Tarixiy do‘stlik silsilasi

0
24
marta ko‘rilgan.

O‘zbek va tojikikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq, deyilishi bejiz emas. Xalqlarimiz azaldan bir daryodan suv ichgan, bir-birining an’analari, madaniyatini boyitgan. Bu mushtaraklik, ayniqsa, ikki xalqning mumtoz adabiyotida yaqqol ko‘rinadi. Ulkan so‘z san’atkorlari Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy do‘stligi, ijodiy hamkorligi bugungi kunda ham xalqlarimizning madaniy-ma’naviy yaqinligi timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda. Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i hududida ikki buyuk mutafakkirning muhtasham haykali o‘rnatilishida ham chuqur ma’no mujassam.

Navoiy sevimli ustozi Jomiyga bag‘ishlab “Xamsat ul-mutahayyirin” asarini yozishi esa ustozga bo‘lgan ulkan ehtiromning yaqqol ramzidir.

Quyida ushbu asardan kichik hikoyatlarni asl ko‘rinishda taqdim etar ekanmiz, Navoiy tili va undagi nozik qirralar sizni-da rom etishiga ishonamiz.

***

Bir kun mavlono shayx Abdulloh kotib muqarrabi hazrati boriy1 Xoja Abdulloh Ansoriy2ning “Ilohiynoma”g‘a mavsum munojot risolasin   faqir   qoshig‘a kelturub erdi va mavlonoyi mazkurning kutub bay’ va shirosig‘a ham munosabati, ham hazrati xojag‘a avlodlig‘ nisbati bor. Faqir ul risolaning avval sahifasin ochib, xutbasin o‘qumoq bunyod qildim, bu xayol bilakim, bir sahifa yo g‘oyatash bir varaq o‘qulg‘ay, andoqki el ma’hudidur, so‘zning xo‘blug‘ va ravonlig‘idin hech yerda bas qila olmadim, to risolakim, ikki juzvdin ortug‘roq edi — itmomg‘a yetti. Majlis huzzori voqif bo‘lub, taajjub qildilarkim, bir risolakim, ikki juzvg‘a yaqin, balki ortug‘roq bo‘lg‘ay, bir tavajjuh bila boshtin-oyoqqacha o‘qumoq xoli az g‘arobat emas.

Tonglasi hazrati Maxdum bandaxonag‘a tashrif kelturdirlar. Ul risola hozir erdi, olib ochib, muborak nazarlarin soldilar. Tuno kungi as’hob andoqki ro‘zgor ahlining oyinu da’bi bo‘lur, taajjub izhori yuzidin tuno o‘tgan voqeani ul hazrat xizmatlarida arz qildilar. Alar tabassum qilib,  dedilarkim: “Ajab amri ittifoqiy bizning va sizning oraliqda voqe’ bo‘lg‘on ermish: ikki yo uch kun burunroq mavlono shayx Abdulloh ushbu risolani bizning qoshimizga kelturub erdi, biz dog‘i avvaldin bunyod qilduk, oxirig‘a degincha hech yerda turmoq bo‘lmay tugandi”.

Tonglasi mavlono shayx Abdulloh keldi, to kitobin yo bahosin olg‘an. Ba’zi anga ayttilarkim: “Falon (ya’ni banda) bu kitobni avvaldinkim o‘qumoq bunyod qildi, tugaguncha ilikdin qo‘ymadi”.

Ul taajjub yuzidin dedikim: “Hazrati Maxdumiy xizmatlarig‘a ham elta berdim, alarg‘a ham ushbu hol voqe’ bo‘ldi”.

 

***

Agarchi xavoriqi odat izhorig‘a haq taolo amri bila ma’mur emaslar erdi va pokiza holatlari “Malomatiya”3 tariqini shoirliq va mulloliq tariqida yashurun tutarlar erdi. Ammo gohi g‘arib nimalar alardin zohir bo‘lur erdi.

Ul jumladin dag‘i bir nechakim, aynil-yaqin bo‘lubtur bitimagi munosib ko‘rundi.

 

***

Seyidam Iroqiy degan yigit Muzaffar4 barlosning o‘bdon navkari, balkim eshik oqosi erdi, g‘oyati nodonlig‘idin alarg‘a munkir ermish, g‘oyati inkoridin alarning devonin birin-birin uzub, o‘tg‘a solib, kuydurubtur. Hamul uch-to‘rt kunda go‘yo bir uzvig‘a tugan qo‘pub, ul jarohat gazak bo‘lub, oxir bo‘ldi.

 

***

Majiduddin Muhammad5ki, olam mashhuridur, ta’rifg‘a ehtiyoj emas. Podshoh ani yozg‘urg‘onda andin itloqig‘a zomin tilagandur. Ul alarg‘a iltimos qilibdur va alar taahhud qilg‘ondin so‘ngra qochti. Oz fursatda, o‘n besh kunga tortmadikim, tutuldi. Azim qiyinlar tortti va boru yo‘q jihotin devoniy qildilar. Shahrdin boshin olib, ovora bo‘ldi va hamul ovoraliqda fanog‘a bordi.

 

***

“Fanoiyya” bog‘chasin yasardakim, ul hazrat havlilarining ichinda yer inoyat qilib berib erdilarkim, faqir o‘ziga muxtasar manzil yasabmen.

Podshoh Marv qishlog‘ig‘a azimat qilg‘onda faqir Darvesh Hoji Irqbandnikim, zamonning chobukdast bog‘bonlaridindur — ta’yin qildimki, bahor o‘lg‘och, ul bog‘chaga rayohin va ashjor ekkay. Bahor bo‘lg‘onda Darveshi mazkur kelib, ul bog‘chaning buyrulg‘oi ishig‘a qiyom ko‘rguzurda ul hazrat dag‘i gohi kelib, muborak xotirlari tashxizi uchun bir oz zamon anda bo‘lur ermishlar va ba’zi yig‘ochlarg‘a dag‘i iltifot qilib, yer ko‘rguzur ermishlarki, qayda ekkay.

Darvesh Hoji tund mizojliq devona kishidur. Ba’zida munoqasha qilur ermish va ul hazratg‘a xush kelib, munbasit bo‘lur ermishlar. Bir kun yig‘ochqa alar yer ta’yin qilibturlar. Devona bog‘bon inod yuzidin debturkim: “Munda ekmasmen”. Alar inbisot bila debturlarkim “Nevchun ekmassen?” Ul debturkim: “Rajadin tashqaridur, tongla cherik kelsa, Mir Shayxim6 bog‘bonliqda voqif kishidur, ko‘rub e’tiroz qilg‘usidur”. Alar debdurlarkim: “Bog‘cha Shayximning emas, Alisherningdur, ul e’tiroz qilmag‘usidir”.

Cherik shahrga kelgandin so‘ngra Darvesh Hojining tundliqlaridin as’hob naqllar qilurlar erdi. Ul hazrat dag‘i zavqu nishot yuzidin ul yig‘ochni ko‘rguzub, o‘tgan hikoyatnikim, alar bila Darvesh Hoji orasida voqe’ bo‘lg‘ondur, naql qilur erdilar.

 

***

Podshoh ul yilki Xuroson taxtin olg‘ondakim, “Jahonoro” bog‘i tarhin soldilar. Bir panjshanba kuni ul hazrat xizmatlarida Gozurgohi7din Dasht yuzi bila Xiyobon8 sori boriladur erdi. Sayyid G‘iyoskim, ul bog‘ning ta’miri va bog‘bonlig‘i ang‘a mutaayyin erdi, yo‘lda yo‘luqtikim, arobalarg‘a ulug‘roq sarv yig‘ochlarin bog‘lardin sotun olib, qo‘ngarib yuklab, “Jahonoro” bog‘iga eltadur erdi: Ul Hazratg‘a salom berib, iltifot qilib, mutoyaba bila dedilar:

– Yana hech sarv yig‘ochi qoldimu? Ne, buyla sarv yig‘ochi yuklabsen, oyo necha yig‘och bo‘lg‘ay?
Ul dedikim:

– Sanabbiz, yuz to‘rt adaddur.

Alar dedilarkim:

– Ajab adaddur.

Faqir dedikim:

– Munosib adaddur, nevchunkim, “qad”9 adadi bila munosibdur. Alar dedilarkim:

– Rostdur, – dag‘i  faqirni  tahsin qildilar.

 

***

Bir kun alar yo‘l bila boradur ermishlar. Mahmud Habib otlig‘ devonai xumoriyi abtariy bor erdi, mast va oshufta, alarg‘a yo‘luqub, beadabona so‘zlar aytib, balki safohatlar qilibtur, ammo alar mutlaq iltifot qilmaydurlar, dag‘i aning sori boqmaydurlar. Yana bir kun faqir alar xizmatida boradur erdim. Hamul devona faqirni alar bilan ko‘rdikim, boradurmen. Ul yerdinkim, junun ahli va abtar xaloyiq fosid xayoloti bo‘lg‘ay, sog‘inmish bo‘lg‘ankim, alar aning tuno kungi beadabliqlaridin faqirg‘a shammai izhor qilg‘aylar yo qilmish bo‘lg‘aylar. Alarga betaqrib so‘z qotib, uzrxohliqlar boshladi. Faqir taajjub qilib, alardin istifsor qildimkim: “Bu devonaning parishon uzrxohliqlari, oyo, ne jihatdin erkin?”.

Alar so‘zni o‘zga sori yutkab, tuno kun o‘tgan holatdin hech nima izhor qilmadilar. Ammo as’hobdin tuno kun o‘tgan so‘z ma’lum bo‘ldi. Ul devona bee’tidolliqlar qilsa erdi, anga ta’zir va adab qililur erdi. Faqir tiladimkim, anga adab buyurg‘ayman.

– Sen hech nima demagilkim, anga adab yetgusidur. Bir necha kun o‘tmadikim, yana bir devona ani   urub o‘lturdi.

 

***

Alar Makka safaridin10 qaytib shaharg‘a kelganda, podshoh ro‘zgor havodisi iqtizosidin Balx yurushig‘a borib erdilar. Chun humoyun royotkim, Balxdin qaytib, taxtg‘a ozim bo‘ldilar, istiqbol rasmi bila Murg‘ob viloyatig‘acha kelib erdilar. Podshoh bila muloqotdin so‘ngra bandaxonag‘a tashrif kelturub, kecha anda bo‘ldilar. Kecha alar istirohat qilur uchun bir yangi takallufliq oq uy bor erdi, ani tikturuldi, to ul Hazrat anda osoyishg‘a mashg‘ul bo‘ldilar.

Ittifoqo ul kecha bir g‘arib tund yel estikim, o‘rduning ko‘proq oq uy chodirlarin yiqib, ajab oshub el orasig‘a soldi. Alar uchun tikkan oq uyni dag‘i yiqib, ushotibdur.

Alar xizmatidag‘i as’hob degandurlarkim:

– Hayf bu uydinki, yaxshi uy erdi, ajab pora-pora bo‘ldi. Muni tikkan farroshlar, oyo, ne degaylar?
Alar debturlarkim:

– Ne degaylar, aytg‘aylarkim, koshki bu shum 
qadamliq mullolar bizning uyga kelmasalar erdi.

  1. Ollohga yaqin hazrat (arabcha).
  2. Abdulloh Ansoriy – Abu Ismoil Abdulloh ibn Muhammad al-Ansoriy Hirotiy – so‘fiylik tariqatining yirik arbob va nazariyotchilaridan biri, “Ilohiynoma”ning muallifi.
  3. Malomatiya – IX asrda Nishopurda paydo bo‘lgan ta’limot.
  4. Muzaffar Barlos – Husayn Boyqaro amirlaridan.
  5. Majduddin Muhammad – Husayn Boyqaro vazirlaridan.
  6. Mir Shayxim – Amir Shayxim Suxayliy – hirotlik mashhur shoirlardan, Navoiyning yaqin do‘sti. U haqda “Majolis un-nafois”da ma’lumot beriladi.
  7. Gozurgoh – Hirotda tog‘ etagidagi xushmanzara maydon.
  8. Xiyobon – Hirotning markaziy ko‘chasi.
  9. Arabcha yozuvdagi “qad” so‘zining harflari miqdori abjad hisobida 104 bo‘ladi.
  10. Jomiy Makka safariga 1472 yilda chiqqan edi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.