“Kalava”ning kalavasi

0
27
marta ko‘rilgan.

Qo‘rg‘on baxshilari dostonchilik san’ati, baxshi-shoirlikning qimmati, doston-u termalarning ijro jarayonidagi o‘rni-yu bahosi haqida bildirilgan muhim nazariy fikrlardan biri shuki, “Ko‘pkaridan avval qoqma bo‘ladi, qoqmada chavandoz otini sovitadi. Terma ham dostonning qoqmasidir”. Olimlarning tilida baxshilarga xos, o‘ta hayotiy tarzda, nihoyatda obrazli yo‘sinda aytilgan bu quyma fikr mohiyatida termalarning doston ijro jarayonidagi o‘rni, baxshi bilan tinglovchi o‘rtasida ruhiy birlikni paydo qilishdagi muhim vazifasi, shuningdek, alohida bir janr sifatidagi badiiy-estetik mezoni aniq-ravshan tushuntirib berilgan.

Bugungi kunga qadar folklorshunoslarimiz tomonidan ko‘plab termalar yozib olingan. Bular orasida “Do‘mbiram”, “Nima aytay?”, “Kunlarim”, “Yaxshiroq”, “Ayrilsa” kabi namunalarni deyarli barcha baxshilar ijrosida kuzatish mumkin. Shu bilan birga, ma’lum dostonchilik maktablari vakillari repertuaridagina mavjud “Kiyik”, “Kalava” kabi turlicha mavzu va tipdagi “xos” termalar ham uchrab turadi. “Kalava” Qo‘rg‘on dostonchilari sevib kuylagan, xalq turli davralarda tez-tez baxshilardan talab qilgan o‘ziga xos terma sanaladi. Ammo o‘tgan asrda folklorshunos­larimiz katta-katta epik asarlarga asosiy diqqatini qaratganliklari sabablimi, “Kalava” xilidagi ko‘plab termalar o‘z vaqtida yozib olinmagan, hatto ularning borligi ham qayd etilmagan. Biz bu asarni Qo‘rg‘on dostonchilik maktabining kenja vakillaridan biri Yusuf baxshi Sarimsoq o‘g‘lidan o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida yozib olgan edik.

Yusuf bobo baxshizoda, otasi Sarimsoq baxshi Ergash shoirning do‘sti va shogirdi bo‘lgan. Yusuf baxshi otasidan bir necha doston, ko‘plab termalarni o‘rgangan. Ularni vaqti-vaqti bilan kichik davralarda do‘mbira jo‘rligida kuylab turar edi. Shunday davralarda tinglovchilar “Kalava”ni eshitmay tarqalishmasdi.

  • TAHLIL
  • TALQIN
  • HISSA

Yusuf baxshidan bu termani ilk bor tinglaganimda ko‘z oldimga bolaligimdan tanish bir oila hayoti keldi. Xuddi termadagi kabi bu oila ham er-u xotindan iborat edi. Ularning turmushlari ham o‘zlariga yarasha o‘tardi. Xotin erini, er xotinini “Men odam qilib yuribman”, deb o‘ylardi. Har qaysi ham o‘z yo‘liga haq bo‘lsa kerak. Xotin hamisha erini “anqov”, “laqma”, “hisobini topmagan ko‘r” (cholning bir ko‘ziga payraha tegib aybdor bo‘lib qolgandi) deb urishardi. Eri indamasdi. “Menga aql o‘rgatishga sen esi pastga kim qo‘yibdi”, deb o‘ylarmidi yoki boshqa sababi bormi, bu yog‘i menga qorong‘i. Erining indamasligi xotinning ishonchiga ishonch qo‘shardi. Xotin o‘zi bo‘lmasa, “bu ro‘zg‘orning o‘chog‘i o‘chishini” ko‘rgan kishiga aytardi. Odamlar ham uning ko‘ngliga qarab, “Siz borsiz, cholingiz bor”, deb sha’niga bir-ikki maqtov gap aytishsa, xotin qopday shishinib, “Men zo‘r ekanman”, deb qo‘yadigan choyni ham unutardi. Ana shunda “doka ro‘mol quriguncha” janjal bo‘lardi. Janjallar ba’zan arzimagan narsa ustidan chiqardi. Men shunday aytishuv­ning biriga guvoh bo‘lganman. Xotin olib-sotardan bir kiyimlik atlas olmoqchi ekan.

Er: – Olgan kiyimliging ikki qizga sep bo‘ladi-ku, atlasni nima qila­san? – dedi.

Xotin: – Olaman, to‘yga kiyib boraman, – deb turib oldi.

– Bor olaver, – qichqirdi er.

– Pul bering, ­– xotinning ham ovozi bir parda balandladi.

– Pul yo‘q!

– Pul bermasangiz qo‘yni sotaman, ana sigirni sotaman!

– Sotmaysan!

– E, bolam, befarzandlik qursin-da, bo‘lmasa cho‘pon… degandilar-u, jim bo‘lgandilar.

 

Xotin qarg‘andi. Er so‘kindi. Keyin xotin yosh boladek yerga o‘tirib olib, so‘zlanib yig‘lashga tushdi. Eri bo‘lsa, so‘kinganicha tashqariga chiqib ketdi. Bir qancha vaqtdan keyin uning Rasul attornikidan qog‘ozga o‘rog‘lik narsa olib chiqib ketayotganini ko‘rdim.

Bunday janjallarning aksariyatida xotinning qo‘li baland kelardi. Balki, shuning uchunmi, qo‘shnilar doim xotinning ismiga “poshsho” so‘zini qo‘shib aytishardi. Xotinga bu sifat yoqardi. Ayniqsa, qaynilari “falonchi poshsho” desa suyunib, semiz qo‘ydek gavdasi beo‘xshov irg‘alib kulardi.

Men onamdan: “Nega cho‘pon tog‘a xotinidan qo‘rqadi”, deb so‘raganimda,

Biz bolalar xotinni “poshsha xola” derdik. “Poshsha xola” tikish-bichishni bilmasdi. Onam: “Xudoga shukr, yaxshilik kunda sho‘rva qaynatishni, non yopishni o‘rgangan ekan”, derdilar. Ip yigirishga kelsak, “Kalava”dagi xotin bilan musobaqalashsa, ikkalasi teng kelishi aniq edi. Onam singlim biror-bir ishni eplolmasa, “Poshshaga o‘xshamay ketgur”, deb urishardi… Cho‘pon tog‘aning Egamberdi polvon ismli jiyani ham bizga qo‘shni edi. Egamberdi akaning xotini Ulbibi checha kaltaroq, dumaloqqina juvon edi. Orasi bir yarim, bir yashardan olti o‘g‘li, bir qizi bor edi. Cho‘pon tog‘a Egamberdi akaning oilasiga ul-buldan qarashib turardi. Har bozor bolalarni quruq qoldirmay nimadir olib kelardi. Bir kuni Egamberdi aka xotinini uribdi. Ulbibi yanga Cho‘pon tog‘ani­kiga yig‘lab boribdi. Shunda Cho‘pon tog‘aning: “O‘g‘il tuqqan xotinniyam uradimi?!” deb chatnab kelayotganida ko‘rgan edim. Endi o‘ylasam, Cho‘pon tog‘aning butun dardi, orzulari shu gapida mujassam ekan.

O‘tgan voqealarni o‘ylar ekanman, “Kalava” ham zamonasining “poshsha”si haqida to‘qilganiga ishonch hosil qildim.

 

Bir xotin bor ekan Qo‘qon sha(h)rida,

Ul xotin bir xizmat qilar boyiga,

Boyi qarar shu xotinning ra’yiga,

Bir dona duk yigirar bir oyiga,

Pul topadi ul o‘tirgan joyiga.

 

“Kalava”ni ijod qilgan baxshi o‘z qahramoni fe’lini yaxshi bilgan. Xotinning “o‘tirgan yerida pul topishi”, “erining u bilan hisobla­shib ish ko‘rishi”ni aytib, uning bir oyda bir dono duk yigirishini qistirib o‘tishi bekor emas. Ana shu misra “xotinning o‘tirgan joyida pul topish”, “ishni qilsa doim xotin chopchon (chaqqon)” qilishiga majoziy ma’no beradi. Chunki xotin “o‘n bir oyda bazo‘r nimcha (400 gramm) ip yigirgan bo‘ladi-da”.

Baxshining bu muloyim tasviri xuddi bizda Cho‘pon tog‘aning xotiniga qo‘shnilar “poshsho” deb murojat qilishganidek o‘z qahramoni ruhiga mos uslub tanlaganidan dalolat beradi. Baxshi qahramonini faqat sirtdan kuzatmaydi, balki uning qalbiga ham quloq tutadi.

 

Nimcha bo‘lganini endi biladi,

He, bechora miyig‘ida kuladi…

Ey bechora, ko‘ring, ko‘p gap o‘yladi,

Orasiga yirigini joyladi.

Ipim g‘imcha ko‘rinsin deb bechora,

Ikki uchdan g‘imcha qilib boyladi.

Puli ko‘pga, ko‘zi ko‘rga uchra deb,

Ko‘tarib uch marta yerga tayladi.

 

Xotinning ishi bitdi, tog‘ni ko‘targan pahlavondek, kalavani eriga berdi. Endi uning o‘zini tutishi, ovozi ham o‘zgaradi. So‘zlarida hokimlarga xos qat’iylik paydo bo‘ldi.

 

– So‘zimga quloq song, ha-ya, boy,

Aytganimning hammasini qiling, hoy!

 

Xotin o‘zini kalavani yigirish davomida o‘ylagan o‘n bir oylik orzusining hammasini bir boshdan eriga buyurdi. Erini darvozadan chiqarar ekan, xayoliga yana bir o‘y yalt etib keldi-yu, darhol “anqov” cholga tayinladi:

 

Bozor borib og‘zing ochilib turma,

Xaridor girdingni o‘rab olganda,

Kalavaning mag‘zin yorib ko‘rdirma.

Bozor borib og‘zing ochilib tursang,

Kalavamning mag‘zin yorib ko‘rdirsang,

Arzon-garov sotib, olib pulini,

Anqovlik qib kisopurga urdirsang,

Turgin, ketgin, chirkin ko‘zga ko‘rinmang!

 

Ana endi xotinning ko‘ngli biroz taskin topdi. Ola dukur urgan yuragi tinchigandek bo‘ldi. Choli esa bozor yo‘lida tobora kichrayib, oxiri ko‘rinmay ketdi…

Kulgisiz majlis quruq, jonsiz ko‘rgazmaga o‘xshaydi. “Chechanlikda so‘zga suvdayin oqqan” baxshi har bir so‘zning ijodda o‘z o‘rni borligini, so‘z farqini oqillar ayirishini yaxshi biladi. Ergash shoir bir termasida:

 

…So‘zni yuborib dalaga

Kulgisiz majlis bo‘lami?! deb keltirib o‘tganidek, hazil-mutoyiba, yumoristik asarlarning ham baxshilar ijodidagi yukini aniq his qiladi.

“Kalava”da favqulodda obrazlar yo‘q, tasvirlar juda hayotiy, voqelikka kulgi nuqtayi nazaridan xolisona baholash bor.

Tasvirchi tasvirlanuvchilarni kulgi jamoasida ko‘radi, baholashni tasvir tubiga yashiradi. Shu ma’noda “Kalava” ifoda usuli folklorga xos bo‘lsa-da, bir qadar yozma adabiyotga yaqin turadi.

Termadagi chol-u kampir oddiy odamlar. Ularning ko‘ngli toza, bolaga ham o‘xshaydi. Bolaligi soddalikni, soddaligi tozalikni bildiradi. Omma esa ularni o‘zidan ajratib “go‘l” deb ataydi. Xalq deb ataluvchi ko‘pchilikning bir chetida go‘llar tursa, qarama-qarshi qutbida xoslar o‘rin oladi. Xoslar va go‘llarni uyg‘unlashtiradigan nuqta bor: soddalik – tozalik. Xoslar, go‘llar kamchilikni tashkil etadi. Olomon esa ularning o‘rtasida ko‘pchilik bo‘lib oqadi. Olomon go‘llarga qaytolmay, xoslarga yetolmay ora yo‘lda sarson o‘tadi.

Olomonning kulgisini go‘llarning harakatlari uyg‘otadi. Aslida, go‘l kishilar olomon har kuni yashirin amalga oshiradigan xatti-harakatlarni bir bor oshkora bajarib ko‘rsatadi, xolos. Lekin u-bu yumushni xuddi mikroskop ostida amalga oshirgandek yashirmay, barchaning ko‘z o‘ngida qiladi. O‘z harakatini xaspo‘shlamaydi, kiyim kiydirib bezamaydi. “Kalava”da chol-kampir tasviri orqali ommaning harakatlari, fe’l-atvori mikroskop ostiga qo‘yilgan. Tinglovchi “Kalava” qahramonlariga achingandek ko‘rinadi. Ana shu achinish tuyg‘usi uni o‘z botiniga yo‘naltiradi. U botinida o‘z holatlari, kechinmalari, o‘y-tuyg‘ulariga duch keladi. Ana shu nuqtada u “Kalava” va botinidagi o‘zi qochib, yashirinib yashayotgan ichki “men”i bilan yuzma-yuz qoladi. Chol-kampir ustidan to‘kilgan kul­gisi bumerang kabi o‘ziga qaytadi. Chinakam satira va yumorning vazifasi kishiga oyna ko‘rsatish, o‘z botinini tomosha qilish imkonini berishdir. “Kalava” shu ma’noda o‘z vazifasini a’lo darajada bajara oladi.

“Kalava” ­– yumoristik asar, yaxshi so‘z mevasi.

 

… Yaxshi so‘z odamning bo‘lmay xayolin,

Alag‘ bo‘lmayin do‘stlar eshitsa,

Yurakning qayg‘uman zangi ketadi… deb aytilganidek, qaysi davrada “Kalava” termasi kuylansa, eshitgan odamlarda yengil kulgi uyg‘otib, alal-oqibat, o‘z ko‘ngliga sayohat qilishga undagan. Baxshi shoir ta’kidlaganidek, yurakning qayg‘uman zangini ketkaz­gan.

 

KALAVA

 

Bir xotin bor ekan Qo‘qon sha(h)rida,

Ul xotin bir xizmat qilar boyiga,

Boyi qarar shul xotinning ra’yiga,

Bir dona duk yigirar bir oyiga,

Pul topadi ul o‘tirgan joyiga.

Ishni qilsa doim xotin chopchon qib,

Hisoblasa iyiqni bir kun yig‘ib,

O‘n bir oyda bazo‘r bo‘pti nimcha ip.

Nimcha bo‘lganini endi biladi,

He, bechora miyig‘ida kuladi,

Kunchivoqqa joyni qalin soladi.

Bo‘taday bo‘p-ey, bechora bo‘zladi

Soyga tushib ko‘ring tuta izladi.

Charxga solib, ko‘ring, tuta qiladi,

Ko‘p gaplarni u o‘tirib o‘yladi.

Tovoqqa sob uni bir kun suvladi,

Qozonga sob uni hafta bug‘ladi.

Qozondan chiqarib endi oladi,

Charxga solib kalavalar qiladi.

Ey bechora ko‘ring, ko‘p gap o‘yladi,

Orasiga yirigini joyladi.

Ipim g‘imcha ko‘rinsin deb bechora,

Ikki uchdan g‘imcha qilib boyladi.

Puli ko‘pga, ko‘zi ko‘rga uchra deb,

Ko‘tarib uch marta yerga tayladi.

Kalavani olib boyiga berdi,

Boyi ham oldida qo‘yniga urdi.

Nima ob kelay, buyur endi savdong, deb,

Kampiriga qarab tampiyib turdi.

– So‘zimga quloq song, ha-ya boy,

Aytganimning hammasini qiling, hoy!

Manglay terim, ko‘p bo‘lgandir mehnatim,

Eshitaman ko‘rganim yo‘q o‘zini,

Birinchi obkeling olabuyrak choy.

Undan o‘tib go‘sht bozoriga boring,

Durum, sara go‘shti go‘sfandni oling.

Durum, sara yana charvi, digar boz,

Chuchbarakka ul ham bo‘lar juda soz.

Bir botmon sabzi ong, bir botmon piyoz.

Bir xil xotin ro‘zg‘or lazzatin bilmas,

Qaytay, sening ro‘zg‘oringga bul ham oz.

Besh kiyimlik ob keng malitin surpdan,

Yigirma kiyishlik saqolik tikdan.

O‘ttiz kiyim ob keling kurtalik chitdan,

Navbat bilan olib kiyay sandig‘dan.

Qirq kiyimlik ob keng yarqiroq atlas,

Atlasdan boshqasin oyiming kiymas,

Undan key oyiming qovog‘in uymas.

Yo‘qchilar qiladi bozorda so‘roq,

Yigitlar ichadi suhbatda aroq.

Bosh yuvganda juda qadri ko‘p o‘tgan,

O‘n juft olib keling shamshati taroq.

Iplikka judayam qadri ko‘p o‘tgan,

Bir kilo obkeling yaxshi tol ipak.

Charx yigirib piltani qilay pinak,

O‘nta obkeling govmush-u inak.

Ertan-mertan men ham joyimdan tursam,

Kuvi pishib, qo‘shniga ayron bersam,

Ayron ichib qo‘shnilarim zavq qilsa.

Savdoning ustiga savdo qo‘shing, hoy,

Aytganimning hammasini qiling, boy.

O‘nta olib keling arabi qo‘y,

Bizlar bo‘laylik cho‘lda eliboy.

Qishi o‘tib ana kirib keldi yoz,

Elluvta makiyon, o‘n beshta xo‘roz,

Jo‘ja ochirib huzurini ko‘rsak soz.

Bozor borib og‘zing ochilib turma,

Xaridor girdingni o‘rab olganda,

Kalabaning mag‘zin yorib ko‘rdirma,

Armon bilan ani puldan qoldirma.

Bozor borib og‘zing ochilib tursang,

Kalabamning mag‘zin yorib ko‘rdirsang,

Arzon-garov sotib, olib pulini

Anqovlik qib kisopirga urdirsang,

Turgin, ketgin, chirkin ko‘zga ko‘rinmang!

 

Izohlar:

Arabi qo‘y – qorako‘l qo‘y.

Bo‘p – bo‘lib.

Boyiga – eriga.

Chirkin – xunuk, iflos (qar­g‘ish).

Chopchon qib – chaqqon, tezgina qilib.

Chuchbarak – chuchvara.

Duk – charxning yigirilayotgan ip o‘ralib boradigan qismi (O‘TIL).

Durum – ikkinchidan degani; xotin go‘yoki shaharlik, madrasa ko‘rgan toifadek forsiy iboralarni ishlatyapti.

Eliboy – asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan aholi eliboy deb yuritilgan.

G‘imcha – xipcha.

Govmushi-inak – sigir-buzoq.

Iyiq – charxning me­xanizmi.

Kalava – charxga bir necha marta tekis qilib o‘ralgan va charxdan chiqarib olib taxlangan bir o‘ram ip (O‘TIL).

Key – keyin.

Kisopir – kissavur.

Kunchivoq – kungay bet, kun tushib turgan joy.

Kurta – paxta solib, qavib tikilgan kiyim.

Malitin surp – surp turi.

Nimcha – taxminin 400 gramga yaqin og‘irlik o‘lchovi (O‘TIL).

Olabuyrak choy – choy turi.

Ong – oling.

Pilta – paxtaning bir tutami.

Pinak – paxtani cho‘zib iyikka so­lish.

Saqolik tik – erkaklar ko‘ylak-ishton qiladigan yo‘l-yo‘l mato.

Shamshoti taroq – shamshot daraxti yog‘ochidan yasalgan taroq.

Sob – solib.

Tampiyib – gerdayib turish.

Tuta – ipni o‘rashda ishlatiladigan 15-20 sm uzunlikdagi yog‘och.

 

Aytuvchi: Yusuf Sarimsoq o‘g‘li

Yozib oluvchi: Shomirza Turdimov

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.