Assalom, saodat tongi!

0
20
marta ko‘rilgan.

Yetti iqlim intilayotgan Buxoroga bu galgi ziyoratim bugungi kun mo‘jizalaridan biri – “Boqiy Buxoro” majmuasidan bosh­landi. Xalqimiz tiklagan milliy qadriyatlar, uning dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi oliy darajaga ko‘tarilganini shu yerda ko‘ramiz. Majmuada istiqlol yillarida mehrga to‘lgan Buxoro yanada muqaddas bo‘lib yuraging ichra qad rostlaydi. Sharif shaharning har qarich yeri insoniyat tarixining gavhari shamchirog‘idir. Bu yurtdan o‘tgan mutasavvif donishmandlar islom olamining, jahon ma’naviyat mulkining xazinasiga aylangan.

Bu go‘zal bog‘da boshing baland, ko‘ksing tog‘ bo‘ladi. Buxoroning fozil farzandlari yurtning ori deb yashaydilar. Shuning uchun mehnatlari ona sutidek halol, ularga g‘ururu iqbol yarashadi.

Assalom, mudaddas Buxoroi sharif.

* * *

G‘ijduvon, haqiqatan, mo‘jizakor go‘sha. Bir yon yursang, olmalar, bir yon yursang, bol aralash zardolilar bo‘yi dimog‘ingga uriladi. Dashtu cho‘l tomon yursang, g‘allayu non hididan entikasan. Erka shamol dimog‘ingga atirgullar iforini olib keladi. Muborak – juma kuni yetti pirni ziyorat qilish uchun taraddudlandik. Albatta, ziyoratni musulmon olamida Xojai Jahon deb e’zozlangan Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari yotgan nurli makondan boshladik.

 

Bu ne nav qadriyat, bu ne hikmat,

Bu ne nav sharofat, bu ne marhamat,

Bu ne nav sinoat, bu ne saodat,

Tiz cho‘kdim, gul bo‘yi kelgan ayvonda,

Muqaddas, mo‘tabar yurt G‘ijduvonda.

         

Xilvat eshigini yopdim suhbat-chun,

Diydor eshik ochdi muhabbat uchun.

Tavofga keluvdim hidoyat uchun,

G‘unchalar tilovat aylar bo‘stonda,

Muqaddas, mo‘tabar yurt G‘ijduvonda.

 

Necha zamonlar oldin Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasa asrlar to‘fonini boshdan kechirdi. Uning yonidan qo‘ng‘iroqlarni chalib o‘tgan karvonlarning aks-sadosida uzoqlab farmonbardorlar o‘tdi, ammo bu go‘shani obod etishga yana haqiqiy Temuriy jur’at, ulug‘bekona tal’at ishga tushdi…

Prezidentimizning farmoni nafaqat g‘ij­divonliklaru buxoroliklar, balki butun dunyo musulmonlarining asriy orzulari ushalishiga tamal toshi bo‘ldi.

 

Buyuk pirni o‘qib titragan gulman,

Naqshbandiy aytgan yor degan dilman,

Kor degan qo‘lmanu, Allohga qulman,

Assalom, ziyorat tongi.

 

Xojai Jahon ziyoratgohida imom Qur’on tilovat qildi. Ko‘zdan oqayotgan yoshlarni sidirmasdan qalban uning ovoziga qo‘shilamiz. Shunday lahzalarga yetkazganiga qayta-qayta shukurlar aytamiz.

Tosh quduqdan suv ichdik. Bu quduqdan buyuk pirim o‘zlari suv ichganlar. Ular shu yerdan turib butun dunyoga ilm ziyosini taratganlar. Odamlarni tinglaganlar, kuzatganlar, har ishda shariatga amal qilganlar.

Qadimda bu yerda chillaxona va qirq zinali narvon bo‘lgan ekan. Ha, qadimda bu yer go‘zal bog‘ ham bo‘lgandir, bu firdavsmonand bog‘da ming turli gullar g‘unchalagandir. Bu g‘unchalar ochilib, hazratimga egilib salom bergandir. Bu yerda inson ongi, qalbi, sezgisi, ko‘zi islom dinining ezguligidan ziyolangan va to hanuz ziyo­lanmoqda.

 Hazratim faqat ko‘ngil ko‘zi ila dunyoga boqqanlar. Ko‘ngil ichra yashaganlar. Bizning-da ko‘ngil tarafga qo‘yayotgan qadamlarimizni Allohim beshikast qilsin.

 

* * *

Xojai Jahon Abdulxoliq G‘ijduvoniyning muborak ziyoratlaridan so‘ng Shofirkonga, buyuk pirning to‘rtinchi murshidi Xoja Orif Revgariy – Xoja Orif Mohitobonning ziyoratlariga bordik. Bu zot “Silsilai sharif”dan o‘n birinchi halqaning piri sifatida zikr qilingan.

 Abdulxoliq G‘ijduvoniy bilan Xoja Orif Mohitobon uchrashib, suhbatlashadigan qishloq ham bor. Uning nomi Ro‘ybinon – yuz ko‘rishmoq, diydorlashmoq ma’nosini anglatadi. Hazratlarning uchrashuvini tasavvur etib, Yunus Emroning satrlari yodimizga keldi:

 

Bizga diydor kerak, dunyo kerakmas,

Bizga ma’vo kerak, da’vo kerakmas,

Bizga qadr kechasidir bu kecha,

Qo‘y, tonglar otmasin, sahar kerakmas.

 

Yo, Allohim, o‘zingning ishqing sulton aylagan ikki tabarruk zot uchrashmog‘idan, suhbatlashmog‘idan ham go‘zal anjuman bormikin dunyoda?

O‘zingning yo‘lingda sirlangan, durlangan, nurlangan ikki buyuk suhbatidan ham nafosatli majlis bormikin bu dunyoda?

Deydilarki, ular suhbatlashmasdan ham bir-biriga ko‘zqarash ila ko‘nglida nelar kechayotganini anglar ekanlar.

Deydilarki, ular uchrashgan kuni atrof-jahon yorishib, harorat ko‘tarilar, yaxshilik ko‘payar ekan. Qayerdandir ming turli qushlar uchib kelib, ming turli jonbaxsh ovozda xonish etar, gullar ochilib, borliq yashillanar, olam mehrga, e’tiboru ehtiromga to‘lar ekan.

So‘nggi yillarda bag‘ri boyliklarga kon, mehnatkash xalqi bilan dovrug‘i doston Shofirkon yanada ko‘rkamlashdi, jumladan, Revgariy qishlog‘i ham. Bu ziyoratgoh gullaridan ko‘zlar shifolandi. Shirin lutfli ulamolar bilan suhbatidan dillar orom oldi. Biz Xoja Orif Mohitobon masjididan uzoqlashar ekanmiz, yuragimiz qanotlari kengayganini his etdik.

* * *

Xoja Orif Revgariydan ta’lim olgan “Silsilai sharif”dagi o‘n ikkinchi murshid Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviyning ziyoratgohlaridamiz.

Bu maskanni Anjirbog‘ deb ataydilar. Vobkent tumanida joylashgan mazkur ko‘rkam go‘sha doim yashil bo‘ston o‘laroq kishi xotirasida turadi. Bu yerga oldin ham ko‘p kelganmiz. Shu bois har bir daraxt, gullaru maysalar, ariqlardan oqayotgan suv, yoqimli shabada ham qadrdondek tuyuladi. Go‘yo gullar qoshida farishtalar chiltor chalayotgandek bo‘ladi. Faqat ilm, e’tiqod g‘alaba qilgay, faqat ma’rifat, sadoqat, tariqat, ezgulik dillarni poklagay.

 

* * *

Xoja Ali Romitaniy – Xoji Azizonning qabri Romitan tumanidagi Qo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan. Ul zoti muborak Abdulxoliq G‘ijduvoniy haqida bunday yozganlar: “Agar Abdulxoliq G‘ijduvoniy farzandlaridan biri yer yuzida bo‘lganida edi, Mansuri Xalloj aslo dorga osilmas erdi”.

Xojai Azizonga nisbat berilgan quyidagi baytda bunday yozilgan:

 

Bo har ki nishasti nashud jam’ dilat,

V az tu naramid suhbati obu gilat.

Zinhor zi suhbatash guro‘zon bibosh,

Varna nakunad ruhi Azizon bihilat.

 

Mazmuni: kim bilan o‘tirib turdingki, ko‘r, agar yuraging unday odamlar suhbatidan bahra olmay, xijil tortsa, zinhor ular bilan qayta hamsuhbat bo‘lma, yo‘qsa, Azizon seni kechirmaydi.

Xojai Azizon suhbati ozor, tili zahar odam oldidan qochmoq kerak, ularning tayin – tuturiqsiz suhbatlaridan yurak gulini xazonlig‘dan asragandek, ko‘ngil qushini halokatdan himoyalagandek olib qoch, deb uqtiradi. Sababi inson qalbi, yuragi ilohiy hislar bilan sug‘orilishga loyiq. Inson yuragi muqaddasdir. Shu muqaddaslikni musibatga tutsang, seni kechirmayman, deydi buyuk pir.

“Maqomati Shoh Naqshband”da yozilishicha, ramazon oyida bir kun Xojai Azizonni o‘n sakkiz joyga iftorga taklif qilibdilar. Xoja Ali hammasiga bormoqqa va’da beribdilar va bir vaqtning o‘zida o‘n sakkiz joyda paydo bo‘lib, iftorlik qilibdilar.

 

* * *

Romitanning Samos qishlog‘iga borganimizda, ayni tush payti edi. Ziyoratgohda ekilgan atirgullar shunday ajib hid taratar ediki, beixtiyor ruhingiz ko‘tariladi. “Silsilai sharif”dagi o‘n to‘rtinchi piri murshid Boboyi Samosiy Sayyid Mir Kulolga ta’lim bergan. Sayyid Mir Kulolning esa o‘n to‘rtta murshidi bo‘lib, shulardan biri Xoja Bahouddin Naqshbanddir.

…Pirning ziyoratiga borishdan oldin ustoz­larning ustoz­lari ziyoratiga bordik. Jomiyning “Nafohatul uns”­ida ta’kidlanishicha, Boboyi Samosiy o‘z kulohini yosh Bahouddinga bergan. Shu kuloh sharofatidan hazrati Bahouddinga balogardonlik karomatini ato qilgan ekan.

Silsilai sharifning o‘n beshinchi halqasi piri murshid hisoblanmish, tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri hazrat Amir Kulolning ziyorati uchun Suxor qishlog‘iga keldik. Hazrat tug‘ilib o‘sgan qishloq g‘oyat so‘lim va osudaligi bilan qalbga yaqin tuyuladi. Ul zoti muborak haqida eshitganlarimiz to‘qima yoki cho‘pchak emas, ayni haqiqat ekanligiga ishondik.

Hazrat Sayyid Ato Amir Kulolning otalari do‘st bo‘lganlar va do‘stlariga bunday deganlar: “Ey birodar, sizga Haq subhonahu va taolo bir farzand karomat qiladiki, uning fayzi jahonning boshidan oxirigacha yetadi. Albatta, uning ismini Amir Kalon qo‘ying”.

Darhaqiqat, oz fursat o‘tgandan so‘ng hazrat Sayyid Atoning bashorati amalga oshgan va Amir Kulol muhtarama onalarining vujudlarida paydo bo‘lgan.

“Maqomat”da bunday deyiladi: “Sayyid Amir Kulol hazratlari Sayyidlarning eng a’lolaridandir va u kishining sayyidliklarida hech qanday qusur, nuqson yo‘qdir. Hazrat ham nasab, ham hasab, ya’ni ham nasl va zotlari Muhammad (s.a.v.)ning avlodidandirlar, ham erishgan daraja va amaliyotlari Rasulullohning yo‘llariga mos tushadi”.

Muhammad (s.a.v.) bir hadisda aytganlarki: “Odob nasabdan ustundir”. Bu hadisdan so‘ng manbada quyidagi bayt keltiriladi:

 

Hazor xesh, ki begona as xudo boshad,

Fidoi yak tani begona, ki oshno boshad.

 

Mazmuni: Allohdan yiroq bo‘lgan mingta qarindoshdan ko‘ra, Allohga yaqin bo‘lgan bitta begonaga fido bo‘lsang arziydi.

 

Kim baloi nafsin tiydi,

Kim ishq tojin boshga kiydi,

Burhon ul-haqiqat deydi:

Darmonga yaqin boraylik.

 

Olamni yoritguchi nur,

Yurakni boyitguchi sir,

Sharoful Mustafoviy der,

Ayonga yaqin boraylik.

 

Sulton ul-tariqat kabi,

Hazrati Borif’at kabi,

Sayyidul Orifon kabi,

Rahmonga yaqin boraylik.

 

* * *

Hazrat Amir Kulol so‘nggi damlari yaqinlashayotganligini sezib farzand­lariga yuzlanib aytganlari orasida shunday nazmiy parcha ham bor:

 

Shodamki, ki zi man bar diliy

                                          kas bore nest,

Kasrozi manu, kore man ozore nest,

Gar nek shumorandu gar bad go‘yand,

Bo neku badi hech kas kore nest

 

Mazmuni: Men juda xursanmandki mening tufayli biror kishining qalbida og‘irlik yo‘q. Men va mening ishlarimdan hech kim ozor chekmagan. Meni yomon yoki yaxshi desalar-da, men ularning yaxshi va yomonlari bilan hech ishim yo‘q.

Darhaqiqat, bu dunyoda hech bir kishining qalbiga ozor bermay yashab o‘tmoq eng go‘zal xulq va fazilatdir. Bundan baland maqom yo‘q. To hanuz ul zoti sharifdan o‘rgandilar, o‘rganyapmiz, o‘rganurlar.

 

* * *

Hazrat Bahouddin Naqshband ziyoratgohidamiz. Taomilga ko‘ra, ularni tavof qilishdan oldin onalarining ziyoratida bo‘ldik. Darvozadan kirilgan zahoti oq va qizil atirgullarga ko‘zingiz tushadi. Bu yerning shabadalari sirdosh, qushchalari fikrdosh. Bunda nigohlar mehrli, nazarlar iltifotli. Bu yerda inson bo‘lib, inson bo‘lganda ham musulmon bo‘lib yaralganingga shukronalar aytasan.

Qur’on tilovatidan so‘ng ziyoratgoh daraxt­larida uchib yurgan qushdek, gullarga qo‘ngan kapalakdek yengil his etasan o‘zingni. Ko‘zingdan to‘kilayotgan marjonlarni yashirmoq uchun qiblaga yuz tutasan. Yaxshi hamki ro‘moling yuzingni yashirib turadi. Ayrim odamlar senga ajablanib qarayotganini his etasan. Xijolat bo‘lasan. Ammo bu yerda seningdek ruhiy yuksaklikka ko‘tarilganlar juda ko‘p. Ularning-da, boshlari egik, ular ham sajdadadirlar…

Bahouddin Naqshband hazratlarining ziyo­ratgohlari tanib bo‘lmas darajada ko‘rkam qiyofaga kiribdi. Ziyoratgohga keladigan yo‘llar kengaytirilib, ta’mirlangan. Yo‘l yoqalari gulzor, darvozalar naqshinkor. Bahouddin Naqshband pirimiz va onalari qabri oralig‘ida katta bog‘ barpo qilingan. Ona va bola ruhlari xushmanzara bog‘da kezib yurgay, ko‘nglingizni sezib yurgay.

Ustoz-shogirdlar hamisha bir-birilarini to‘ldirib yuradilar. Ularning ma’rakalari, el-yurtning yo‘qlovlari, tadbiru tantanalari ham bir-biriga ulanib ketadi. YUNYeSKO homiyligida Bahouddin Naqshband hazratlarining 675 yilligi keng tantana qilingan 1993 yilda buyuk bobomiz Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning 890 yillik sanalari ham nishonlangan, keng jamoatchilik diqqat-e’tibori shogirddan ustozga qaratilgan edi.

Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning 900 yilligi tantanalari Bahouddin Naqshband hazratlarining 685 yilligi shodiyonalariga ulanib ketgan edi. Bu yil Abdulxoliq G‘ijduvoniyning 915 hamda Bahouddin Naqshbandning 700 yilliklari nishonlanadi.

Joriy yilning 16-17 fevralida Buxoroi sharifga tashrif buyurgan Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev yetti pirni mustahkam bog‘lab turuvchi yagona va ravon yo‘l qurish, shuningdek, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning ziyoratgohlari – “Xojai Jahon bog‘i”ni yanada obod qilish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Mana, bog‘ o‘rtasida qad ko‘targan favvora, xushmanzara daraxt nihollari gurkurab, chaman ochilgan gullar bog‘ husniga husn qo‘shib turibdi. Bugungi kunda bu yerdan dunyo musulmonlarining qadami arimas, bu nurli maskan asrlar osha biz qanday e’tiqodlar ila yashaganimizni kelajak avlodlarga so‘zlab turgusidir, inshoalloh.

 

Zulfiya MO‘MINOVA

 

1959 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

“Azizim, baxtiyorman”, “Vatan tashlab ketmaydi”, “Beshiklarni asragin, dunyo”, “Yonayotgan ayol” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.