Ötgan asrning 60-yillarida özbek nasrida bir qator isteʼdodli yozuvçilar: Ölmas Umarbekov, Uçqun Nazarov, Temur Pölatov, Şukur Xolmirzayev, Ötkir Hoşimov adabiy avlodi böy körsatdi. Bu avlod vakillari öz ijodida olam va odamni yaxlit butunlik – yagona universum sifatida talqin etişib, özbek badiiy adabiyotidagi ruhiyat iqlimini yangilaşga harakat qildi. Poetik yondaşuv va ifodadagi öziga xoslik, şakliy yangilanişlar avlodning adabiyotdagi örnini belgiladi. Olamni qabul qiliş, hayot haqiqatini badiiy idrok etiş, murakkab ziddiyatlarini real tasvirlaş yetakçi öringa çiqdi. Özbek adabiyotda Şaxs konsepsiyasi markaziy muammolardan biri sifatida talqin etildi. Milliy adabiyotda badiiy-falsafiy ohang kuçayib, Inson şaxsiga murakkab ruhiy xilqat sifatida yondaşilib, uning qalb keçinmalarini yoritiş alohida yönaliş sifatida şakllandi.
Özbek nasrida Şaxs konsepsiyasiga yetakçi muammo sifatida qaraş Ötkir Hoşimov ijodida muhim örin tutadi. Yozuvçi ijodida insonga mukarram qilingan zot sifatida yondaşuv, uni anglaş, tuşuniş, alamlariga hamdard, köngil yaralariga malham böliş istagi birlamçi ahamiyat kasb etadi. Ötkir Hoşimovning ijtimoiy tarjimayi holidagi xalq bilan birdamlik ruhining ustuvor ekanligi, asarlarida milliy qadriyatlar tizimini öziga xos tarzda ifodalaşga yöl oçdi. Adib adabiyotga “sakkizinçi möjiza” sifatida qaraydi, ijodida esa millat maʼnaviy hayoti va estetik didi masalasi muhim örin egallaydi. Dastlab, qissa janri bilan ijodini boşlagan adib keyinroq yirik janrdagi asarlarga ham qöl uradi. Uning “Nur borki, soya bor” romani davrning ijtimoiy muammolariga bağişlanib, öziga xos xarakterlar talqini orqali oğriqli masalalar örtaga taşlandi.
“Ikki eşik orasi” (1986) romani adabiy jamoatçilik tomonidan yozuvçi badiiy yetukligining namunasi sifatida qabul qilinadi. Asar syujet va kompozitsiyasi hamda kötarilgan muammolar qamrovi va yondaşuv uslubiga köra milliy tafakkurdagi yangilanişni özida aks ettirgan badiiy voqelikka aylandi. Yozuvçining “Çöl havosi” asari haqida Abdulla Qahhor: “Asarining xat şaklida yozilişi ritmni buzadi, muallif tilidan olib borilsa böladi”, deya tanbeh berganday böladi. Ustoz adib ziyraklik bilan ilğagan jihat, nazarimizda, yozuvçi uslubidagi öziga xoslik bölib, bu uning ijodida yetakçi ifoda tarziga aylandi. Bu esa Ö.Hoşimov dastlabki asarini yoziş jarayonidayoq şakl va mazmun ifodasini yangilaşga uringanidan darak beradi. “Ikki eşik orasi” asari yuzasidan köpçilik olimlarimiz monografik kölamda tadqiqotlar olib borişgan bölib, aksariyat tadqiqotçilar romanning şakliy izlanişlariga eʼtibor qaratişgan.
Roman strukturasida bayon uslubining öziga xosligi özbek nasrida butunlay yangilik sifatida qabul qilindi. Bayon ifodasidagi tartib, ketma-ketlik va uzviy boğliqlik strukturaning murakkab tuzilmasidan darak beradi. Yozuvçi romanda qöllagan uslub özining ohori bilan eʼtiborni jalb etsa, ikkinçidan, har bir personajni jonli his qilişga imkon beradi. Har bir odam özi haqida sözlaydi. Öz-özidan kelib çiqadiki, sözi bor odamning nafasini ham his qiliş mumkin. Birgina, Qora amma içidagi odamçalarning ovozini nafaqat Muzaffar, balki asarni mutolaa qilayotgan öquvçi ham eşitadi. Mana şu “eşitişda” yozuvçining mahorati mujassamdir. Şuni taʼkidlaş lozimki, romanda hurlikka intiliş, erkni qadrlaş, adolatsizlikka va zulmga nisbatan kuraş tuyğusi birlamçi ahamiyat kasb etadi.
Romanning kompozitsion qurilmasi taşqaridan qaraganda, Muzaffar Şomurodovning yöl xotiralari va har bir personajning umr lavhalaridan iborat körinsa-da, ammo yaxlit tizimga solingan konsepsiyaga asoslangan. Asar strukturasi şakliga mos öziga xos ifoda tarzi tanlanib, Muzaffarning hikoyasi qoliplovçi bayon tarzida şakllantirilgan. Asar töqqiz personajning mustaqil, ammo mazmunan biri ikkinçisiga ehtiyoj sezuvçi hikoyalaridan taşkil topgan. Bir örinda, Muzaffar otasining bozorda tasodifan soat sotmoqçi bölgan möylovli kişini körib, jazavaga tuşişi, “söyaman, öldiraman” deyişidan hayron bölgani aytiladi. Maʼlumot şu bilan tugaydi. Gap uziladi, davom etmaydi. Oradan ança vaqt ötib Umar zakunçi hikoyasida çala qolgan hikoya davom ettiriladi. Voqealar ketma-ketligida bunday “tasodif”lar köp uçraydi, Yozuvçining mahorati şundaki, “tasodif” uning uçun poetik vosita, fikr ifodasidagi öziga xoslik. Şu bois adabiyotşunos Muhabbat Şarafuddinova mazkur roman “bayon strukturasi öziga xos “rebus”ga öxşab şakllantirilgan” deb taʼkidlaydi.
Romanda ovozlar qöşilib yagona ovozga aylansa-da, ohangning turliçaligi eʼtiborga loyiq jihatdir. Asar personajlari hikoyalarida ohang va nafas özgaça, har bir hikoya qiluvçining öz ovozi bor. Eng muhimi ular yagona milliy ohangga jör bölganday, nazarimizda. Muhabbat Şarafuddinova öz tadqiqotida mazkur asarni Lotin amerikalik yozuvçi Uilyam Folknerning “Ölar çoğimda” (1930) romani bilan qiyoslab, bayon uslubi orasidagi muştarak jihatlarni tahlil doirasiga tortgan. Nazarimizda, qoliplaş sanʼati mumtoz adabiyotimiz tarixida anʼana şaklida mavjud edi. Yozuvçining qoliplaş usulidan foydalanişi uning imkoniyat doirasini kengaytirib, uslub va usuldagi öziga xosligini taʼminlaydi. Asar “Muqaddima yoki avvalgi bob” bilan boşlanadi, tugallanişi esa “Xotima yoki eng oxirgi bob” deyiladi. Bu asardagi qirq tört bobdan taşqarida, oçuvçi va tugallovçi bölak sanaladi. Şuning öziyoq, Muzaffar obrazining asar strukturasidagi salmoğini körsatadi.
Adib bunday ifoda usulidan foydalaniş evaziga har bir inson qalbiga möralaşga yöl topadi, uning öziga xos kemtiklariga nigoh taşlaydi. “Möralaş” usuli esa qahramonni, yaʼni xatolarga moyil insonni anglaş uçun bir yöl vazifasini bajargan. Muallif asarda xatolarning aybdorini qidirmaydi, balki uning ildizlariga nazar taşlab, inson qalbining tebranişlariga quloq tutadi. Aslida, asar qahramonlari emas, keçinmalar, nuqtayi nazarlar tilga kiradi. Har bir nuqtayi nazar roman konsepsiyasida alohida bir yönaliş şaklida ifoda etiladi. Şuning uçun roman turfa qaraşlar haqidagi asardir. Bu yozuvçi uslubidagi individuallikni körsatadi.
Asar strukturasida monolog alohida örin egallaydi. Roman monologdan iboratmi yoki unda içki dialoglar ham bormi? Nazarimizda, roman monolog şaklidagi dialoglardan iboratki, yaʼni butunning bölaklari singaridir. Qahramon öz keçmişi haqida özi hikoya qilar ekan, albatta, özga tinglovçining nigohini his qiladi. Mana şu jarayonda dialogik munosabat yuzaga keladi. Özi haqida sözlayotgan qahramon öz nutqini öquvçiga qaratadi va havola qiladi. Demak, asarning navbatdagi badiiy xususiyati uning dialoglar tizmasidan iborat ekanligidir. Dialog hissiy muloqotlar şakli bölib, unda taqdirlar tadbil qilinadi.
Asarda muallif yöl xotiralarini öziga xos struktura asosida tartibga keltiradi. Har bir peronaj özi haqida şunçaki sözlamaydi, balki har bir qahramon öz xarakter mantiğidan kelib çiqib vaziyatga turliça baho beradi. Raʼnoning voqelikka baho beriş orqali uning maʼnaviy qiyofasi oydinlaşadi. Bayon sturkturasining bu taxlitda tartiblanişi talqinlar rang-barangligini yuzaga keltirgan. Romanning yana bir badiiy xislati u turfa talqinlar haqidagi asar ekanligidir.
Bayon strukturasida ahamiyat beradigan jihatlardan biri asardagi vaqt konsepsiyasining öziga xos tarzda hal etilişidir. Sababi, asar voqealari qirq yilga yaqin vaqt oraliğida yuz beradi. Ötkir Hoşimov ijodiy konsepsiyasida vaqt, vaziyat, lahza kabi zamoniy birliklar öziga xos poetik funksiyani bajaradi. Vaziyat talabiga köra inson taqdiri kutilmagan yangi özanlar tomon burilişi mumkinligi asardagi qahramonlar hayoti va ularning taqdiri misolida oçib beriladi.
Asarda vaqt faqat zamonni körsatişga xizmat qilmaydi, aksinça, makonda yuz bergan voqelikni badiiy mantiq talabiga köra yoritib beruvçi birlik vazifasini bajaradi. Bayon qiliş maromiga köra bir paytning özida voqelik ötgan yoki hozirgi zamonga örni-örni bilan almaşinib turadi. Birgina Muzaffar hikoyalarida vaqt turli körinişda beriladi. Kiçkintoy Muzaffar, birinçi sinf öquvçisi, yettinçi sinf öquvçisi, birinçi kurs studenti, uçinçi kurs studenti tarzida berilgan hikoyalarda makon va zamon badiiy mantiq talabiga köra öz ifodasini topadi. Roman konsepsiyasida Muzaffar obrazi qahramonlarni özaro boğlovçi halqa vazifasini bajaradi. Şuni aytib ötiş joizki, har bir qahramonning öz hayot yöli, keçmişi, taqdiri bor. Ularning har biri mustaqil obraz sifatida mustaqil yönalişiga ega, tugun, kulminatsiya, yeçim kabi poetik unsurlardan taşkil topgan.
Asardagi qahramonlar hayotida insonning taqdir bilan sulh tuzişini öziga xos falsafiy kölamda aks ettirib, undan yeçim sifatida foydalanadi. Yeçim bilan masala tugamaydi, balki navbatdagi yönalişga zamin bölib xizmat qiladi. Romanda buni dalillovçi epizodlar talaygina. Qora amma yolğiz öğli sevgan Robiyaga bir kun kelib, özi sovçi bölib, ukasiga olib beradi yoxud Oqsoqol öz kelini Zuhrani elning oldida mulla çaqirib, boşqa birovga nikohlab beradi. Mazkur epizodlar xalqning iç-içidan, jon-jonidan tanlab olingan hayotiy lavhalar bölib romanga ruh bağişlaydi. Qahramon ruhiyatidagi tiğiz holatlarni yoritişda yozuvçi millatning qadriyatlar tizimiga, özbekona odatlarga, diniy maʼrifatga asoslanadi. Oqsoqol, Husan duma, Qora amma obrazining xarakteri mantiğini yoritişda xalqning murosa ilmini qadrlaşi va donoligiga tayanadi. Aslida, kengroq qaraganda, adib ijodiga milliylik tagzamin bölib xizmat qilgan.
Taqdir bilan murosaga boriş Şomurodning Robiya haqidagi hikoyasida yanayam yorqinroq körinadi. Şomurod Robiyaning Kimsan akasini sevişini, hamon uni unutmaganini biladi, ammo ayab indamaydi, oğiz oçmaydi. Öz navbatida, Robiya ham Şomurodning könglini biladi, ammo içiga yutadi. Qora amma Robiyaning öğlidan köngil uzmaganini biladi, lekin şaroitga böysunadi, murosa qiladi. Muzaffar ham onasi Raʼnoni keçira olmaydi, ammo uni tuşunişga, qabul qilişga özini majbur sanaydi. Raʼno tomonidan aytilgan “Taqdirga tan beriş dononing işi” jumlasi nafaqat öziga qaratilgan, boşqa qahamonlarga ham birday tegişlidir. Yana bir örinda, Raʼno Şomurod haqida “Ammo bolamdan judo qilgan, öğlimning ölimiga sababçi bölgan anovi çöloqni u dunyo-yu bu dunyo keçirmayman”, deydi. Vaqtida bolasini taşlab ketgan ona tilidan aytilayotgan bu gaplar nimani anglatadi. Birinçidan, talqindagi turliçalikni körsatsa, ikkinçidan, qahramonning özini oşkor qilişi demakdir. Şomurod esa öğlini taşlab ketgan onani malomat qiladi, keçirmaydi. Bir voqeaga ikki xil munosabat, ikki xil nuqtayi nazar. Yoxud Robiyaning öz töyini hikoya qilib berişidagi ohangda qança sir yaşirin, bu aytilmay qolgan köp narsalarni vaʼda qiladi. Xuddi şu töy voqeasi Muzaffar tilidan ham hikoya qilinadiki, bu adib badiiy imkoniyatlarining kengligini körsatadi. Robiya va Muzaffar töy voqeasiga turli rakursdan kelib yondaşadi. Aynan mana şu yondaşuv sabab bölib ruhiy holatlar va keçinmalar tilga kiradi. Adib qahramon haqida deyarli gaprimaydi, uni şunçaki malomat qilişni istamaydi, har qanday holatda ham tuşunişni xohlaydi, izoh beradi. Butun jamoa Umar zakunçining zulmidan ozor çekkanda, Raʼno uni oqlaydi. Aslida, hayot şunday, har kim öz ölçami va dunyoqaraşidan kelib çiqib vaziyatga baho beradi. Asarda baʼzi qahramonlar bayonda iştirok etmaydi, balki ularning xarakterlari özgalar tilidan berilayotgan hikoyalar orqali oçiladi. Oqsoqol, Duma, Komil tabib, Olimjon, Parça xola, Başorat kabi yorqin obrazlar özgalar nigohi vositasida yoritib beriladi.
Romanning öziga xos jihatlaridan biri uning diniy-maʼrifiy tomoni bilan ham boğliqdir. Asarda yuz bergan fojialarning barçasining ildizi dindan uzoqlaşuv, man etilgan narsalardan qaytmaslikka borib taqaladi. Diniy maʼrifatni bu tarzda ifoda etiş ham yozuvçi uslubining öziga xosligini taʼminlagan. Yozuvçi asarlaridagi falsafiy köpqatlamlik, taqdiri “azal”ning hukmiga rozi böliş, omonatga xiyonat, halol-haromni farqlaş kabi jihatlarning bir uçi diniy maʼrifatga borib taqalib, roman badiiyatini taʼminlagan omillardan biridir.
“Ikki eşik orasi” romani talqinlarga boyligi, taqdirlar va köngillar sirlaşuvi haqidagi asarlar sirasiga kiradi. Asar strukturasida bayonning ifoda şakli yozuvçi uslubini belgilaşga xizmat qiladi. Bunday bayon usuli yozuvçining keyingi “Tuşda keçgan umrlar” romanida ham davom ettirildi. Yozuvçi ijod masalasiga jiddiy yondaşgan, har bir nafasda öquvçining nigohini his qilgan. Uning publisistikasida bu jihatlar yanayam börtib körinadi. Şu örinda yozuvçining quyidagi sözlari eʼtiborimizni tortdi: “Aytiş mumkinki, asarning egasi muallif emas, öquvçi. Öquvçisi yöq asar egasi taşlab ketilgan hovliga öxşaydi”. Şunday ekan, adib asarlari millat maʼnaviy xazinasiga aylanib ulgurgan, albatta, uning öz egalari, adabiy vorislari bor. Egasi bor adabiy meros esa heç qaçon izsiz ketmaydi.
Sanobar TÖLAGANOVA,
filologiya fanlari doktori
1970-yili tuğilgan.
Toşkent davlat pedagogika unstitutining özbek va qozoq filologiyasi fakultetini tamomlagan.
“Badiiy asar morfologiyasi”, “Abdulla Qodiriy: şaxsiyat va ijod” monografiyalari çop etilgan.
2021/8
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


