Ziyorat yo‘li

0
35
marta ko‘rilgan.

Qadam tashlayotgan so‘qmog‘ing tiriklikning eng ko‘hna Ziyorat yo‘lidir. Uning o‘nqir-cho‘nqirlari ko‘p, ba’zi joylarini tikanli changalzorlar qoplagan, o‘pirilgan joylari ham bor. Chekinmasang… u seni, albatta, o‘zingga olib boradi.

 

Asar ahamiyati: Bu yirik asarning salmoqli qismi VII asrdan X asr boshlariga qadar qadimiy Turon, o‘sha davr arab mualliflari iborasicha, Movarounnahrda kechgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga bag‘ishlangan. Tabariy tarixida VII asr oxirgi choragidan Turkiston xalqlarining yangi din, notanish ma’naviy dunyo, o‘zgacha falsafiy qarashlar, tuganmas shiddatga to‘lib toshgan yangi g‘ayratli qavm, makkor va aqlli jangchilardan iborat qo‘shinga duch kelishi, ularga qarshi kurashi qiziqarli tafsilotlarda aks etgan. Muallif o‘sha davrlarda kechgan tarixiy voqealar orqali Buxoro, Samarqand, Xorazm, Sug‘d, Nasaf, Termiz, Kesh, Ustrushona, Shosh, Farg‘ona  viloyati va shaharlari o‘tmishi, ularning ahvoli, xalqining turmush tarzi, harbiy qudrati va kamchiliklari to‘g‘risida muhim ma’lumotlar beradi. Unda ko‘plab qadimiy joy nomlari uchraydi, ayrimlari shu paytgacha saqlanib qolgan. Mashhur Qutayba ibn Muslim bosqini, Abu Muslim siyosiy harakati, Muqanna nomi bilan shuhrat qozongan Hoshim ibn Hakim qo‘zg‘oloni, Rofe ibn Lays boshchiligidagi xalq isyoni kabi tarixiy voqealar qiziqarli hikoya qilinadi. Ular bugungi jamiyat kishisiga bir yarim ming yil oldin yurtimizda ro‘y bergan ijtimoiy hodisalarni aniq tasavvur qilishga yordam beradi. Millatning shonli o‘tmishini o‘rganish, undagi ulkan mavhumliklarni yoritish, o‘zlikni topish yo‘lida mazkur asarning ko‘magi katta va behad ahamiyatlidir.

“Tarixi Tabariy” sho‘rolar inqilobiga qadar yurtimizda eng mashhur asarlardan biri sifatida o‘qib-o‘rganilgan. Ikki marta turkiy tilga tarjima qilingan va ular qo‘lyozmalar xazinasida №9470, 1229 raqamlari bilan saqlanadi. №1229 raqamli qo‘lyozma (685 varaq, 1370 sahifa) Muhammad Yusuf Bayoniy (1859 – 1923) tomonidan Xorazmda turkiyga o‘girilgan.

Qo‘lyozmalar xazinasida asarning yana o‘n to‘rtta (12593, 4226, 831, 7466…) forsiyga tarjima qilingan nusxasi saqlanadi. Mutaxassislar fikricha, 7322 raqamli qo‘lyozma X asrda Muhammad ibn Muhammad Bal’amiy tomonidan ba’zi bir to‘ldirishlar bilan fors tiliga tarjima qilingan.

Asar jahonning bir qancha tillariga o‘girilib, nashr etilgan. Yurtdoshlarimiz uning V.I.Belyaev arabchadan rus tiliga qisqartib qilgan tarjimasidan (Toshkent, 1987) foydalanishadi.

Asarning turkiyda tarixiy tayyor tarjimasi borligiga qaramay, hozirgacha o‘zbek tilida chop qilinmagan.

 

Bu yo‘lning yog‘du taratuvchi yana bir yoritqichi “Tarixi Tabariy” asaridir. Manzilga yetishing uchun qutlug‘ yog‘dular ko‘makka keladi.

Muallif: Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy milodiy 839 yili Tabariston viloyatida tug‘ilib, 923 yili Bag‘dodda vafot etgan. Tarix, hadis, huquqshunoslik, tafsir kabi ilm-fanning turli sohalarida sermahsul ijod qilgan va ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ular orasida “Tabariy tarixi” (Tarixi Tabariy) alohida ahamiyatga egadir.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.