“Ko‘nglim ko‘shkida ko‘hlik ko‘hinur”

0
37
marta ko‘rilgan.

I

“Ayozning ko‘roydin tunida Oy junjikib turibdi behol…”. Ko‘chadan tezlik bilan o‘tayotgan yakka-dukka mashinalarning shovqinini hisobga olmaganda mudrab yotgan katta shaharning yaqin-olislarda yonib turgan chiroqlariga boqar ekanman, o‘z-o‘zidan ana shu she’riy misralar yodimga keldi. Bu satrlarni pichirlab-shivirlab takrorlar ekanman, xayol olis-olislarga ketdi. Qor qoplagan keng dasht, izg‘irin uvillayotgan qahraton qish kechasi va yulduzlarni tumanga qorgan kulrang osmonda ayozdan junjikib behol turgan Oy… Ko‘z oldimda namoyon bo‘lgan bu manzara men singari, ehtimol, ko‘pchilik uchun tanishdir. Lekin ana shu holatni o‘ziga xos o‘xshatishlar bilan qog‘ozga tushirish uchun shoirga savqi tabiiy iste’dod bilan birga shoirona sinchkov nigoh kerak bo‘ladi. Oy obrazi adabiyotda ko‘p qo‘llaniladi, ko‘plab shoirlarning ko‘plab she’rlarida asosan chiroyning bir timsoli sifatida tilga olinadi. Ammo bu she’rda uning junjikkancha behol turishi, xalqona ibora bilan aytganda, “osmondagi oy” haqidagi tasavvurlarimizni butunlay o‘zgartiradi, inchinun, she’riyat deb atalmish olamning sirli dunyosiga oshno tutintiradi. Shoirning mahorati ham, nazarimda, ana shunda ko‘rinadi. Bu kabi mulohazalarni o‘ylay-o‘ylay she’rning davomini o‘qib fikringizga shunday yakun yasaysiz: ”Sukunatning sokin unida Bunga tashbeh topmoqlik mahol”.

 

II

Bu siniq ruhimni tiklamoq bo‘lib,

Farishtam, takrorlab aziz nomingni.

Chillada bahorga ilhaq qush kabi

Qo‘msayman ruhafzo tabassumingni.

Bu misralar umid bilan qarayotgan, yashayotgan odamning ichidagi yashirin dardi. E’tibor bering-a: bechora shodlik yurakni tark etganiga ancha bo‘lgan. Sahrodek qup-quruq qalbga tinmay hasrat urug‘ini qadayotgan sukunat yillardek sudralib o‘tgan lahzalardan ko‘zlarga sog‘inchdan liboslar kiydirgan. Siniq ruhni tiklamoqchi bo‘lib aziz nomni “farishtam” deya suyub-erkalab qayta-qayta takrorlayotgan lirik qahramon qahraton qish chillasida bahorga ilhaq qush kabi uning ruhafzo tabassumini qo‘msaydi. Shoir chilla bilan bahorni bir payt­­da qo‘llash orqali ajoyib o‘xshatmani yaratgan va shu bilan unga ilhaq qushni bog‘lab ramziylik ham yuklagan. Umuman olganda, Sirojiddin Rauf she’riyatida ko‘ngil tortib, ko‘ngil suyub o‘qiydigan she’rlarni ko‘plab topish mumkin.

 

III

U ham hamma kabi oddiy bir odam,

Birovdan kam emas, birovdan ortiq.

Dunyoga kelganda Yaratgan egam

Lek shoir yuragin aylagan tortiq.

Bu – Sirojiddin Raufning o‘ziga ta’rifi, aslida.  Qadim Nasafda dunyoga kelgan ijodkor Yaratgan egamning tortiq aylagan shoir yuragi bilan dilbar she’rlarni bitib, o‘tgan asrning 90-yillarida adabiyotimizga kirib kelgan bir guruh iste’dodli tengqurlari qatorida munosib o‘rniga ega bo‘ldi. “Yig‘layotgan oy”, “Ko‘k gumbaz”, “Siz menga keraksiz”, “Tashrif” singari she’riy to‘plamlar muallifi bo‘lgan shoir, ustozi Erkin A’zam ta’biri bilan aytganda, birovlarning lafzidan tushib qolgan siyqa tuyg‘ularni takrorlamaslikka harakat qilib, ko‘nglidagi teran dardni shoirlik ishqi bilan teran she’riyatga aylantirib, o‘quvchilarga taqdim etib kelmoqda. Sirojiddin Rauf she’rlarini o‘qiganda mana bunday betakror o‘xshatish­larga ko‘p bora duch kelasiz:

Sen ketding,

Bulbulning ko‘zidek yog‘du topmadim,

Shabiston ko‘nglimni yoritmoq istab.

Jonday aziz qadrdon insonining ketishi bilan kishi hayotida, ruhiyatida bo‘lgan umidsizlik kayfiyati, ayni paytda, muhabbati shoir tomonidan mahorat bilan ko‘rsatib berilgan. Endi shu holat bilan bog‘liq voqelikni ko‘z oldingizga keltiring: bu alg‘ov-dalg‘ov hayotning qaysidir chorrahasida uchrab, Umr deb atalmish yo‘lning ma’lum bir manziligacha birga borgan, lekin shu vaqt oralig‘ida ko‘ngil qadrdoniga aylangan inson ketdi. Uning hech qachon qaytmaydigan bo‘lib ketganini bilgan ko‘ngil shabistonga aylangan. Uni yoritmoq istagan egasi, qarangki, bulbulning ko‘zidek yog‘du topolmaydi. Odatdagi mezonlarga amal qilmagan, qofiyasi ham joyida bo‘lmagan bu she’rni o‘qir ekanmiz, betakror misralarning hayotiy mazmun va jozibaga ega ekanini ham anglab, shoirni inson ruhiyatining musavviri degimiz keladi.

 

IV

Dunyo keng,

Unga yeng

Bo‘laman dema.

Bu hayotning achchiq-chuchugini totgan, yaxshi-­yomonni ko‘rib odamu olam haqida fikrlayotgan insonning mushohadasi, qarashi. Pand-nasihatga ham o‘xshab ketadigan satrlar qisqa-sochma bo‘lsa-da, uning mohiyatida katta ma’no mujassam. Chindan ham, dunyo keng. Uning kengligini qarich bilan o‘lchab bo‘lmaydi, geografik nuqtai nazardan olganda dunyo “suvrati salmog‘i Quvaning anoricha bor Yer shari” (Abdulla Oripov). Falsafiy dunyo esa umuman boshqa dunyo. Ne-ne to‘fonlaru suronlarni, ulug‘laru buyuklarni, mardu nomardlarni, qo‘yingki, neki bo‘lsa barcha-barchasini ko‘rgan bu dunyoga yeng bo‘laman deyishning, da’vo qilishning hech qanday nafi yo‘q. Zotan, orifona bitiklarda aytilganidek, bu dunyo bevafo. Shoir ana shu bevafolikni odatdagicha aytib-yozmaydi, boshqacha rakurs bilan ko‘rsatib beradi. 

Ha, inson bu ko‘hna dunyoning mehmoni. U tug‘ilgandan boshlab hayot uchun kurashadi, umri davomida zavqini ham, dardini ham totadi, yillar esa bularni odamning o‘ziga bildirib-bildirmagan holda suvratiyu siyratiga muhrlab boraveradi.

Do‘stim timsolida

O‘ychan boqadi

Sochiga oq tushgan bolalik.

Cirojiddin Raufning ilk kitobi va ilk she’rlari chop etilgan gazetalardagi suratlariga qarasangiz, hayotga, kelajakka chanqoq ko‘z bilan qarab turgan qop-qora, jingalak sochli yigitni ko‘rasiz. Shoirning o‘sha davrda yozgan she’rlarida ham yoshlikka xos ko‘tarinkilikni, muhab­batni sezasiz. Uning bugungi suvratiga qarasangiz, o‘sha qora sochlarga oq qirov inganiga guvoh bo‘lasiz, she’rlari ham mushohadali, hikmatomuz.

Ayovsiz yillarning kishi tashqi qiyofasiga, binobarin, fikrlashiga, dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatishi bor gap. Shoirning “Tashrif” nomli navbatdagi kitobida “Uch tomchi” sarlavhasi ostida chop etilgan uchliklarni o‘qir ekansiz, bunga ishonch hosil qilib, uning dadillik, ayni paytda ko‘ngil amri bilan yozayotgani, ijod qilayotganini sezasiz. 

 

V

“Filfak”da o‘qiganimizmi yo bo‘lmasa tabiatan romantik kayfiyatga moyil bo‘lganimiz uchunmi, ko‘pchiligimiz she’r aytishga, she’r o‘qishga va… she’r yozishga qiziqar edik. Har kimning o‘zi yaxshi ko‘rgan she’ri, shoiri bo‘lardi. Jasur Usmon degan bir saboqdoshimiz o‘tirgan-turgan joyida ham Shavkat Rahmon she’rlaridan aytaverardi. Shunday davralarning birida kimdir mana bunday ajoyib she’rni o‘qib qoldi:

Kiprikka ilinmas uyquning to‘ri,

Uzun tun ko‘ksimda orziqish, hovur.

Xayoling habibim to tongga dovur,

Subhidam sezilar hasratning zo‘ri.

 

Oftob g‘amzasida mujda ko‘rinur –

Ro‘yoni chilparchin qilgan haqiqat.

Sen – ko‘nglim ko‘shkida ko‘hlik ko‘hinur,

O‘ngimmi-tushimmi, tark etma faqat!

 

Zero, ishq so‘qmog‘in bor-yo‘g‘i jafo,

Undan yuz o‘girmak xurofot, bid’at.

Oshiqqa hamisha taxayyul ravo.

 

Umidvor ko‘ngilda boqiy muhabbat,

Ishqsiz umr g‘arib, dillar benavo.

Mudom o‘yimdasan, ilohiy tal’at!

 

“Kiprikka ilinmas uyquning to‘ri, Uzun tun ko‘ksimda orziqish, hovur”. Yoniq bu misralar ke­­yinchalik tillarda takrorlanib, dillarga ko‘chdi. Shundan keyin juda ko‘pchiligimiz bu sonet orqali Sirojiddin Rauf degan iste’dodli shoirni o‘zimiz uchun kashf etdik.

Men bu yerda bejiz o‘zimiz uchun degan gapga urg‘u berayotganim yo‘q. Sababi, Sirojiddin Rauf nomi ancha yillar oldin she’riyat, adabiyot muhiblariga yaxshi tanish bo‘lgan. Bir paytlar yaxshigina she’riy mujdalari bilan ko‘zga ko‘rina boshlagan, hozirgi kunda esa she’riyatimizning iqtidorli vakillari sifatida e’tirof etiladigan Faxriyor, Iqbol Mirzo, Zebo Mirzayeva, Rustam Musurmon singari shoirlar qatorida u ham bor edi. Biz buni o‘sha paytlarda faqatgina sirtdan bilardik, Sirojiddin Raufni sirtdan tanirdik. Shundan keyin angladikki, Sirojiddin Rauf bir-biridan dilbar she’rlarning, sodda qilib aytganda, egasi, rasmiyroq aytganda esa, muallifi ekan.

“She’r degani mana bunday bo‘pti-da!”. Fikrimcha, she’rlarining mana shunday e’tirofga sazovor bo‘lishini chin dildan istamaydigan shoir bo‘lmasa kerak. To‘g‘ri, haqiqiy shoir birov yoki o‘z manfaati uchun she’r yozmaydi, Yaratgandan berilgan tengsiz iste’dod uni hamisha ijod qilishga undaydi. Ammo iste’dodni o‘z vaqtida va boricha namoyon eta bilish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun esa shoirlik ishqi bilan birga, yuqorida aytganimdek, teran dard, shoirona sinchkov nigoh kerak bo‘ladiki, buni Sirojiddin Raufning she’rlarida ham ko‘rardik, hayratlanardik, “She’r degani mana bunday bo‘pti-da”, deb qayta-qayta o‘qirdik, bahsga kirishardik.

Zaminning mo‘ylari – qator teraklar

Ko‘kka barmoqlarin o‘qtalgan tunda,

Oy chachvon-bulutni yo‘qotib qo‘yib,

Xijolat chekkancha qimtinar. Shunda!..

 

Kunlar, haftalar, oylar, yillar o‘tdi. “Umr – yo‘l deb aytmishdir bashar, Jim borurmiz qay tomon boshlar”.  Sirojiddin Raufning bu she’rlarini aytib yurgan bizlar ham talabalik bilan xayrlashib, umr – yo‘l deb katta hayot sari otlandik. Shoirning ayrim bitiklari hali ham xotaramizda saqlanib qolgani, she’rlaridagi tuyg‘ular umrimiz davomida ko‘ngil kechinmalarimizga hamohang bo‘layotgani ham rost…

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam Sirojiddin Raufning “Siz menga keraksiz” to‘plami so‘zboshisida o‘zini ham, yozganlarini ham qadrlaydigan shoir inisi, shogirdiga ”ijodkor sifatida ham, inson sifatida ham allaqachon suyagi qotib ulgurgan” degan bahoni bergan edi. Ustozidan o‘tib, biz shogirdlar nima ham deya olardik: Sirojiddin aka, chindan-da, ham ijodkor, ham inson sifatida allaqachon o‘z o‘rnini topib ulgurgan. Bu o‘rin hech qachon yo‘qolmasin.

 

Sodiq NORBOYEV

1982 yili tug‘ilgan.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. Adabiy-ilmiy maqolalari bilan matbuotda qatnashib keladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.