0
135
marta ko‘rilgan.

Tog‘larga ketamiz,tog‘larga

DALA

bo‘ylab boraman toqqa,

oyog‘im sug‘urib toza loylardan,

bir navo keladi mungli, qaltirab,

bir xabar keltirar go‘zal joylardan.

 

bir qushcha sayraydi butoqqa qo‘nib,

tumshug‘i cho‘g‘ kabi, tegrasi nurdir,

atrof qotib qolgan, go‘yoki to‘nib,

qushcha kuylayotgan damida hurdir!

 

yomg‘ir tinib qolgan, yomg‘irdan so‘nggi

musaffo olamga yarashadi kuy,

olam anglay olmas tushimi, o‘nggi,

yo bu kuy dunyoga yap-yangi bir uy!

 

SHER

goho ovulga kelardi yaqin,

tan-jonida shiddat, ko‘zida chaqin,

zarar keltirmasdi aslo insonga,

ketardi aylanib tog‘lar tomonga.

 

oyga qarab cho‘qqilarda chopinardi,

o‘ynar edi, quvnar edi, talpinardi,

bir nomard o‘q nuqta qo‘ydi hayotiga,

o‘kirsa to‘lardi olam dodiga.

 

Ulgurmadi…

toshdan toshga urilib –

eti qoldi, qarolmadi burilib,

kim edi u? Sher bechora to‘kildi.

Ammo tog‘lar na’ra tortdi, o‘kirdi.

 

Otam so‘zlab, derdi: yashir kuchingni,

Olar bo‘lsang, ishdan olgin o‘chingni.

Nomard dunyo kuchlini qon qusdirar,

nomardlarni quchog‘ida o‘stirar!..

MOMO

Urchuq aylanadi, lipillaydi sham,

o‘qtin-o‘qtin hurib qo‘yar yolg‘iz it.

Almashinib turar quvonch bilan g‘am,

ko‘z oldiga kelar beshik va tobut.

 

Har qalay yolg‘izlik, har qalay sahro,

yomg‘ir ezib yog‘ar, tun, devorlar nam,

neni olib kelar umid bir daryo,

urchuq aylanadi, lipillaydi sham.

 

ChAVANDOZ

Bu tulporni endi nima qilaman,

quturib aylanar yakkamixni u,

qantaraman, jilovidan ilaman,

ahvolimni bilmaydi-ku.

 

Falakning ustida sezdim o‘zimni,

quloqlari aro o‘tganda shamol,

iftixor baxsh etdi, yoshlab ko‘zimni,

endi bari o‘tdi, barchasi xayol –

 

cho‘qqilar silkinib kuchli sasiga,

kishnasa tog‘lardan ko‘chardi toshlar,

haq so‘z aytolmadim el og‘asiga,

endi u ko‘zimni boshqacha yoshlar –

 

avvallar yulduzday terib yurardim,

uchib yo‘latmasdim yonboshlarimga –

to‘dani yorarkan, berib yubordim

uloqni og‘aning qondoshlariga,

 

yashirdim tanamning titroqligini,

nahotki, sezmadi qo‘rqoqligimni –

hali ham mehr-la iskalaydi ot,

meni mehribonlik o‘ldirmas, nahot?!

BALIQ

Teskari dunyoning o‘yiniga boq,

bepoyon janggohda suzar edim toq,

qancha yirtqichlardan qoldimu omon,

o‘z qavmim bo‘g‘zida bo‘lyapman halok!

 

TOG‘LARGA

Goho xuruj qilganida g‘am,

yurak to‘lib ketsa ohlarga,

do‘stlar bilan bo‘lishib hamdam,

tog‘larga ketamiz, tog‘larga.

 

Sevgi degan so‘zdan yondi qalb,

sayr etamiz baxtli chog‘larga,

jam’i dardni qilmoq bo‘lib da’f,

tog‘larga ketamiz, tog‘larga.

 

Do‘st so‘zidan kuyib ketdi uy,

o‘tib mungli, mungli bog‘larga,

peshonada qotib qolgan kuy –

tog‘larga ketamiz, tog‘larga

 

To‘yib rosa hamtovoqlardan,

qo‘l tortamiz badqovoqlardan,

toshlari ham ko‘p yumshoqlarga –

tog‘larga ketamiz, tog‘larga!

 

Yosh bo‘lsak ham, qari bo‘lsak ham ,

biz ketamiz xush bahorlarga!

do‘lanalar chopib yurganda,

tog‘larga ketamiz, tog‘larga!

 

DARAXTLARNING

ko‘z yoshi –

barg to‘kilar duvillab,

hazin kechning quyoshi,

bog‘lar qoldi huvillab.

 

Sergaklik bor falakday,

ayni zamon ko‘p ma’yus,

ishtonchan bir bolakay

otasini kutar… Kuz.

 

QUSHChAM

Bilolmayman nedir bu hayot,

bormanmi bu yerda men o‘zim,

qaytarib qo‘yar goh bir hayo,

yumilgisi kelar goh ko‘zim.

 

Yashaymiz bir osmon ostida,

har qachon go‘zaldir bu osmon,

yodimdasan. Garchi xotira

go‘zal ermasa-da bepoyon.

 

Unutmasman, seni ey qushcham,

yodim osmonida nuqtasan –

uchmassan, eh qancha ko‘p uchsang,

sen to‘xtab qolmassan, to‘xtasang.

 

OSMONDA

oylar to‘lar,

soylar sharqirar yerda,

gul yonida bulbullar,

sen qaydasan, bokiram.

 

Har yonda kezar bahor,

gulga to‘lmish har tomon,

g‘amsiz joy qay yerda bor,

g‘amga to‘la yer-osmon.

 

Osmon bo‘lmagin, mayli tush,

er bo‘lmay men ham doim,

visol bo‘yi esar xush,

ufqdan xushbo‘y, mayin!

 

O‘ChOQDA

kul

yonib o‘tgan yoshlik

yonib ketgan

sovuq

kulni paypaslagan kabi

titkilar xotirani

oh tortib yuborar og‘riqdan

keskin tortar qo‘lni

kulning ostidan.

 

TUSHLARIMGA

tez-tez kirmoqda otam,

u ketgan yoshlarga kirib qolibman,

biroq quvonch o‘sha, o‘sha-o‘sha g‘am,

men qaysi do‘stimdan xabar olibman?

 

Tushlarimga tez-tez kirmoqda otam,

meni ibodatdan etganday ogoh,

biroq savob ma’lum, menda rag‘bat kam,

tiyilsam-da, qaydan kelmoqda gunoh?!

 

Tez-tez tushlarimga otam kirmoqda,

goho tabassum qilar, goh do‘q urmoqda,

“o‘g‘lingning tushiga kirar vaqt keldi,

endi yaxshi ishga ulgurgin”, derdi.

 

ShOM

qanday go‘zal

gul kabi

binafsha kapalak

qo‘nib turar derazamga

derazamdan boshqa yoqqa

boqmayman

chiroqni yoqmayman!

 

Yo‘ldosh ESHBEK

“Yoshlik” jurnali 2010/11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.