Yondaftarda qolgan satrlar

0
79
marta ko‘rilgan.

Bu yil O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor (1907–1968) tavalludiga 110 yil to‘ldi. O‘zbek xalqining ardoqli adibi o‘zidan nodir badiiy durdonalar qoldirdi. Uning roman, qissa, hikoya va komediyalarida xalqimizning og‘ir o‘tmishi, o‘zbekning to‘laqonli qiyofasi, ruhiyati professional qalam bilan aks ettirildi. Adib umrining so‘nggi o‘n yilida yashagan, hozirgi Yunus Rajabiy ko‘chasida joylashgan hovli uy 1987 yili muzeyga aylantirilgan. Muzey faoliyati dastlab yozuvchining turmush o‘rtog‘i Kibriyo Qahhorova boshchiligida ish boshladi. Shundan beri Abdulla Qahhor uy-muzeyi muttasil ravishda  faoliyat yuritib kelyapti. 

Muzey arxivida saqlanib qolgan yozuvchining dastxati bilan yozilgan kundaliklar, xatlar, asarlarining qo‘lyozmalari (“O‘tmishdan ertaklar”, “Zilzila” qissasi (“Zilzila” tugallanmagan qissa), “Nurli cho‘qqilar” hikoyasi, “Tashvish”, “Ayajonlarim” komediyasi, o‘nlab publitsistik maqolalar qo‘lyozmalari) Abdulla Qahhor ijodini yangicha yo‘nalishda o‘rganish va talqin etishga yo‘l ochdi. Adib kundalik­lari uch alifbo orqali – eski o‘zbek yozuvi, XX asr boshidagi lotin va kirill yozuvida yozilgan. Abdulla Qahhor kundaliklaridagi qaydlar tizimli, batafsil voqealardan iborat emas. Ular qisqa-qisqa qaydlar shaklida bo‘lib, yozuvchi hayotiy kuzatuvlarini, ruhiy iztiroblarini, adabiyot, jamiyat, adabiy jarayon haqidagi xulosalarini ixcham shaklda qayd etib borgan. Bu qisqa qaydlar ba’zan hikoyalar, adabiy maqolalar, komediyalar matniga tatbiq etilgan. Ba’zan badiiy asarlar uchun xamirturush vazifasini o‘tagan.

Hurmatli mushtariy! Bugun Abdulla Qahhorning turli yillarda umumiy daftar, bloknotlarga yozib qoldirgan qaydlarini e’tiboringizga havola etishni lozim topdik. Yuqorida eslatganimizdek, bu qaydlarni Abdulla Qahhor faqatgina o‘zi uchun yozgan. Keng kitobxonlar ommasi o‘qishini nazarda tutmagan. Biroq, shunga qaramasdan, shaxsiy bitiklar zamirida o‘quvchilarga katta ma’naviy naf, foyda bo‘lgani uchun, qolaversa, ulug‘ adib haqidagi tasavvurimizni kengaytirishini inobatga olib, ularni e’lon qilishga jazm qildik. Eski o‘zbek yozuvidagi qaydlarni adabiyotshunos Otabek Jo‘raboyev tabdil etgan.

 

Hozirgi ishingda saning ilming ham yo‘q, arzon taqachilikdan boshqa hunaring ham yo‘q; ahvoling shu bo‘lsa, sal kunda yoshlarning oyog‘i ostida qolib ketasan. Adabiyotda Shukurlar, O‘tkirlar, Uchqunlar paydo bo‘lgan. Shularning oyog‘i ostida qolib ketasan! Seni hech kim ko‘tarib ololmaydi, o‘zingni o‘zing ko‘tarasan, unda senga qiyin bo‘ladi! Mo‘min Kofirlar zamoni adabiyoti qolib ketdi, bugun Pirimqullar, Odillar, Said Ahmadlar adabiyoti! Husniddin Sharipovlar, Erkinlar, Abdulla Oripovlar, Gulchehralar, Oydin Hojiye­valar adabiyoti! Tanqidda Ozod, Umarali, Qo‘shjonovlar bosh ko‘targan!

1960 yil

 

Bizda g‘alati odamlar bor, men bularga tushuna olmayman. Bular nima uchun o‘zlaricha yangi alifbe tuzib, bunga o‘zbek talaffuzida yo‘q tovushlarni kirgizib, tilni shu alifbega muvofiqlashdirishga tirishadi? “S” bizda yo‘q tovush. “X” ruslarda yo‘q tovush. Rus buning o‘rniga bazo‘r “ks” ishlatadi va “Marx”ni “Marks” yozishadi. Bizning tilchilar nima uchundir “Sirk”ni “Sirk” yoki juda lozim bo‘lsa “Tsirk” yozishni gunoh hisoblashadi! Modomiki “S”ni “Ts” bilan almashtirish noma’qbul ekan, nima uchun “Щ”  ham olinmaydi? “Borщ”ni “Borshch” yozish ham gunoh emasmi?

“”ni olishipti. O‘zbek so‘zida bunga sira o‘rin yo‘q. Rus so‘zlarini to‘g‘ri yozish uchun olingan bo‘lsa, demak, ona tili darsini avval rus tilidan boshlash kerak. “’” (‘) o‘rnida olinsa boshqa gap edi. O‘z vaqtida daryo, san’atda ishlatilar, nobud bo‘lmas edi.

Bizdagi “J” – Dj, ya’ni shu ikki harfdan kelib chiqqan emish! Ilmiy tekshirish! “D” necha harfdan kelib chiqqan emish?

Bular tilga muvofiq alifbo tuzish o‘rniga, tilni o‘zlari o‘ylab chiqargan alifbega muvofiqlashdirmoqchi. Bular xayriyat ham falakiyotga aralashmaydi, yo‘qsa o‘zlaricha jadval tuzib, quyoshga “shu jadvalga muvofiq tutilasan” deyishar edi. Bular sarf, nahv, imloga har xil “ilmiy” nomlar qo‘yishipti. Shularga oid hamma atamalarni ruschadan olishipti. Ajabo, o‘zbek tili ruscha o‘qitiladimi! Gapni qarang: “Sintaksisning znak­laridan skobka, tochka, kovыchkalarni ko‘pincha o‘z o‘rnida qo‘yishmaydi”!

Bu arabchilikka qarshi emish! “Nuqta”, “qavs” arablarga xatlab o‘zi beriptimi! “Protokol” arab so‘zi desangiz, qaysi rus ishonadi? “Pederat (hatto federat)ga olganim yo‘q” deganda “pederat”  so‘zi ruscha ekanligiga hozir qaysi o‘zbekni ishontira olasiz? “Choy” xitoycha, “choynak” ruscha-xitoycha, “quv” mug‘ulcha, “gul” forscha, “hozir” arabcha. Shularni buzmasdan o‘zicha, o‘z imlosi bilan yozish kerak, degan da’voning keragi bormi? “Choyqonshi”ni o‘zicha, o‘z imlosi bilan yozib ko‘ring-chi!

1944 yil, 25 avgust.

 

* * *

Vaqtida bolta ko‘tarib odam ovlagan hukumatning o‘zi-yu, endi bu jinoyatini odamlarga to‘nkayotipti: Usmon Nosir halol odam ekan-u, uni odamlar chaqqan emish.

Hukumat hamma gunohlarini shunaqa yuvayotipti.

Otilganlar, kesilganlar oqlanayotipti, lekin bular kimning chaquvi bilan halok bo‘lgani  aytilmaydi.

 

* * *

…Temir qoziqdan nom-nishon qolmapti, biroq fil yana 100 yil temir qoziq atrofidan nari ketmagan ekan. Fil – jonivor, aql-ongi yo‘q. Biz nega Stalin qoqib ketgan temir qoziq atrofidan yiroqqa ketolmaymiz?

 

* * *

Hozirgi adabiyotimizni obod qilib turgan Asqad Muxtor, Quddus Muhammadiy, Shukrullo, Odil Yoqubov, Hamid G‘ulom, Pirimqul, Ramz Boboyev, Shuhrat, Said Ahmad, Hakim Nazir, Turob To‘la singari yozuvchilar adabiyotga ochilmay xazon bo‘lgan yozuvchilardan ancha – 10-15 yil keyin kirgan!

Yozuvchilik hunari to‘g‘risida so‘z borganda talantni birinchi o‘ringa qo‘ymaydiganlar ham bor. Ajab, nima uchun talantsiz odam ashula aytolmaydi, o‘yinga tusholmaydi, rasm chizolmaydi-yu, yozuvchi bo‘lishi mumkin?

Durust, talant – urug‘, xolos, uni undirish, ko‘kartirish, undan hosil olish uchun avvalo zamin, undan keyin mehnat, yana mehnat kerak. Lekin mehnatning samarali bo‘lishi uchun hammadan burun urug‘ kerak-da!

   Diqqatlaringizni tortmoqchi bo‘lganim narsalardan biri shu.

 

 

* * *

Toshkentga ketishda ayam irim qilib meni kuzatmadi. Dadam stansiyaga kuzatib chiqdi.

Toshkentga tushishing bilan bir piyola qatiq ich, tuz, bir chimdim turpoq yegin.

 

1925 yil

 

Mamlakatimizning ichkarisida, tashqarisida ko‘mmunizm g‘oyasini beburd qilib qo‘ydi.

Propagandamizning burdi ketdi.

Nazariyamizdan odamlarning ixlosi qaytayotipti.

 

Filologiya fanlari nomzodi

Marhabo Qo‘chqorova nashrga tayyorladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.