Ona tilim, sensan tillarning guli…

0
38
marta ko‘rilgan.

ONA TILIMGA

 

Jirov seni poyga otdek o‘zdirgan,

Chechan seni dovda toblab qizdirgan.

Alpomishlar o‘ron qilib so‘zingni,

Berdaq qurol qilib, qo‘shin tuzdirgan.

 

Sen chinorsan – o‘sgan qadim tomirdan,

So‘z san’ating qil sug‘urgan xamirdan.

Qoraqalpoq ko‘ngil qushi sayragay,

So‘z xazinang boyigan ko‘p davrdan.

 

Gulbarchinlar yurak-bag‘rida gulxan,

Qizlar pinhon dardin ichiga yutgan.

Sen-la xonga ish buyurib xotinlar,

Ajiniyoz yurtin sog‘inib o‘tgan.

 

Naqllaring fikri teran, mag‘zi to‘q,

Hozirjavob sadog‘ingda so‘zing – o‘q.

Onam senga mehr sutin emizgan,

Otam senga bergan jasoratli ruh.

 

Rostgo‘ysan, rost gapirasan anqillab,

Sahroyi tovushing yangrar shang‘illab.

Yolg‘on so‘zlab, yoqishni hech bilmaysan,

Shivirlasang, g‘ozlar hurkar g‘anqillab.

 

Men tenglayman seni rizqim – nonimga,

O‘g‘izxondan ruhing singgan qonimga.

Esim tanib, hech tilni yot bilmadim,

Biroq sen eng yaqindirsan jonimga.

 

Sozga qo‘shsam, baland uchar alasar,

Zabonimga suluvliging yarashar.

Qanday yaxshi og‘aynining ko‘pligi!

“Yaqinmiz” deb senga ko‘p til talashar.

 

Dostonlarda noming ketgan ulgili,

Sen sahroning zo‘r xushnavo bulbuli.

Xalqim seni madh etadi dunyoga,

Ona tilim, sensan tillarning guli.

 

Tollar senday guvlagan vaqtin ko‘rdim,

Senda cho‘l shamolin shiddatin ko‘rdim,

Qora uyda Pushkin bilan Berdaqning

Sen bilan gaplashgan suhbatin ko‘rdim.

 

Ona tilim, men ham senga doirman –

Sen borliging uchun kuychi shoirman.

Shuncha qattol surgunlarda surinmay,

Shu kunlarga yetganinga qoyilman.

 

 

BO‘ZTO‘RG‘AYGA

 

1

Samoda muallaq sayra, to‘rg‘ayim,

Sayrayver, navosiz o‘tmasin davron.

Ona yerga yotib nolang tinglayin,

Sayra, yuragimdan arisin armon.

Tovushingni bola vaqtimda ayon

Yuragimga yozib olib ketganman.

Tinimsiz sayraysan o‘shandan buyon,

Bugun kuy bazmingga kelib yetganman.

Sen ona tuproqqa ag‘nab silkinsang,

Osmonga chiqasan qayta avjlanib.

Tug‘ilgan yer ishqi bu tuyg‘u bilsam,

Bu tuyg‘u ko‘nglimda turar mavjlanib.

 

2

Jangal orasinda, buloq boshinda

Bisyor ko‘rdim sening oshiyoningni.

E’tibor bermasdim qush deb yoshimda,

Sevib tinglasam ham kuy-fig‘oningni.

Bu cheksiz kengliklar, bu yer, bu tuproq

Bildim ikkimizni asrab boqqanin –

“Biri yerda, biri havoda sayroq

Bizni madh aylasin” deya tuqqanin.

Endi fahmlabman, tepamda nolon,

Nechun buncha sayrab tolgan ekansan,

O‘zib-o‘zib bo‘zlab sayrashing bilan

Yuragimga sog‘inch solgan ekansan.

 

3

Aslo o‘kinmayman bolalik izim

Asfalt yo‘l ostida qolganligiga.

To‘zib eski paxsa uyimiz bizning,

O‘rni paxta dala bo‘lganligiga.

Mana bu hayqirib oqqan Kegayli

Bir zamon o‘zanin yangidan olar.

Men yurgan so‘qmoqlar qolmasin, mayli,

Qolmasin men uloq boqqan dalalar.

Xotiramda qolsin, mayliga, cho‘lim.

Bunyodkor xalq yerni aylasin obod.

Zamon shiddatidan yashnasin elim,

Taraqqiyot sahro ahlin etsin shod.

Qo‘shiqlar o‘zgarsin hech qanday mungsiz,

Ko‘hna narsalarni ko‘z ko‘rmay qolsin.

Faqatgina Vatan ishqiday so‘ngsiz

Sayroqi tovushing o‘zgarmay qolsin.

 

4

Sayrayver, hurpaygan tojli to‘rg‘ayim,

Oh-hay, tug‘ilgan yer havosi qanday!

Bir chalqancha yotib seni tinglayin,

Qaytadan yasharib bola bo‘lganday.

Men naqadar go‘zal ellar ko‘rmadim,

Qancha jannatmonand tog‘lardan oshdim.

Qancha bog‘larda sayr etib yurmadim,

Qancha bulbullarni tingladim, jo‘shdim.

Men hammasin suydim, charaqlab ko‘zim,

Biroq, netay, sog‘indim chang dashtimni.

Yuragimda sayrab chaqirding o‘zing,

Sayrog‘ing uyg‘otdi sevgim – gashtimni.

Sen aytding: “Kel, mening bolalik do‘stim,

Eng zo‘r taronamni sayrab berayin”.

Sening shu qudratli sahroyi sasing

Tebratar eng so‘nggi damimgachayin.

 

5

Kegaylining bo‘yi – bepoyon yobon,

Ko‘k gumbazning osti – navo qasri bul.

Shu buyuk saroyda sayra bearmon,

Tinglayman, sayrayver, mast bo‘lsin bulbul.

Men ham, sen ham erkin kengliklarda shod,

Manov yer, anov suv, bahor quyoshi…

Tug‘ilgan tuproqda bularkan bunyod

Odamning Vatani, qushning uyasi.

Do‘stim, samolarda sayra charx urib,

Nazm ila navosiz zamon bo‘ldimi?

Sen ko‘kda, men yerda buncha jon berib,

Sevmasak, bu yerlar Vatan bo‘ldimi!

 

YaRAShAR

Har narsaning o‘z tusi, o‘z bo‘yog‘i

Uyqashgan munosib kezda yarashar.

Oq bo‘yoqqa singmas ko‘mirning dog‘i,

Qora rang qalamqosh ko‘zga yarashar.

 

Ko‘k osmonga qarab ko‘nglim suyundi,

Yozning libosi der yashil kiyimni,

Sog‘inib sarg‘ayish shod etur kimni?

Za’faron jamoli kuzga yarashar.

 

Bahorda atirgul gulning a’losi,

Lovullagan qizil uning libosi,

Qirmiz rang tushirmas oltin bahosin,

Tilla suvin bersang, jezga yarashar.

 

Oppoq qor ustida qop-qora qarg‘a,

Qamchi o‘rimli naqsh yarashar morga,

Tiniqlik – oynaga, yorug‘lik – nurga,

Qora xollar oqcha yuzga yarashar.

 

Ibroyim der boydir bo‘yoq bozori,

Qanday tus izlasang, topilar bari,

Odam ko‘ngli degan tovusning pari,

Qanchalar rang bersang, so‘zga yarashar.

 

QO‘SHIQ

Qaro ko‘zli qarindoshim,

Yo Gulimsan, yo Guloyim,

Husningdan aylanar boshim,

Ovulingda ko‘rsam doim.

 

Par bo‘loyin uchging kelsa,

Yor bo‘loyin quchging kelsa,

Labing tegib ichging kelsa,

Shirin-shakar bol bo‘loyin.

 

Eshigingning oldi paxta,

Ishga chiqding sahar vaqtda,

Dam olging kelsa ovloqda,

Soyabonli tol bo‘loyin.

 

Elingda sen atirgulsan,

Yigitlar shaydo sumbulsan,

Hech kimni sevmagan bo‘lsang,

Men jufti halol bo‘loyin.

 

Baxting buyursin o‘zingga!

Termulib xumor ko‘zingga,

Hech bo‘lmasa oq yuzingga

Yolg‘iz qora xol bo‘loyin.

 

BO‘ZATOVNING YO‘LIDAGI TO‘QAYLAR

 

  1. Embergenga

 

Bo‘zatovning yo‘lidagi to‘qaylar,

Qaraganda ko‘zim nurin oldingiz,

Buldozerdan qanday omon qoldingiz,

Bo‘zatovning yo‘lidagi to‘qaylar?

 

Turong‘il kegayga boshlarin chatgan,

Qushingni merganlar ucharda otgan,

Dovudko‘lga qadar cho‘zilib yotgan,

Sof havoli, chiroy ochgan to‘qaylar.

 

Yashil chodirdaysan yozda soyali,

Dam olsam der yo‘lovchining xayoli,

Kuz fasli yasanding zar libos kiyib,

Oltin bilan chaygan kabi dunyoni.

 

Bahorda o‘tganda ustingdan sening,

Qushlar chug‘urlashgan sasingdan sening,

Dunyo shuncha suluv ko‘rindi menga,

Nazar solsam yashil ko‘shkingdan sening.

 

Jonga tegib ketdi dim havo shahar,

Embergen, to‘qayzor dilni rom aylar…

Qayda yursam, xayolimda tebranar

Bo‘zatovning yo‘lidagi to‘qaylar.

 

 

BO‘LMASA

 

Maxtumquli yo‘lida

 

Qush bolasi bo‘lib kirmas hisoba,

Bulbulning xush taronasi bo‘lmasa.

Sozni chertgan bilan kelmas navoga,

Ko‘ngilning bir g‘amxonasi bo‘lmasa.

 

Odat qolar, balkim, hech fe’li qolmas,

Elga xizmat qilmay yigit sanalmas,

Ko‘p yashagan bilan oqsoqol bo‘lmas,

Farosatli aqli-esi bo‘lmasa.

 

Birovlar qartaysa, ziynati oshar,

Eliga zeb berib, to‘rga yarashar,

Birovlar urg‘ochi maymunga o‘xshar,

Agar odam suvrat tusi bo‘lmasa.

 

Kimlar keksaysa ham aqli to‘lgan,

Kimningdir shaqqillab til-jag‘i qolgan,

Otga “Chuh!” degandan boshqasi yolg‘on,

Kayvonilik hafsalasi bo‘lmasa.

 

Kimdir tiriklikda otin yo‘qlamas,

Inson bo‘lib ichgan tuzin oqlamas,

Beryog‘idan quygan bilan to‘xtamas,

Naryog‘ida bir narsasi bo‘lmasa.

 

 

* * *

Qosh qoraydi. O‘tloqzordan

Bir to‘p to‘rg‘ay uchdi-ketdi.

Sening qizlik chog‘ing birdan

Xotiramga tushdi-ketdi.

 

Izingdan yurdim soyangday,

Uloqday ergashib senga.

Erkalading o‘z ukangday

Topganingni tashib menga.

 

Unutmayman shul chog‘ingni:

Kiyimlaring durustlading.

Xazorisband munchog‘ingni

Singling taqsa, urishmading.

 

Dastiyor bo‘lib yanganga,

Daladan kech qaytar eding.

Oq ot mingan allakimga

Atab qo‘shiq aytar eding.

 

Sayil, to‘yda xira bo‘lib,

Yigitlar suykalsa senga,

Jahling chiqmay, faqat kulib,

Qarab qo‘yar eding menga.

 

Bir kun polizda nogahon

Qaro soching tarab turding.

Ko‘zing yoshga to‘lib, giryon

Uy tomonga qarab turding.

 

Deding menga boqib mungli:

“Ko‘zimga cho‘p tushdi mening”.

Bola ko‘nglim sezib bo‘ldi

Ko‘zingga cho‘p tushmaganin.

 

Bosib yumshoq ko‘kragingga,

O‘pding maqtab bo‘ylarimni.

“Yaxshi bola bo‘l” deb yana

Silayverding haydarimni.

 

O‘tloqzor ortidan yana

Ot kishnadi, sen oshiqding.

“Meni unutma!” deding-da

Cho‘ntagimga olma tiqding.

 

Esdan chiqdi siniq oynang,

Men “Ketma!” deb yig‘lab yotdim.

“Kerak emas bergan olmang!”

Deb ortingdan olmang otdim.

 

Ot kishnagan o‘tloqzordan

Bir to‘p to‘rg‘ay uchib ketdi.

Qochib ketgan kechang birdan

Bugun yodga tushib ketdi.

 

 

DERAZANGDAN QARASAM, QUVMA

 

Shahrimizda uy ko‘p betimsol,

Bog‘siz hovli, ayvonsiz tom yo‘q.

Biroq sening derazang misol

Qo‘sh oynakli deraza, rom yo‘q.

 

Nukusning qay burchidan, axir,

Qo‘yvorsang ham ko‘zimni tang‘ib,

Yo‘l topgandek paypaslab so‘qir

Derazangni topardim sang‘ib…

 

Derazangning tagida bir tup

Qiyshiq o‘sgan jiyda bo‘lsam men.

Mo‘ralardim qoqmasdan kiprik,

Qaysi vaqtda uyda bo‘lsang sen.

 

Nesi ortiq jiydaning mendan,

U derazang tagida xushvaqt.

Shamol essa shoxlari bilan

Derazangni qoqar betoqat.

 

Guli yomon anqib tursa ham,

“Jiyda guli buncha zo‘r!” deysan.

Barmog‘ingga tikon kirsa ham

Achchiqlanmay, mevasin yeysan.

 

Borsam gar derazang qoshiga,

Jiyda o‘g‘risi deb bilasan.

– Hoy, osilma jiyda shoxiga! –

Deb jerkiysan, so‘ngra kulasan…

 

Balki, rostdan o‘g‘ridirman, ha!

Lek jiydangda ne yumushim bor?

Derazangning tagidan quvma,

Jiydang emas, yuraging darkor!

 

Ibroyim YuSUPOV, O‘zbekiston Qahramoni,
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri

 

Qoraqalpoq tilidan

Rustam MUSURMON tarjimasi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.