Turk adabiyotida modern hikoyanavislik

0
41
marta ko‘rilgan.

Turk adabiyotida hikoya janrining modernla­shish jarayoni G‘arbdagi munozaralardan biroz farqli. Modern uslubidagi turk hikoyasi “Yangilanish davri”ning[1] bosqichlaridan biri Tanzimot adabiyotida paydo bo‘la boshladi. Bu davrda turkiyalik yoshlar Ovrupada, xususan, Fransiyada o‘qidilar. Ovrupa ta’sirida turk adabiyotida yangilanishlar kuzatildi. Xususan, turk modern hikoyachiligini qaysi asar boshlab bergani xususida turli qarashlar ilgari surilsa-da, yangi yo‘nalishga 1890-yillarda asos solingan deb hisoblanadi.

XIX asr oxirlarigacha davom etgan an’anaviy turk hikoyachiligi uzoq tarixiy shakllanish jarayonini bosib o‘tgan. Bunda hikoyalarning kompozitsion qurilishi o‘zgarmaganligi, Tanzimot adabiyoti avvalida nasr va nosirlarning kamsitilishi ham ta’sir ko‘rsatganligi aytiladi. Yangilanish davrida ham bu janr tez sur’atda modern hikoya shakliga kira olmaydi.

Turk modern hikoyachiligining ilk namunasi “Kichik narsalar” (1891) hisoblansa ham, bundan avval Nabizoda Nozim tomonidan nashr etilgan “Karabibik” (1890) nomli uzun hikoya va Rejaizoda Mahmud Ekremning qalamiga doir nazariy tadqiqotlari mazkur janrda modernlashish jarayoni boshlanganini ko‘rsatadi. Turk hikoyachiligiga olib kirgan yangiliklari nuqtayi nazaridan “Kichik narsalar” ushbu yo‘na­lishdagi dastlabki urinishdir; “Karabibik” esa mo­derndagi dastlabki uzun hikoya hisoblanadi. “Kichik narsalar” asari yozilguniga qadar ham modernlashish yo‘lida kichik, ammo dastlabki qadamlar tashlangan. Seda Ishiqning yozishicha, 1870 – 1928-yillar orasidagi modernlashish jarayonida yozilgan hiko­yalar ham adabiy davr, ham janr taraqqiyotiga xizmat qilgan.

Turk adabiyotida modern hikoyachilikning paydo bo‘lishi va shakllanishini olti davrga ajratib tadqiq etish maqsadga muvofiq.

Tayyorgarlik davri (1870 – 1891). Bu davr hikoya janri nuqtayi nazaridan qaraganda, turk adabiyotining ikkilanish yillari hisoblanadi. Eng katta muammo esa janrlarning qanday nomlanishi masalasi edi. Yozuv­chilar bu davrda G‘arbga taqlid qilib roman janrini an’anaviy hikoyadan ajratishga qiynalishardi. Shu sababli roman janri bu davr yozuvchilari tomonidan “hikoya” nomi bilan qarshi olindi. Tamomila bir-biridan farq qiluvchi roman va hikoya janri aksariyat hollarda bir so‘z bilan ifoda qilingani uchun hikoyaning janr sifatidagi chegarasi va xususiyatlari uzoq vaqt aniqlanmay kelindi. Shuningdek, hali ham an’anaviy hikoyachilikning ifoda xususiyatlaridan voz kechilmaganligi, janrni “ta’limiy ahamiyati” jihatidan ikkinchi o‘ringa qo‘yilishi modern hikoyaning rivoj topishiga to‘siq bo‘lardi. Shu sababdan ham 1870-yillar bilan modern turk hikoyalarining dastlabki namunalari berilgan 1890-yillargacha bitilgan asarlar modern hikoya shakliga faqatgina mazmun jihatdan ega bo‘lgandi.

1870-yilgacha an’anaviy og‘zaki hikoyachilik­ning bir qismi yozma shaklda chop etildi, “qissa” deb atalgan yangi namunalar maydonga keldi. 1870 – 1891-yillar turk adabiyotida hikoyalar bilan bir paytda dastlabki romanlar yozildi. Shuning uchun ham bu davr hikoyalari bilan romanlari o‘rtasida shaklan va mazmunan o‘xshashliklar ko‘zga tashlanadi. Ammo hikoyalarning hech qaysisida lo‘ndalik, tasvirdagi ko‘lamdorlik, qo‘rquv hissi, yumor, yagona ta’sir sin­gari modern hikoyaning muhim xususiyatlari o‘z aksini topmagandi. Bu namunalarning bari xuddi an’anaviy hikoyalar singari kitobxonga nasihat berish, jamiyatni tarbiyalash uchun yozilgan. Jamiyat hayotida ko‘zga tashlangan illatlar 1870 – 1891-yillar hikoyalarining bosh mavzulari hisoblangan. Bular orasida dastlabki romanlarda bo‘lganidek ishqiy munosabatlar, tutqunlik, ta’lim-tarbiya, G‘arb-Sharq madaniyati to‘qnashuvi singari mavzular alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu davr yozuvchilari his qilgan axloqiy qarashlar natijasida hikoyalar yakunida yaxshi kishilar mukofotlanadi, yomon kishilar jazolanadi. Yaxshilarning mukofotlanib, yomonlarning jazolanishi esa romantik oqimning, an’anaviy hikoya shaklining ta’siri tufayli yuzaga kelgan. An’anaviy hikoyachilikning boshqa bir ta’siri voqealar rivojida o‘zini ko‘rsatadi. Tasodiflar muhim o‘rin olgan voqealar ba’zan haqiqat chegarasini buzib tashlaydi.

Yuqoridagi xususiyatlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, 1870 – 1891-yillar orasida yozilgan asarlar modern hikoya ta’rifiga ko‘ra kompozitsion qurilish jihatidan talabga javob bermaydi, roman bilan hikoya orasida shakllanmay qolgan, an’anaviy hikoyachilik asoratidan xalos bo‘lolmagan matnlardan iboratdir. Ammo davrda modern turk hikoyachiligining yuzaga kelishidagi dastlabki, ammo eng muhim qadamlar tashlandi.

Tanzimot adabiyotida Ahmad Midhat afandi qalamiga mansub “Qissadan hissa” (1870) va “Letaifi ri­voyat” (1870 – 1894) nomli turkumning ilk parchalari, Emin Nihatning “Musameretname” asari o‘zining ba’zi xususiyatlari bilan modern hikoyachilikning dastlabki namunalari hisoblanadi. Biroq “Qissadan hissa” hikoyasidagi matnlar ko‘proq masal va latifalarni esga solishi, “Letaifi rivoyat” va “Musameretname” qahramonlarining urf-odatga ko‘ra oila qurishi, ta’lim-tarbiya, G‘arb-Sharq madaniyati to‘qnashuvi, tutqunlik kabi an’anaviy hikoyalardagidek ijtimoiy hayot bilan bog‘liq mavzular tasvirga olingani, shakl jihatidan eski va yangi uslub o‘rtasida qolib ketganligi mazkur asarlarni modern hikoya shaklidan uzoqlashtiradi. Nabizo­da Nozimning “Karabibik” hikoyasida qishloq va qishloq odami oddiy hayotiy bo‘yoqlarda aks ettiriladi. “Karabibik”ning so‘zboshisida yozuvchining realizmga oid yozgan sharhini kichik hikoyachilik xususiyatlari­dan biri sifatida qarash mumkin. O‘sha yillarda Rejaizoda Mahmud Ekremning “Muhsinbey” (1890) nomli asari so‘zboshisida roman bilan hikoya o‘rtasidagi farq xususida fikr yuritilishi va Nabizoda Nozim­ning “Hasba” (1891) asari so‘zboshisidagi roman va hikoya janri xususiyatiga xos izohlari modern hikoya nazariyasi haqidagi dastlabki qarashlardir. Shuningdek, o‘sha davrning gazeta va jurnal sahifalarida voqeiy hikoyachilik asoschisi Mopassan haqidagi turli tadqiqotlar ko‘zga tashlanadi. Oldinlari faqatgina roman yozishga intilib, roman va hikoya o‘rtasidagi farqni sezsalar-da, hikoya haqida bir to‘xtamga kelolmagan turk yozuvchilari endi G‘arb hikoyachiligi va voqeiy hikoyalar ustasi Mopassan ijodi bilan yaqindan tanishdilar. Shu tariqa ilgarigiga qaraganda qisqaroq hikoyalar yozila boshlandi. Boshqa tomondan, yozuvchilar endi o‘rgana boshlagan roman deb hisoblangan asarlari ham hajm jihatidan, ham struktura jihatidan roman bilan an’anaviy hikoya orasida qolib ketgandek taassurot uyg‘otadi. Qissa yoki qisqa roman shaklida nomlangan bu asarlar “o‘tish davri” xususiyatlari hisoblanadi.

1891-yilda nashr etilgan “Kichik narsalar” asari tom ma’noda modernlashish jarayonining boshla­nishidir. “Sarvati funun” hikoyanavislariga ham yo‘l ko‘rsatgan bu “kichik” asar turk hikoyachiligini yangicha yo‘nalishga burib yubordi. Sarlavhadan o‘rin olgan “kichik” so‘zi kitob ichidagi matnlarning kichik hikoya janriga mos ekanligini ko‘rsatib turuvchi bosh xususiyatdir.

Sami Poshozoda Sezai “Kichik narsalar” nomli kitobidagi xayoliy voqelikka qurilgan hikoyalarida insonning ruhiy holati va ijtimoiy hayotni haqqoniy aks ettirishga intiladi. Adib har joyda uchraydigan, hayotdagi oddiy odamlardan farq qilmaydigan hikoya qahramonlarini o‘zining kichik olamiga mos ravishda jimjimadorlikdan xoli tasvirlaydi. Qisqa bir vaqt parchasi va tanlangan makon voqelikka mos. Sezai mavzu, zamon, makon va qahramon sin­gari unsurlarni “kichik hikoya”ga mos tarzda “ixcham” shaklda qo‘llaydi.

Tashkil topish davri (1891 – 1911). Bu davrda nashr etilgan hikoya janri namunalariga nazar solganimizda ilgarigiga nisbatan turk hikoyasi­ning modernlashgani kuzatiladi. Bu modernla­shishda Tanzimot davri­ning ikkinchi avlodi bilan birga adabiyotda boshlangan o‘zgarishdir. Adabi­yotni quruq bayonchilik va nasihatgo‘ylikdan xalos etgan bu avlod tufayli ham adabiy asar mavzusi, ham turk yozuvchilarining voqelikni tasvirlash uslubi o‘zgardi. Turk adabiyotining bir-biridan farqlanuvchi davrlarini o‘z ichiga olgan bu yigirma yillik vaqt Tanzimot adabiyotining ikkinchi bosqichi bilan boshlanib, Sarvati Funun (1896 – 1901) va Fejri Oti (1909 – 1912) davri yozuvchilari qadar davom etadi. Har bir davr adabiy tushunchasi ijtimoiy-siyosiy hayotning farqlanishi, turk hikoyalari­ning turli-tuman bo‘lishiga xizmat qildi. Eng muhimi, bu davrda turk yozuvchilari o‘zlariga yaqin bo‘lgan G‘arb adabiyotidagi hikoya janri bilan yaxshiroq tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, bu davr yozuvchilarining realizm va na­turalizm oqimlaridan xabardorligi turk hikoyachiligini yanada taraqqiy ettirdi va modern turk hikoyachili­gining xususiyatlari namoyon bo‘la boshladi. Dastlabki G‘arb adabiyotiga o‘xshash kichik hajmli hikoyalar ham shu davrda yozildi. Oldingi davr yozuvchilari bilan bir qatorda yangidan yangi hikoyanavislar adabiy maydonga kirib keldi. Hikoya to‘plamlari chop etilgan hikoyanavislar Sami Poshozoda Sezai, Nabizoda Nozim, Ahmad Hikmat, Xolid Ziyo, Rejaizoda Mahmud Akrom, Husayn Johid, Savfeti Ziyo, Jemil Sulaymon, Mehmet Rauf, Abubakr Nozimlardir.

1891 – 1911-yillar turk adabiyotida kichik hiko­yalarning yozilishi miqdor, ham sifat jihatidan sermahsul davr hisoblanadi. Ilgari turk adabiyotida yozilgan roman va hikoyalar borasidagi muammolar ham aynan shu davrga kelib o‘z yechimini topa boshladi.

“Sarvati Funun” davri yozuvchilari hikoyaga roman yonidagi ikkinchi darajali janr sifatida qarasa ham, hikoya uslubiy jihatdan taraqqiy etib bordi. Bu yuksa­lishning asosi G‘arb adabiyotidan qilingan tarjimalar va Xolid Ziyo ijodiga borib taqaladi. Ketma-ket nashr etilgan hikoya to‘plamlari vositasida modern hikoya janrining xususiyatlariga aniqlik kiritildi. Maqsad nasihat berishdan iborat emasligi uchun yozuvchilar endi oldingi ijodkorlar singari hikoyalarda ishtirok etmaydi, kitobxonga yo‘nalish bermaydi. Mukofot-jazo uslubi esa bu davr hikoyalarida ko‘p uchramaydi. An’anaviy qoliplardan qutulib, yangicha uslubga erishish istagida bo‘lgan yozuvchilar uchun Mopassan ibrat namunasiga aylanadi. Kirish – asosiy qism – xulosaga bog‘liq voqelik hikoya markazida turdi. Xolid Ziyoning “Eltish” (1894 – 1897, 4-jild) kitobida tarjima hikoyalarining chop etilishi turk yozuvchilarining Mopassan, Alfons Dode, Emil Zolya va Franchous Koppe singari fransuz adiblari bilan tanishishlariga yordam berdi.

Shu bilan birga, oldingi davrlardagidek asar ichida voqealar zanjiriga ega, ko‘p xarakterli, keng zamonga asoslangan qissa, qisqa romanlar ham yozilishda davom etdi. Rejaizoda Mahmud Akromning “Shamso” asarida romantik oqim unsurlari kuzatiladi, Savfeti Zi­yoning “Bir sahfai qalb” asari va Vejihining hikoyalari modern hikoya shaklidan uzoq, qissa bilan roman o‘rtasidagi matnlar shaklida ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi.

Bu davrda hikoya janri haqida yozilgan nazariy tadqiqotlarning ham ko‘paygani ko‘zga tashlanadi. Safveti Ziyoning Mopassanning o‘limi haqidagi maqolasi janrning kompozitsion qurilishiga urg‘u berishi ham yangi davrda urf bo‘lgan oqim – realizm bilan bog‘liqdir. Biroq maqola voqelik hikoyachili­gining ustasi Mopassanni kitobxonlarga tanitgani uchun ahamiyatli hisoblanadi. Hikoya janrini tadqiq qilishga qaratilgan maqolalarning ortib borishi Sarvati Funun davrida hikoya namunalarini yanada jonlantirdi. 1901-yilda “Sarvati Funun” jurnalining yopilishi bilan adabiyotning boshqa janrlarida bo‘lgani kabi hikoya maydonida ham tanaffus yuzaga keldi. 1902 va 1909-yillar orasida hech qanday hikoyalar to‘plami nashr etilmaydi. II Mashrutiyat (Konstitutsiya, 1908) bilan boshlangan erkinlik sharoitida ko‘plab gazeta va jurnallarning chop etilishi hikoyalar sonining ortishiga olib keladi. Faqat son va sifat darajasi bir xil emasdi. Ammo Sarvati Funun davridan keyingi Fejri Oti davri yozuvchilari ijodida hikoya janri shakllana olmadi. Fej­ri Oti davrida umuman e’tiborga molik namunalar yo‘qligi hikoya janrining bu davrda ham roman janri soyasida qolib ketganligini bildiradi.

Rivojlanish davri (1911 – 1928). Bu davr turk hikoyachiligi rivoji nuqtayi nazaridan eng ahamiyatli davr hisoblanadi. II Mashrutiyat oxiri va Jumhuriyatning dastlabki o‘n yetti yillik davrini o‘z ichiga olgan mazkur vaqt davomida tahsinga loyiq hiko­yalar silsilasi paydo bo‘ldi. Bu yillarda hikoya janrining mustaqil mavqega erishishiga sabab bo‘lgan ko‘plab janr namunalari chop etilgani ko‘zga tashlanadi. Bu davrda Ahmad Reshat, Ahmad Hikmat, Aka Gunduz, Erjument Akrom, Hakki Suha Gezgin, Xolid Ziyo, Xolida Adib, Husayn Johit, Husayn Rahmi, Ibrohim Olaettin, Mehmet Izzat, Mehmet Rauf, Usmon Jemal, Umar Sayfiddin, Peyami Safo, Rauf Nejdet, Rafiq Xolid Qoray, Reshat Nuri, Savfeti Ziyo, Selahaddin Enis, Shukufe Nihol, Yoqub Qodrilarning hikoyalari dunyo yuzini ko‘rdi.

Milliy adabiyot davrida va Jumhuriyatning dastlabki yillarida yozuvchilarning hikoya janriga e’tibori oldingi davrlardan biroz farq qiladi. Ushbu davrda tez sur’at bilan kechayotgan kundalik siyosiy voqealar tufayli yozuvchilar davr talabidan kelib chiqib o‘z hiko­yalarida jadal yangilanayotgan voqelikka muno­sabatini aks ettirishga intilishdi. Trablusgarb va Bolqon urushlari jarayonida alangalangan millatparvarlik mazkur davr hikoyachiligining yetakchi xususiyati hisoblanadi. Bu davr hikoyalarida asosiy maqsad “jamiyatga foyda keltirish” bo‘lgani uchun Umar Sayfiddin va uning do‘stlari boshlagan milliy adabiyot tushunchasi ushbu davr hikoyalarining mavzusi, tili va makon unsurlarida aks ettirildi. Millatparvarlik davri va urushlar natijasida yuz bergan muammolar sababli hikoyalarda ijtimoiy mavzularga e’tibor qaratila boshlandi. Urushlar tufayli yuzaga kelgan omillar, qashshoq­lik, G‘arbga qiziqish sababli tug‘ilgan holatlar, jaholat va Usmonli davri asoratlaridan qutulish umidida o‘tmishdagi qahramonliklarini xotirlash hikoyalarning bosh mavzusi bo‘ldi. Bu davrning adabiy mahsuli, qisqacha qilib aytganda, g‘oyaviylikdir. Hikoyalarda tanqidiy nuqtayi nazar ustuvor. Shuningdek, mavzuga bog‘liq ravishda urush kechayotgan joylarga ham e’tibor qaratiladi. Makon – Istanbul tashqarisi, Onado‘li­ning qishloq va shaharchalari. Qahramonlar ham shu yerlardan tanlanadi. Asosiy maqsad keng ommaga tushunarli bo‘lishi uchun hikoyalar tili soddalashtiriladi. “Yangi lison” bilan birga adabiy til so‘zlashuv tiliga yaqinlashtiriladi. Ro‘y bergan urushlar, ozodlik kurashi, Jumhuriyatning tashkil topishi hikoyalarning yanada siyosiylashuviga sabab bo‘ladi. Inqiloblar tasviri, turk jumhuriyatidan oldingi hayot va Usmonli davri bilan hisob-kitob jara­yoni 1930-yillargacha hikoyachilikning mavzusi bo‘lib qoldi.

1911–1928-yillar orasida yozilgan hiko­yalarning aksariyati qurilish jihatidan Mopassan uslubining butun xususiyatlarini namoyon etadi. Kirish – tugun – yechim ketma-ketligiga ega bo‘lgan hikoyalar qahramon yoki makon tasvirlari orqali boshlanadi. Keyin bevosita asl voqealarga kiradi va voqealar intriga bilan rivojlanib boradi. Tugun qismi hayajonga soladi. Hiko­yalar kutilmagan yakun topadi. Dialoglar muhim ahamiyat kasb etadi. Yozuvchi oldiga qo‘ygan g‘oyani ochib berish uchun asosan qahramonlar nutqidan foydalanadi. Hikoyalarda qahramonlar soni chegaralangan. Makon qahramonlar xususiyatiga ko‘ra o‘zgaradi.

Umar Sayfiddin va Mamduh Shevket Esan­dallar ijodi hikoyanavislikning rivoji uchun katta hissa qo‘shgan. Umar Sayfiddin o‘z hikoyalari va hikoya janriga oid maqolalari bilan modern turk hikoyachiligida yangi o‘zga­rishlarni boshlab berdi. Shu­ningdek, bu davrda Yoqub Qodri, Rafiq Xolid, Xolida Adib singari romanchilikda tanilgan yozuvchilar ham, avvalo, o‘z hikoyalari bilan ibrat ko‘rsatishsa, ikkinchi tomondan, bu davrning hiko­yanavislari haqidagi maqolalari bilan ada­biy jamoatchilik e’tiborini tortdi. Jurnallarda hajviy hikoya, tarixiy hikoya, fantastik hikoya, milliy hikoya sarlavhalari ostida hikoyalar ketma-ket bosiladi.

1911–1920-yillar hikoyachiligida Umar Sayfiddin uslubi ustuvor ko‘rinish olgan bo‘lsa, 1920-yildan keyin yangi shakl va uslubga e’tibor qaratildi. 1912-yildan mayda qadamlar bilan Mopassan uslubidagi voqea hikoyalari asosida ijod qilgan Mamduh Shevket 1921-yilga kelib hikoya yozish uslubida jiddiy o‘zgarish yasay boshladi. Bu o‘zgarishlarga yozuvchi Bokuda elchi ekanligi va Chexov asarlari bilan yaqindan tanishishganligi sabab bo‘lgandi. Klassik voqeaband hikoya o‘rniga vaziyat-holatlarni tasvirlay boshlagan Mamduh Shevket hikoyalari turk adabiyotida yangicha yo‘nalishni ochib beradi.

1921-yildan keyin ham Mamduh Shevketning sa’y-harakatlari tufayli Chexov hikoyala­rining turk tiliga o‘girilishi sabab voqeiy hiko­yalar bilan birga vaziyat-holat hikoyalari ham yozila boshlandi. 1920–1928-yillar orasida hikoya janrida ijod qilgan yangi adiblar ko‘zga tashlanadi: Reshat Nuri Guntekin, Peyami Safo, Usmon Jemal, Fahri Jelaliddin shular jumlasidandir.

1911–1928-yillar faqatgina hikoyalar ko‘p chop etilgani bilan emas, ushbu janr yuzasidan bahs-munozaralar kuchaygani bilan ham ahamiyatlidir. 1928-yilda Nahid Sirri “Hayot” maj­muasida nashr etgan “Roman, katta hajmli hikoya va hikoya haqida mulohazalar” sarlavhali ko‘p qismli maqolalari hikoya janri haqidagi dastlabki bahslardan biri hisoblanadi. Nahid Sirrining roman, qissa, hikoya janrlariga bag‘ishlangan maxsus maqolalarida hikoya va roman janrini qanday xususiyatiga ko‘ra ajratish mumkinligi ilk marotaba tadqiq etildi. Uning janrlar xususidagi izlanishlarini xato va o‘rinsiz deb baholagan o‘sha davr tanqidchilari (Ibrohim Najmi va Kenan Halet)ning fikrlari ham ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. 1928-yildagi bunday bahs-munozaralar hikoya janrining yangi davr ostonasiga qadam qo‘yganligidan dalolat berardi.

1928 – 1940-yillar orasida turk adabiyotida ijod qilgan hikoyanavislarning aksariyati “oldingi davr adabiyotidan yangi davr adabiyotiga o‘tgan yozuvchilar” sifatida kuzatiladi. Milliy adabiyot davrida tanilgan yozuvchilarning ba’zilari esa yetuk asarlarini mazkur davrda yozishgan. Shuning uchun ham ular Jumhuriyat davrining yozuvchilari safiga kiritiladi. Bu davr asarlarida Sharq-G‘arb borasidagi tortishuvlarga, ichki kechinma va ruhiy tahlillarga tez-tez duch kelamiz. Ba’zan esa oldingi hikoyachilik an’analari hamon davom etgani kuzatiladi.

1925-yildan keyin “Takriri sukunat qonuni” tufayli ijodkor erkinligining cheklanishi adabiyotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Bu ta’sir natijasida achinarli voqealar asosiga qurilgan, tasodifiy voqealar aks etgan, boy-kambag‘al, yaxshilik-yovuzlik singari qoliplashgan mavzudagi asarlar yozildi. Shuningdek, mazkur davr hikoyalarida bora-bora zamon bilan ijtimoiy mavzularga katta e’tibor qaratilgani sababli inson kechinmalarini tasvirlash kamaydi. Onado‘lidagi ijtimoiy masalalar: jumhuriyat e’loni munosabati bilan boshlangan ijtimoiy o‘zgarishlar, ko‘r-ko‘rona G‘arbga taqlid jarayonida yuzaga kelgan ruhiy qiynoqlar, qishloq va shahar hayoti, unda yashagan insonlarning ziddiyatlari, asarlarning bosh mavzusiga aylantirildi. Bu davr hikoyalarida voqelikka realistik munosabat ustun bo‘lgani uchun ham romantikaga yo‘g‘rilgan mavzularga ahamiyat berilmadi.

Ozodlik urushi yillaridan keyin G‘arb adabiyotidan qilingan tarjimalar, jumhuriyat olib kelgan ijtimoiy o‘zgarishlar va ta’lim jarayonidagi rivojlanishlar ma’rifatga bo‘lgan ehtiyojni oshirib, yangi kitobxonlar qatlamini shakllantirdi. Hikoya bu davrda eng ko‘p e’tibor qaratilgan janr hisoblanadi. Shuningdek, mazkur davrda kichik hajmli hikoya janri katta o‘zgarishlarga yuz tutdi. Yozuvchilar hikoyalarida sodda til va ochiq bayon hukmronlik qildi. 1928–1940-yillar orasidagi hikoyanavislar ijodida asta-sekin mushohadaga asos­langan munosabat shakllangani ko‘zga tashlanadi. Bu davr yozuvchilari qarashlarida san’atning jamiyatda o‘z vazifasi bo‘lishi kerakligi tushunchasi hukmron ekanligi e’tiborga sazovor. Hikoyachilikda, bir tomondan, klassik uslubda yozish shakllanib bordi, boshqa tomondan, Said Foiq hikoyalarida boshlangan “kirish, asosiy qism, xotima”si bo‘lmagan ruhiy kechinma aks etgan hikoyalarning keng yoyila boshlashi ushbu janr­da yuzaga kelgan o‘zgarishlarning ilk qadami sifatida baholandi.

Bu davrda hikoyalar to‘plami chop etilgan yozuvchilar orasidan Fahri Jaloliddin Go‘ktulga, Erjument Akrom Talu, Salohiddin Enis, Kenan Hulusi Qo‘roy, Nahit Sirri O‘rik, Sadri Ertem, Sabohaddin Api, Bekir Sitki Kunt, Mahmud Yesari, Ahmad Naim, Usmon Jemal Kaygili va Said Foiq Abasya­niklarni tilga olishimiz mumkin.

1940 – 1950-yillar orasida turk adabiyotidagi hikoya janri. 

Jumhuriyat davri inqiloblari ko‘p o‘tmasdan ziyolilashish davri sifatida baholangan 1940 – 1950-yillarda turk adabiyoti uyg‘oq nazar asosida shakllandi. Shahar hayoti ichida yashay olmagan kichik burjua insoni o‘z “Men”i va yolg‘izligiga to‘qnash kelib, hayot­da o‘z o‘rnini topishga intilishi ushbu davr hikoyalarining bosh mavzusiga aylandi. Shuning uchun ham mazkur davr adabiyotida sotsrealizm tushunchasi yuksala boradi.

Tohir Alangu bu yillarda ijod qilgan hikoyanavislar haqida: “Turkiyaning iqtisodiy tanazzulini olimlar va siyosatchilardan ancha oldin tasvirlab bergan”, deb yozadi. Shuningdek, uning nazdida bu davrda adabiy til bilan xalq tili orasidagi farqni ko‘rsatish harakati ko‘zga tashlanadi. Feridun Andach fikricha, 1940 – 1950-yillar ziyolilarning yangi jamiyatni tanish va anglash davrining boshlang‘ich davri hisoblanadi. Yozuvchilar ushbu davr voqealarining tirik shohidi bo‘lishdi. Jamiyatdagi o‘zgarishlar, qiyinchiliklar va muammolarni qalamga olishda hikoya janri muhim ahamiyat kasb etdi.

Ikkinchi jahon urushi yuzaga keltirgan siyosiy tanglik ziyolilar qatlamiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Bu davr asarlarida jamiyatning quyi qatlamida yoki shahardagi iqtisodiy qiyinchiliklar; inson ruhiyati, xayollari, ziyolilar bezovtaligi va ichki ziddiyatlari, davrning ijtimoiy muammolari, urushning insonlar ichki va tashqi dunyosiga ta’siri kabi mavzular yoritildi.

1940 – 1950-yillar orasida hikoyalarda mavzu xilma-xilligi ortib borgani kuzatiladi. Hikoyalarda Onado‘liga, xalqning turmush tarziga e’tibor kuchayadi. Shuningdek, Birinchi jahon urushidan keyin Onado‘lining ahvoli, Ikkinchi jahon urushi tufayli yuzaga kelgan ma’naviy tanazzul va turli salbiy holatlar asosiy mavzuga aylandi. Ba’zan tanqidlar bilan birga ko‘proq fikr uqtirishga qaratilgan rea­lizm ustunlik qila boshladi. Bu hikoyalarning e’tiborli tomoni ham qahramonlarning markazda tutilishidir. Mazkur davr yozuvchilari asosan inson kechinmala­riga ko‘proq ahamiyat berishdi. Davrning faol hiko­yanavislari sirasiga Sabohaddin Ali, O‘qtoy Akbal, Said Foiq, Reshad Enis, Umran Nazif Yigiten, Mamduh Shevket Esen­dal, Halikarnas Baliqchisi, Ahmad Hamdi Tanpinar, Kamol Bilbashar, O‘rxon Kamol, Samim Ko‘jago‘z, Jev­det Qudret, Kamol Tohir, Yashar Kamollarni kiritishimiz mumkin.

1950 – 1960-yillar orasida turk adabiyotida jonlanish va burilish kuzatiladi. Xususan, hikoya janri va she’riyatda yangicha izlanishlar, gazeta va jurnallarda bahs-munozaralar asosida kun tartibiga chiqqan yangilanish holatlari e’tiborga molikdir. An’anaga aylangan va klassik asarlarga javob tariqasida yangi yo‘nalishdagi hikoyalar yozila boshlandi. Bu hikoyalar janrining ham mazmun, ham shakl jihatidan tamoman yangilanganidan dalolat berardi.

1950-yildan keyin turk adabiyotida hikoyanavislar soni orta bordi. Realizmni davom ettirgan, orada tanqidiy realizmga murojaat qilgan yozuvchilar diqqatni tortadi. 1950–1960-yillar orasida hikoyanavis sifatida tanilib ko‘zga tashlangan ijodkorlar sirasiga Aziz Nesin, Bilge Karasu, Demir O‘zlu, Demirtash Jeyhun, Erdal O‘z, Faqir Boyqurt, Ferid Edgu, Feyyaz Ka­yajan, Haldun Taner, Ilhan Tarus, Kemal Tohir, Leyla Erbil, Muzaffer Buyruqchu, Naim Tirali, Nejati Jumali, Naziha Merich, O‘qtoy Akbal, O‘nat Kutlar, O‘r­xon Chubukchu, O‘rxon Duru, O‘rxon Kamol, O‘zjan Ergu­der, Sabohaddin Qudrat Aksal, Said Foiq Abasya­nik, Samed Og‘ao‘g‘li, Tahsin Yujel, Tariq Bug‘ro, Tariq Dursun K., Vus’at O‘. Bener, Yashar Kamol, Yusuf Atilganlar ijodini kiritishimiz mumkin.

1950–1960-yillar orasidagi hikoyanavislar realizm tasviridan to‘laligicha xalos bo‘la olmaydilar. Ijtimoiy mavzular sifatida kichik xodimlar, ishchilar, qishloq odamlari va muammolari, shahar hayoti bilan chekka joylar hayoti, shu joylarda yashagan xalq muammosi tasviri asar markazida turardi. Ijtimoiy mavzularni birlamchi deb qabul qilgan yozuvchilar bilan birga shaxsni harakat nuqtasi sifatida olgan, qahramonning o‘zgacha psixologik holatlarini aks ettirgan hikoyalar mualliflarini ham uchratamiz.

1950-yillar Turkiyada siyosiy va ijtimoiy o‘zgarishlar og‘ir kechgani, bunga parallel ravishda adabiyotda ham o‘tmish bilan hisoblashish, G‘arb ta’siri ostida yangilanish jarayoni va yangi guruhlashishlar kuzatiladi. 1950-yillar boshlarida turk adabiyotida hikoya maydoniga Said Foiq, O‘rxon Kamol va Sabohaddin Ali chiqadi, “qishloq adabiyoti” shakllana boshlaydi. Bir qator manbalarda Turkiyada “hikoyaning oltin davri” sifatida baholangan 1950–1960-yillar orasidagi hiko­yanavislar boshqacha ifoda xususiyatlariga va yangi realizm tushunchasiga ega bo‘lishga intilishi ko‘zga tashlanadi. Ular o‘zlaridan oldingi avlodning hikoyaga munosabatini tanqid ostiga olishadi.

1950-yillar avlodining yangilikni targ‘ib etuvchi hikoyanavislari, bir tomondan, o‘zlaridan oldingi yirik hikoyanavislar ijodini qadrlashsa, ikkinchi tomondan, “ekzistensializm” falsafasidan va “syurrealizm” oqimidan ta’sirlandilar. Shubhasiz, o‘sha yillarda ekzistensialist yozuvchi sifatida tanilgan Alber Kamyu va Jan-Pol Sartrning kitoblari nashr etildi. Samuel Bekket, Uilyam Folkner va Frans Kafka asarlari yangidan turkchaga tarjima qilina boshlandi. F.Dostoyevskiy ijodi ham bu avlod hikoyanavislari uchun ahamiyatli ilhom manbayi bo‘lib xizmat qildi.

“Ekzistensializm” va “syurrealizm” oqimlari ta’sirida realizmga bo‘lgan qarashlari o‘zgargan hikoyana­vislar inson ruhiyatini yana-da chuqurroq tasvirlashga, ayni paytda, badiiy asar tilini bunday tasvir ifodasiga mos ravishda aks ettirish uchun ramz va o‘xshatishlarga suyanadilar. 1950-yillar oxirlariga kelganda esa hikoyalar “oraliqda qolgan janr” ta’rifi bilan atala boshlandi. Bu avlod vakillarining hiko­yalari “tu­shunarsiz”, “mavhum” deya tanqid ostiga olindi. Bu orada adabiyotda realizm ham munozara mavzusiga aylandi, bir qator yozuvchilarning “haqiqat­ni taqsim etish” mavzusidagi qarashi o‘zgaradi. Shu tariqa 1950-yillar avlodining yangilikni targ‘ib qiluvchi yozuv­chilari klassik hikoya an’anasidan uzilish ma’nosi­da muhim qadamlar tashlashdi.

1950-yillar avlodi hikoyachiligida faqat mazmunda emas, balki shaklda ham o‘zgarish kuzatiladi. Inson ichki olamini aks ettirish uchun ko‘pincha birinchi qahramon tilidan hikoya qiluvchi ichki dialoglarga va ong osti kechinmalariga urg‘u berildi. Ba’zi hiko­yanavislar ifoda usulida yangilik qilish, o‘troq xalq qo‘shiqlari va iboralarini buzib, badiiy asar tilining ahamiyatini kuchaytirish yo‘liga kirishadilar. Ba’zilari esa faqatgina iboralar bilan cheklanib qolmasdan, til qonuniyatlariga rioya qilmasdan o‘zlarining turli “qoida”, “qolip”larini yaratishga urinishadi. Shuningdek, ko‘pchilik yozuvchilar hiko­yalarida bugun bilan o‘tmishni, xayol bilan haqiqatni birgalikda tasvirlab, xronologik oqimni buzishadi. Bunday shakliy xususiyatlarga qaramasdan, har bir hikoyanavis o‘z ifoda tarzini vujudga keltirishga, aniq kompozitsion qurilishga xos usullardan foydala­nishga intiladi.

 

Vali Savash Yelo‘q,

filologiya fanlari doktori,

Anqara Hoji Bayram Vali universiteti dotsenti

 

[1] Bu haqida harang: Qosimov B. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. – Toshkent: Ma’naviyat, 2002.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.