Koshg‘ariydan qolgan til sadolari

0
32
marta ko‘rilgan.

Qozoq tilida ijod qiladigan adiblar Abay asarlarining tili hozirgi zamon qozoq tilidan ko‘ra Mahmud Koshg‘ariy tiliga yaqinroq ekanini ta’kidlashadi. Jahon adabiyotining durdonalarini, jumladan Abay Ibrohimning she’rlarini ham Mirtemir domla qiyomiga yetkizib o‘zbek tiliga tarjima qilgan edi. Ustoz Abdulla Oripov “Karvon” she’rida Mirtemirning tarjimonlik mahoratini shunday ta’riflagan:

 

Ne-ne o‘lkalarning ne daholari

Siz bois o‘zbekcha so‘ylagan edi.

Sizning lafzingizda kuylagan edi

Koshg‘ariydan qolgan til sadolari.  

               (“Yillar armoni”, 1984, 379-bet)

Abay o‘lanlaridagi qadimiy turkiy tilning “shira”larini, ohangdagi ma’no va qochirimlarni aniqroq anglash va o‘lanlarning badiiy xususiyati, tili haqidagi fikrlarni ravshanroq bayon qilish uchun misollarni qozoq tilidagi kitobdan keltirishga harakat qildik.

 

Qansonarda burgutchi chiqadi angg‘a,

Tastan tulki topilar angdig‘ang‘a. 

              (“Abay”, 1994 , Almati, 14-bet)                            

Burgutchi qor yoqqanda ovga chiqadi. Chunki, oppoq qorda yovvoyi hayvonlarlarning izlari aniq ko‘zga tashlanadi. Ovchi tulkining izini osongina topib oladi va uning iziga tushadi. “Ang” –  yovvoyi va yirtqich hayvonlarning umumiy nomi. “Angduv” – poylamoq, yirqich hayvonlarning izidan tushmoq. Bu so‘zlar qoraqalpoq tilida ham shu ma’noni bildiradi. O‘zbek tilidagi bo‘sh-bayov, uquvsiz, sodda ma’nosidagi “angqov” hamda tushunmoq, uqib olmoq so‘zlarining ma’nodoshi “anglamoq”ning o‘zagi ham “ang”. Angni – yovvoyi hayvonni ovlashni eplay olmagan, uning izini anglamagan landovur – angqovdir.

Mahmud Koshg‘ariy lo‘g‘atida esa “ang” so‘zi shunday izohlanadi: “Ang – qush ismi, uning yog‘idan dori sifatida foydalanishadi. Agar yog‘i kaftning yuziga surilsa, kaft orqasiga ham yoyilib ketadi” ( “Devoni lug‘otit turk” “O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi nashriyoti, Toshkent 1960 yil, 1-jild, 76-bet).

Abay angchining tulkining izidan daryo o‘zaniga chiqqani, burgutini tulkini ovlash uchun uchirganini yorqin badiiy bo‘yoqlar bilan tasvirlaydi.

 

Qar – appaq, burkit – qara, tulki – qizil,

O‘xshaydi qasa suluv cho‘milg‘ang‘a.

Qara sochin ko‘tarib ikki shыntaq,

U-da bulk-bulk etmaymi siypag‘anda.                                          

                         (“Abay”, 1994, Almati, 15-bet)

“Qas” – haqiqiy, chinakam, asil”, “shыntaq”– bilak degan ma’noni anglatadi. Shoir oppoq qorda qora burgut bilan qizil tulkining olishuvi manzarasini nihoyatda go‘zal qizning suvda cho‘milayotgan holatiga o‘xshatadi. Suluv ikki bilagi bilan qora sochlarini ko‘tarib boshini yuvgani, suvda cho‘milgani kabi burgut bilan tulki jon talashib kurashganida oq, qora va qizil ranglar ayqash-uyqash bo‘lib, yalt-yult etib ketadi.    

 

Appaq et, qip-qizil bet, jap-jalangach,

Qara soch qizil yuzni yashirganda.

Kuyovi er, qalыndыg‘i suluv bo‘lib,

Yana o‘xshar tor to‘shakda jo‘lg‘asqang‘a.

                             (“Abay”, 1994, Almati, 15-bet)

Qora burgut qizil tulkiga chang solgani qora sochning qirmizi yuzni yashirganiga o‘xshatiladi. Ov zavqini shoir kuyov bilan kelinning chimildiqdagi visol oqshomiga tenglashtiradi.

Abay ushbu o‘lanni haqiqiy ovchi yigitlar o‘qisa, zavqlanadi, deya yakunlaydi. Zotan ovga chiqib, angga qush solib, ov zavqini his qilmagan kimsalar, bu o‘lanning qadrini ham bilmaydi.

 

Muni oqыsa, jigitter, angshы oqыsin,

Bila almassыng, qus salыp dam tatpasang.

                          (“Abay”, 1994, Almati, 16-bet)                                

Shoirning mazkur o‘lani Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lo‘g‘otit turk” asaridagi quyidagi qo‘shiqni eslatadi.

 

Chag‘ri alib arqun,

Munib arqar yetar,

Avlar kejik tayg‘an

Izib tilku tutar.

 

Qo‘liga lochin qo‘ndirib,

Alqorlarga yetadi.

Tozi it-la kiyik bilan

Tulkilarni tutadi.                   

           (“Devoni lug‘otit turk” 1-jild, 398-bet.)

Turkiy xalqlar turmushida epchil, chaqqon va mergan ovchilarning faoliyati nihoyatda qadrlangan. Shoirlar chavandoz va qushchi yigitlarning jasoratini madh etgan. Abay ham o‘z xalqining ana shunday fazilatini ulug‘laydi. Shoir ov manzarasi bilan birga ovchining ko‘nglidagi shavqu zavqni badiiy mahorat bilan ifodalaydi. Inson tuyg‘usi va ruhiyatining tasviri badiiy asarning umrboqiyligini ta’minlaydi.

 

Men salom yozaman,

Qarog‘im, qalqama.                                           

Qayg‘ungdan ozaman,

Borguvchi aytama?

 

Ko‘ngilga yupanish,

Sen eding, bozorim.

Endi yo‘q quvonish,

To‘zmoqda ajarim.            

              (“Abay”, 1994, Almati, 253-bet)

“Qalqam” so‘zi jonim, mehribonim ma’nosini anglatadi. Jonim, senga salomnoma yozaman, deydi lirik qahramon. Lekin jondan ham aziz jonona beparvo. “Ajar” rangi ro‘y degan ma’noni bildiradi. Ishqingda rangim sarg‘ayib somon bo‘ldi, deb o‘rtanadi oshiq.

 Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida sevgi haqidagi lirik she’rlarga hamohang­likni his etarkansiz, ulug‘ bobolardan qolgan navolarning yangi ohanglari dilga zavq bag‘ishlaydi.

 

O‘zik meni qumitti,

Saqinch menga yumitti,

Ko‘nglim angar emitti,

Yuzim mening sarg‘arur.

 

(Sevgi dardi qo‘ymaydi,

Sog‘inch meni qiynaydi,

Ko‘nglim unga to‘ymaydi,

Yuzim mening sarg‘ayur).

                                      (DLT 1-jild, 99-bet)

Abay o‘lanlarining asosiy qahramoni tuyg‘u, fikr, ehtiros, dard, qayg‘u va sevinch.

Abay o‘lanlarining asosiy mavzusi xalqining nurli kelajagi uchun yonib-kuyish, eldoshlarining taraqqiyotdan orqada qolayotganidan o‘rtanish, millatni nodonlik va qoloqlikdan voz kechishga, ilmu hunar o‘rganishga da’vat etish. Shu bois bilimsiz, nodon va beg‘am odamlarni ayovsiz tanqid qiladi.

 

Yoshlikda bilim izlab yugurmadim,

Xayrin bildim, biroq yuz o‘girmadim.

Ulg‘ayganda qarasam qo‘lim quruq,

Kechikib qo‘l cho‘zdimu, ulgurmadim.

 

Bilimsiz qolganimga kim gunohkor?

Izlasam bo‘larmidim munchalik xor?

Odamzod tasallisi farzand ekan,

Farzandimni bilimga qo‘ymadim zor.

(Abay “Yorqin yulduz”, Toshkent, 2015, 25-bet Mirtemir tarjimasi.)                                                         

Pand-nasihat mavzusidagi o‘lanlarida yoshlarni ilg‘or ilm-fan va badiiy adabiyot yutuqlaridan xabardor bo‘lishga, til o‘rganishga undaydi. “Internatda o‘qiydi talay qozoq bolasi” deb boshlanuvchi she’rida bilim egallashning manbai kitob o‘qishda ekanini ta’kidlab, bilimga befarq kishilarni “Uyida yo‘q birining Saltikov yo Tolstoy” (“Yorqin yulduz”, 42-bet) deya tanqid qiladi. 

 

Qozog‘im, sho‘rlik yurtim, vayron yurtim!

Qorong‘ida yo‘l topolmay hayron yurtim!

Yomon bilan yaxshini farq qilolmay,

Og‘zida ham qon, ham moy sarson yurtim.

(Shu bandning oxirgi misrasi “Og‘zi-burni ham qon, ham moy sarson yurtim” deya tahrir qilinganida xalq iborasiga mos bo‘lardi – R. M.)

 

Tunda uyqung buzilar, kunduz — kulking,

Dardingga em bo‘lmadi moling — mulking!

Ochko‘zsan, tamakorsan, qurumsoqsan,

Bor savlating boshingga kiygan tulking…

 

Otalarga o‘xshamay qoldi turqing,

Yopiray, muncha ketdi, elim, xulqing!

Birlik yo‘q, baraka yo‘q, buzildi fe’l,

Qani yiqqan davlating, boqqan yilqing?

(Abay “Yorqin yulduz”, Toshkent, 2015, 35-bet, Mirtemir tarjimasi)                                 

 

Ustozimiz Abdulla Oripov ta’magirlik nuqsoni bor, nafsi yomon kishilarni ta’riflaganda “Bir cho‘qib, o‘n qaraydi” degan ko‘hna naqlni eslar edi. Abay qadimgi turkiy maqollar, hikmatli so‘zlar va iboralardan badiiy vosita sifatida mahorat bilan foydalanadi. Quyidagi satrlarda poraxo‘rlik, ta’magirlik va ochko‘zlik el-yurtni tanazzulga uchratgani haqidagi achchiq fikrlar sonlar vositasidagi istiora bilan ifodalanadi:

 

Baylar jur jig‘an malin qorg‘alatib,

O‘z juzin o‘nin berib alar satip.

O‘nin alip, to‘qsannan ta’ma qilip,

Bul jurtti qo‘yg‘an jo‘qpa Quday atip?          

(“Abay” 1994 yil, Almati, 29-bet)

Abay o‘lanlari ham “Devonu lug‘otit turk”dagi lirik she’rlar kabi barmoq vaznida bitilgan. Kitobda 7-8 va 11-12 hijoli vaznda bitilgan she’rlar ko‘p. Lekin turkiy xalqlar og‘zaki adabiyotida shunday she’riy shakllar borki, ular murakkabligi va o‘ynoqiligi, ohandorligi bilan o‘quvchini ham, tinglovchini ham sehrlab qo‘yadi. Bu to‘lg‘ov janridagi lirik she’rlar va termalardir.

Ichim o‘lgan, sirtim sov,

Ko‘ringanga deyman-ov:

Bugungi do‘st – ertan yov,

Men ne qildim, yopirim-ov?!

Bundaymasding anov kun,

Nima bo‘ldi, botir-ov?

Uch kun arqon bo‘shasa,

Bo‘la qolding bo‘sh asov.

Berarmanda beshovsan,

Olarmanda yana oltov.

To‘p bo‘lganda ko‘rarsan

Turli dovni yuz tarov.

Qaytib kelar eshikni

Qattiq yopma, yorqin-ov!

Yetilsang-da, yetsang-da,

Kerak kuni bir bor-ov.      

         (“Abay”, 1994, Almati, 89-90-betlar)

 

To‘lg‘ov shaklidagi she’riy usul xalq dostonlarida ham ko‘p uchraydi.

“Alpomish” dostonida Tovka oyim Alpomishning kelayotganini eshitib, bekni kutib olishga chiqqani shunday tasvirlanadi:

 

Xabar eshitgandan turib jo‘nadi,

Kanizlarman birga-birga keladi.

Kelayotir ko‘nglin xushlab,

O‘n kanizi yo‘lni boshlab,

O‘n kanizi po‘sh-po‘shlab,

O‘n kanizi zulfak tashlab,

O‘n kanizi belin ushlab,

Necha qizlar o‘yin boshlab,

Bir-birining vaqtin xushlab.

(“Alpomish” “Sharq” NMAK, Toshkent, 1998, 298-bet, aytuvchi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li.)

 

Abayning she’rlarini asliyatda, ya’ni qozoq tilida o‘qigan kitobxon shoir ohanglar va tovushlar afsungari ekanini anglaydi va bu go‘zal hamda jozibali she’riyatning ohanrabosiga rom bo‘lib qoladi. Ohang, sukut, urg‘u, sur’at, tovushlar uyg‘unligi goh tog‘dan tushayotgan jilg‘aga, goh yelib borayotgan arg‘umoqning tuyoqlari dupurlashiga, goh quyunga, goh mayin shabbodaga o‘xshaydi. Bepoyon kenglik, cheksiz dashtlarning manzarasi o‘z ohanglari bilan Abay she’riyatiga ko‘chgan. Ayni paytda uning ijodida osmono‘par tog‘ cho‘qqilarining ulug‘vorligi ham namoyon bo‘ladi. Ulug‘ shoir she’rlaridagi ohanglardan olingan ayrim misollarga e’tibor bering.  

 

“Buralip turip,

Buvini qurip” 5 hijoli,

“Sof-sof ko‘nglim, sof ko‘nglim” 7 hijoli,

“Qaling elim, qazag‘im, qayran jurtim” 4-3-4 turoq bilan 11 hijoli,

“Qaqtag‘an aq kumistay keng mangdayli” 11 hijoli,

“Qartaydiq, qayg‘i uyladiq, uyqi sergak” 12 hijoli,

 

“Sakkiz oyoq” sakkiz misra “a-a-b; v-v-b; g-g” shaklda qofiyalangan 25 bandli, 5-5-8; 5-5; 8-8-8 hijoli murakkab va o‘ynoqi barmoq vaznida yozilgani bilan e’tiborni tortadi.  O‘lanning har bandi sakkiz qatordan bo‘lgani uchun “Sakkiz oyoq” deb nomlangan.

Har bandi 6-4-4-3-4-2-8 hijoli 7 misrali, shuningdek har bandi 9 misradan bo‘lib, 4-4-7-4-4-7-4-3-3 hijoli vaznda yozilgan va “a-a-b;v-v-b;g-g-g” shaqlda qofiyalangan o‘lanlar turkiy she’riyatning ohanglari rang-barang ekanini namoyon etadi. 

Har misrasi 6 hijoli o‘landagi tovushlar uyg‘unligi, takrorlar, harakat-holatni bildirgan so‘zlar xuddi afsun o‘qilgandek yangraydi:

 

Isitqan, suvitqan

Bo‘yingdi bir ko‘ngil.

Dunyoni unutqan

Qumaring to‘zar, bil.

 

Turkiy xalqlarning qo‘shiqlariyu lirik termalarida oxirgi satrlari asosan fe’l bilan yakunlanadi. Ya’ni she’rning qofiyasi fe’l so‘z turkumiga mansub bo‘ladi. Bunday poetik xususiyat Abayning she’rlariga ham xos. Albatta, bugungi kun ijodkori uchun she’r qofiyasining ot yoki sifat bo‘lgani yaxshi. Chunki, qofiya ot bo‘lsa, bunday qofiyadan yangi nom, yangi obraz yaraladi. Agar qofiya sifat bo‘lsa, yangi rang yaraladi. Bu esa she’r tilini boyitadi. Biroq o‘ylanib qolaman, nima uchun qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, shu jumladan qadimgi o‘zbek she’riyatining qofiyalanish shakli asosan fe’ldan iborat? Har bir xalqning badiiy adabiyoti o‘sha xalqning ruhiyati, fe’l-atvori, urf-odati va fikrlash tarzini namoyon etadi. Fe’l ish-harakatni, amaliyotni ifodalaydi. Turkiy xalqlar harakatchan, chaqqon, jangovar, tadbirkor bo‘lgan. Ular bepoyon kengliklarda qishloqdan yayloqqa, yayloqdan qishloqqa ko‘chib qo‘nib umr kechirgan. Qushdek uchqur tulporlarida yelib, dushmanlarining dodini bergan. Hayot uchun kurashning asosiy sharti harakat, harakat, yana harakat bo‘lgan. Shuning uchun ularning qo‘shiqlarining qofiyasi harakatni ifodalovchi fe’ldan tuzilgan. Dumbirayu qo‘biz musiqasi jo‘rligida kuylagan qo‘shiqlarida qahramonlik, botirlik, chaqqonlik, topqirlik, ziyraklik madh etilgan.    

Turkiy xalqlar she’riyatining yana bir qadimiy turi topishmoqdir. Ba’zida u jumboq deb ataladi.

Abay hazratlari qadimiy turkiy she’riyatning vorisi sifatida jumboq janridagi she’rlar  ham  bitadi. Shoir ularda dunyoning mohiyati, umrning o‘tkinchiligi, tabiat va olamning yaratilishi, ezgulik bilan yovuzlik o‘rtasidagi kurashni tasvirlaydi.

 

Jumboq:          

Alloh yaratgan kuchli sakkiz botir,

Bir-biri bilan kurash tushib yotur.

Galma-galdan yiqitishib, yotib-turib,

Kim yengadi – noma’lum allal oxir.

 

Yechimi:

Buni topsam o‘ylanib: “Oqin” – dengiz,

Topolmasam: “Qayda qoldi aql?” – dengiz.

Qish bilan yoz, kun bilan tun, toq bilan juft,

Yaxshilik bilan yomonlik – bo‘ldi sakkiz.

(Matn “Abay”, 1994, Almati, 169-betdan olindi, tarjima bizniki – R. M.)

 

Abay ijodida aytishuv(qiz bilan yigitning o‘lan aytishuvi), yo‘qlov janridagi she’rlar ham mavjud. Ayni paytda Abay alloma shoir. Uning diniy mazudagi she’rlari xalqni hidoyatga, imon- e’tiqodga da’vat etadi. Shoirning o‘z davrining ilg‘or ziyolisi, ma’rifatparvar ijodkor sifatida rus mumtoz  she’riyatidan qilgan tarjimalari va badiiy mahorati haqida juda ko‘p gapirish mumkin.

Abay ijodini o‘rganish bugungi yosh avlod uchun turkiy she’riyatning betakror va rang-barang poetikasini kashf etish va tahlil qilish imkoniyatini beradi. Shoir she’riyatidagi umrboqiy hikmatlar yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Adabiyotni rivojlantirish, qardosh xalqlar o‘rtasidagi adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash, ayniqsa Abay ijodini teran o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilayotgan e’tibor nur ustiga nur bo‘ldi.

 

Rustam Musurmon,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

1963 yili  tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti(hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

«Ruhimning tovushi», «Xirgoyi» she’rlar va dostonlar to‘plamlari nashr etilgan. A.Faynbergning «Chig‘ir», B.Genjamurodning «Okuzdaryo bitiklari», kabi she’riy to‘plamlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.