Ishonchli qayiq

0
30
marta ko‘rilgan.

Kitob – insonning azaliy do‘sti. Olam aro odamning o‘zligini topishga yordam beradi. U cheksiz hayot ummonida insonning uncha-muncha to‘lqinlarga cho‘kmaydigan ishonchli qayig‘idir.

Bundan to‘rt asr muqaddam ana shunday ishonchli qayiqlardan biri yaratilgan… XVII asr mualliflaridan biri o‘z kitobini “Maqomati mavlona Hoji Habibulloh” deb ataydi. XVIII asrda ham “Maqomati mavlona Hoji Habibulloh”ga o‘xshash yana bir kitob yoziladi va undagi voqealarni davom ettiradi. Hodisalar ko‘hna Turon va Hindiston yerlarida sodir bo‘ladi. Bu hodisalar go‘yoki, bugun ham davom etayoganday. Go‘yo, ularda sizu biz ham qatnashayotgandaymiz. Quyida o‘sha ikki kitob bilan tanishamiz.

 

Tuhfat ul-ahbob

Muallif: Sayyid Muhammad ibn Oxund Qozi Kamol, XVII asr ikkinchi yarmi – XVIII asrning birinchi choragida Buxoroda yashagan. So‘fi Olloyor va Boborahim Mashrab bilan zamondosh bo‘lgan. Tariqatda Hoji Muhammad Habibulloh Buxoriydan ta’lim olgan. Sayyid Muhammad shu ustozining hayoti va tariqatdagi faoliyatini yoritishga bag‘ishlab “Maqomati mavlona Hoji Habibulloh” asarini yozadi. Bu asar zamondoshlari orasida “Tuhfat ul-ahbob” (Suyuklilarga sovg‘a) nomi bilan ham tarqaladi.

Asarning ahamiyati: Undan Nosiriddin Hanafiy Buxoriy (Buxoro amiri Muzaffarning o‘g‘li), Sadri Ziyo kabi mualliflar tadqiqotlarida foydalanishgan. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasining asosiy bo‘limi(fond)da asarning №4400 va 3756-1 raqamlari bilan qayd etilgan nusxalari saqlanadi. Asar sho‘rolar davrida deyarli tadqiq qilinmagan. XX asrning so‘nggi yillarida ham So‘fi Olloyor, Mashrab hayoti va ijodini o‘rganishga qizg‘in kirishgan tadqiqotchilar nazaridan ancha vaqtgacha chetda turdi. Holbuki, bu ikki mashhur ijodkor tarjimai holini yoritishda mazkur kitob juda muhim manbalardan biri hisoblanadi. Mujaddidiylarning tarixiy faoliyatini o‘rganish chog‘ida bunga ko‘p bora guvoh bo‘ldik. U “xalq kitobi” nomi bilan ataladigan adabiy asarlar, turli rivoyatlar tufayli tarix sahifalariga kirib qolgan chalkashliklarni bartaraf qilishga ko‘maklashadi.

Asar o‘nta maqoladan tashkil topgan. Birinchi maqolada Hoji Habibullohning Ya’qub Charxiy avlodlaridan Xoja Muhammad Tayyibulloh xonadonida hijriy 1040 sanada (1630–1631) tug‘ilishi va bolaligi, ilm o‘rganishiga oid ma’lumotlar beriladi. Keyingi maqolalarda uning Samarqand va Buxoro sayohatiga chiqishi, azizlar qabrlarini ziyorat qilishi, hajga otlanib, Rum orqali Makkaga borishi bayon qilinadi. Hoji Habibulloh hajdan qaytishda Hindistonda bir necha yil yashaydi, mujaddidiya-­naqshbandiya tarmog‘i asoschisi shayx Ahmad Sirhindiyning farzandi va sulukdagi davomchisi Xoja Muhammad Ma’sumdan tariqat ta’limini oladi.

Asarda Hoji Habibulloh faoliyati orqali Buxoroda mujaddidiya tariqatining rivoj topishi, shayx Ahmad Turk Yakkiy, mavlono Muhammad Sharif Buxoriy singari allomalar haqida qiziqarli ma’lumotlar bor. Xiyobon madrasasi va xonaqohi, Hoji Habibulloh guzariga doir xabarlar Buxoro shahri tarixini yoritishda muhim va qimmatli ahamiyatga egadir. XX asr o‘rtalariga qadar Buxoro shahrida mang‘it hukmdorlarining mashhur sulolaviy dahmasi bo‘lganini bugun ko‘pchilik bilmaydi. Uning shakllanish sabablari va tarixiy asoslari mazkur “Tuhfat ul-ahbob” asarida hikoya qilingan voqealarga borib taqaladi. Bu asardagi ma’lumotlardan xabardor bo‘lmagan tadqiqotchi XVIII–XIX asrlardagi bir qancha ijtimoiy, ma’rifiy, siyosiy jarayonlar mohiyatini to‘la anglay olmaydi.  

Asarning 8-, 9-, 10-maqolalari axloq tarbiyasiga bag‘ishlangan. Boylik, odob, libos, namoz, zikr, mehmondorchilik, surat, musiqa, narda va shat­ranj o‘yinlari, afyun, qabr hayoti, qiyomat masalalari qiziqarli bahs va muqoyasalarda tahlil qilinadi.

Asarda keltirilgan Xoja Muhammad Roziq Kalon, Shukrullohxoja, Podshohxoja, Xalifa Ashur Boqi, oxund Hofiz Zohid, oxund Muhammad Solih, So‘fi Abdurazzoq, So‘fi Navro‘z Shahrisabziy, So‘fi Olloyor, mulla Ismatulloh, Xoja Davlat saroy, Xoja Nihol kabi tarixiy shaxslar; o‘sha davrlardagi joy nomlari; Buxoro, Nasaf, Samarqand ma’rifiy hayotiga oid ma’lumotlar – ko‘hna Turon o‘tmishi, o‘sha davr kishilarining ma’naviy dunyosi va jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurlarni boyitadi, tiniqlashtiradi.

 

Kamoloti mujaddidiya

Bu asarning to‘liq nomi matnda “Kamoloti mujaddidiya va maqomoti Ahmadiya” deb ko‘rsatilgan. Tadqiqotchilar davrasida u ko‘pincha qisqagina “Kamoloti mujaddidiya” deyiladi. Muallif bu asaridan tashqari  “Havoshi Shofiy bir sharhi Bayzoviy”, fors tilida “Sahihi Buxoriy”, “Zaburi Dovud”, “Sharhi Hidoya”, “Axloqi Bahodurxoniy” asarlariga sharhlar yozgan.

Muallif: Mir Abdulhay al-Hanafiy al-mujaddidiy ibn Mir Abul Xayr a’lam Samarqandiy ibn mavlaviy Abul Fayz Abduboqi hijriy 1169 yili (1756) Samarqandda ziyoli oilada tavallud topadi.

Muallifning ilmiy va ijodiy davralarda mavlono Fayz A’laviy nomi bilan shuhrat qozongan bobosi taxminan 1640 yili dunyoga kelgan va 1745 yili vafot etgan. Kitob tumanidagi Xojagi Abduboqi Imkanagiy qabristoniga dafn qilingan. U bir qancha asarlar yozgan. Hadisda Hasan al-Fathobodiy va tasavvufda Shoh al-Keshiydan ta’lim olgan. Uning Rajab an-Namanganiy, Shoh Avaz al-Xo‘qandiy, o‘g‘li Abul Xayr va Qalandarxon al-Buxoriy ibn Zayniddin al-a’lam kabi shogirdlari bo‘lgan. Samarqand tarixiga oid “Samariya” asarini ta’lif etgan Abu Tohirxoja ibn Abu Sa’id mazkur Mir Abdulhay Samarqandiyning nabirasi edi.

Abdulhay Samarqandiy davrining ilg‘or olimlaridan biri bo‘lib yetishadi va Samarqandda 40 yil qozilik vazifasini bajaradi. Hijriy 1243 yili (milodiy 1827) vafot etadi.

Asarning ahamiyati: Qo‘lyozmalar xazinasida asarning ikkita qo‘lyozma nusxasi saqlanadi. Kartoteka va kataloglarda №10968-2 raqamli qo‘lyozmalar muallifi ko‘rsatilmagan. Qo‘lyozmaning 53b-54a betlarida asar muallifi Mir Abdulhay Samarqandiy ekani qayd etilgan. Tili forsiy, nasta’liqda ko‘chirilgan. 

Asarning ikkinchi – №10610 raqamli nusxasining ham tili forsiy, nast’aliqda yozilgan. Asar tadqiqotlarda “Manoqibi Xoja Muhammad Mas’um” nomi bilan ham ko‘rsatiladi. Unda mujaddidiya-naqshbandiya tariqatining taniqli vakillari hayoti va faoliyati yoritilgan, XVII–XVIII asr oxirigacha bo‘lgan davr qamrab olingan. Muallifning o‘zi ham mazkur tariqatga mansub edi. U shayxulislom Atoullohxoja Buxoriydan ham irshod ijozatini oladi. Asarda mavlono Xojagi Abduboqi Imkanagiy, Boqibilloh Dehlaviy, Shayx Ahmad Sirhindiy, Xoja Muhammad Mas’um, shayx Sig‘batulloh, boburiy Avrangzeb, Abdug‘afur Samarqandiy, Hoji Salim Balxiy, hazrat Imlo Buxoriy, Ne’matulloh Oshiq, Niyoz Cho‘qmoqiy Buxoriy, Fazl Ahmad Mas’umiy tarixiy shaxslar hayotiga oid ma’lumotlar to‘plangan. Ularning tariqat va turli ijtimoiy masalalar yechimlari yuzasidan o‘zaro yozishgan maktublaridan namunalar berilgan.

Mir Abdulhay Samarqandiy tarjimai hollar va tarixiy ma’lumotlardan tashqari tavba, maqom, fano, fano filloh, fanoi boqiy, chilla, latoifi ashara (o‘n unsur), xilvat kabi diniy-tasavvufiy tushunchalarini naqshbandiya tariqati g‘oyaviy qarashlari asosida sharhlashga harakat qiladi.

“Kamoloti mujaddidiya” ham tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolgan asarlar sirasiga kiradi. Hozirgacha mazkur manba deyarli o‘rganilmagan. Turonlik tariqat ahli tarixiga doir yig‘ilgan ko‘plab ma’lumotlar unga turdosh boshqa asarlarda uchramaydi. U shaksiz, XVII–XVIII asr Turon tarixini yoritishda muhim manbalardan biri sifatida xizmat qiladi.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

O‘zR FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.