Catrlar so‘qmog‘i

0
25
marta ko‘rilgan.

Tabiatning odam qadami yetmagan olis go‘shalariga borib qolsang, ba’zan so‘qmoqlarni uchratasan. Ular, albatta, biror manzilga tutashgan. Ayrimlari ayiq, bo‘ri yo qor qoploni iniga boshlab boradi. Biz endi yo‘lbars va arslon so‘qmoqlarini faqat yurtning qadimgi tarixidan izlab topsak bo‘ladi. Ular haqida Bobo tarix qiziqarli, jonli, shukuhli hikoyalar so‘zlab beradi. Mo‘ltiragan, intiq ko‘zlarni ko‘rganda, dostonlar kuylab yuborganini o‘zi ham bilmay qoladi. Ko‘hna tarix so‘qmoqlari o‘n ming yil oldingi fillar makoniga olib borishni-da bemalol eplaydi. Shunda keksa Turon o‘lkasida bizga tanish bo‘lmagan yana qandaydir ulkan hayvonlar yashaganini ham bilib olasan. Afrosiyob, Varaxsha devorlaridagi voqealar tasvirlari jonlanadi. Turon yo‘lbarslari bu so‘qmoqlar bilan o‘zlarining asl vatani O‘zbekistonga qaytadi. Ertaklardagidan ham qiziqarliroq dunyo hayotimizga ulanadi. Shunda, kunlarning birida hovlingizda ming yoshga kirgan toshbaqa va qarg‘aning biz haqimizda bahslashayotganini eshitib qolasiz.

 

* * *

Hayot qiyinchiliklari girdobida ojiz qolganda, iztiroblar iskanjasi ruhiy olamingizga chang solganda ulardan chiqib ketish chorasini qidira boshlaysiz. Sirli o‘tmish dunyolaridan ko‘mak topishni istaysiz. Najot manzillari sari so‘qmoq qidirasiz.

Bu so‘qmoqlar aslida har bir o‘quvchining yuragidan o‘tgan. Unga qadam qo‘ya olsang, axiyri, zulmatdan olib chiqadi. Faqat ko‘hna kitoblar sahifalarini varaqlamay, ulardan yurib bo‘lmaydi. Ular satrlardir. Ajdodlarimiz yaratgan kitoblar satrlari Yer kurrasiga bir ajoyib faxrli belbog‘ bo‘la oladi. Bu so‘qmoqlar o‘qirmanni adashtirmay, maqsad-manzili, ko‘ngil orzumand bo‘lgan gulshanlarga eltadi. Qarshimizda o‘tmishga sayohat, ziyorat yo‘llariga tutashgan shunday so‘qmoqlardan biri turibdi.

 

Gulshan ul-muluk

Muallif: Muhammad Yaqub, u Amir Muhammad Doniyolbiyning kichik o‘g‘li edi. Hijriy 1170 yili (milodiy 1748) mang‘itlar sulolasi hokimiyat tepasiga kelgach, Muhammad Rahimxon amakisi Doniyolbiyni otaliq lavozimiga ko‘taradi va Karmana viloyatiga hokim etib tayinlaydi. Uning vafotidan so‘ng hokimiyatni amalda Amir Doniyolbiy otaliq boshqaradi va Buxoroda 27 yil (1758 –  1785) podsholik qiladi. Hijriy 1199 yili rajab oyida (1785 yil, iyun) 75 yoshida[1] vafot etadi.[2] Undan Amir Shohmurodbiy, Sultonmurod qushbegi, To‘xtamish qushbegi, Fozilbiy, Darveshbiy, Mahmudbiy, Umarbiy, Rus­tam mirzo, Rajab Alibek, Muhammad Yusufbek, O‘ljabek, Muhammad Yaqub ismli o‘n ikki nafar farzand qoladi.[3]

Amir Shohmurodbiy oilada to‘ng‘ich va Mu­hammad Yaqub kenja farzand edi. Muallifning ta’kidlashicha, akalari uni “Kenja Ali mirzom” deb erkalab chaqirisharkan. Bundan xabari bo‘l­magan ayrim muarrix va tadqiqotchilar bu ikki ismni alohida ta’kidlaydi hamda ularni aka-uka, deb ko‘rsatadi.

Doniyolbiy otaliq xonadoni ziyoli oila edi. “Amiri Jannatmakon”, “Amiri Mas’um” nomlari bilan shuhrat qozongan Shohmurodbiy otasi o‘rnini egallab, davlatni boshqaradi. U mujaddidiya-naqshbandiya tariqatining taniqli vakillari Xalifa Jonmuhammad Ko‘lobiy, oxund Muhammad Safardan tariqat ta’limini olgan. Ukasi Muhammad Yaqub ham, albatta, ularning ta’sirida ulg‘aygan, Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. U 1831 yili hali hayot edi, “Gulshan ul-muluk”dan o‘zga asari hozircha uchramadi.

Asar ahamiyati: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasi asosiy jamg‘armasida “Gulshan ul-muluk” asarining №12; №1507-3 (1256 yili (1840 –  1841) ko‘chirilgan, 164 varaq, 26x15,5 sm); №7420 (1277 yili (1860 –  1861) ko‘chirilgan, 58 varaq, 27x23 sm) raqamlarida qayd etilgan nusxalari saqlanadi.

Aminjon Po‘latovning ushbu asardan ayrim parchalarni ko‘chirgan nusxalari ham bor. Ulardan biri xazinada №12911-1 raqami bilan (11 varaq (1b-11b), 21x17 sm) saqlanadi.

№12 raqamli nusxa muqovasi sariq rangli qattiq qog‘oz, tili forsiy, xati nasta’liq, 169 varaq, 25x17 sm, hijriy 1246 yili (1831 yil, yanvar) Buxoroda yozilgan. Ushbu qo‘lyozma nusxani Mahmud maxdum valadi fazilatpanoh qozi domulla Xudoyor Boysuniy ko‘chirgan (169b). Kartoteka varag‘ida hijriy 1273 yili (1856 –  1857) ko‘chirilgani ta’kidlangan. Qo‘lyozmadagi matn so‘nggida korxona siyohida hijriy 1290 sana (1873 –  1874) qayd etilgan. Bu keyinchalik yozilgan. Balki ko‘chirilgan sanaga ishoradir. Barcha sahifalardagi matnlar qizil hoshiya chizig‘i bilan o‘ralgan.

Asarning kirish qismida muallif o‘zini tanishtiradi (2a) va hijriy 1240 yili (1824) Abul G‘ozi Mir Haydar sulton saltanati davrida (1800 –  1826) mazkur kitobini yozishga kirishganini ta’kidlaydi.

Asar o‘rta asrlar mualliflarining an’anaviy yo‘rig‘ida yozilgan. Shunga qaramay, davrlar va tarixiy voqealarni ifodalashda matn bob, fasl yo ular o‘rnida qo‘llanadigan maxsus “rashaha”, “nasama”, “matla’” singari ichki kichik sarlavhalar bilan ajratilmagan. Tafsiloti berilayotgan mavzu “Muhammad salollahu alayhi vasallam va xulofai roshidinlar zikrida”, “Umaviylar”, “Abbosiy xalifalar zikrida” ko‘rinishida boshlanadi. Asar oxirigacha shu qoi­daga amal qilingan. Ayrim alohida va kengroq yoritilgan tarixiy voqealar tafsiloti boshlanishi “alqissa” so‘zi bilan ajratilgan.

 

* * *

Muallif ashtarxonli Abulfayzxon hukmronligigacha bo‘lgan davrlar tarixini yozishda o‘zidan oldingi mualliflarning asarlariga taya­nadi. Tafsilotlarni qisqa, ravon, voqealar izchilligida ifodalashga harakat qiladi va buni yaxshi uddalaydi.

Muhammad alayhissalom va xalifalar tarixi tafsilotidan so‘ng birdan g‘aznaviylar tarixi (X –  XII asrlar) boshlanadi (28b). Matnda Sulton Mahmud, Sulton Mas’ud, Ibrohim ibn Mas­’­­ud, Mas’ud ibn Ibrohim va g‘aznaviylarning oxirgi sultonlaridan Xisrav ibn Bahromshoh davriga qadar qiziqarli ma’lumotlar beriladi.

Asarda saljuqiy hukmdorlarning 15 avlod vakili haqida so‘z yuritilib, ular mashhur Afrosiyob avlodlari ekani hikoya qilinadi (33a– 36b). Ulardan keyingi matnlar (37a) Xorazmshohlar tarixiga bag‘ishlangan. Uning Anushtegindan bosh­lab, yurtsevarligi va dushmanga murosasizligi ila dunyoga dovruq taratgan Jaloliddinning Chingizxon bosqiniga qarshi olib borgan mardonavor kurashi bilan yakunlangan qismi juda qiziqarlidir. Yurtni asrab qolish yo‘lidagi janglar asarning chingiziylarga ajratilgan sahifalarida ham davom etadi (50b). Muhammad Yaqub Chingizxon yurishlari davrini yoritishda Muhammad ibn Hasan Shayx Nasir Tusiyning “Tarixi Nasiriy” asaridan foydalanganini matn hoshiyasida ta’kidlab ketgan (56a).

Asarda temuriylar tarixi haqida boshqalariga qaraganda ko‘proq sahifa ajratilgan. Voqealar Amir Hoji Barlos va Amir Temurning Shahrisabz viloyatiga hokim bo‘lishi bilan boshlanadi (81b). Temuriylarning Turondagi so‘nggi hukmdori Sulton Ali mirzo hijriy 905 yili (1499– 1500) saltanatni Muhammad Shayboniyxonga kurashsiz topshirishi bilan yakun topadi (113b).

Sulton Ali mirzo hokimiyatni osongina qo‘ldan boy berganidan so‘ng uni qaytarib olish uchun Zahiriddin Muhammad Bobur uzoq vaqt kurashdi. Oxir oqibatda baribir muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Keyingi satrlarda Qora quyunli va Oq quyunli hukmdorlar tarixi tafsiloti bayon qilinadi (115b –  119a). So‘ngra Muhammad Shayboniyxon tuzgan davlat tarixi sahifalari boshlanadi (120a –  126b). Shayboniy Ubaydullaxon va temuriy Bobur mirzo o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar, Ko‘chkunchixonning yoshi ulug‘ligi va Mirzo Ulug‘bekning nevarasi bo‘lgani sababli unga Samarqand boshqaruvi berilishi hamda uning bosh xon deb e’lon qilinishi qiziqarli tasvirlangan (122b –  123a).

Oldingi zikr etilganlari kabi shayboniy va ashtarxoniy hukmdorlar davri ham o‘ziga xos tarzda yoritiladi. Abulfayzxonning hijriy 1161 yili jumad us-soniy oyining 17 kuni peshin payti (1748 yil, 14 iyun) Mir Arab madrasasida Muhammad Rahimxon mang‘it tarafidan shahid qilinishi bilan ashtarxonlilar sahifasi yopiladi. Satrlar boshqa tarixga o‘tadi.

Yuqorida ko‘rsatilgan davrlar haqida ushbu asardan oldin yozilgan birlamchi tarixiy manbalar, albatta, juda ko‘p va ularda tafsilotlar ancha keng berilgan. Muhammad Yaqub bu davrlarning ulkan tarixini o‘z zamonasi o‘quvchilari uchun ixchamlashtirib va yengillashtirib hikoya qiladi. Tajribali o‘quvchi asardagi tafsilotlar afzalliklarini darhol his qiladi.

Asarning mang‘it hukmdorlari davriga bag‘ish­langan so‘nggi qismi har jihatdan muhim va qimmatlidir. Muallif aynan ushbu hukmdor sulola xonadoni vakili edi va barcha tarixiy jarayonlarning guvohi bo‘lgan, ayrimlarida o‘zi ham ishtirok etgan. Sulola asoschisi Muhammad Rahimxon, Muhammad Doniyolbiy otaliq, Amir Shohmurodbiy, Amir Haydar, Amir Nasrulloh hukmronligi siyosiy voqealari keng yoritiladi. Hukmdorlar xonadonlari ichida sodir bo‘layotgan voqealar, qo‘llab-quvvatlashlar va o‘zaro ziddiyatlarga guvoh bo‘lgan muallif barchasini satrlarga joylashga harakat qiladi.

Tarixiy hodisalar, asosan, Buxoro, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Qarshi, Shahrisabz, O‘ratepa, Chorjuy, Marv, Zomin hududlarida kechadi. Qizg‘in, gohida keskin tus olgan siyosiy kurashlarda ular qatoriga Chelak, Utub, Farab, Mitan, Charx, Axcha, Yangiqo‘rg‘on, Payshanba, Shanba, Urgut qal’alari ham qo‘shiladi.

Asarda qavchin, mang‘it, kenagas, nekuz, olchin, qipchoq, xitoy, o‘tachi (o‘tarchi), qoraqo‘ng‘irot, mirishkor, lavash, harduri, uz, qirq, saroy, nayman, ming kabi qavmlar tarixi va siyosiy faoliya­tiga oid qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Asar oldin ko‘rib o‘tganimiz “Tuhfai xoniy” (XVIII), “Fathnomai sultoniy”da (XIX) yoritilgan tarix oralig‘ini ishonchli tarzda to‘ldiradi.

 

* * *

Muhammad Yaqub nega bu asarni “Gulshan ul-muluk” (Sultonlar gulshani) deb atagan? Bu sarlavha… Muallifning orzusi ekan. Matnlarda o‘tgan hukmdorlarga nisbatan nafrat, g‘azab sezilmaydi. Biroq Mirzo Ulug‘bek, Abdulaziz mirzo, Abdulatif mirzo, Abdumo‘minxon ibn Abdullaxon, Qulbobo Ko‘kaltosh hayotiga oid satrlarda achinish tuyg‘ulari sezilib turadi. Asar boshida sarlavha atrofida paydo bo‘lgan e’tirozga o‘xshash xira-shira nimadir… oxirida yo‘qoladi. Satrlar so‘qmoqlarida u tarqalib ketadi. Bir yaxshi mohir tilmoch “Gulshan ul-muluk”ni bugungi o‘zbek tiliga o‘girsa, minglab o‘quvchi yuragida cheksiz so‘qmoqlar paydo bo‘ladi. Istasangiz, ulardan biri sizni shavkatli Abdullaxon huzuriga olib boradi. Biz hali shaxsini unchalar yaxshi bilmaydigan Muhammad Shayboniyxon davrasiga ham u orqali kirsa bo‘ladi. Ulardan biri ishq jazavasi g‘olib bo‘lgan tunda raqsga tushayotgan Amir Shohmurodbiy hayotiga ulangan.

Satrlar so‘qmoqlarida yurib, Borliqning istalgan burjiga borish mumkin. Qadam qo‘ya olganga, ular Dunyoni tanitadi.

 

Abdusattor  JUMANAZAR,

O‘zRFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

 

 

[1] Milodiy 73 yoshga to‘g‘ri keladi.

 

[2] Silsilai salotini mang‘itiya. –  B. 189a,189b; Tarixi salotini man­g‘itiya. –  B. 51. Muhammad Yaqub ham ushbu sanani tasdiqlaydi.

 

[3] Gulshan ul-muluk. –  B. 142a, 142b.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.