Shoiraning quyoshi

0
29
marta ko‘rilgan.

Halima Ahmedova iste’dodli o‘z uslubini yarata olgan shoiralarimizdan. Uning she’rlarini o‘qigan kitobxon yangilikka o‘ch shoiraning ijod dunyosiga beixtiyor mehr qo‘yadi. She’rlaridagi ajib topilmalar o‘quvchini mulohaza yuritishga undaydi.

Bugungi kunga qadar shoiraning “Ko‘zim­ning tili”, “Tungi marvarid gullar”, “Erk darichasi”, “Tiyramoh”, “Afsun”, “Umid soyasi”, “Nigoh qiblasi”, “Shafaq ibodati”, “Yosuman gulining soyasi”, “Tashbeh”, “Yashil” nomli kitoblari chop etilgan. Bu to‘plamlardagi she’rlarda oddiy bir qishloq qizining goh mardonavor, goh mungli, ma’suma qiyofasini ko‘ramiz. Ijodkor o‘z dunyosida bo‘y ko‘rsatayotgan quvonch-u shodlikni, g‘am va qayg‘uni, qo‘yingki, barcha his-kechinmalarini she’rlari orqali tashqi olamga olib chiqadi.

Shoira ijodining ayni cho‘qqisi mustaqillik yilla­rining boshlanishiga to‘g‘ri keladi. U qaysi mavzuda yozmasin, she’rlarida ortiqcha dabdaba, ortiqcha bo‘yoq sezilmaydi. Shundanmi uning she’riyati samimiy, dilbar va latif. Eng asosiysi esa u o‘zini majburlab qalam ushlamaydi. Ya’ni davr nimani taqozo etsa, oqimga qo‘shilib ketmaydi. Buyuk shoi­rimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Iste’dod – bu mumkin bo‘lmaganni mumkin qilish, hukmron estetik prinsiplarga yangilik kiritish, she’riyat mana bundoq bo‘ladi deb, yangicha nuqtai nazar bilan chiqib, shunga odamlarni ishontirish demakdir”. H.Ahmedova tom ma’noda bunga erishdi ham. Chunonchi, uning “Sog‘inib boryapman nafasma-nafas..”. turkum she’ridagi “Qishloqdan nima olib boray?” (Ukamning so‘rovi) she’ri bunga misoldir:

Kuzning oqshomida osmon xo‘mraygan,

Olisda bir yulduz titraydi dilgir.

Yechingan daraxtlar talvasasida –

Negadir quyoshdan oldim xavotir…

Bu to‘rtlik ramzlar orqali so‘zlaydi. Kuz – bu so‘nggi ilinj. Oqshom – qorong‘ulik, tushkunlik ramzi, osmon – qalb ramzi, yulduz – umid ramzi, daraxtlar – odamlar, quyosh – olisdagi qadrdon go‘shasi ekanligini anglatadi. She’rni quyidagicha tahlil qilamiz: Tushkun ahvolda so‘nggi ilinj bilan yashayotgan kishining qalbida ham zarracha bo‘lsa-da umid uchquni bo‘ladi. Ana shu miltillab turgan umid kezi kelganda ulkan maqsadlarning poydevori bo‘lib qoladi. Lekin bu o‘rinda lirik qahramon tashqi olamni emas, balki ichki dunyosida g‘alayon qilayotgan tuyg‘ularning umidini nazarda tutmoqda. Uning nazarida, mehrsizlashib borayotgan odamlar dunyosidan qo‘rqish va olisdagi quyosh – qishlog‘ini qo‘msash, sog‘inish hissiyotlari o‘quvchining kayfiyatiga ta’sir qiladi. Olislarda yolg‘iz qolgan odamning ruhiyatida bo‘y ko‘rsatgan bunday tug‘yonlar hech bir kitobxonning e’tiboridan chetda qolmaydi. Yuqoridagi misralarda ijodkorning osmon, yulduz, quyosh kabi so‘zlardan mohirona foydalanib tanosib san’atini yuzaga keltirganini sezish qiyin emas, albatta.

Quyosh obrazi badiiy adabiyotda an’anaviy obraz bo‘lib, u ijodkorning kayfiyati yoki davr nuqtayi nazari bilan turlicha ma’nolarni anglatib keladi. Jumladan, mumtoz adabiyotda, xususan, Lutfiy, Navoiy, Bobur kabi buyuklarning ijodida quyosh obrazi orqali ilohiy ishq tarannum etilgan. Alisher Navoiy:

Ey quyosh, nevchun qoshingdin soyadek surdung meni,

Ravshan aylab jumlayi olamni kuydurdung meni

baytida ham quyosh timsolida Allohga munojot etadi.

Yoki XX asrning boshlarida o‘zbek lirikasida qu­yosh obrazi o‘lkada yuz berayotgan keskin ijtimoiy-siyosiy kurashlar fonida berildi. Buning yorqin namunalarini Usmon Nosir, Cho‘lpon, Oybek kabi zabardast, erksevar shoirlarning ijodlarida kuzatamiz. Aynan Cho‘lponning “Tortishuv tongi” she’ridan olingan quyidagi satrlarida quyosh obrazi erk, istiqlolga tashna xalqning orzu-umidi sifatida talqin etilgan:

Chiqadigan quyoshni siz behuda,

Etak bilan to‘smoq uchun tirishmang.

“Chiqadigan quyoshni” o‘xshatish san’ati orqali oddiy quyosh chiqishidan farqlagan va bu bilan millatning mustaqillikka intilish orzusi kuchli ekanligini ifoda etgan.

Zamonaviy o‘zbek she’riyatida quyosh obrazi lirik qahramon ruhiyatining badiiy talqinida faol. Badiiy adabiyotda quyosh insonlarga moddiy nur barobarida ma’naviy nur ulashuvchi ramz sifatida talqin qilinadi. H.Ahmedova she’rining ham badiiy tahliliga qaytamiz.

Negadir tirilishni istamayapman

Mensiz ham o‘liklar to‘lgan zamonda?!

Duch kelgan odamdan so‘rayveraman:

Xabaringiz yo‘qmi quyosh tomondan?!

Tirilishni istamaslik, ya’ni qalban uyg‘onish, o‘zlik­ni anglash, “o‘liklar to‘lgan zamon”da qotib qolmaslik uchun lirik qahramon kimningdir mehrini, e’tiborini juda qattiq sog‘inadi. Shundan bo‘lsa kerak, u vatan haqida, tug‘ilgan makoni haqida duch kelgan odamdan so‘rashga or etmaydi. Uning nazdida odamlar tug‘ilib o‘sgan ona qishlog‘ini unutib qo‘yayotgandek tuyuladi. Atrofidagi ayrim bemehr kimsalarni achchiq kinoyaga oladi va o‘zining “tirilishni istamaslik” holatiga yupanch, chora izlaydi. Buni qarangki, ijodkor yana quyosh obrazini takror ifodalamoqda. U qadrdon go‘shasini ota makonim, ona qishlog‘im kabi sifatlar bilan ham ifodalashi mumkin edi-ku. Yo‘q, chunki bu quyoshda nur bor, yorug‘lik bor. O‘zi kutayotgan iliqlik, mehr-muhabbat bor. Lirik qahramon qalbidagi ana shu tuyg‘ularni yuqori kayfiyatda tarannum etishda quyosh obrazi o‘zining falsafiy-badiiy yukini tashigan va ijodkor dunyosini yoritishda alohida rol o‘ynagan.

Sen qo‘ng‘iroq qilding quyosh tomondan,

Yoki xayolimda bu bo‘ldi sodir.

Iso Masihdagi nodir nafasni

Har bir hujayramda sezyapman hozir.

Qarang, sabrning kosasi to‘lay-to‘lay deganda intiqib kutgani, sog‘ingani – qishlog‘i tomondan xabar keladi. Sog‘inchdan entikkan vujudi qayta tirilgandek, qayta yaralgandek bo‘ladi. Talmeh san’atidan unumli foydalangan shoira o‘zining shu lahzadagi quvonchini go‘zal tasvirlay olgan. Endi u o‘rtadagi lahzalik holatni quyidagicha davom ettiradi:

Sham edim yana ham balandroq yondim,

Sening ovozingni eshitgan mahal.

Xazon qamalida qolgan uyimga

Mehring kirib keldi o‘zingdan avval.

Tasavvur qiling: maysa quyoshga intiladi – o‘sishi uchun; biyobonda qolgan odam suvga intiladi – tashnalikni qondirish uchun. Lirik qahramon esa yaqinlarining mehr-muhabbatiga mushtoq. Xazon bosgan ko‘ngil uyiga jigarlarining mehri o‘t yoqqan­dek bo‘ladi. Endi u qalbida sel bo‘lib oqayotgan sog‘inch tuyg‘ularini birma-bir quyma satrlarga joylaydi. She’rdagi “Bulutning to‘zg‘in xayoli”, “Bog‘ning shamoli”, “Ona nimchasining hidi”, “Tugmadagi porlaydigan nur”, “Tomorqada o‘sadigan gulning shiddati” kabi metaforik obrazlar bir-biri bilan uzviy aloqaga kirishadi. Natijada she’rning mazmuni, ijodkorning maqsadi yana-da oydinlashadi. Bolaligiga tashlab kelgan o‘sha go‘zal manzaralar sog‘inchi she’rning badiiyligini yanada oshirgan.

Lirik qahramon ko‘ngli uchun nimalar kerakligini bir-bir sanar ekan, she’rni quyidagicha yakunlaydi:

Yuking ancha og‘ir bo‘ladi, magar

Ularni og‘rinmay yelkangga yukla.

Qo‘rqmagin, aqldan ozganimcha yo‘q.

Xo‘rsinma,

Men endi tirikman, uka.

Menga dalalarning qalbin olib kel.

Jigari yelkasiga ortgan sog‘inch yuki u uchun qadr­don, azizdir. Huvullagan qalb dunyosini shular orqali to‘ldirmoqchidek bo‘ladi go‘yo. Aslida, lirik qahramon kimdandir nimanidir kutmaydi, balki o‘sha olisda qolgan mo‘jizalarga boy ona qishlog‘ini, yaqinlarining mehrini, e’tiborini kutib yashaydi. She’rning so‘nggi misrasi esa lirik qahramonning qishlog‘iga, yaqinlariga bo‘lgan sog‘inchi bitmas-tuganmas ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Shoiraning bu kabi she’rlari bizni bedorlikka, uyg‘oqlikka chorlaydi. Vijdonimizni uyg‘otib loqaydlik, beparvolik, mehrsizlik kabi illatlarni qalbimizdan quvib chiqaradi. Kirlangan qalblarni poklashga, samimiy tuyg‘ular jo‘sh urishiga sabab bo‘ladi. Demak, quyosh obrazi badiiy adabiyotda ijodkor nuqtayi nazari bilan turlicha talqin etiladi va bu obraz har safar o‘zi­ning yangidan yangi qirralari bilan she’r badiiyatini ta’minlayveradi.

Tuyg‘ulari samimiy ijodkor kitobxon bilan she’rlari orqali ko‘ngil yaqinligini paydo qiladi, uni ruhan uyg‘oqlikka chorlaydi. Zero, vatan ichra kichik bir vatan bu bizning ota uyimiz, ona qishlog‘imiz ekanligini she’rlarida bot-bot takrorlaydi.

 

Nigora Salohiddinova,

1990-yilda tug’ilgan.

Andijon davlat universitetida

magistraturada o’qigan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.