“Qisasi Rabg‘uziy”ning nusxalari taqqoslansa…

0
20
marta ko‘rilgan.

Turkiy xalqlar ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutgan, payg‘ambarlar tarixidan hikoya qiluvchi “Qisas ul-anbiyo” – “Qisasi Rab­g‘uziy”ni Nosiruddin Rabg‘uziy 1309–1310 yillarda ko‘hna Xorazmda, azim Amudaryo bo‘ylarida bitgan. XX asrga qadar asarning turkiy tildagi nusxalari dunyo bo‘ylab tarqalgan. Tabiiyki, asarning nusxalari turli davrlarda ko‘chirilgani tufayli ularda chig‘atoy tilining vaqt sayin o‘zgarib borgan leksikasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. “Qisasi Rabg‘uziy”ning asl nusxasi esa turkiy tilda, aniqroq aytganda, xorazmcha qipchoq turkchasida yozilgan. Xorazmcha qipchoq turkchasi bilan eski o‘zbek tili o‘rtasida ozmi-ko‘pmi farqlar bo‘lsa-da, baribir, hozirgi o‘zbek tilining shakllanishida xorazmcha qipchoq turkchasining ishtiroki bo‘lgan; hatto hozirgi o‘zbek tilining ayrim shevalarida ham biz asar tilining ma’no jihatidan o‘zgarib borgan, ammo muomaladagi ko‘plab so‘zlariga duch kelamiz.

“Qisasi Rabg‘uziy” to‘g‘risida gap ketganda, unga tegishli bir ma’lumotni, ya’ni asarning haqiqiy qo‘lyozmasi topilmaganligini ham aytib o‘tishimiz kerak. Shunday bo‘lsa-da, barcha g‘arblik turkolog olimlar “Qisasi Rabg‘uziy”ning London shahridagi “Britaniya” kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxasini (garchi bu nusxa XV asrda, asar dunyoga kelganidan qariyb ikki asr o‘tib ko‘chirilganiga qaramay), asl qo‘lyozmaga eng yaqin nusxa deb hisoblashadi. Aslida, masalaga bu jihatdan yondashish bizni juda chigal savollar sari boshlaydi. Boz ustiga, Britaniya muzeyidagi qo‘lyozma nusxasiga tayanib, boshqa qo‘lyozma nusxalar xususida aniq bir fikr aytish mushkul. Zotan Londondagi ushbu qo‘lyozma nusxaning o‘zi xattot tomonidan, zamonaviy qilib aytganda, kitob do‘konida sotish uchun ko‘chirilgan. Siz bunda xattot asarni shoshmashosharlik bilan bir qancha xatoga yo‘l qo‘ygan holda ko‘chirganiga guvoh bo‘lasiz: ayrim so‘zlar, butun-butun qissalar tushib qolgan, ba’zi qissalar noto‘g‘ri tartibda joylashtirilgan, qissa yakunidagi muallifning xotimalari boshqa qissalarning orasiga kirib qolgan. Ushbu maqolada “Qisasi Rabg‘uziy”ning turli joylarda saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalarini “Britaniya” muzeyida saqlanayotgan aynan mana shu qo‘lyozma nusxasi (keyingi o‘rinlarda ms.A deb yuritiladi) bilan solishtirib chiqamiz. Shu o‘rinda maqolada “Qisasi Rabg‘uziy” asarining taqqoslanadigan qo‘lyozma nusxalari bilan sizni tanishtirib chiqaylik:

  1. A – Londondagi “Britaniya” muzeyida saqlanayotgan XV asrga oid qo‘lyozma nusxa.
  2. B – Sankt-Peterburg Milliy kutubxonasida saqlanayotgan XVI asr boshlarida ko‘chirilgan nusxa.
  3. Ba – Boku shahrida saqlanayotgan Ozarbayjon Fanlar akademiyasi sharqshunoslik institutidagi qo‘lyozma nusxa. U 1552 yilda ko‘chirilgan bo‘lib, ushbu nusxa haqida ilk bor 1969 yilda olima Hojiyeva ma’lum qilgan.
  4. T – Tehron universiteti kutubxonasida saqlanayotgan qo‘l­yozma nusxa. Uning ko‘chirilgan vaqti noma’lum. “Qisasi Rabg‘uziy”ning Tehron qo‘lyozma nusxasi haqida 1969 yili nemis adabiyotshunosi Xofman ma’lum qiladi.
  5. C – Sankt-Peterburg shahrida saqlanayotgan Rossiya Fanlar akademiyasi sharqshunoslik institutidagi, taxminan, XVI asrning 60-yillarida ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxa.

ILM – rus turkshunosi Ilyuminskiy tomonidan Qozon shahrida 1873 yili nashr qilingan nusxa (til jihatidan yuqoridagi nusxalardan keskin farq qiladi).

“Qisasi Rabg‘uziy”ning Toshkentda, Fanlar akademiyasi sharqshunoslik institutida ham ikki nusxasi saqlanlanmoqda. Taassufki, ayni damda bizda ushbu qo‘lyozma nusxalarining ko‘chirmalari mavjud emas.

“Qisasi Rabg‘uziy”ning yuqorida keltirib o‘tilgan qo‘lyozma nusxalarini ikki: ms.T va ms.C guruhlariga ajratish mumkin. Shuningdek, bu guruh nusxalaridan keskin farq qiluvchi Ilyumins­kiy nashri ham bor. Darvoqe, asarning Ilyuminskiy nashri talqinida uchraydigan ayrim hikoyalar boshqa biror nusxada mavjud emas. Shunga ko‘ra, biz qo‘lyozma nusxalarni qisqartirilgan qo‘lyozma nusxalar va uzun talqindagi qo‘lyozma nusxalar deb tasniflasak ham bo‘ladi.

Asarda Rabg‘uziy tomonidan yozilgan arab va turkiy tildagi she’rlarning vazn o‘lchovlari mukammal darajada yozilganiga guvoh bo‘lamiz.

Quyida asarning lingvistik salohiyatiga doir qismiga to‘xtalmoqni lozim topdik. Bunda bir she’riy namunaning qo‘lyozma nusxalardagi turli talqinlarini ko‘rib chiqamiz. Shuni ham aytib o‘tish joizki, “Qisasi Rabg‘uziy”ning qo‘lyozma nusxalarining barchasini jamlab, ulardagi tafovutlarga diqqat qilinsa, asar nusxalarining o‘zgarmagan, mazmunan ham katta farq qilmagan qismi uning she’riy qismi ekani ma’lum bo‘ladi. Biroq bunda ham ayrim o‘zgarishlarga duch kelasiz, albatta. Keling, Yusuf alayhissalom to‘g‘risidagi to‘rtlikka nazar tashlaylik:

 

Ko‘z ko‘rgani jamol ul,

Sevmak ani halol ul.

Andog‘ jamol ko‘rubon

Kim sevmasa vabol ul.

 

Ushbu to‘rtlik ms.A, ms.T, ms.Ba, ms.C va ms.B qo‘lyozma nusxalarida ba’zi lisoniy o‘zgarishlarni hisobga olmaganda, deyarli o‘zgarishlarsiz berilgan. To‘rtlikning ikkinchi misrasidagi “sev” so‘zi ms.B qo‘lyozma nusxasida va ILM nashri talqinida “sav”ga o‘zgargan; asli “ko‘rgali” bo‘lgan so‘z ILM nashri talqinida “ko‘rgani” deb beriladi; ms. Ba qo‘lyozma nusxasidagi ushbu to‘rtlikning uchinchi misrasidagi “jamal” so‘zi “jamol” tarzida ko‘chirilgan.

“Qisasi Rabg‘uziy”ning qo‘lyozma nusxalarining ayrim nasriy parchalarini taqqoslar ekansiz, ulardagi ba’zi farqlarga guvoh bo‘lasiz. Keling, quyida hazrati Luqmon bilan bog‘liq bir hikoyat[1]ning qo‘lyozma nusxalarda qanday o‘zgarish­lar bilan kelganini ko‘rib chiqaylik.

  1. A qo‘lyozma nusxasida:

 

 

 

Hikayatda kelmish: Bir kun xajasi Luqmanni bug‘doy ekgali yubordi. Luqman barib arpa ekti. Xajasi aytdi: “Bug‘doy ek dedim. Ne uchun arpa ekding?” Luqman aytdi: “Arpa eksa, bug‘doy unmas­mu?” Xajasi aytdi: “Unmas.” Luqman aytdi: “Andag‘ bo‘lsa, sen ham yamanliq ekib, yaxshiliq umid etmagil.”

ms.T qo‘lyozma nusxada:

 

 

 

Hikayat: Aytmishlar: Bir kun begi Luqmanni bug‘doy o‘stirgali yubordi. Luqman bardi, arpa o‘stirdi. Begi aytdi: “Bug‘doy o‘stirgil dedim. Arpa nechuk o‘stirding?” Luqman aytdi: “Arpa o‘ssa, bug‘doy unmasmu?” begi aytdi: “Unmas.” Luqman aytdi: “Andag‘ arsa[2], san mana yavuzliq urug‘in o‘stirib, azgulik kutmagil.”

ms.B qo‘lyozma nusxasida:

 

 

 

Hikayat: Aytmishlar: Bir kun begi Luqmanni bug‘doy o‘stirgali yubordi. Luqman barib arpa o‘stirdi. Begi: “ ‘Bug‘doy o‘stir,’dedim. Arpa nechuk o‘stirding?” Luqman aytdi: “Arpa o‘ssa, bug‘doy bitmasmu?” Begi aytdi: “Bitmaz.” Luqman aytdi: “Andag‘ ersa, san mana yavuzlig‘ o‘stirib azgulik umid qilmag‘il.”

ms.Ba qo‘lyozma nusxasida:

 

 

 

 

Aytmishlar: Bir kuni begi Luqmanga aytdi: “Falon yerda bug‘doy o‘stirgin”. Luqman barib arpa o‘stirdi. Begi aytdi: “Bug‘doy o‘stirgin dedim. Arpa nechuk o‘stirding?” Luqman aytdi: “Arpa o‘ssa, bug‘doy unmasmu?” Begi aytdi: “Unmas.” Luqman aytdi: “Andag‘ ersa, san mana yavuzlig‘ o‘stirib, azgulik kutmagil.”

  1. C qo‘lyozma nusxasida:

 

 

 

 

Aytmishlar: Luqman xajasi bug‘doy ekmakka yubordi. Luqman barib arpa ekdi. Begi: “Man sana, bug‘doy ekgil, dedim. Ne uchun arpa ekting?” Luqman aytdi: “Arpa eksa, bug‘doy unmasmu?” Xajasi aytdi: “Unmas”. Luqman aytdi: “Agar andag‘ ersa, san tag‘in bu kundin song yamanliq urlug‘in ekmagil. Agar eksang, azgulik kutmagil.”

ILM (383/5) nashrida:

 

 

Hikayat: Bir kun Luqman ekin ekmakka barur erdi. Xajasi aytdi: “Bug‘doy ekgil”. Luqman bordi arpa ekti. Xajasi aytdi: “Bug‘doy nechun ekmading?” Luqman aytdi: “Arpa eksam, ol[3] bo‘g‘doy bolmazmu?” Xajasi aytdi: “Hargiz arpa ekib bo‘g‘doy bolmadi”. Luqman Hakim aytdi: “Bas gunah qilursen, ol xayr yerim[4] bolurmi?”

Ko‘rib turganingizday, qo‘lyozma nusxa­la­ridagi namunalarda birmuncha farqlar mav­jud. Hozir keltiriladigan yana bir misolda ms. A (Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan) nusxasidagi xatolik yaqqol ko‘zga tashlanadi:

  1. A qo‘lyozma nusxasida:

 

 

Qurtqa[5] aytdi: “Yetti kun boldi malik[6] uyinda yemakka taom topmas,” deb. Azraq taom tapib kelturdi; suv tegmish, hidlanmish. Hizr u Ilyas qo‘llarina alib avaladilar[7]: Aq boldi. Ani xamir qildilar.

ms.T qo‘lyozma nusxada:

 

 

 

 

Qurtg‘a aytdi: “Yetti kun boldi malik yegu taom topmas.” Aytdilar: “Ko‘rgil uyda kepakdin tariqdin narsa topurmisan.” Qurtqa “aytdi” azqina tariq topib kalturdi; suv tushmish, ko‘karmish. Hizr u Ilyas qo‘llarina aldilar avdilar: Un boldi. “Xamir(qilgali) yugurgil,” dedilar.

ms.B qo‘lyozma nusxasida:

 

 

 

Qurtqa aytdi: “Yetti kun boldi malik uyinda yegu taom topmas.” deb. Aytdilar: “Ko‘rgil uyda tariqdan narsa topilurmi.” Qurtqa azgina tapdi; suv tegmish, yidlanmish. Hizr u Ilyas qo‘llarina aldilar ishqaladilar: Un boldi, xamir qildilar.

  1. C qo‘lyozma nusxasida:

 

 

 

Qurtqa aytdi: “Yetti kun boldi malik taom yegu topmas.” Aytdilar: “Ko‘rgil uyinda undin tariqdin narsa topurmisan. Qurtqa azqina tariq topib kelturdi. Hizr Ilyas qo‘llarina aldilar uzdilar: Oq un boldi. “Xamir (qilgali) yugurgil,” dedilar.

ms.Ba qo‘lyozma nusxasida:

 

 

Qurtqa aytdi: “Yetti kun boldi malik uyina yegu kelmas boldi.” Aytdilar: “Ko‘rgil uyda tariqdin narsa topurmisan.” Qurtqa azgina taom topib kelturdi; suv tegmish. Hizr u Ilyas qo‘llarina aldilar ishqaladilar: Un boldi, xamir qildilar.

ILM nashrida:

 

Qurtqa aytdi: “Azraq tariq bar”. “Kelturgil”, dedilar. Qurtqa kelturdi. Hizr alayhissalom aldi ersa, un boldi. Aytdi: “muni xamir qilgil”[8].

“Qisasi Rabg‘uziy”ning qo‘lyozma nusxalaridan keltirilgan parchalardan ko‘rinib turibdiki, asarning qo‘lyozma nusxalarining nasriy qismidagi o‘zgarishlar uning she’riy qismidagi o‘zgarishlarga qaraganda birmuncha ko‘pdir. Ammo, shunisi aniqki, “Qisasi Rabg‘uziy”ning qo‘lyozma nusxalarining aksariyati o‘zbek tili va adabiyo­tining tarixini o‘qib-o‘rganish uchun ulkan bir manba. Maqolada asarning faqatgina eng qadimiy qo‘lyozma nusxalaridangina namunalar keltirildi, xolos. “Qisasi Rabg‘uziy”ning qo‘lyozma nusxalarida farqlar bo‘lsa-da, ularni bir-biridan ajratish mumkin emas. Boisi ularning har biri mohiyat e’tibori bilan qaralganda, bir butunlikka ega mukammal qo‘lyozma nusxalardir. Izlanishlarimiz natijasida shunday xulosaga keldikki, “Qisasi Rabg‘uziy”ning qo‘lyozma nusxalari ichida asarning asliga eng yaqini bu – Tehron qo‘lyozma nusxasidir. Ushbu asar ustida ilmiy izlanishlar olib borilsa, yanada ko‘rpoq ilmiy yangiliklar kashf qilinaveradi.  

 

Xendrik

        BOYOSHOTEN,

Iogan Gutenberg nomidagi Mayns universiteti professori. Niderlandiya

 

Ingliz tilidan

Gulhayo  MAHAMADALIYEVA tarjimasi.

[1] Hikoyatlar qo‘lyozma nusxalardagi tafovutlarni o‘z holida ko‘rsatish uchun berilgan qo‘lyozma nusxalardagi misollardan so‘zma-so‘z tarjima qilinib, aksar qismi zamonaviy o‘zbek tilida berildi. (tarj.)

 

[2] Arsa – ersa.

 

[3] Ol – ul.

 

[4] Yerim – yo‘lin.

 

[5] Asarda “qurtqa” so‘zi turli: bo‘ri, osmon, qari kampir (she’riy namunalarda) kabi turli ma’nolarda kelgan. Hozir bu so‘z kampir, keksa ayol ma’nosida kelayapti. (tarj.)

 

[6] Malik – podshoh.

 

[7] Avaladilar – ishqaladilar.

 

[8] Keltirilgan misollardagi tinish belgilar ham asarning qo‘lyozma nusxalarida qanday bo‘lsa, xuddi shunday holda berildi. (tarj.)

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.