Oltin zinalar

0
30
marta ko‘rilgan.

Tuhfai xoniy

Mahobatli saroylar, qo‘rg‘onlar, masjidlar, madrasalar, nuragan ko‘priklar vayron, xaroba holida bo‘lsa ham juda ko‘pchiligi XX asrga qadar yetib keldi. Ushbu asr faqat sanoqli mutaxassisgina tasavvur qila oladigan ulug‘ karvonni og‘ir zambaraklar yetaklagan, bomba uloqtiruvchi uchoqlarda o‘tirgan, eng zamonaviy o‘q otar jang qurollarini qo‘lda mahkam tutgan talonchilar bilan kutib turgan ekan. Olti-yetti ming yil naridan kelayotgan karvonning ahvoli ularsiz ham yaxshi emasdi. Bu karvonni yuz yil talashdi. Bu talonchiliklar oldida Karib dengizi qaroqchilari ba’zan odamning ko‘ziga farishtaday ko‘rinib qoladi.

1955 yillarga qadar ertakday bo‘lib turgan Ko‘hna Qarshi va Jizzax shaharlari sho‘rolar boshchiligida eskilik sarqiti, deb yer yuzidan deyarli supurib tashlandi. Komsomollardan zarbdor guruhlar tuzilib, afsonalar yashayotgan, ko‘hna dunyo panalab turgan qal’a devorlari yer qatori qilib tekislandi. Buxoro va Samarqand devorlari boshiga ham shunday kun tushgan edi.  Ularga birinchi jahon urushida otilgan zambaraklardan birortasining o‘qi yo ikkinchi jahon urushidagi fashistlarning bir dona ham bombasi tushmagan edi. Stalingrad saqlanib qoldi va vayronalari tiklandi. Biroq bu shaharlar keyin qayta tiklanmadi…

Hech bo‘lmaganda, hozircha ularni yurakda, tafakkurda tiklashning iloji bor. Turonda vayron etilgan barcha qadimiy kentlar, qal’alar, hozir ham olimlar nigohiga o‘zini ko‘rsatmay turgan olti-yetti ming yillik Ulug‘ o‘tmish qo‘rg‘oniga olib kiruvchi oltin zinalar saqlanib qolgan. Ulardan biri «Tuhfai xoniy» asaridir.

Muallif: Manbalarda ismi Muhammad Vafoi Karmanagiy, mulla Mir Vafo Karmanagiy, Qozi Vafo Karmanagiy, Muhammad Vafo ibn Muhammad Zahir Karmanagiy kabi ko‘rinishlarda uchraydi.

U 1685 yili Karmana viloyatida ziyoli oilada tug‘iladi. Otasi Muhammad Zahir Karmanagiy ashtarxoniylar zamonida qozi amalida ishlagan. Albatta, u o‘g‘lining tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratgan, madrasalarda ta’lim olishini ta’minlagan. Muhammad Vafo Karmanagiy dastlab ashtarxoniy Ubaydullaxon saroyida kitobdorlik vazifasini bajaradi. Keyinchalik lavozimi ko‘tarilib, qozilik mansabida faoliyat yuritadi. U o‘z davrining obro‘-e’tiborli shaxslaridan edi. Yurtda ashtarxoniylar hukmronligi poyoniga yetib, mang‘itlar davri boshlanadi. Muhammad Vafo Karmanagiy mang‘itlarning ilk hukmdor vakili Muhammad Rahimxonning (1709 – 1758) hurmatini qozonadi. Ushbu «Tuhfai xoniy» (Xon tuhfasi) asari uning taklifi va buyrug‘i bilan yoziladi. Shu sababdan mazkur asar «Tarixi Rahimxoniy» (Rahimxon tarixi) nomi bilan ham ataladi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘l­yozmalar xazinasida asarning №12966 raqami bilan saqlanayotgan nusxasi matni oxirida Qozi Vafo Karmanagiy hijriy 1183 yili (1769 – 1770) Buxoroda vafot etgani qayd etilgan.*

Asar ahamiyati: «Tuhfai xoniy» ham XX asrga qadar juda mashhur asarlardan biri bo‘lgan. Qo‘lyozmalar xazinasining asosiy jamg‘armasida (fond) uning №16 (366 varaq), 2604 (181), 2721 (295), 3530 (228), 4263 (333), 5062 (318), 5359-2 (221: 172 – 393), 5360 (293), 12966 (239), 615-3 (4: 190 – 193) raqamlarda qayd qilingan o‘nta nusxasi saqlanadi.

Kitob ikki juz (qism)dan tashkil topgan. Birinchi qismda mang‘itli Muhammad Rahimxon va otasi Muhammad Hakimbiy otaliqning hayoti, mang‘it hukmdorlaring tarixi, ularning asar yozilayotgan paytda jamiyatda tutgan o‘rni batafsil yoritilgan.

Asarda Buxoro davlati boshqaruv tizimida mavjud bo‘lgan mansab va amallarga oid muhim ma’lumotlar bor. Ashtarxoniylar va mang‘itlar hukmronligining ilk davrida mamlakatda kechgan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy jarayonlar mohirona va qiziqarli tarzda hikoya qilinadi. Buxoro, Samarqand, Nasaf, Shahrisabz, Jizzax atrofida kechgan tarixiy voqealar, bu hududlarda istiqomat qilayotgan elatlar hayotiga taalluqli axborotlarning ko‘pchiligiga muallifning o‘zi guvoh bo‘lgan.

Muhammad Vafo Karmanagiy mang‘itlar davlatida 1770 yilgacha bo‘lgan voqealarni yozib boradi. Biroq to‘liq kitob holiga keltirishga ulgurmaydi. 12966 raqamli nusxa oxirida matn orti (kolofon) axborotiga ko‘ra, kitob qoralama holida qolib ketadi va keyinchalik to‘ldirilib, kitobat qilinadi. Bu ma’lumotlar asarning birinchi juziga oiddir.

 

* * *

«Tuhfai xoniy» asarining ikkinchi juzi amir Doniyolbiy (Muhammad Rahimxonning ukasi) otaliqning rag‘bati va buyrug‘i bilan davom ettirilgan. Bu qismni Olimbek ibn Niyozqulibek Nasafiy yozadi. Ikkinchi juzda Amir Doniyolbiy davri va qisman amir Shohmurodning davlat boshqaruvidagi faoliyati yoritilgan. Voqealar oxiri 1782 yil bilan tamomlanadi. Bu paytda amir Shohmurodbiy hali markaziy davlat boshqaruvi tepasiga kelmagan edi.

Asarda Buxoro xonligida yashagan olimlar, markaziy boshqaruv­ni mustahkamlash maqsadida olib borilgan kurashlar va islohotlar, XVIII asr birinchi yarmida ro‘y bergan parokandalik va o‘zaro ichki to‘qnashuvlar oqibatida shahar va qishloqlarning tanazzulga yuz tutishi kabi holatlar to‘g‘risida muhim axborotlar beriladi. Iqtisodiy jarayonlar, jamiyatda mavjud bo‘lgan o‘lchov birliklari va pul munosabatlari, mansablar, ilmiy, adabiy hayot haqidagi ma’lumotlar bugungi kun o‘quvchisi o‘sha davrlar manzarasini aniq va to‘g‘ri tasavvur qilishi, anglashiga xizmat qiladi.

Ushbu asardan bir qancha tadqiqotchilar ishlarida foydalanishgan. Biroq qimmatli tarixiy manba bo‘lishiga qaramay, hozirgacha o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan.

 

Fathnomai sultoniy

 Muallif: Muhammad Mir Olim Buxoriy. Amir Nasrulloxonning e’tiborli kishilaridan edi. Tarjimai holiga oid ma’lumotlar deyarli yo‘q. Bu uning shaxsi va asari maxsus o‘rganilmaganidan dalolat beradi. «Fathnomai sultoniy» (Sulton fathnomasi) kitobini G‘uzorda Muhammad Olimbek huzurida yozishga kirishadi. Mazkur asar “Tarixi amir Nasrulloh” nomi bilan ham ataladi. Muallifning bosh­qa asarlari borligi bizga hozircha ma’lum emas.

Asar ahamiyati: Qo‘l­yozmalar xazinasi asosiy bo‘limida asarlarning №1838 raqamli yagona nusxasi saqlanadi. Forsiyda yozilgan, qattiq muqovali, mahalliy qog‘oz, xati nasta’liq, 194 varaq, hajmi 26x15sm. Hijriy 1256 yili (1840) yili ko‘chirilgan.

Asar an’anaviy tarzda boshlanadi, 5a-sahifada maqsadga o‘tiladi va yozilish sabablari bayon qilinadi. 8b-sahifadan amir Doniyolbiy davrida jamiyatda nazorat sustlashib qolgani, amaldorlarning o‘zboshimcha bo‘lib ketgani, poraxo‘rlik avj olgani va soliqlar oshib, xalq qiynalib qolgani to‘g‘risida so‘z boradi. Shohmurodbiy davlat tepasiga kelgach, davlat nazoratini kuchaytirib, barcha tartibsizlarga barham berishga kirishadi. U «xatti tarxoniy» joriy etib, soliqlar belgilangan muddatga bekor qilinadi.

Asarning 56b -sahifasiga qadar amir Nasrulloning taxtni egallashigacha bo‘lgan voqealar hikoya qilinadi. So‘nggi tarixiy hodisalar hijriy 1248 yilgacha (1832) yetkazilgan. Amir Nasrullo davri to‘liq yoritilmagani sababli ko‘pchilik tadqiqotchilar asarni tugallanmagan, deb hisoblaydi. Balki muallif bu paytlarda hayot bo‘lmagandir ‑ bunga keyingi tadqiqotlar aniqlik kiritadi.

Muhimi, asar katta tarixiy ahamiyatga egadir. Unda amir Nasrulloxon shaxsi va uning atrofida to‘plangan tarixiy shaxslar, turli viloyatlar hokimlarining markaziy davlat oliy boshqaruvi bilan munosabatlariga taalluqli muhim axborotlar berilgan. Sho‘rolar davrida jallod, yovuz va zolim qiyofasida tasvirlangan amirning ko‘pgina ijobiy tomonlari ham ko‘zga tashlanib qoladi. Uning mamlakatni birlashtirish yo‘lida olib borgan tinimsiz kurashlari, Bahovuddin Naqshband mozorida amalga oshirgan obodonchilik ishlari, otasi amir Haydar qabri yonida madrasa qurdirishi va unga vaqflar ajratishi, Ayub alayhissalom mozoriga ajoyib sandiq yasattirgani kabi ko‘plab ishlariga oid ma’lumotlar tarixga bo‘lgan munosabatimizni qayta ko‘rib chiqishga undaydi.

Tadqiqotchilar Denov shahridagi Sayyid otaliq madrasasining XV – XVII asrlarda Alouddin Attor avlodlari tomonidan bunyod etilgani va boshqa ma’lumotlarni qayd etishadi. «Fathnomai sultoniy» asari madrasalar tarixiga bag‘ishlangan ishimizda bu muammoni hal etishga yordam berdi. Uni amir Haydarning qaynotasi Sayyid otaliq XIX boshlarida qurdirgani aniqlandi. U bir necha yillar Denovda hokimlik vazifasini bajargan ekan.

Asarda XVIII asr ikkinchi yarmi va XIX asr o‘rtalarigacha Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, G‘uzor, Sherobod, Boysun, Denov, Jizzax, Yakkabog‘ va boshqa bekliklar tarixiga oid ko‘plab qimmatli ma’lumotlar bor. Ushbu asar Muhammad Vafo Karmanagiy ma’lumotlarini to‘ldiradi va muvaffaqiyatli davom ettiradi.

Akademik Bo‘riboy Ahmedovning ta’kidlashicha, O.D. Chexovich «Fathnomai sultoniy» asarining birinchi qismini rus tiliga tarjima qilgan, ammo nashr etilmay qolgan. Mazkur qism amir Nasrullo hukmronligiga qadar davr voqealaridan iboratdir.

Bu asarning taqdiri ham oldingisi kabidir. Mamlakat tarixini o‘rganishda qimmatli axborotlarga boyligiga qaramay, hozirgacha o‘zbek tiliga o‘girilmagan.

 

* * *

Oltin zinalar… Ularni topmay, zamonlar kemtik qilgan joylarini butlamay, unga qanday qadam qo‘yib bo‘ladi?

Yaxshiyamki, ajdodlar kitoblar yozib qoldirishgan. Bitta, ikkita emas, minglab. Aytmoqchi bo‘lgan zinalarimiz o‘shalar. Har biri Millatni o‘ziga, uning qalb saroyiga olib borishga xizmat qiladigan oxiri ko‘rinmas uzun zinaning bitta pillapoyasidir. Ularni ko‘rmasdan, bilmasdan biror tarixiy-badiiy asar yozib bo‘ladimi? Tadqiqotlar o‘z yo‘liga. Ular bugunning ishlari. Ularning yaxshilari bugunning kishisiga imkoni yetganicha ko‘mak berar, ammo manbalar uddalaydigan ishlarni aslo bajara olmaydi.

Biz, hozir nimani kutyapmiz o‘zi?

 

Abdusattor JUMANAZAR,

O‘zRFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.