Tilga do‘st, el-yurtga do‘st

0
16
marta ko‘rilgan.

Quyosh kumush tangalarini zamin uzra sochib yubordi-da, o‘zi ko‘kdan mahliyo bo‘lib boqib qoldi. Kuzgi yaproqlar oltin misol tovla­nib turgan bog‘da bir ayol o‘y surgancha, bir-bir qadam tashlab Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi tomon bormoqda. Bu manzarani chetdan kuzatarkanman, onam ko‘z o‘ngimda gavdalangandek bo‘ldi. Yura­gim hapriqib ketdi, negaki, onamni ko‘rmaganimga talaygina fursat kechib ulgurgandi.

Qoraqalpog‘iston ajoyib maskan, yurtimizning so‘lim go‘shasi, ilgari bu manzilda bo‘lmaganim uchunmi katta taassurot bilan qaytdim.

Qandaydir o‘y bilan band ekanini anglab, u kishiga botinib biror so‘z aytolmadim, ortidan ohista yurib, orqasiga qayrilib qarashini kutishga qaror qildim. Bu ayolning hayot yo‘lini yori­tish uchun uzoq yo‘l bosib – azim Toshkentdan kelganman. Vazifa berilayotganda “Qoraqalpog‘iston uzoq, ancha mashaq­qat chekaman” – degan xayolga ham borgandim, to‘g‘ri, yo‘l biroz horitdi, ammo bu yerga kelib, ajoyib Nukusni sayr qilarkanman, charchoqlar ham zumda g‘oyib bo‘ldi-qoldi. O‘ylarim bilan band ekanman, ayol kishining menga qoraqalpoq­cha murojaat qilganini eshitdim. Ayolga qaradim-u, hayron boqib qoldim. Bu o‘sha, men hayotini yoritishim kerak bo‘lgan qahramonim. Qiziq, menga bu ayolni o‘zbek tilidan dars beradi de­yishgandi, u bo‘lsa qoraqalpoq tilida gapiryapti. Yo meni aldashganmikin-a!?

Yoniga yaqinlashib, salom bergandim, bino­yidek o‘zbekcha alik oldi, “kechirasiz, uka, menda biror yumushingiz bormi? Anchadan beri kuzatib kelyapsiz”. Yon-atrofga qarab oldim, menga qoraqalpoqcha gapirgan ayol boshqa bo‘lsa kerak degan xayolga borib. Lekin bog‘da ikkimizdan boshqa kishi yo‘q edi.

– Uzr, opa, menga Guljahon opa kerak edilar, men sizni o‘sha kishi deb o‘ylabman, – dedim xijolat bo‘lib.

– Abdullayevami? – dedi ayol.

– Ha-ha, Guljahon Abdullayeva.

– Unda to‘g‘ri o‘ylabsiz, menman o‘sha Abdullayeva, faqat Guljahonmas, Guljan, – dedi ayol jilmayib. – Sim qoqqan jurnalist yigit siz ekansiz-da-a?

Demak, adashmabman, yo‘qsa telefon orqali gaplashganimiz haqida gapirmasdi. O‘zbek tilida shu qadar tiniq so‘zlayotganini ko‘rib, sekingina  “o‘zbekmisiz yo qoraqalpoq?”, deb so‘radim opadan.

– Ikkalasiyam, – dedi kulib. Keyin qo‘shimcha qildi. – Asl millatim qozoq, lekin o‘zimni bemalol o‘zbekman deb aytolaman, negaki, shu yurtda ulg‘aydim, o‘zbeklar bilan yonma-yon yashadim, qolaversa, eng asosiysi millatning yuragi sanal­gan o‘zbek tilida erkin gaplasha olaman, shu sababli mendan qoraqalpoqmisan yo o‘zbekmi degan savolga doim ikkalasiyam deya javob berishdan hech cho‘chimayman.

O‘zbek tilida shu qadar chertib-chertib gapirgan qozoq ayolini ko‘rib, o‘zi o‘zbek bo‘lsa-da, jonajon tilini qadrlamayotgan kishilarning borligini eslab ko‘nglim xira bo‘ldi.

Guljan opa bilan bir chetdagi o‘rindiqqa cho‘kdik, lekin nima deb savol berishga o‘ylanib qoldim – hayajonmi yo kutilmagan uchrashuvmi, biroz dovdirab qolganim. Oramizga sukunat cho‘kdi. Sukunatni ayolning qayerliksiz, uka, degan savoli buzdi. Men surxondaryolikman, degandim, “Qardosh ekanmiz”, deya jilmaydi. Rostdan ham, biz tomonlarda qoraqalpoq va qozoq tiliga yaqin qipchoq lahjada gaplashishadi. O‘zbek tilining urug‘i shu qadar sochilib ketganki, har yerning iqlimiga xos tarzda unib, mevasi turfa ranglarda jilolanadi.

– Mendek oddiy bir odamning hayotini doston qilay deb, shuncha yo‘l bosib kelibsiz-da, uka, kam bo‘lmang, – dedi Guljan opa minnatdor ohangda.

Guljan opadan dastlab yoshlik davri haqida so‘zlab berishini so‘ragandim. Jaydaricha javob berib qo‘ya qoldi:

– Bolaligim eski Urganch tumanida chang kechib o‘tgan, qishloqda yashasangiz, onangizday ayolman, u kishidek ulg‘ayganman: yer chopganmiz, sigir soqqanmiz, paxta terganmiz.

Suhbatdoshimning kamtarligi meni o‘ziga mahliyo qilib qo‘ydi. Ilm deganlari shu bo‘lsa kerak, avval boshingni osmon qiladi-da, so‘ng tuproqdek xokisorga aylantiradi qo‘yadi.

Guljan opaning o‘zbek tiliga bu qadar latofat baxsh etayotganini ko‘rib, Toshkentda o‘qib, talabalik kezlarida kursdoshlari bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan-u o‘zbek tilini mukammallashtirgan degan xayolga borib, ta’limni qaysi ilm yurtida olganini so‘radim. Bilsam, Qoraqalpog‘iston davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan ekan. Mana buni vatanparvarlik desa bo‘ladi, ba’zi kishilar o‘zga tillarni o‘zlashtirib, o‘z ona tili bilan ishi bo‘lmay qolgan bir davrda, o‘zbek tilini chuqur o‘rganib, mohiyatini anglab, uni yosh avlodga yetkazib berish, chin ma’nodagi jasorat, yurtga bo‘lgan haqiqiy sadoqat ramzidir.

– Nega aynan o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishini tanlagansiz?

– O‘zligimni chuqurroq ang­lagim keldi, o‘zbek tili haqiqiy turkiy tildir, shu tilni bilgan odamgina Navoiyni to‘liq ang­lashi mumkin, Navoiy­ni ang­lamaslik esa, o‘zlikni anglamaslikdan dalolatdir, – dedi hayratimni oshirib. O‘zimdan uyalib ketdim, “men haqiqiy o‘zbek bo‘laturib, Navoiyni qanchalik bilaman? Nari borsa o‘nta g‘azalini yod olganman-u “Xamsa”sini chala-chulpa o‘qiganman. Oliy ma’lumotli bo‘lib, darajam bu bo‘lsa, boshqalardan xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi.

– Mana, o‘ttiz yildan buyon turli ilm dargohlarida yoshlarga o‘zbek tilidan saboq berar ekansiz, har bir harakatdan meva kutilishi hech kimga sir emas, o‘quvchilaringiz, siz kutgan natijalarga erishayaptimi?

– Juda to‘g‘ri aytdingiz, har bir ishda natija bo‘lmog‘i kerak, yo‘qsa, shunchaki ermakdan nariga o‘tmay qoladi. Mening kasbiy faoliyatim, mehnatim ham o‘z samarasini bermoqda. 2016-yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan akademik litsey va kasb-hunar kollej o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan uch bosqichli fan olimpiadasida o‘zbek tili fanidan S.Tursunbayeva 1-o‘rinni,  2016-2017 o‘quv yilida shogirdim M. Endirova 3-o‘rinni, 2017-2018 o‘quv yilida yana bir o‘quvchim Ulbosin Kudenova o‘zbek tili fanidan 1-o‘rinni, xuddi shu yili Nodira Artiqbayeva 1-o‘rinni egalladi. Bulardan tashqari ham bir nechta o‘quvchilarim oliy o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. Bu xizmatla­rim hukumatimizning e’tiboridan chetda qolmadi. Meni “O‘zbekiston Respublikasi o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashdi.

– Yaqinda “Do‘stlik” medali bilan taqdirlanibsiz, bunday darajaga eri­shish har kimgayam nasib qilavermaydi, muvaffaqiyatga erishishgacha bo‘lgan jarayon haqida gapirib bersangiz.

– Mehnat borki, rohatini bermay qo‘ymaydi, agar u sidqidildan bo‘lsagina. Men ham yillar davomida tinimsiz izlanishlarim tufayli, ma’lum bir marraga erishdim, to‘g‘ri, bu yo‘lda qiyinchiliklar, ba’zan menga nisbatan nohaqliklar bo‘ldi, men esa ortga cheki­nishni or bilib, yo‘limda davom etaverdim, bu harakatlarim, albatta, bekor ketmadi – yurtimiz uni sevuvchi bir qizini do‘st tutib, “Do‘stlik” me­dali bilan taqdirladi. Buning uchun, avvalambor, Yurtboshimizga tashakkurlar aytaman va menga ishonib, do‘stlik qo‘lini cho‘zgan vatanimga, nasib etsa, hali uzoq yillar dastyor bo‘laman degan niyatdaman.

Bir ayolning qilgan xizmatlarini o‘z og‘zidan eshitib turib, g‘ayrat va jasoratiga qoyil qolib, bu diyordan hamon Barchinoy-u To‘marislar yetishib chiqayotga­niga amin bo‘ldim. 

O‘qitish uslubingiz haqida gapirib bering deganimda, Guljan opa biroz o‘ylab turdi-da, shunday dedi:

– O‘ttiz yildan buyon turli dargohlarda, turfa-turfa o‘quv­chilarga ta’lim berdim, siz o‘qi­tish uslubi haqida so‘radingiz, men sizga uslub yaratdim deb aytolmayman, ammo ustozla­rimiz o‘rgatib ketgan usullardan foydalanib, o‘quvchilarning ongiga chuqurroq iz qoldirishga harakat qilib kelmoqdaman. Bugungi kunda atoqli adibimiz, O‘zbekiston Qahramoni va Qoraqalpog‘istonning faxri Ibroyim Yusupov nomiga atab qo‘yilgan davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatida o‘zbek tili va adabi­yotidan dars be­rish bilan bir qatorda “Yosh tilshunos” to‘gara­gini tashkil etganman. Bu to‘garakni til o‘rgatishning yaxshigina usuli deb o‘ylayman. 

Opani tinglab, so‘zlarida qandaydir ijodkorlik nafosati borligini anglagandek bo‘laman.

– So‘zlaringizda qandaydir ijodkorlarga xos latofat bordek, menimcha, qalam ham tebratib tursangiz kerak.

– To‘g‘ri topdingiz, kasbim siznikidek jurnalist bo‘lmasa-da (kuladi) maqola yozib turaman. Shu yilning bahorida “Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasida buyuk bobomiz Alisher Navoiyning 578-yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy g‘oyalari – umuminsoniy qadriyatlar”  nomli maqolam chop etildi.

Guljan opaning tilimizning asoschilaridan biri bo‘lgan hazrat Navoiyning ilm anhoridan qonib-qonib suv ichayotganini ko‘rib, o‘zimni suvsiz sahroda tentirab yurganimni takror-takror angla­dim.

– Guvohi bo‘lib turibmanki, ikki tilda bemalol gaplashasiz, bu esa ikkita odam degan gap. Agar yoshlikka qaytib qolganingizda yana qanday tillarni o‘rgangan bo‘lar edingiz?

– Yoshlikka qaytsam, yana umrim davomida qilgan ishla­rimni takrorlagan bo‘lar edim, (xatolarim bundan mustasno) negaki, men orzu qilganimdek yashayapman, turmush o‘rtog‘im, bir o‘g‘lim-u ikki qizim davrasida, suygan kasbim bilan mashg‘ulman. Til haqida gapiradigan bo‘lsak, rus va nemis tillarini o‘zim uchun o‘rganib qo‘yganman.

– Farzandlaringiz ham siz tutgan yo‘ldan mamnunmi?

– Hozirda ikki qizim mening izimdan borib, o‘zbek tili va ada­biyotidan dars berib kelmoqda. O‘g‘lim esa talaba. Turmush o‘rtog‘im bilan bir kursda o‘qiganmiz. Bir so‘z bilan aytganda, biz oilaviy o‘zbek tilini olamga yoyishga bel bog‘laganmiz.

Tilga shunday jonkuyar insonlar, shunday fidoyi oilalar bor ekan, o‘zbek tili hali million yillar barhayot ekaniga ishonchim ort­di. Safarim so‘ngida bu fidokor ayolga yuksak muvaffaqiyatlar tilab, Toshkent tomon yo‘l oldim. Kechgan fursat mobaynida bu diyor ahliga qanchalik bog‘lanib qolganimni his etdim. Yoshlik davrimdan boshqa millat deb tasavvur qilib kelganim bu o‘lka ahlidan ajralish negadir qiyindek kechdi, ko‘ksimda bir vulqon turgandek bo‘ldi, bu qardosh xalqqa bo‘lgan mehr tuyg‘usi bo‘lsa kerak. Turfa o‘ylar bilan vokzal tomon yurar ekanman, beixtiyor quyoshga yuzlandim, botib borayotgan shams olovga tushgan oltindek lovullardi, endi bu manzarani maftun bo‘lgancha zamin tomosha qilardi.

Abdurauf Zokirov

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.