Bobo so‘zni izlab

0
37
marta ko‘rilgan.

Maqolani yozish oldidan o‘ylarim negadir bobo va nabiraga bog‘lanib ketdi. Bilasiz, shajara eslanganda yetti pusht sanaladi. Oxirgi avlod begona deyiladi. Begonalik genetik jihatdan ham isbotlangan – “begona”ning qoni oltinchi “bobo”sining qoniga o‘xshamaydi. So‘z ham ayni qon kabidir – qon butun bir avlodni bog‘lab tursa, so‘z ham shunday. Faqat u (so‘z) jismda emas – jonda, tomirda emas – tiynatda. Lekin qon va so‘z muqoyasasida parodoks ham bor: qon kishilar istasa-istamasa yetti odamgacha butun avlodni birlashtirib turadi, lekin so‘z “odam tanlaydi”. Ya’ni, tiynatdagi “qon” (so‘z) ehtimol uchinchi, yoki to‘rtinchi… avlod uchun begona bo‘lishi mumkin…

Universitetning 1-bosqich talabasi ekanimizda adabiyot tarixi fanidan “Devonu lug‘otit-turk”ni o‘qib-o‘rganish, u haqda ma’ruza tayyorlash topshirildi. Vazifani bajarish maqsadida kitobni so‘rab, bir kursdoshim bilan Respublika ta’lim markazining Besh­­­­­yo­g‘och­­dagi kutubxonasiga bordik. Jussasi kichik kutubxonachi ayol kitobning nomi yozilgan qog‘ozga xuddi shifokorlarning xatiga qaraganday tikilib turdi-da, yarim soatlardan keyin uchta katta kitobni olib keldi. “O‘zlaring ham kam so‘raladigan kitoblar turadigan polkadagi chang bosgan kitobni tanlabsizlar”, dedi garddan achishgan burnini ishqalarkan. Rostdan ham kitob ancha changga botgan edi (kitob emas, aslida, so‘zlar chang ostida qolib ketganini keyinroq anglaganday bo‘ldim).

“Devonu lug‘otit-turk” mutolaasidan keyin so‘zlar etimologiyasi, ularning lisoniy taraqqiyotiga qiziqib qoldim. Gazeta-jurnallarda chiqqan maqolalar, “So‘z xususida so‘z”, “So‘z latofati” kabi kitoblarni o‘qidim, ulardagi ayrim mulohazalarni o‘zim uchun qayd qilib qo‘ydim. Shu qayd­lar orasida taniqli shoir Eshqobil Shukurning turli so‘zlar tadqiqiga bag‘ish­langan maqolalari ham bor edi. Yuqorida zikr etilgan ikkita kitobning ifoda usuli, tahlil bayonlari, obrazli tasvirlash o‘rinlari o‘ziga tortgani uchunmi, bilmadim, Eshqobil akaning turkum maqolalari avvalbosh­da menga oddiy axborot, ayrimlari shoirning bir faraziday tuyuldi. Ochig‘i, gazetchilikdagi sahifaning to‘rt barmoq hajmiday joyini to‘ldirish uchun qilingan urinishlarday tasavvur qoldirgan dastlab. Ammo jamlagan qaydlarim, yig‘ilgan gazetalardagi chiqishlarga hozir qayta nazar tashlasam, baribir jiddiy tadqiqday ko‘rinadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan Eshqobil Shukurning “Bobo so‘z izidan” kitobi nashr etildi. Unga vaqtli matbuotdagi o‘sha kichik-kichik chiqishlar jamlangan. Kitobdagi ayrim so‘zlar xususidagi maqolalar menga tanish bo‘lsa-da, ularni qayta o‘qib chiqdim. O‘qib bo‘lgach, o‘yladimki, ehtimol, bugungi shiddatkor zamon kishisiga shunday qisqa, lo‘nda, ortiqcha badiiy bo‘yoqlarsiz ifoda qilingan mulohazalar kerakdir!..

Odatda, so‘zni tadqiq qilish deyilsa, tilshunos olimlar zimmasidagi yumush, deb tushunamiz. Chunki ular til va uning tarixi, taraqqiyotini o‘qib-o‘rganadi, tadqiqotlar olib boradi. Ammo bu faqat olimlarning ishigina emas, balki so‘z bilan ishlaydigan (yashaydigan) har bir ziyolining burchlaridan biri hisob­lanadi. Menimcha, Eshqobil aka buni ich-ichdan his qilib, so‘z diyo­riga sayohat qila boshlagan. Sayohatlari davomida duch kelgan ajo­yibotlarni ixcham holda xat qilaroq, boshqalarga jo‘natib turgan.

Muallif izlanishlari davomida so‘z tanlar ekan, ma’lum tizim asosida ish tutmaydi, lekin duch kelgan so‘zni ham tahlilga tortavermaydi. Kitobni o‘qib bilasizki, she’ru dostonlar, maqol va mataldagi ayrim sohir so‘zlar yoshligida shoirning shuuriga sirliligicha singib qolgan, ba’zi hollarda o‘zaro suhbatlar jarayonida bahsga tortilgan so‘zlar haqidagi fikr-mulohazalar, hukmlar shoirni qoniqtirmagan. Shuning uchun u jiddu jahd bilan ishga kirishib, o‘nlab manbalarni titkilaydi, muqoyasa qiladi, ko‘pni ko‘rgan kishilar bilan fikrlashadi. So‘ng barini yig‘ib, o‘z mulohazalarini bayon etadi.

Muallif kitobi haqida fikr yuritib, shunday deydi: “Bu kitobni tayyorlash jarayonida garchi ko‘p manbalarni ko‘rib chiqsam-da, ba’zi so‘zlar masalasida xato qilmayapmanmi degan xijolatga ham bordim. Lekin faraz fikrni harakatga keltiradi”. Darhaqiqat, ayrim so‘zlar haqidagi mulohazalarda shoir faqat o‘z qarashlari, farazlariga tayanganday taassurot qoldiradi, shuning uchun ham u “bo‘lishi mumkin”, “bo‘lsa kerak”, “buyam bir fikr­-da” degan jumlalarni qistirib ketadi. Biroq, shunday esa-da, shoirning taxminu farazlarida asos borday ko‘rinadi, beixtiyor sizni ham o‘ylashga, so‘zning tarixi va taqdiri xususida fikr yuritishga undaydi.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Agar xuddi shu so‘zlar jamlanib, uni biror-bir tilshunos olim kitob qilganida, ehtimol, u turli ilmiy mulohazalar, iqtiboslarga to‘lgan bo‘lardi. Ilm qonuniyatlariga rioya qilguvchi olim, albatta, farazlardan biroz chekinadi. Lekin “Bobo so‘z izidan”ning muallifi shoir bo‘lgani bois, uning mulohazalarida shoirona nigoh, shoirona tasavvur, shoirona ifoda bor, shu sababdan ham o‘quvchi kitobni zerikmasdan mutolaa qiladi. Shoir, o‘zi ta’kidlaganidek, bu kitobi bilan olimlikka da’vo qilmaydi. Lekin olimlikka da’voyim yo‘q, deb quruq farazlaru unda-bunda eshitgan taxminlarni kitobga jamlamaydi. Muallif “Devonu lug‘otit-turk”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”, “Navoiy asarlari lug‘ati” kabi manbalardan tashqari, boshqird, oltoy, qirg‘iz, qarachay-malkar, qozoq, turkman kabi o‘nga yaqin turkiy xalqlar lug‘atlariyu xalq og‘zaki ijodi namunalariga murojaat qiladi, ularni bir-biriga solishtiradi, taqqoslaydi, qay biri asliyatga yaqinroq ekani xususida fikr yuritadi.

Kitobdagi hech bir mulohaza sizni befarq qoldirmaydi. Masalan, tilimizdagi quyidagi ikki so‘zga e’tibor bering: sayr va sayl. Muallif ta’kidicha, sayl so‘zi sayr so‘zining o‘zgargan shakli hisoblanadi. Sayl so‘zi esa aslida “sel, shiddatkor yomg‘ir, kuchli oqim” va hatto “ofat” kabi ma’nolarni anglatar ekan. Demak, saylga chiqmoq “ofatga, kuchli yomg‘irga chiqmoq”, saylgohga bormoq esa “ofat, kuchli toshqin bo‘layotgan joyda bo‘lish” degan ma’noni bildiradi.

Yoki bo‘lmasa, neft so‘zi haqida eshiting. Yeros­ti boyligi bo‘lmish neft ko‘pchilikning nazdida chet tillardan o‘zlashganday tasavvur uyg‘otadi. Aslida u sof turkona ekan. Faqat bu so‘z avvallari naft shaklida ishlatilgan ekan:

 

Bo‘lib ikki ko‘zi nazzora chog‘i,

Nechukkim naftning o‘tlug‘ bulog‘i.

 Alisher Navoiy

 

Lekin kitobda ayrim o‘rinlar borki, ularni qayta mushohada qilish, boshqa manbalarga ham qayta murojaat etish kerak nazarimizda. Kitobning 78-betida “Inak”ning enasi haqida” sarlavhali maqola bor. Inak – adabiy tilimizdagi sigir so‘zining shevadagi ko‘rinishi. Samarqand, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlarida shu so‘z ishlatiladi. Muallif nazdida, “inak” so‘zi ona ma’nosini anglatadigan “ena” so‘zi bilan bog‘liq: “ena” so‘zining “ina” shakli ham bo‘lib, unga erkalash ma’nosidagi “-ak” qo‘shimasi qo‘shilgan. Taniqli sharqshunoslar Vilgelm Shott, Vilgelm Bang va Andrey Kononovlar ham shunday sharh berishgan ekan. Muallif o‘z fikrlarini rivojlantirib, bunday yozadi: “Onam bir gal qahatchilik yillaridan bolalarini sigirining suti bilan olib chiqqan bir ayol haqida gapirib bergan edi. Omon-omon bo‘lgach, ayolning sigiri kasal bo‘ladi, uni so‘yishmoqchi bo‘lganlarida, ayol “Bu inak bolalarimning enasi, undan sut qarzimiz bor”, deb so‘ydirmaydi. Sigir o‘lgach, uni hurmatlab ko‘madilar”. Bir qarashda bu fikrlarda jon borday ko‘rinadi. Ammo boshqa bir mulohaza ham bor. Til tarixidan ma’lumki, o‘zbek (turkiy) tili taraqqiyoti to‘rt bosqich: qadimgi turkiy til, eski turkiy til, eski o‘zbek adabiy tili va hozirgi o‘zbek adabiy tili davrlariga bo‘linadi. Qadimgi turkiy til davrida (VI-VII asrlar) sigir ma’nosida “ingek” so‘zi ishlatilgan. Ayrim shevalarimizda qo‘llanadigan “inak”, “ingek” so‘zining talaffuzdagi buzilgan shakli bo‘lishi mumkin.

Kitobda har bir so‘z tadqiqi sarlavha ostida beriladi. Ayrim sarlavhalar shoirona topqirlik bilan qo‘yilganki, maqola nomining o‘ziyoq o‘quvchi diqqatini tortadi, maqolaning ayni mag‘zini ifodalaydi. Masalan, “Tirik” nimasi bilan tirik”, “Targ‘il sigirning tarog‘i”, “Gibraltar bo‘g‘ozidagi bo‘g‘oz sigir”, “O‘rtoqlar o‘rtasidani o‘rtaliq”, “Narxning navosi”, “Issiq-sovuq va sevgi”, “Tipratikanning kiprigi”.

Kitobdagi tanlangan so‘zliklarning ko‘pi, asosan, turkiy – o‘zbekcha so‘z. Ko‘p o‘rinlarda shoir biror tushunchani ifodalovchi sof o‘zbekona so‘z bo‘laturib, ajnabiylarini ishlatib yurganimizdan biroz yozg‘iradi, ayrim noto‘g‘ri qo‘llab yurgan so‘zlarimiz aslida boshqacha ekanini isbotlashga urinadi. Aynan shu shoirning millatparvarligi, tilparvarligidan nishona. Hozir nafaqat qarashlar, balki tillar ham kurashmoqda. Ayrim tillar boshqasini mahv etmoqda. Ayrim chet tilini o‘rganayotgan yoshlardan ko‘p eshitganman: o‘zbek tili boshqa tillarga qaraganda qashshoqroq, hamma tushunchalarni ham to‘la ifodalay olmaydi… Afsuski, bu – o‘zbek tili tabiatini yaxshi his qilmaydigan, tobora o‘z tilidan uzoqlashayotgan avlodning xulosasi.

Xo‘sh, bunga sabab nima?

Birlamchi sabab shuki, ona tili darslarida (darsliklarida ham) o‘quvchilarga o‘zbek tiliga bo‘lgan muhabbat yaxshi singdirilmaydi, dars­larda faqat grammatik qoidalar, mashqlar bilan o‘zbek tili haqidagi tasavvurlar “boyitiladi”. Hatto oliy o‘quv yurtlarida ham turkiy qabilalar ko‘proq harbiy bo‘lgan, shuning uchun sof o‘zbekcha (turkiy) so‘zlar qo‘pol, dag‘al, quloqqa xunuk eshitiladigan so‘z bo‘lgan, degan tushuncha singdiriladi. Aslida tilning eshitilish – akus­tik jihati emas, uning ifoda imkoniyatlari, lisoniy jozibasi, go‘zal tabiati tilning asosiy belgisi hisoblanadi. Shu ma’noda, millat farzandlariga o‘zbek tilining bor imkoniyatlarini, uning boyligini, latifligini anglatish lozim. Darhaqiqat, “Almopish”, O‘rxun-Enasoy bitiktoshlari, “Devonu lug‘otit-turk”, “Qutadg‘u bilig” kabi asarlar yaratilganda “bu dunyo­lar yosh edi”. O‘zbek qalbi, o‘zbek ruhinining qiyofasini ko‘raman degan odam yuqorida zikr qilingan kitoblarni o‘qishi kerak, xalq og‘zaki ijodining barcha namunalarini mutolaa qilishi lozim.

…So‘z qon kabi Bobodan Nabiraga o‘tadi. Tiynati tirik, o‘zligi o‘lmagan Nabira o‘zining yashayotganiga sabab bo‘layotgan qonning taftini sezib turishi kerak. Lekin ko‘pchiligimiz qonimiz bobomizning qoni bilan bir ekanini unutib qo‘yamiz. Zamonaviy tib ilmida qondoshlikni isbotlash uchun DNK natijalari olinadi. “Devonu lug‘otit-turk”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”, “Navoiy asarlari lug‘ati”lari turli davrlardagi DNKlarimiz. Shular qatorida turguvchi DNK – “Bobo so‘z izidan” ham qondoshlarimizni eslatib turadi…

 

Husan Maqsud

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.