölib tursin,

Yurtim, çaman vodiylaring, daryolaring…

Vatan – Özbekiston mavzusi Jamol Kamol ijodida şu qadar kölamdorki, buni şoirning ona yurt haqida turli janrlardagi şeʼrlaridan ham seziş mumkin. Mana uning sakkizliklaridan yana biri:

Yozib havolarda muzaffar qanot,

Oşib sel karvoni – bulutlaringni,

Ona Özbekiston, kördim men kuşod

Nurdan uqa tutgan ufuqlaringni…

 

Uluğ tabiatdan uluğ nasibam,

Tarixdan hissamga tuşgan makon şu! –

Dedim-da, iftixor yaşnatdi qalbim,

Közyoşlarim oqdi misoli yoğdu…

Birinçi bandda yurtning tabiati tasviri – sel yoğdirib ötgan bulutlar qutqusidan ozod nurli ufqlar aks etgan. Bu ramziy xarakterga ega. “Sel karvoni – bulutlar” Vatanning qora, baxtsiz kunlari, “ufuqlar” esa kelajak, umid. Yaʼni lirik qahramon qora kunlarni ortda qoldirgan Vatanining baxtli kelajak tomon, orzular tomon intilişini istaydi.

Uni tanlab bölmaydi. Şuning uçun u lirik qahramonga “uluğ tabiatdan uluğ nasiba”. Lirik qahramonning “misoli yoğdu” közyoşlari “uluğ nasiba”ning kelajagi uçun oqayotgan holati dastlabki banddagi “Nurdan uqa tutgan ufuqlar” qiyoslangan.

Şoirning boşqa sakkizligida esa tabiiy jarayonlar insoniy illatlarga köçirilganligiga guvoh bölamiz:

Ona Yer, har kuni olam ufqiga

Közyoşing oqizar bahri ummonlar…

Bahri ummon bölib qözğalmas nega

Senga banda bölgan tirik insonlar?

 

Ona Yer, ona Yer, boşingda tutun,

Bağringdan otilar ötli vulqonlar…

Ötli faryodingdan bir kunmas-bir kun

Tikka qözğalmasmi ölik insonlar?..

Bahri ummonlarda oqayotgan suv emas, Ona Yer közyoşlari, tutunli vulqonlar Ona Yerning bağridan otilayotgan ötli ohlari. Ritorik söroq orqali insoniyatning sergaklikka, ogohlikka çorlanişi bilan millatlararo nizolarga, şafqatsizlikka barham berilişi, daʼvat etilişi, “ölik insonlar”ning uyğoqlikka daʼvati alam bilan ifoda etilgan. Yaʼni lirik qahramon Vatanga, Ona sayyoraga mehrli böliş borasida “suhbatdoşini öziga fikrdoş qiliş, öziga nisbatan xayrixohlik, rozilik hislarini uyğotiş maqsadida” ritorik söroqni qöllagan.

Baxtiyorlik emas, balki ökinç ohangida Vatanga muhabbat uyğotiş ğoyasi Jamol Kamolning bu mavzudagi şeʼriyatida köplab uçraydi. Uning yuqorida tahlil etilgan sakkizligidagi ökinç taajjubli bölsa, quyidagisida kuzatişlar xulosasi sifatida jarang soçadi:

Seni yondirdilar, seni sotdilar,

Neça bor qatlingga içdilar qasam.

Va lekin özlari qonga botdilar,

Va lekin özlari topdilar barham.

 

Sen esa jahonda sobitsan hamon,

Sobitsan, vatanlik şarafing oqlab.

Kelganlar holiga boqasan hayron,

Ketganlar yodini yodingda saqlab…

“Fayzulla Xöjayev közlari” muxammasida lirik qahramon özini F.Xöjayev közlari oldida hisobdor qilar ekan, ularda “çorasiz közlarga çökkan hasrat” yangliğ Vatan timsolini köradi:

Ğurur bu, eʼtiqod bu, jabhalarda şonli nusrat bu,

Munavvar orzular yölida yetgan ranj-u kasrat bu,

Vatan bu, çorasiz közlarga çökkan hasrat bu,

Bular birlikda gohi kuydirib, bağrimni qon aylar,

Bu közlar imtihon aylar, bu közlar imtihon aylar…

Yurt qayğusida jafo çekkan vatandoş közlari lirik qahramon bağrini kuydirib, “imtihon aylar”. Vatan oldida barça hisobdor, inson unga sadoqat körsatsa, elning ardoğida böladi.

Şuningdek, Vatan mavzusi Jamol Kamolning ğazallarida ham asosiy mavzulardan biri. Uning “Vatan”, “Avval Vatan, keyin jon” kabi şeʼrlari mumtoz janrlarda ham bu mavzuda qalam tebratiş mumkinligini töla-tökis isbotlab bergan. “Vatan” ğazalida lirik qahramon xayollar osmonida parvoz qilişi, “umid ummoni”da şönğişi, hayotni sevişi, muhabbatdan bahra olişi, gullar gözalligi-yu bolalar kulgusidan zavq olişi kabi barça baxtiyorliklarning sababkorini izlaydi va şunday iqrorga keladi:

Oqibat ne-ne saodatlarni

                  Aylab intixob,

Ey Vatan, sensan saodatboşi! –

                  Deb qildim xitob.

Yaʼni barça saodatlarning boşçisi – Vatan omon bölsa, lirik qahramon qalbi şavqqa töla böladi. Quyoş uning Vatani ufqiga boş qöygan keçalarda lirik qahramon sevinç közyoşlari ila Vatan tufroğini öpadi. Vatan bilan faxrlanişni öziga şaraf, mehrini tengsiz deb biladi:

Ne muborak lahzakim, men

                  Iftixoring angladim,

Ham köngil dunyosida

                  Mehringni mumtoz ayladim.

 

Ham bu könglim to buyuk –

                  Işqingdin etmişdir navo,

Ul navosiz benavodir,

                  Benavodir, benavo!..

Adabiyotşunos D.Nazarova mazkur ğazalning sönggi baytlari haqida fikr yuritar ekan: “Köngli vatan işqi bilan tölgan inson hayratga, işqqa hamişa hamohang böladi. Bunday hisdan mosuvo odam “benavodir”, – deya talqin qiladi. Fikrga tayanilsa, baytda gap “köngli vatan işqi bilan tölgan inson” va “bunday hisdan mosuvo odam” haqida borayotgan körinadi. Holbuki, şoir köngilning Vatan işqida navo qilişi, işqsiz u (köngil) benavo ekanligini nazarda tutgan. U yurt qayğusi bilan nafas oladi.

Jamol Kamolning “Özbekiston” qasidasida Vatan mavzusi keng planda yoritilgan. Muxammas şaklidagi yetti banddan iborat şeʼrda lirik qahramon Vatan obraziga murojaat qiladi.

Qaçon köz oçdim-u, otaşli osmoning qaçon kördim,

Qaçon kördim, qaçon yondim, qaçon kuymoqqa ulgurdim!..

Çamanda boş qöyib yaproqlaringga, nashʼalar surdim,

Gahi majnunşior yurdim,

Gahi mastona oh urdim,

Qaçon böldi bularning barçasi,

                      ey, onajon yurtim?..

Qasidaning dastlabki ikki bandi şeʼr syujetidagi tugun bölib, lirik qahramon Vatan işqida röy bergan ruhiy holatlari qaçon yuzaga kelganligiga javob izlaydi. Ammo bu kabi savollarga javob beriş oson emas. Lirik qahramon ong-u şuurida, qalb qörida topgan javoblarini bayon etişni istaydi. Vatanini butun dunyoga tanitiş uning tilagi. U ona diyoriga bağişlab kitoblar yozmoqçi. Şu maqsad bilan yurt tarixiga razm solib sehrli ertaklar olamiga kirgandek xayolga çömadi. Sehrli tarix ayon va sirli, olis zamonlardagi sirli yulduz, vahimali jang-u suronlar sifatida lirik qahramon köz öngida gavdalanadi. Lekin u, bu “javob”lar bilan qanoatlanmaydi:

Javobim keldi bir dunyo

Va lekin qonmadim aslo,

Agarçi tarixing Bobur kabi

daftardin ötkardim…

Şoir tarixni “Bobur kabi daftardin ötkar”ar ekan, uning qalbida Vatan aks-sado beradi:

Ovozing keldi kökni tilkalab ötgan quyunlardan,

Quyunlar qöynida maşʼal bölib yongan fununlardan,

Bayot-u şeʼr kabi sargaşta savdo-yu jununlardan,

“Kökni tilkalab ötgan quyunlar” –

yurt tarixining ğamli kunlari, unda istibdodlar, ayğoqçilar-u yurtfuruşlarning yetkazgan ozorlari; “Quyunlar qöynida maşʼal bölib yongan fununlar” – maʼnaviy-maʼrifiy yuksalişlar, ilm-fan va taraqqiyotda erişilgan yutuqlar; “Bayot-u şeʼr kabi sargaşta savdo-yu jununlar” – işq va şeʼr ahli, yaʼni sanʼat va adabiyot muhiblari bor. Umuman, lirik qahramon şuurida mana şular Vatan sifatida gavdalanadi. Bu suratga lirik qahramon goh giryon, goh sevinib boqadi. Lirik qahramon unda akslangan asrlar oşa yurt bilan hamroh faryod-u fiğon, zulm-u sitam, taʼqibga uçragan “daho birlan buyuklik”dan aziyat çeksa, “Muzaffar Hurriyat keltir”gan saodatlardan, “nurli bir olam” köringanidan faxr tuyadi. U Ona Vatan kamoloti, betakror tabiati, boğ-u roğlari, kelajak davomçilari – farzandlarni madh etar ekan, “gulşanga yuz burdim”, “boşingdan örgildim” deya iqrorlar keltiradi. Tabarruk Vatanga:

Sevikli Özbekistonsan,

Quyoş nazmida dostonsan,

Ki, men ham zarra bir xoking,

kelib poyingga öltirdim!.. –

deya öz sadoqatini izhor etadi.

Xullas, Jamol Kamol ijodini kuzatgan öquvçi unda Vatan mavzusi yetakçi mavzulardan ekanligiga amin böladi. Ijodkor bu mavzuda turli janrlarda qalam tebratgan va janr tabiatidan kelib çiqib baʼzan Vatanni taʼriflasa, baʼzan u bilan muloqotga kirişadi, baʼzan ökinsa, baʼzan u bilan ğururlanadi.

Şoir ijodining dastlabki namunalarida Vatan va uning tabiatidan hayratlaniş kuzatilsa, keyingi davrlariga xos şeʼrlarda mavzuga falsafiy muşohada yuritiş bilan yondaşilgan.

Jamol Kamol uçun Vatan eng buyuk boylik. Uni asraş har bir inson çekiga tuşgan eng avvalgi vazifa:

Kiprik ketar, köz qolar,

Qolar Vatan – jonajon.

Jamoldan şu söz qolar:

Avval Vatan, keyin jon!..

Munisjon HAKIMOV

 

1984-yili tuğilgan.   ÖzMUning Jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Mumtoz va zamonaviy özbek şeʼriyati tadqiqi bilan şuğullanadi.

 

2023/6

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (147)