Tug‘ildimu taqdirlandim, Ulug‘ O‘zbekiston bilan…

0
73
marta ko‘rilgan.

 

* * *

Menga quvvat berar yelkamdagi yuk,

Ko‘ksimdagi dardlar tik tutar meni.

Onamdayin sodda, onamdek buyuk,

Otamdek serbardosh xalq kutar meni.

 

Gohida tinganim, jim ketganim  rost,

O‘zimning dunyomga zim ketganim rost.

Hayotga o‘chakib chap ko‘ksimdagi

Beozor qumrimni hurkitganim rost.

 

Shu qumri ediku mening taqdirim,

Ko‘zim qamashtirdi so‘zlar bejirim.

Huzuringga borib, o‘zimdan avval,

She’rlarim so‘raydi sendan kechirim.

 

Onaginam xalqim, onajon xalqim,

Men yerman, sen ko‘kda oy bo‘lib balqi.

Faqat sevish mumkin seni vassalom,

Ta’rifingni qilib bo‘lmaydi talqin.

 

Bir bor o‘zing kabi ochib bag‘rimni,

Bitta she’rimchalik qadrladimmi,

Yuziga boqmayman, tan olmayman yo‘q,

Seni ko‘tarmagan satrlarimni.

 

Onaginam xalqim, onajon xalqim…

 

Shoir do‘stimga

 

She’r o‘qiysan… tinglar yer-samo,

Qushlar tinglar sokin, behadik.

She’r bo‘lmasa yetishmas havo,

Asli olam she’r bilan tirik.

 

She’r o‘qiysan… tog‘lar cho‘kar tiz,

Bog‘lar unar gulli, daraxtli.

Shoiri yo‘q millatlar baxtsiz,

Millati yo‘q shoirlar baxtli.

 

 

 

Layli xirgoyisi

 

Olovida qovurdi ishq,

Kulim ko‘kka sovurdi ishq.

Bo‘ronmi ishq, dovulmi ishq,

Uchib ketdi ko‘zlarimay.

 

Umrim zulmat, nuring mayoq,

Tanim muqim, ruhim sayoq.

Ichim yondi, kuydi tomoq,

Bo‘g‘zimdagi bo‘zlarimay.

 

Ko‘p o‘tindim, ruh kelmadi,

Tik haqiqat bukilmadi,

She’r to‘kildi, to‘kilmadi

Yaramdagi tuzlarimay.

 

Qaqnusmidir jonim qushi,

Olov bo‘ldim cho‘qqa tushib,

Boraverdim cho‘kka tushib,

Qonasa ham tizlarimay.

 

Diling Mashrab, Majnun ko‘ying,

Bo‘sh jismimga ko‘chib qo‘yding.

Mani maydek ichib qo‘yding,

Endi yo‘qman, tugadi may.

 

Ruh sahroda yonaversin,

Ishq ilkimga xoma bersin,

Yuragimdan tomaversin,

Qonli-qonli so‘zlarimay.

 

Kiprigimni qanot qilib,

Uchib ketdi ko‘zlarimay.

 

 

 

Vatanimay

 

Seni kim deb atay,

Yorim deb ataymi,

Do‘stim deb atay,

Sen bilan tug‘ilib  o‘sdim deb atay,

Ko‘zlari quralay,

Vatanimay.

 

Tog‘laring uchun sevmadim,

Bog‘laring uchun sevmadim.

Omon-omon, davron-davron

Chog‘laring uchun sevmadim.

 

Qanday bo‘lsang, shunday sevdim,

Shohday sevdim, qulday sevdim.

Parij, Amriqolarni ham,

Yoningda yupunday sezdim.

 

Madh etmayman, maqtamayman,

Dengizdan suv axtarmayman.

Hammadan ko‘p sevmoq uchun,

Shoir bo‘lib tug‘ilganman.

 

Bu dunyoda har bir odam,

Muhabbatni tuysin deyman.

Meni yomon ko‘rganlar ham,

Seni jondan suysin deyman.

 

Mehring sezsin, qadring bilsin,

Uvollaring tutmay turib.

Bag‘ringdagi olov yanglig‘,

Ikki ko‘zim qoldi qurib.

 

Bag‘ringga bos, ko‘zi ochiq,

Ham yuragi ochiqlarni.

Bolam, dema o‘zingga emas,

Unvoningga oshiqlarni.

 

Ishim bordir meni faqat,

Inson degan unvon bilan.

Tug‘ildimu taqdirlandim,

Ulug‘ O‘zbekiston bilan.

 

Bundan o‘zga baxt yo‘q menga,

Bundan ortiq saodat.

O‘zbekiston, sening isming,

Halovatdir, halovat.

 

Halovatni asraganlar,

Chin odamga aylangay.

Tuproq bo‘lib qolar bir kun

Va Vatanga aylangay!

 

Mehrinoz Abbosova,

 

1995 yili tug‘ilgan. 

“Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindori.

“Men yoshlikman”, “Yulduzrang qo‘shiqlar” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.

Oliy adabiyot kursi ting­lovchisi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.