Baroq

0
78
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Ellik yettiga kirsa-da, hamon tetik, bardam Fyodor Dementyevich, qishloqdoshlari tili bilan aytganda, Lapa, kuyovining yangigina uyidan chiqaverishda, usti yopiq zinapoyaning keng, tekis randalangan taxtalariga baquvvat oyoqlarini tiragancha derazalarning chiroyli o‘yma chaspaklarini[1] nechanchi martadir tomosha qilardi.

Eshik ochildi, otasiga juda o‘xshab ketadigan miqti Natalya xo­xolagancha ichkaridan chiqib keldi, ortidan chayir kuyovi ko‘rindi.

–  Dada, bo‘ldi endi, qatron surtishni bas qil. Uyga yur, sovqotasan, –  bidirladi u.

–  Men boray endi, Nataxa, –  dedi Lapa qora bulutlar orasida qolib, majaqlangandek qip-qizargan quyoshga ishora qilib. Keyin oyoqlarini taxtaga bir muddat tapillatib urib turdi-da, shoshilmay zinalardan yaydoq hovliga tushdi.

–  Baroq, –  deya hukmona ovozda chaqirdi u itini va sovuqdan toqatsizlanib, oyoqlarini damo-dam ko‘tarib-bosib turgan Gnedkoga qarab ketdi. Otning baquvvat sag‘risiga erkalab shapatilab qo‘ydi. Abzalni to‘g‘riladi. Chanadagi pichanni urib-urib qappaytirdi. Po‘stinni yelkasiga tashlab, yapaloq chanaga qulayroq o‘rnashib o‘tirdi-da, brezent yopilgan bir qop unga suyandi.

–  Sog‘ bo‘linglar! Mehmonga kelinglar, –  deb qichqirdi u, boshini ortga burib.

Atrofda aylanib yurgan yirik, yag‘rini dag‘al jun bilan qop­langan baroq ko‘ppak qorni g‘irchillatib sirpangan chana ortidan ildam qo‘zg‘aldi-da, bir tekis yo‘rtib ketgan axtani zum o‘tmay quvib o‘tdi. Posyolkadan chiqib, quyuq qarag‘ay ko‘chatlarini ortda qoldirgach, qayin va ansol aralash o‘rmonga kirishdi. Quyosh uchlari hurpaygan daraxtlar bilan qoplangan qir ortiga yashirindi. Qosh qoraydi.

“Har holda avgustda uy to‘yiga kelmaganim yaxshi bo‘lgan ekan, –  deb o‘yladi Lapa. –  Sabr qilganim uchun, mana, biryo‘la ikki quyonni tutdim: ham kelin-kuyovni ko‘rdim, ham go‘shtni sotdim. Lekin aqlim durust”, –  qoniqish bilan iljaydi u soqolini silarkan.

Yo‘l tog‘dan pastiga endi va uzun tepaliklar siqib qo‘ygan egri-bugri irmoq qirg‘oqlari bo‘ylab cho‘zildi. Chana o‘nqir-cho‘nqir qiyaliklar bo‘ylab xuddi allalagandek bir maromda chayqalib borardi. Lapa jilovni qo‘ldan chiqarmay, qaddini tikladi-da, xayolan daromadini cho‘tlab, uni nimalarga sarflashni huzurlanib o‘ylay boshladi.

U pul topishni bilmaydigan odamlarni yoqtirmasdi. “Dangasa yoki anqov”, –  derdi u bunaqalar haqida. “Kuyov ham ajoyib! Burg‘ulovchi ustamish! Sement to‘g‘rilab berolmasa… Buni qara-ya, halolmish! Tfu!” –  deya tupurdi u.

Gnedko cho‘chib pishqirdi-yu, o‘ylari to‘zidi.

Ot quloqlarini xavotir bilan dikkaytirdi-da, burun kataklari kengayib, yana pishqirdi. Oldinda chopib ketayotgan Baroq chanaga yaqinlashib oldi. Lapa o‘girilib, ko‘zlari bilan atrofni timirskilab, tepalik­lar yonida nimalardir g‘imirlayotganini sezib qoldi. Qop-qora soyalar tepaliklar ustidan yashirinmasdan, ochiqdan-ochiq sirg‘alib kelardi. Bo‘rilar!!!

Barmoqlari yoqimsiz uvishdi, ko‘kragining pasti achishdi.

–  Chuh! Chuh! Ketdik! –  xirilladi Lapa shusiz ham yela boshlagan axtaga qulochkashlab qamchi urarkan. Ot yoli va dumini hilpiratgancha jon halpida zarang yo‘ldan uchib ketdi, quloq ostida shamol hushtak chaldi. Daraxtlar qorong‘ilik qo‘ynidan shiddat bilan chiqib kelib, shu zahoti ortda g‘oyib bo‘lishardi. Chana ortidan shamolda shishgan uzun to‘rsimon etak misol qor to‘zoni ergashdi.

Bo‘rilar zulmatda erigandek yo‘q bo‘lishdi. Yo‘l irmoq yoqalab cho‘zilgan baland, uzun tepalikni aylanib o‘tardi. Atrofni yaxshi biladigan to‘da yetakchisi tepadan shoshilmasdan oshib o‘tdi-da, to‘dani chana yo‘liga, Gnedko jon-jahdi bilan intilayotgan yerga olib chiqdi.

Lapa, otni qamchilarkan, sarosima ichra nima qilishni o‘ylardi, chunki to‘da uni osonlikcha qo‘yib yubormasdi. U sirtmoq o‘lim xavfini olib kelayotganini sezib turardi, lekin ortga qaytishga cho‘chirdi, boisi posyolok ancha olisda qolgan edi.

–  Balki qutulib ketarman, –  deya o‘zini yupatdi Lapa. Va jilovni bir qo‘li bilan ushlab, ikkinchi qo‘li bilan pichan orasini paypaslab, boltani topdi.

To‘satdan axta g‘ayritabiiy bir tovush bilan pishqirdi-da, qorni to‘zitib, chetga sapchidi –  to‘da chananing yo‘lini to‘sib chiqqan edi. Baquvvat yetakchi yugura turib Gnedkoning bo‘yniga qarab sakradi. Bechora ot bir lahza ichida bo‘yni uzilib yiqilishi mumkin edi, yaxshiyam shoti bo‘rining ko‘ksiga urildi-yu, u qorga quladi. Lapa hushini yig‘di-yu, qopdagi unni bor kuchi bilan bo‘rilar tomonga uloqtirdi.

Chipta qop yerga tushib ham ulgurmadi, bo‘rilar to‘lqin misol yopirilib, uni yorib tashlashdi. Atrofga oppoq to‘zon tarqadi. Bu vaqt ichida Lapa chanani to‘g‘ri yo‘lga solib oldi.

–  Qani! Bo‘laqol! Tez! –  quturib bo‘kirib yubordi u axtani ayamay qamchilarkan. Qo‘rquv va og‘riqdan esini yo‘qotgan ot tuyoqlari tagidan parcha-purcha qor sachratgancha yelar edi.

Shu asno u chopib oldinga o‘tib borayotgan Baroqni quvib yetdi.

“Qutulib olamizmi, a?” xayolida umid yarq etdi.

Chana past-baland yerlardan bir tushib, bir chiqib sirpanib borar, burilishlarda Lapa u tomondan bu tomonga borib-kelardi. Orqadan esa shafqatsiz och to‘da bostirib kelar, Fyodor Dementyevich buni har bir hujayrasi bilan his etib borardi. Mana, yetakchi tishlarini shaqillatgancha chanadan orqada qolayotgan Baroqni tishlashga urindi, lekin it jon halpida ilgarilab, chana ustiga sakradi-yu, holdan toyib pichanga yiqildi.

To‘da arava g‘ildiraklari solgan tor iz bo‘ylab cho‘zilgancha erkin, tovushsiz, xuddi qor ustida sirpanayotgandek yengil chopib borar, otni muqarrar ravishda holdan toydirib yiqitishga qasd qilgan edi.

Lapa ularning uzuq-yuluq nafaslarini eshita boshladi. Sal kechiksa, bo‘rilar qaynoq qondan mast bo‘lib, uzoq kutilgan o‘ljani bo‘laklab, g‘ajib tashlashadi. U yelkasidagi qo‘y teri po‘stinni yulib olib, yo‘lga tashladi. Vahshiylar po‘stinga tashlanishdi, ammo aldanganlarini sezgach, oldingidan ham kuchliroq g‘azab bilan chanani quva ketishdi.

Erkak to‘da tomonga hali quloqchin telpagini, hali qo‘lqopini ota boshladi, lekin bir marta laqillatilgan bo‘rilar endi bu hiylaga e’tibor qilmasdilar. Ta’qibdan qizishgan to‘da endi qonga tashna, oraliq masofani shafqatsizlarcha qisqartirib borar, shiddatli, holdan toydiruvchi poyga intihosiga yetib borardi.

Fyodor Dementyevich dahshat ichra tinmay baqirar, og‘zidan tupuk sachratgancha bir otga qarata: “Tezroq, Gnedko, tezroq!” –  deb qichqirsa, bir ortiga o‘girilib, boltasini silkitgancha to‘daga tahdid qilib: “Chopib tashlayman! Hammangni chopaman!” –  deya hayqirar edi.

Yana bir necha soniya o‘tsa, bo‘ldi, yetakchi bo‘ri sakrab qo‘llariga tishini botiradigandek, qolgan uchtasi uning jon taslim qilishga ulgurmagan tanasini g‘ajiydigandek tuyuldi…

Erkak atrofga jonsaraklanib alang­ladi. Shu payt oyoqlariga Baroq yopishdi.

Lapaning ko‘zlarida iblisona olov yondi –  it! Tirik jonzot, qon –  to‘daga hozir shu kerak! U ko‘ppakni oyoqlari bilan turtib, o‘lim qarshisiga itarib yubordi, lekin bechora Baroq panjalarini keng yozib, o‘zini tutib qoldi. It talmovsiragancha, egasiga ranj ila boqdi.

–  Yo‘qol, iflos! –  g‘azabidan ovozi chiyillab ketdi Lapaning va etigi bilan qattiq tepdi.

Baroq yoniga og‘ib yiqildi va jag‘larini jips­lagancha chana chetini mahkam tishlab oldi.

Bo‘rilar judayam yaqinlashib qolgan edi. Erkak yag‘rinini chananing oldiga tirab, oyog‘ini yig‘di-da, bor kuchi bilan itning keng peshonasiga tepdi. Tepki shu qadar kuch bilan tushdiki, it silliq randalangan taxtalarda tirnoqlaridan oppoq iz qoldirgancha chana ustidan qiyalamasiga uchib tushdi, keyin havoda umbaloq oshib, yo‘l ustiga yiqildi. Ayanchli angillash, bo‘g‘iq o‘kirish quloq pardasini tilib yubordi.

“Bo‘ldi, tamom”, –  o‘yladi Lapa, badanlari jimirlab. Beshafqat xotirasiga itining ginali qarashi o‘rnashib qoldi.

Chana olxa daraxtlari oralab uchib o‘tdi-da, soylikdan qor bosgan qirga chiqib bordi, bu yerdan qishloq uylarining yakkam-dukkam chiroqlari ko‘rinib turardi. Sillasi qurigan Gnedko qadamini sekinlatdi.

Shundagina Lapa egnida birgina ko‘ylak qolganini, butun vujudi dahshat va sovuqdan qaltirab borayotganini sezdi. Pichan orasiga kirib oldi-da, ustiga brezent bo‘lagini tortdi, keyin uzoqlashib borayotgan zim-ziyo o‘rmonga bezovtalanib tikildi. Qo‘rquv asta-sekin qo‘yib yubordi, ich-ichiga cho‘kib yo‘q bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan voqeani xotirasida jonlantirarkan, Lapa beixtiyor ses­kanar edi.

Qishloq chekkasiga kirayotib, qizib ketgan otining jilovidan tortdi: “Otim durust, lekin. Boshqasi bunaqangi chopishni uddalamas edi”.

Bo‘m-bo‘sh, tussiz ko‘cha bo‘ylab o‘zining bir tekis bo‘yalgan yog‘och devor bilan o‘ralgan ko‘rkam uyiga qarab kelarkan, ko‘ngli buzilib ketdi: “Qaytib ko‘rolmasligim mumkin edi-ya”.

Deraza to‘siqlari zichlab yopilgan, chiroq o‘chiq edi.

“Uxlayapti, mug‘ombir. Unga nima”, –  chanadan tusharkan, zardasi qaynab o‘yladi Fyodor Dementyevich. Darvozani ochdi, eshikni etigi bilan gumburlatib tepdi.

Uy ichida kimdir tovushsiz g‘ivirlay boshladi, shoshilib pildiradi. Zulfin sharaqlab surildi. Eshik qiya ochildi. Lapa, dahlizda ko‘ringan ozg‘in gavdaga qaramasdan ichkari kirdi. Devordagi tugmani shiqillatib bosdi, chiroq yonmadi.

–  Lampochka kuyib qoldi, Fedya, –  sekingina dedi xotini.

Lapa g‘ijinib, issiq xona to‘ridagi chit parda ortiga o‘tib ketdi.

–  Tez kelasan deb o‘ylamovdim. Ertaga kelsang kerak, debman, –  o‘zini oqlay boshladi beka.

–  Dasturxon yoz, sovqotdim, –  buyurdi er, kursiga cho‘kayotib. –  Eh, jin ursin, Gnedko ko‘chada qoldi-ku, –  deya boshiga quloqchinni qo‘ndirib, shoshilib chiqib ketdi.

Axtani chanadan ajratib, iliq bostirmaga olib kirdi. Ko‘pik bosgan, qaltirayotgan biqinlarini jul bilan yopdi. Oxurga bir quchoq quruq, xushbo‘y pichan soldi.

–  Ye! Bu senga bekami ko‘st xizmating uchun, –  Lapa axtaning parvarish qilingan yolini silash uchun qo‘lini uzatdi, lekin ot negadir boshini burdi.

–  Senga nima bo‘ldi?.. Nima bo‘ldi senga? E, yo‘q, bekor qilyapsan! Agar Baroq bo‘lmaganda, tamom bo‘lardik! Tushundingmi, hammasi tamom bo‘lardi! Men qutqarib qoldim seni… Qutqardim! –  shivirlagancha o‘zini oqlay boshladi egasi. Gnedko esa og‘ir pishqirib, qaysarlik bilan boshini o‘girgancha turaverdi.

“Balki o‘lmasmidik? –  kutilmaganda kimdir ich-ichidan Lapani fosh qilgandek bo‘ldi. –  Bolta bilan bittasini tushirsang, bu, qarabsanki, boshqalariga po‘pisa bo‘lardi, ajabmas, chopib tashlangan sherigiga tashlanib qolishsa…”

Miyasiga kelgan shu oddiy fikrdan Fyodor Dementyevichning ruhi tushib ketdi. “Rosa mazam qochibdi-ku. Namuncha boshimni qotirmasam… Bo‘lar ish bo‘ldi… ne bo‘lsa, to‘g‘ri bo‘ldi”.

Itning katagi yonidan o‘tayotib, zanjirga qoqilib ketdi. Zanjir yetimona jiringlab, yuragini simillatib yubordi. To‘satdan yopirilgan lanjlikni yengishga urinib, uyga kirdi.

Xotini uni tuzog‘liq dasturxon yonida kutib o‘tirardi. Dahlizda yuvinib olgach, er issiq pechga yelkasini tirab o‘tirdi-yu, sukutga toldi.

–  Yaxshi borib keldingmi, Fedya? Kelin-kuyovni ko‘rdingmi?

–  Ko‘rdim… Ikkovi sog‘-salomat. Uylari zo‘r, hamma qulayliklari bor. Gaz yoqishadi. Bir haftaga kelamiz, deyishdi… Xo‘jalikka yordam bergani.

–  O‘zlarining uylarida ham ishi kam emasdir, –  jur’atsizlik bilan e’tiroz qildi ayol.

–  Hech qisi yo‘q, o‘zining ishiga doim ulguradi.

–  Go‘shtni-chi, sotdingmi?

–  Bo‘lmasa-chi! Go‘sht –  sholg‘om emas, ovoza qilsang bas… –  Lapa kishini mast qilarlik darajada semiz pul bog‘lamini paypaslab ko‘rdi, shu asno sovg‘asi esiga tushib, ikkinchi cho‘ntagidan qog‘oz o‘ram chiqardi.

–  Ushla, –  deya guldor ro‘molni yozib yubordi.

–  Voy, rahmat, Fedya rahmat!.. Muncha chiroyli-a!

–  Bo‘ldi endi, bas, bas, –  xotinining so‘zini dag‘allik bilan kesdi er, xo‘rillatib karam sho‘rva icharkan.

Ro‘molni ko‘zgu qarshisida o‘rab ko‘rarkan, ayol yanada jonlandi. Lablarida tortinchoq tabassum o‘ynadi. Stol ustini yig‘arkan:

–  Baroqqa suyak tashlab kelay, –  deb qo‘ydi.

Lapa tomog‘iga bir nima tiqilgandek o‘qchib yubordi.

–  Yaxshisi yot, unga o‘zim qarayman. Biryo‘la uyqu oldidan chekib ham kelaman, –  shoshilib e’tiroz qildi u. –  Gnedkoni ham sug‘orish kerak.

Tovoqni olib, tashqariga chiqdi. Chekdi. Otni sug‘ordi. Yana chekdi. Fyodor Dementyevich bo‘lib o‘tgan voqeani muqarrar va o‘rinli deb bilishga qanchalik urinmasin, Baroqning halokati miyasiga tikandek sanchilaverar, olov bo‘lib yondiraverar edi.

Lapa to‘shakda ham u yonidan bu yoniga betinim ag‘darilaverdi. Ko‘z oldiga o‘sha bitta manzara qayta-qayta kelaverardi: qor to‘zoni oralab qora sharpa tepaga uchib, havoda umbaloq oshadi-da, och, quturgan to‘da o‘rtasiga tushib, g‘oyib bo‘ladi. Tepaga uchib, umbaloq oshadi-da…

Deraza ortidan ahyon-ahyonda qo‘rqinchli, tushunarsiz xo‘rsinish tovushi kelardi. Bu tovushlarga diqqat bilan quloq sola-sola o‘zi sezmagan holda pinakka ketdi. Yana to‘da uni quvib yetdi, qurshab oldi, jonli sirtmoq shafqatsizlarcha torayaverdi, torayaverdi.

–  A-a-a! –  to‘lg‘andi Lapa.

–  Fedya, senga nima bo‘ldi? Mazang qochdimi? –  yelkasidan tutib silkidi xotini.

Lapa hushi og‘ib ayoliga qarab qoldi, u qayerdaligini anglay olmas, hali ham tushidagi voqea ichida yurgandek edi. Atrofga alanglab, nihoyat, uyini, xotinini tanidi.

–  Uh, senmisan, –  yengil tortib xo‘rsindi u.

–  Nega munchalik baqirding, Fedya? –  xavotirlanib so‘radi xotini.

–  Go‘shtni ko‘p yevordim, shekilli. Ko‘nglimni aynityapti. Yaxshi pishirmaganga o‘xshaysan… Uxla…

Xotini rahmdillik bilan erining kulrang tusga kirgan itoatsiz sochlarini silay boshladi. Oxiri kichkina, dag‘al kaftini erining boshiga qo‘ygancha uxlab qoldi. Lapa xotinining qo‘lini ehtiyotlik bilan yostiqqa olib qo‘ydi. Uyqusi kelmas edi. Xayolini chalg‘itishga qanchalik urinmasin, yoqimli narsalar haqida o‘ylashga qanchalik tirishmasin, Baroq haqidagi xayollar miyasiga shunchalik xiralashib yopishaverar edi.

Yuragi sirqillagancha uni, hali laqab berilmagan laychani uyiga ko‘tarib kelgan paytini esladi. U kuchli, qo‘rg‘oniga begonalarni yo‘latmaydigan qo‘riqchi o‘sayotganiga xursand edi. Egasi ishdan kelganda itning ko‘zlari sadoqat bilan porlab, baxtiyor akillashdan entikib, hovliqib, quvonib sakragani, xo‘jayinining har bir istagini jon deb bajargani…

Lapa deyarli tonggacha azoblandi, oxiri ehtiyotlik bilan o‘rnidan turdi, kiyinib, dahlizga chiqdi. Eshikni ochdi.

Shu on tongoldi zulmatini yorib juni hurpaygan dahshatli bir maxluq zinapoya oldiga chiqib keldi. Tumshug‘ining terisi yirtilgan, qulog‘i uzilib, kemirchagida osilib qolgan, tutam-tutam junlariga qon yopishgan, og‘zi yovuz irjayish ila qotgan…

–  Baroq?! Senmi? Bo‘lishi mumkin emas…

Dovdirab qolgan Lapa beixtiyor ortga chekindi, ostonaga qoqilib yiqildi…

Miyasida shovqin… o‘lim shovqini paydo bo‘lib, borgan sayin kuchayaverdi…

 

Rus uylarida derazalarning to‘rt tarafiga yog‘ochdan o‘yma qilib ishlanadigan bezak.

 

 

Kamil ZIGANSHIN

1950 yili Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Boshqirdiston avtonom Respub­likasida tug‘ilgan. Uzoq Sharq politexnika institutida tahsil olgan.

Yozuvchining “Maxa yoki suvsarning hayoti tarixi” , “Tayga hikoyalari, “Itlar galasi” kabi hikoyalar to‘plamlari, “Ovloqdagi monas­tir ahli”, “Aldan oltini” romanlari chop etilgan. Uning ayniqsa, odam oyog‘i yetmagan yerlarga sayohatlar taassurotlari asosida yozilgan “Alyaskadan Ekvadorgacha” hamda “Yerning orqa tomonida” kitoblari juda mashhur.

Rossiya hukumati uni “Ma’rifat ishiga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlagan.

 

Rus tilidan Risolat HAYDAROVA

tarjimasi

[1] Rus uylarida derazalarning to‘rt tarafiga yog‘ochdan o‘yma qilib ishlanadigan bezak.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.