Sav – sakkiz qirrali so‘z

0
23
marta ko‘rilgan.

Mahmud Koshg‘ariy ming yilcha oldin “sav” so‘zining sakkiz ma’nosini yozadi. 1. Sav – ovoza, shuhrat, dovruq. 2. Sav – xabar. 3. Sav – maqol. 4. Sav – qissa. 5. Sav – hikoya. 6. Sav – risola, kitob. 7. Sav – so‘z, nutq, aytuv. 8. Sav – chorlov, pand, nasihat, targ‘ib. Bularning barchasi birgalikda “kishi”, “qavm”, “yurt”, “tabiat”, “qalb”ni qo‘riqlaydi, qutga to‘ldiradi. Albatta, ular anglansa, vujuddagi “aql” qo‘rg‘oniga kiritilsa…

Aytmoqchi bo‘lganlarimiz quyida bir satr… ehtimol, uch-to‘rt sahifani to‘ldirar. Qiziq, qarshimizda yig‘ilib turgan ma’lumot, fikr-mulohazalarni yuqorida Mahmud Koshg‘ariy keltirgan “sav” so‘zining ma’nolarisiz satrlarga joylab bo‘lmas ekan. Ular ishtirok etsagina, misralarda zalvor hosil bo‘layotgani seziladi…

Millat Boyligi… qadimiy qo‘lyozmalar haqida yana so‘z aytishga chog‘lanyapmiz. 1929 yili lotin va 1940 yili kirill yozuvi qabul qilinganda ayanchli milliy fojia sodir bo‘lgani vaqt o‘tgan sari, ayniqsa, bugun tobora aniqroq shakl, qiyofada o‘zini ko‘rsatmoqda.

O‘sha voqealardan keyin nabira bir zumda bobosining so‘zlari, xatini tushunmay qoldi. Juda qisqa fursatda tez sur’atlar bilan avlodlar ajdodlardan uzoqlashdi, begonalashdi, ularni tinglashdan to‘xtadi. Yurtimizda ajdodlar qoldirgan qadimgi arabiy va forsiy yozma merosdan shu paytgacha necha dona asar o‘zbek tiliga tarjima qilingan? Yuztaga yetadimi? 1940 yildan beri arab yozuvida bitilgan nechta turkiy kitob kirill va lotin harfiga o‘girilib nashr qilingan? Balki yuztadan oshar, deya xavfsirab, nochorgina umid qilamiz. Hech bo‘lmasa, ularning fakismile usulida chop etilganlari o‘n-o‘n beshta bormi?..

Yaqinda “Ishonch” gazetasi muxbiri: “Institut xazinasida 70 ming jild atrofida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma asarlar to‘la-to‘kis xalqqa yetkazilishi uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi?” deb so‘radi. Bu savolga javob berish juda qiyin emasdi. Xazinadagi 70 ming jildga, taxminan, 40-50 ming asar jamlangan bo‘lishi mumkin, deylik. Har yili beshta asar tarjima yo tabdil qilinib chop etilganda, o‘n yilda 50, yuz yilda 500, ming yilda 5000 asar o‘zlarining asl egalari – Xalqqa yetkazilar ekan.

E’tiboringizga xalqqa yetkazilishi kerak bo‘lgan nodir kitob­lardan biri – “Majma’ al-arqam” asari xususidagi ma’lumotlarni havola qilyapmiz.

Majma’ al-arqam

Muallif: “Majma’ al-arqam” nusxalaridan biri matni hoshiyasida ushbu asar muallifi “Oxund mulla Badi’ devon ibn mulla Shahobiddin devon ibn Mirza Ulug‘ devon ibn mulla Riza devon ibn Mirza Muhammad Rahim kutvol ibn Mirza Tahur devon” ekani ta’kidlangan[1]. U XVIII asrning ikkinchi va XIX asrning birinchi yarmida yashagan.

Mazkur xonadon Buxoroning mashhur ziyoli oilalaridan edi. Sho‘rolar inqilobiga qadar shahardagi guzarlardan biri muallifning katta bobosi Mir Tahur nomi bilan atalgan. XVIII asr boshida rasmiylashtirilgan vaqf hujjatida “qutb ul-aqtob Mir Tahur devon masjidi va xonaqohi guzarida” Bibi Xalifa ismli ayol madrasa qurdirgani ma’lum qilinadi[2].

Qisqa ish jarayonida Mirza Badi’ devon ijodi to‘g‘risida to‘liq va batafsil axborot to‘plashga ulgurmadik. “Majma’ al-arqam” asarini rus tiliga tarjima qilgan A.B. Vildanovo ham bu to‘g‘rida deyarli biror so‘z demagan. Ammo mamlakat ilm-fani rivojida uning ishtirokini ko‘rsatuvchi bir qancha tarixiy manbalarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldik.

Mirza Badi’ devon jamiyat hayotida faol ishtirok etgan. Davlat boshqaruvida sadr[3] va devon vazifalarida ishlagan. Buxoroda bunyod ettirgan madrasasi faoliyatiga oid ikkita vaqf hujjati saqlanib qolgan. Ulardan birida marhum Mirza Shahobiddin devoni kalon o‘g‘li domulla Mirza Badi’ devon sadr o‘z madrasasi uchun hijriy 1231 yil muharram oyida (milodiy 1815 yil, dekabr) vaqf qilgan mulklari ro‘yxati keltiriladi.

Madrasa 2 qavatli bo‘lgan, 14 hujra, dars­xona va masjiddan iborat edi. Pastki 6 hujra pishiq, qolganlari xom g‘ishtdan qurilgandi. Mazkur o‘quv dargohi vaqf mulkiga Mirza Shahobiddin devoni kalon o‘g‘li Abduvahhob qozi askarning uch nafar o‘g‘lidan yoshi kattasi mutavalli bo‘lishi tayinlangan.

Bu madrasa 3-oliy toifaga mansub edi va unda dars bergan mudarrisning yillik maoshi 32 tilladan[4] yuqori bo‘lgan.

Asar ahamiyati: “Majma’ al-arqam” XX asrga qadar juda mashhur asarlardan biri edi. Qo‘lyozmalar xazinasining asosiy jamg‘armasi (fond)da uning №2463-1 raqam bilan belgilangan yagona nusxasi saqlanadi. Hijriy 1210 yili (1796) Buxoroda yozilgan[5], tili forsiy, 42 varaq (1b – 42a), 26x15 sm, xati nasta’liq, muqova o‘ziniki emas. Asar nomi “Majma’ al-arqam” ekani 1b va 42a sahifalarda qayd etilgan. “Sharq qo‘lyozmalari katalogi”[6]da bu asar muallifi noma’lum ekani ta’kidlanadi[7]. Asarning O‘zMU kutubxonasida №171914, Leningrad Sharqshunoslik institutida №V 2147, Dushanbedagi Firdavsiy nomidagi xalq kutubxonasida №649 raqamlarida belgilanib saqlanayotgan nusxalari bor[8].

Kitob kichik muqaddima va besh bobdan iborat. Muqaddimada asarning yozilish sabab­lari, tuzilishi va mazmuniga oid qisqacha axborot berilgan.

Birinchi bobda davlat boshqaruv tizimida xizmat qilish tartib qoidalari tushuntiriladi. Ikkinchi va uchinchi boblarda davlat xazinasidagi kirim-chiqim ishlari tartibi bayon qilinadi. Mamlakatda xo‘jalik ishlarini yuritishda davlat ma’muriy boshqaruvi o‘rni va tarmoqlari xususida so‘z boradi.

To‘rtinchi bobda matematika faniga alohida e’tibor qaratiladi: birlik, o‘nlik, yuzlik va undan katta sonlar xususiyatlari, ularni hisob-kitob ishlarida qo‘llash, arifmetikaga oid turli amallar, jadvallar; sonlarni ifodalashda maxsus harflar va atamalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi. Asarda geometriyaga doir amallar talqini ham diqqatga sazovordir. Bu ma’lumotlarning barchasi mamlakatda xo‘jalik ishlarini mukammal yuritish va boshqarishda amaliy qo‘llangani bilan ahamiyatlidir.

Beshinchi bob astronimiya va sonlar, kenglik va uzunlik darajalari, mavjud biror makon yuzasi o‘lchamini aniqlash usullariga bag‘ishlangan.

Asar so‘ngida davlat boshqaruv tizimida amal va unvonlar toifalari bayon qilingan. Aslida bu qism mustaqil bob darajasida tuzilgan. Undan parcha keltiramiz.

“Movarounnahr hukmdorlari ulug‘lar taj­ribalariga amal qilib, lavozimlarni to‘rt toifaga ajratdi. To‘rt xil yerga egalik turi, xalifalar ham to‘rt nafar bo‘lgan, tabiat – yer, suv, shamol va olovdan tashkil topgan; inson mijozi – balg‘am, savdo, safro, qon; yil fasllari – bahor, yoz, kuz va qishdan iborat, tomonlar – shamol g‘arb, shimol, sharq va janubdan esadi, ularga mos ravishda – qor, yomg‘ir, do‘l yog‘adi va qirov tushadi. Bunday misollar yana ko‘pdir.

Movarounnahr hukmdorlari davlat boshqaruvi lavozimlaridan tashqari, shariat asosida olimlarning to‘rt oliy toifasini belgiladi”[9].

Muallif ma’lumotlariga ko‘ra:

Birinchi toifadagi lavozim: Ular hukm chiqaruvchilar – eng oliy toifa “Shayx ul-islom”dir. Unga “qozi ul-quzzot” (bosh qozi) murojaat qiladi va maslahatlashadi. “Shayx ul-islom” lavozimi “qozi ul-quzzot”dan yuqori turadi.

Qozi ul-quzzot – unga barcha odamlar va “qozi askar” murojaat qiladi hamda maslahatlashadi.

Qozi – jamiyatdagi xalq unga murojaat qiladi va muammolarini hal etadi.

Qozi askar – harbiylar va boshqa xalq ommasi murojaatlarini tinglaydi va hal etadi.

Ikkinchi toifadagi lavozim: A’lam – muftiylar unga murojaat qiladi va maslahatlashadi.

Muftiylar – fatvolari bilan xalqning ijtimoiy himoyasini ta’minlaydi. Ularga huquqiy ko‘maklashadi.

Muftiy askar – harbiy sohadagi muammolarni hal qiladi.

Mamlakat hukmdorining harbiy yurish­lari va viloyatlarga safari chog‘ida o‘sha viloyat qozisi va muftiysi ushbu lavozimni bajarishga kirishadi.

Uchinchi toifadagi lavozim: Muhtasib – sayyidlar toifasidan kishi chiqmasa, taqvoli, imon-e’tiqodli biror kimsa tayinlanadi.

To‘rtinchi toifadagi lavozim: Mudarris – talabalarga dars beruvchi kishidir.

 

Ushbu asarni A.B.Vildanova tadqiq qilib, rus tiliga o‘girgan va 1981 yili 3000 ming nusxada Moskvada chop ettirgan. O‘tmishimizni o‘rganishda juda qimmatli bo‘lishiga qaramay, u hozirgacha o‘zbek tiliga tarjima qilinmagani g‘oyat achinarlidir. Ba’zan yarimjon g‘arib bir fikr paydo bo‘ladi: “Bunday asarlarni faqat sharqshunos yo tor yo‘nalishdagi mutaxassis bilsa yetarli, rus tiliga o‘girilibdi-ku”. Axir, Nabira nega endi Bobosi yozganini rus, ingliz yo boshqa biror xorijiy tilda o‘qishi, o‘rganishi kerak!?

Qariyb bir asrdan beri “sav” yomg‘irlariga intiq qaqragan Dunyo davraga kirib kelaveradi… Yana necha yillardan beri hanuz zalvorli filmlar, ajdodlar shoni-shavkati to‘g‘risida buyuk asarlar yaratish, bugungi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash to‘g‘risida davom etayotgan bahslarga to‘qnashadi. Hafsalasi pir bo‘lib, Koshg‘ariydan yod olgan so‘zni takrorlab, yana davrani tark etadi. “Sav” – xabar, qutlug‘ xabar…

[1] Mirza Badi’ devon. Majma’ al-arqam. Faksimile rukopisi, vvedeniye, perevod, primechaniya i prilojeniya A.B. Vildanovoy. – Moskva: Nauka, 1981. – S. 5b (faksimile), 10 (vvedeniye).

 

[2] O‘zR MDA. I-323. 55-18. Bibi xalifa madrasasi vaqf hujjati.

 

[3] Sadr – Buxoro shahri va uning tashqarisida bir farsax (7-8 km) masofadagi vaqf mulklari boshqaruvini nazorat qilgan, mutavallilar unga hisobot berib turgan.

 

[4] 32 tilla – taxminan, 640 kumush tangaga teng edi. XIX asrning birinchi choragida bu pulga 6-7 yaxshi buqa yo sigir sotib olish mumkin bo‘lgan.

 

[5] A.B. Vildanovo muallif ushbu asarni 1798 yili yozib boshlagan, deb taxmin qiladi (Majma’ al-arqam. –B. 11).

 

[6] Rus tilida “Sobraniye vostochnыx rukopisey”, qisqacha SVR deb ataladi.

 

[7] Sobraniye vostochnыx rukopisey Akademii nauk UzSSR. I tom. – Tashkent: Izdatelstvo Akademii nauk UzSSR, 1952. – S. 219.

 

[8] Majma’ al-arqam. – B. 11.

 

[9] Majma’ al-arqam. – B. 92.

 

Abdusattor  JUMANAZAR,

O‘zRFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.