(Hikoya)
Kimki bir köngli buzuğning xotirin şod aylağay,
Onça borkim, Kaʼba vayron bölsa obod aylağay.
Alişer Navoiy
Köklam keldi-yu hovlidan bir quşça ketmas böldi. Avvallari eʼtibor qilmagan ekanmi, Husan endi uni kunda köradi: quşça goh u, goh bu daraxtga qönib oladi. Gullaş paytida esa boşiga oq römol taşlagan örikdan negadir ayrilmay qoldi. Böşadi, degunça deraza qarşisida mixlanganday ötirib uzun-uzun xayollar suradigan şerigini Hasan önğay har fursatda bir yanib oladi. Hozir ham şunday böldi: “Hm-m, tağin qözğadimi darding? Undan köra majlisni öylamaysanmi? Şayx Ahmad Junayd hazratlari bilan uçraşuv hayotingda buriliş yasaşi mumkin, Husan! Hoy, kimga gapiryapman men? Devordan farqing yöğ-a!.. – deya jirilladi u. Lekin muhatobining parvosiz ötirgani badtar jahlini çiqardi. – Qöy-e, göyo jannatga yöllanmasi naqd odamdek tutasan özingni?..”
Husan bunday gaplarga köp-da eʼtibor bermaydi. Ammo ilgari haq talaşardi – eslaydi. Bir kun qattiq tortişib ham qolişgandi. Öşanda aka-uka nafl namozi uçun tahorat olişga çoğlanib turişganda qöşnining bolasi çiqib, qandaydir yumuşga bir zumlik yordam söragandi. Husan şu ketgança keç qaytgandi. “Avval ibodat, keyin madad”, degandi Hasan qofiyasini keliştirib. Husan ham nedir javob aytgandi, örtada jiddiy bahs çiqib, jöjaxörozlardek toza jiğillaşib qolişgandi öşanda.
– Mutaassib bölma, islom – bağri keng din. Hatto siğinib ötirgan vaqtingda yon-veringda çayon körib qolsang, oldin otiyomonni daf qilib, söng namozga qaytişingga izn beradi u, – degandi Husan qizişib.
– Töğri-yu, – javob qaytargandi Hasan, – lekin bunday gaplar köpinça farzlarni mukammal ado etişga erinadiganlarning bahonasi böladi. – Söng u Qurʼoni karimni olib, Husanning arabçani özidan tuzukroq bilişiga qaramay, sözma-söz öqib, hijjalab tarjima qilgan, buyam yetmay şarhlaşga ötgan, çahoryorlaru sahobalar hayotidan misollar keltirib uqtirgan edi.
Husan ham qarab ötirmay, öz tavrining himoyasiga avliyolar hikmatlaridan dalillar aytib, muqaddas kalomni har kim öz dunyoqaraşiga yaraşa tuşunadi, butun yer yuzida iymoni bir xil kuçga ega ikki musulmonni topolmaysan, u kimda quvvatli, kimda zaif böladi, nega sen boşqalarning amalini öz qariçing bilan ölçamoqçi bölaverasan, Hasan? – deya böğilgandi.
Goho esa mana şunaqa munozaralar çözilib ketar va Husanning yuragi xunolud tortib, taşqariga çiqar, hovlidagi daraxtlar ostida soatlarça kezinib, baʼzan ularga dardini aytib hovuridan tuşardi. Keyin… keyin u ana öşa quşçaga duç kelib qoldi!.. Duç keldi-yu, negadir Hasan bilan munoqaşa qilişni istamay qöydi, ajab. Hatto u Hasanga: “Keçir men lodonni, bilmay talaşib yurgan ekanman, döppini olib öylab körsam, hujjatning bari sen tomonda ekan”, dediki, bu iqror jigargöşasini köp tölqinlantirdi, kelib Husanni quçdi, «iymoningga hamişa mana şunday sohib çiq!”, dedi közlari namlanib. Söng ular orasida vulqondek otilib turadigan olovli mubohasalar göyo tindi, Husan din borasida Hasan aytganga köndi. Köndi-yu, buni qarangki, özgarmadi: avval qanday bölsa, şundayligiça qoldi. Hasan çizgan yöldan yursa ham öz köngliça yaşayverdi. Qiziq-a?..
* * *
Quşça baʼzan novdada jimgina ötirardi. Şunda çappor urib gullagan örik daraxti bahaybat quçoği bilan uni göyo yaşirib olardi. Lekin quşça har doim ham bir joyda tek turmay, pirillab uçib qolar, şu bois Husan uni tamoşa qilişga köp-da ilhaq bölmasdi. Hozir ham lip etib bir şoxdan boşqasiga ötdi-yu, köriniş berdi. Husan uni közlari bilan tutvoldi. Keyin qoçirib yubormaslikka tirişganidan butun vujudi közga aylandi. Quşça ötirgan örnida xuşxon ovoz bilan sayray boşlaganda esa borliği quloqqa döndi. Quşça berilib, atrofni unutgança yayrab-yayrab xoniş qilardi. Bunga sayin Husanning zavqi oşar, ötirgan örnida taşqaridan toşdek qotganga öxşasa ham içkarida mumdek erirdi. Kuylay-kuylay quşça, nihoyat, tin oldi, bejirim boşçasini u yoq-bu yoqqa tez-tez qaratdi, şunda Husan öynab turgan, qop-qora hurkak közlarini körib qoldi. Nazariça, quşçaning közi ham öziga tuşdi. Tuşdiki, yana pir etib daraxtning narigi – közdan yiroqroq tomoniga qoçib ketdi. Husan endi quşçani körmas böldi. Ammo köp kuttirmay quşça yana sohir ovozda xoniş qila boşladi…
– Tur-ye, qanaqa odamsan özi? Hayotni derazaga qarab sob qilasan-ku bunaqada? – jerkidi Hasan qölida kitob bilan taşqariga – daraxtlar ostiga çiqib ketarkan. – Qaçon majlisni öylaysan? Unaqa-bunaqamas, naq arabistonlik şayx hazratlari qatnaşadigan yiğin bölsa! Hey, özimizni körsatsak bormi, xorijga ketiş yöllanmasi naq çöntagimizda deyaver.
Şu çoq Hasanning qöl telefoni jiringlab qoldi va söylaşgança nari ketdi. Söng birpas ötib maʼyus bir qiyofada qaytib keldi.
– Otam betob emiş.
Husanning diqqati bölindi:
– Nima?..
– Quloğing tom bitganmi, otam yotib qopti deyapman, – tutaqdi Hasan, – garang!..
– Voy, – dedi kapalagi uçib Husanning, turib şerigi qoşiga kelarkan. – Jiddiy emaskanmi, işqilib?
– Bilmadim… Nima qildik, Husan? Bu yoqda majlis…
– Nimalar deyapsan, Hasan?.. Boramiz!..
* * *
Ertasi saharmardonda egizaklar yelkalariga yengil xaltalar osib, olis viloyatga otlanişdi. Uydan çiqişarkan, Husanning eʼtiborini bir emas, kamida ikki quşning munis, dilpazir xonişlari tortdi. Bir lahza töxtab alangladi. Çindanam, daraxt şoxida bir-biriga quyib qöygandek öxşaş ikki quşça paydo bölgandi. Qay biri hamişagi quşça-yu, qaysisi mehmon – bilib bölmasdi.
– Qara, Hasan, quşçalar ham bir juft böp qopti, egizak deysan, – hayrati oşdi Husanning.
– Ke, Husan, ertalabdan asabga tegmagin, yölimiz uzoq… – şerigi yonidan şitob bilan ötarkan, tanbehladi Hasan…
* * *
Yarim soat ötar-ötmas, tuğişganlar taksiga ötirişdi-yu, ota yurtlariga jönab ketişdi. Taxminan uç soatlardan keyin esa ular mingan maşina yöl çetidagi çoğroq kafe qarşisida töxtadi.
– Ovqatlanamizmi? – Haydovçi hammadan burun kabobçiga qarab yörğaladi. Ortidan er-xotin yölovçilar ergaşdi, sizlar-çi, degandek bularga im qoqib qöyişdi. “Iştaham yöq”, dedi Husan. “Yur, namoz öqib kelamiz”, deya eşikni oçdi Hasan.
Ular kelib tuşgan joy bağoyat xuşmanzara ekan. Toğ yon bağri ayniqsa latofatli, yonginalarida şarqirab soy oqayapti, böylari unçalik baland bölmagan daraxtlar, oddiy tolmi yo majnuntol – birdaniga ajratiş qiyin… Şu daraxtlar ostidayam zilol suv oqib yotibdi. Husan ariq labiga çökkalab, yuziga suv urgan edi, seskanib ketdi.
– Oh, muzdek!..
– Toğniki-da, – hamdamining şundoq biqiniga kelib tiz bukdi Hasan. – Tahorating bormi?
– Borlikka bor, lekin uyga yaqin qoldik, bemalolroq öşa yerda öqirdik…
– Vaqtida öqiş kerak. Qoidani beş qöldek bilasanu amalga kelganda taysallaysan-a, Husan. Keça sen bormagan amrimaʼrufda yaxşi gap aytişdi, – dedi Hasan qöllarini kiçik soçiq bilan yaxşilab artarkan. – Bir yölovçi aeroportda namoz öqib qolib reysidan keçikibdi. Saldan keyin esa öşa samolyot halokatga uçrab, bitta ham tirik jon qolmagani haqida xabar kelibdi. Qara, namoz qutqaribdi uni…
– Bunday misollar bilan namozni şaraflaşga urinmaslik kerak, – qizişdi Husan, tortişmayman degan qarorini bir lahza unutib. – Samolyotda ehtimol savobi köproq, qalbi pokroq insonlar ham bölgan bölişi mumkin-ku. Yoki norasida, begunoh gödaklarga nima deysan?.. Bu – qismat, peşonaga yozilgan yoziq. Namozning ahamiyatini bu tarzda börttirib körsataman dema, Hasan… Istasang, men ham senga şunga öxşaş bir hikoya aytib beray, – joynamozni yerga töşab Hasanga yuzlandi Husan. – Bir işbilarmon yigit xorijga ketadigan böp qopti-yu, uyda yolğiz qolayotgan onasi zorlanibdi: “Negadir yuragim ğaş, bolam, şu galça bormasang devdim…” Öğil bir işi, bir onasining gapini öylab, axiyri ketişga qaror qilib, aeroportga jönabdi. Lekin ulgurmabdi: uçoqqa ötqaziş yakunlanib, eşiklar yopilgani uçun çor-noçor uyga qaytib, öz xonasiga kirib yotib olibdi. Ona berigi xonada televizor körib ötirgan ekan, “Xabar”larda öğli keçikkan samolyotning havoda portlab ketgani töğrisida aytib qolişibdi.
Onaizor hayajon bilan qöşni xonaga – öğlining qoşiga çopibdi.
– Qara, bolam, aytmabmidim könglim ğaş deb, sening samolyoting… – Onaning gaplari böğzida qotibdi: ne köz bilan körsinki, navqiron yigitning joni çiqib, polda sulayib yotgan ekan… Hasan, hamma gap taqdiri azalda. Odamning qazosi yetgan bölsa, osmondami, yerdami, farqi yöq… Öşa namozxonning tirik qolişining siri namozda emas, lavhi mahfuzda yaşirin.
– Köçadagi iymonsizning gapini gapirma, Husan! – aççiqlandi Hasan. – Kim aytadi seni Islom universiteti tolibi deb? Dunyoda heç bir narsa bejiz sodir bölmaydi. Öşa namozxonning joni faqat ibodat tufayligina tirik qolgani kundek ravşan-ku! Hammasi oçiq-oşkor bölib turgandayam iymon keltirmay, dalil körsat, deb payğambarimizga tixirlik qilgan muşriklarga öxşama!..
– Olloh asrasin de, Hasan! – Husan boşqa eʼtiroz bildirmay joynamozga borib turdi.
– Nauzubilloh, ukajon, nauzubilloh, – deya piçirladi Hasan.
* * *
Ibodat paytida tuyqus tepalarida vijir-vijir boşlanib qoldi. Diqqati bölingan Husan şivirlab aytayotgani oyatlar tiliga kelmay tutildi. Namoz bitişi bilan u ötirgan köyi boşini burib quşçalarni qidirişga tuşdi.
– Bu ketişda yo aqldan ozasan yo yana bir baloning öqiga yöliqasan, noşud! – deya pönğilladi Hasan, joynamozlarni yiğiştirib olarkan. – Har kuni beş marta takrorlaydigan oyatlarniyam esidan çiqaradimi odam! Xayoling qayerda özi? Şayx Ahmad Junayd nima deydi, eslaysanmi? Farzlarni ado etişda eng kiçkina xato ham iymon ustunini liqillatib qöyarkan. Sen bölsa…
Hasan ortiq gapirmadi. Husanning parişonligidan qattiq ranjiganidan odatiça, bor-e, maʼnosida qöl siltab nari ketdi.
Hasanning sovuq sulukotiga Husan parvo qilmadi; uning fikru zikri quşlarga boğlangandi. Lekin berilib izlasa-da, parrandalar köziga darrov ilina qolmadi. Keyin daraxtdan andak uzoqlab boqdi. Hayriyat, şu yerda ekanlar: quşçalar inja tumşuqlari bilan bir-birlarining boşu böyinlarini yengil çöqişar va yana allaqanday tovuş çiqarib orolanişar edi.
– Yana nima böldi? Baʼzan ja-a oşirvorasan-da, – ösmoqçiladi olisdan buni kuzatib turgan Hasan.
– Bu yoqqa ke, Hasan!.. – deya şoşib, hayajon bilan gapirdi Husan. – Anavilarga qaragin, ertalab Toşkentda körmovdikmi?..
– Be-ye! Nimalar deyapsan?
Hasan qiyo ham boqmay maşinaga kirib ötirib oldi. Husan esa quşçalarga yaqin bordi.
– Nimalar deb ğujurlaşyapti ekan bular, – xayolidan keçdi, – qani endi jivildoq tillarini bilsam. Bormikan özi şundaylar? Sulaymon payğambarni bilgan, deb aytadi kitoblar. Maza bölsa kerak quş tilini biliş…
Keyin esa lop etib yodiga darrandayu parranda tiliga işqiboz böp qolgan şörlik inson qismati haqidagi rivoyat tuşdi. Unga köra, işqiboz payğambarning oldiga kelib, Olloh taolodan menga ham hayvonotu nabotot tilini tuşuniş uquvini sörab bergin, deydi. Payğambar uni harçand bu yöldan qaytarişga urinmasin, qaysarlik qilib, aytganida turib oladi. Nihoyat, orzusiga erişgan gardankaş uyiga kelsa, muşugi va itining özaro suhbatini eşitib-tuşunib qoladi. Muşuk itga “xöjayinning tovuği kasal, yaqinda öladi, sen bilan biz göştini yeb, bir kun maza qilamiz” deyayotgan ekan. Gardankaş işqiboz darrov tadbir olib, tovuqni bozorga eltib pullab keladi. Oradan vaqt ötib yana öşanday suhbat quloğiga çalinadi: “Xöjayinning sigiri kasal, yaqinda öladi va sen bilan biz bir oy maişat qilamiz”. Işqiboz zudlik bilan sigirni sotib daf qiladi. Lekin asl balo oldinda ekan: kunlardan bir kun u favqulodda ğalati mubohasa ustidan çiqadi: “Sabr qil, bu safar xöjayinning özi betob, yaqinda öladi va biz bir yil bazmu jamşid qilamiz”. Gardankaş nima qilişini bilmay payğambar huzuriga takror yörğalaydi. Allohning elçisidan: “Kiçik sinovlar kelganda böyin tovlamay, sabr qiliş kerak edi, endi senga yordam berişning iloji yöq”, degan javobni olgaç, dunyo köziga qoronği bölib özini yöqotadi. Köp ötmay işqiboz olamdan ötadi-yu, uning maʼrakalarida muşuk va it oğzini moylaydi…
– Inson bolasining baʼzi narsalardan ğofil yurgani tuzuk ekan. Ruh haqida bizlarga judayam oz bilim berilganligida ham şunday bir hikmat yaşiringan bölsa, ajabmas, – dedi Husan öz-öziga piçirlab. Keyin xayolini quşlarning quvnoq ovozlari oldi. – Nega ular biz bilan yölga çiqdi ekan? Nomi nimaykin bularning, qaldirğoç bölib qaldirğoçmas, bulbul bölib bulbul. Bir aftlari momosovğaga öxşaydi, boşqa tarafdan törğayni yodga soladi. Beozor musiçayu qumridan ham nimadir bordek. Lekin, ajab, heç biri emas. Hammasiga öxşasayam baribir boşqa quş bular! – Husanning taajjubi ortgandan ortdi. – Munça çoroyli bölişmasa, ğujurlarida qanday maʼno bor? Bizni tark etmay taʼqib etayotganlarida-çi?!..
* * *
Köp ötmay egizaklar manzilga yetib kelişdi. Otalari uyda yotgan ekan, döxtirlar aytişiça, qon bosimi öynabdi. “Yoşi bir joyga borib qolsayam tinçimaydi, ketmon kötarib hali tomorqaga, hali boqqa jönab qoladi, mol-holgayam özi qarasa-da”, koyinadi qörqib ketgan onalari. “Ha, endi boşqaça yaşolmasam, mehnatsiz turolmasam nima qilay”, deydi özini oqlab otalari.
Tarovatli köklam emasmi, hayhotdek hovli-boğda çuğurlaşgan murğlarning xilini sanab adoq qilolmaysan, kişi. Otasi soğliğidan köngli tölgan Husan boğ aylanib yurişni odat qildi. “Ha, nimani yöqotding daraxtlarda?” – deb qöyardi Hasan unga közi tuşgan kezlari. Lekin u parvo qilmas, öşa antiqa juftlikni ixlos bilan qidirardi. “Boğ töla quş bölsayam menikilar heç qaysisiga öxşamaydi, kelgan bölsalar, albatta topaman”, deb öylardi u. Aytganidek, najib quşçalar etakdagi ertagullar bodomning xiyol egilgan novdasida yonma-yon ötirişib olgança bir-biridan özib nola qilişar, maxmurlanişardi. Husan daraxtga yovuq keldi, lekin parrandalarni çöçitib yubormaslik uçun masofa saqlab töxtadi. Bir pas şu köyi qotdi-yu, oyoq ostiga qarab ötirgani joy izladi. Tönka bor ekan, yaxşilab joylaşib olgaç, quloğini ding qildi. Hovlida turli ovozlar öziga xos tarona hosil qilgandi. Buni Husan ança muddat ötgaçgina tuydi. Ha, avval-boşda tartibsiz eşitilgan tovuşlar tinglay bergani sayin hayratangiz yösinga tuşdi-qoldi. Tavba, dedi boşini maʼnodor tebratib, söng öz quşçalarining tavallosiga eʼtibor qildiki, uşbu uluğvor musiqiy uyğunlik aro ularning ham alohida örni bölişini juda-juda istardi. Sir birdaniga yuz oçmadi, balki asta-asta qalbida ayon böla bordi. U şundan iborat ediki, bir juft quşning sehrli xonişlari hovlini tutib ketgan ajabtovur taronani boşqarib, yönaltirib turardi. Kutilmaganda ular sukutga tolişdi va boğda yangrayotgan umumiy qöşiq çok-çokidan sökilib, parokandalikka yuz tutdi. Xuddi şuni bilgandek quşçalar yana taşabbusni qölga olib, bir maromda mayin kuylay boşladilar… Husanning qalbida yoqimli bir faroğat va yana allaqanday rizvoniy saodat tuyğulari qorişib, ulkan, yaxlit mazmunga aylandi…
* * *
Haytovur, ikki-uç kun içida bemor ahvoli yaxşilanib, xeşu taborning yuzi kuldi. Tahsillaridan qolmasin, deya ota Hasan-Husanni yoniga çaqirib, hamişagidek tilak bildirdi: bolalar, hayotda qutqular köp böladi, iymonlaringga mahkam bölinglar!.. – Söng birin-ketin palaponlarining peşonasidan öpib xöşlaşdi…
Aka-ukalar ota uyidan çiqişib, poytaxtga qatnaydigan ulovga ötirişdi va çoşgoh bölmay dovonga dorişdi.
– Toğliklar nonidan olvolaylik, şaharda söraganlar köp, – taklif qip qoldi Husan.
Maşinadan hamma tuşdi, faqat Husan negadir non sotiladigan uzun rasta emas, nariroqda ğuj ösgan tollar sari yurdi.
– Hoy, non bu yoqda!.. – qiçqirdi Hasan.
– Hozir kelaman, sen tanlab tur. – Husanning ikki közi tol şoxlarida yugurib qoldi. – Qani ular? – der edi dili. Negadir quşçalar yöq edi va bu hol Husan dilida kökargan umid daraxti ildiziga bolta urdi. – Namunça ularga örganib qoldim? – özidan öpkalay ketdi söng. – Quş – parranda, men esa odam naslidan bölsam, qayerdan paydo böldi bu körinmas rişta? Nega özimni u bilan baxtli his qila boşladim, nega usiz yaşagim kelmay qoldi?.. – Husan bu yoqda ana şunday xayolga çömib, gir aylanib turganda, u yoqda Hasan non, turşak va qurut xarid qilib, maşina yukxonasiga joylab ham böldi.
– Husan!..
Husan qidirganini topolmay, noiloj maşina tomon qaytdi va eşikni oçar asnosi, naq boşi ustida çuğur-çuğur yangradi-yu, qiziqsinib kökka boqdi: –Marhamatingdan örgilay, Xudoyim, – xayolidan ötdi, söng şirin bir entikdi. Quşçalar öz tilida nimalarnidir söylaşgança havoda çarx urardi…
* * *
Tahorat olib hovlidan qaytayotgan Hasan javradi:
– Jumadan keç qolamiz, qanaqa gap uqmas merovsan? Namozdan keyin majlisga borişimiz kerak, unutdingmi?
– Hozir, mana… – Husan poygakdagi obdastani qöliga ilgança çopib tahoratxonaga ötib ketdi.
Xiyol ötib egizaklar yöl boşidagi masjid tomon odimlaşdi. Şu on örik şoxidagi kunda-şundalar sayraşni bas qilgança kökka talpinişdi.
Hasan-Husanlar jadal borişarkan, yöl çetidagi bozor darvozasi oldida bir töda yoş-yalangning töplanib olib, yoşi qaytganroq kişini döpposlayotgani ustidan çiqib qolişdi.
– Iya, Hasan, anavilarga qara, – Husan yölni şu yoqqa oldi.
– Husan, esing joyidami? Ular bir töda ekan, – norozi bölib tönğilladi Hasan. Lekin Husanni yakka taşlab ketmadi, ergaşdi.
– Hoy-hoy, bu nima qilganlaring, uyalmaysizlarmi? – ham yugurar, ham xitob qilardi Husan. Özlari tomon oşiğiç kelayotgan ikkita dovongir yigitni körgan bezorilar tiraqaylab qoçib qolişdi-yu, jabrdiyda bebiliska qutildi.
– Yur endi, – Husanning yengidan tortdi Hasan, – iş oson köçdi.
– Şoşma birpas, – Husan tuproqqa belanib yotgan mazlumning yelkasidan tutib tiklamoqqa urindi.
– Qoç nari!.. – xaloskorini siltab taşladi mazlum. Keyin turaman dedi-yu, munkib, yuzi bilan tuproqqa surinib ketdi. Atrofga aroq, qölansaga aylanib ketgan ter hidi va yana allaqanday çirkin, açiqimtir böy anqidi.
– Tfuu! – deya burnini jiyirdi Hasan. – Ketdik, körmayapsanmi, iymonini boy bergan odam ekan bu!
– Döstim, – deya yalinmoqqa tuşdi boyagi odam, endi butunlay boşqa qiyofaga kirib, – uç-tört söm berib turolasizmi… iltimos… – ozğin, kir-çir va titroq qölini çözdi.
– Berma!.. Bersang, içadi… – ogohlantirdi nari borvolgan Hasan.
Husan ikkilanib qoldi: bersammi-bermasammi?..
Darhaqiqat, qanday yöl tutsa, töğri böladi-a? Öylab körsa, bunday vaziyatlar uçun tayyor javobi yöq ekan. Köngliga quloq tutsa, “ber, ber” degan maylni tuydi va çöntagidan şartta pul çiqarib, oçilgan qölga tutqazdi.
– Ahmoq!.. – dedi Hasan, – Gunohiga şerik bölding-ku!..
Husan boşini egib olgança indamay ildamlab ketdi…
* * *
Jomeʼ masjidida vaʼz eşitaman deb, turli mavzelardan erinmay keladigan şunçalar serobki, andak hayallasangiz, ötirgani bir qariç joy topolmaysiz. Hasanning yonib-kuyib, Husanni şoşirib-qistaşlari, aslida, şundan. Hozir ham old qatorga oşiqişib, törtinçi safdan arang joy olişdi, şular bilan deyarli bir paytda kirib kelgan çöqqisoqol yoşulli egizaklar örtasiga tuşib qoldi. Hammalari indamay ötirişdi-da, butun vujudlari quloqqa aylanib tinglay boşlaşdi…
Imom şirador, vazmin ovozda namoz töğrisida bir tekis gapirar edi: Birodarlar, hamişa yodda tutmoğimiz kerakki, namoz dinning ustunidir. Ustun bölmasa nima böladi? Imorat qulaydimi?.. Heç qanday vaj-bahona namozni tark etişimizga sabab bölolmaydi. Rivoyat qiladilarki, Hazrati Umarning Boği eramdek muhtaşam boği bor ekan. Kunlardan bir kun u boğning tarovatiga mahliyo bölgança asr namozini unutibdi. Esiga tuşgan vaqtda esa jamoa bilan namoz qilişga keçikkani ayon bölibdi. Hazrati Umar iymon egasi edi, hap senimi, debdiyu boğni miskinu benavolarga hadya qilibdi. Qarang, qança oğir bölmasin, u namozga eltuvçi yöldagi ğovni bartaraf etmoqda. Musulmonlar, aytişga oson-u, aslida bunday iş tutiş judayam qiyin. Sizu biz payti kelsa, haşamdor boğ u yoqda tursin, bitta daraxtdan mahrum bölsak, içimizdan oylab qirindi ötib yuradi. Hazrati Umar-çi, iymoniga soya taşlab turgan sababning ildiz-pildizi bilan qöporib taşlamoqda. Fikr qilguvçi inson bölsangiz, öylab köring, jamoa…
Şu çoğ masjid darçasidan pir etib bir juft quş uçib kirdi-yu, Husanning xayoli bölindi. Quşçalar şiftda bir-birovini quvlaşib uçişar va jonolğuçi ovozlari bilan biyron sayraşardi. “Tavba, bu qanday quşlar böldiykin?.. – öyladi tağin Husan. – Ularda bir sir bor-ov. Yöqsa, biz bilgan biron quş zotidan bölib çiqardi. Özini tutişlari, sayraşlari, uçişlari – hamma-hammasi boşqaça…” Lekin Husandan özga heç kimning quşçalar bilan işi yöq edi, hammaning diqqat-eʼtibori imomga qaratilgandi. Hasan ham jon quloği bilan imom oğzidan uçib çiqayotgan hikmatlarni tinglar va göyo yod aylardi.
– Boşqa bir sahoba xufton namozini öqiş uçun masjidga yöl olibdi, – sözlardi hamon imom, – yetib kelib qarasa, jamoa tarqab ketayotgan ekan. Keçikibman deya, şoşib nariroqdagi masjidga çopibdi – u yerda ham şunday ahvol ustidan çiqibdi. Şu yangliğ tevarakdagi butun masjidlarni ziyorat qilibdi, na çora, birontasida ham jamoa bilan ibodat qilişga ulgurmabdi. Şunda çor-noçor uyiga ravona bölarkan, öylabdi: jamoa bilan masjidda namoz öqişning savobi uyda yolğiz öqişga köra yigirma yetti marta köproq edi, savobni qöldan çiqarmaslik uçun namozimni öşança öqiyman, deb ahd qilibdi. Yetib kelib ahdini ado ham etibdi. Keçasi esa tuş köribdi. Tuşida otini qiçanglab oldinda borayotgan bir guruh otliqlarni quvib borayotgan emiş. Safga qöşilay deya, bedovini şu qistasayam ortga qolib ketaveribdi. Alhol, kimdir orqasiga ögirilib, “ovora bölma, hargiz urinsang-da, baribir yetolmaysan, çunki biz namozni jamoa bölib öqiganlarmiz”, debdi.
Birodarlar, tuşning mağzini çaqdinglarmi, – xitob qildi imom. Söng özi şarhlay ketdi. – Axir, oldinda borayotgan otliqlar bu – namozni masjidda birgalikda ado etgan jamoa-ku. Orqada bir özi ot qöyib ketayotgan zot namozni uyda, tanho öqigan öşa sahoba. Köring, namozni birgalikda – masjidda öqiş bilan, uyda yolğiz ado etişning farqini biling, jamoa…
Aka-ukalar örtasida bir xil vaziyatda ötiravergan qariyaning oyoqlari tolib uyuşib qoldi, şekilli, dam sayin qözğalib qöya boşladi. Yana ançagaça şu zayilda vaqt keçirib, axiyri, tagiga yiğilgan ozğin oyoqlariga dam beriş maqsadida röparasiga uzatdi-yu, yengil tortib “şukur” dedi. Ammo xuddi şuni kutib turgandek tepadan bir quçoq narsa uzatgan oyoği ustiga tap etib tuşdi… Kuçli oğriqdan ohlab yubordi. Tuşgan narsa bino şipiga bezak uçun yopiştirilgan ganj bölib, öz oğirligini kötarolmaganidanmi yo naridan beri yopiştirilganidanmi, har holda vaqt-soati kelgan ekanki, köçibdi. Bir pasda ğala-ğovur boşlandi.
– Nima böldi? – deya şu tomonga böynini çözdi imom.
– Tepadan ganç tuşdi, – deyişdi yaqin-verida ötirganlar birvarakayiga.
– Heç kimga ziyon yetmadimi?, – yana söradi voiz.
– Aytarli heç gap yöq, – dedi ovozini baland qöyib Hasan, xuddi lat yedi desa, amrimaʼruf töxtab, hamma uy-uyiga tarqaydigandek.
– Nega unday deysan, Hasan, qaragin, oyoği singanga öxşaydi, – dedi bölib ötgan voqeadan taʼsirlanib, şoşib qolgan Husan.
– Meni taşqariga obçiqib qöyasizlarmi yigitlar, – özini qölga olişga tirişib iltimos qildi yoşulli.
– Albatta, – Husan örnidan qöparkan, qariyaning qöltiğidan tutdi. – Sen ham u tomondan kömaklaş, – dedi Hasanga. Tizilib ötirgan odamlarning olddagilari egilib, orqadagilari tisarilib yöl berişdi.
– Anavi joyda daraxt bor ekan… – yoşulli qölini kötarib işora qildi.
Qariyani ariq yoqasida ösgan örik daraxti poyiga avaylab yotqizişdi.
– Voy-böö! – xitob qilib yubordi Hasan uzatilganda yon tomonga ikki buklam böp qolgan oyoqqa közi tuşib. – Yomon sinibdi-yu!..
– Mayli, yigitlar, sizlar masjidga qaytaveringlar, baraka topinglar, – qariya uzalib, sinib qiyşaygan oyoğini töğrilab qöydi. Bu bilan göyo ötgan- ketganning közi tuşib qörqmasin demoqçi edi.
– Nimalar deyapsiz, amaki, bu ahvolda sizni taşlab ketib böladimi? – Husan olazarak yölga boqdi.
– Yöq, bolam, meni deb namozdan qolmanglar, singan sindi endi, qaytarib bölmaydi, – dediyu yoşullining rangi öçib, lablari gezardi-da, asta boşini ajriqqa qöydi.
Havoda azon saslari yangradi…
– Yur, Husan, namoz boşlanib qoldi, – yana hov boyagidek şerigining yengidan masjid tomon tortdi Hasan. – Hali majlisga boriş kerak. Amakiga boşqalar yordam berar endi, a?
– Öylab gapiryapsanmi? Köryapsanmi holini, huşidan ketib boryapti, maşina tös, kasalxonaga tez yetkaziş kerak… – Husan ariqdagi bötana suvga daströmolini höllab yoşullining yuziga bosdi. – Hozir, amaki, hozir, ozgina sabr qiling…
Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar…
Aşhadu anla ilaha illalloh, aşhadu anna Muhammadar Rasululloh…
– Namoz boşlanib qoldi, Husan! – toqatsizlandi Hasan. – Namoooz!..
– Hasan, qara amakini… huşini yöqotdi…
– Namoz deyapman men senga, Husaaan! – baqirdi Hasan, – Iymoningni boy berma!..
– Agar ölaman deb yotgan şu kişiga hozir yordam bermasam, iymonimni aniq boy beraman, Hasan!.. – ovozini kötardi Husan ham. – Özingni ötga, çöqqa urganing bilan iymon Allohdan! U bersa, bor, bermasa, yöq ekan, tuşundingmi!..
– Kofir bölma! Yur namozga! Iymonimizni saqlab qolaylik!..
– Özing kofir bölma! Yur, anavi kişining jonini saqlab qolaylik!..
– Şayx hazratlari aytadiki… – sözlari oğzida qoldi Hasanning.
– Şayx hazratlarini qöy, Husan, sen özing nima deysan, şuni gapir! Qaçon sen Hasanning gapini aytasan?!.. – böğildi Husan. – Birovning iymoni bilan yaşaş mumkinmi?.. Tavba… qarab tursam, sening musulmonliging masjidning içidagina bor, darvoza hatlab taşqariga çiqişing bilan kimligingni bilib bölmaydi, Hasan!..
– Oğzingga qarab gapir, Husan!.. – asabiy qiçqirdi Hasan…
Şu çoq hajdan qaytayotgan hojidek ehrom – oq libosga burkangan örik daraxti tepasida ikki quşça paydo böldi-yu, bezovta bir ohangda vijirlay boşladi. Ular dam çarx urib masjid tomonga borib kelar, dam köça boşiga dovur uçib, tağin yoşullining oldiga qaytardi. Na bir dam qanotlari tinardi, na tillari: pir-pir, vijir-vijir…
Hasan-Husanlar kökdagi quşçalarga lol-hayron qarab qöyişdi va javdiragan közlarini yana amakiga olişdi.
Hamon muazzin ovozi jaranglardi:
Hayya ʼalas-solaaaaaaaah…
(Namozga kelinglar),
Hayya ʼalal-falaaaaaaaah…
(Najotga kelinglar),
Qod qomatis solah…
(Namoz boşlanib qoldi).
Hasan bir sulayib yotgan çolga, bir azon saslari kelayotgan masjidning lang oçiq darvozasiga qarab dovdirardi. Şuning barobarida goh masjid tomonga ikki-uç odim bosar, goh çolga qarab intilar edi. Ayni damda quşçalarning biri boşi ustida uvalo solib aylanar, çuğurlaşida ham allabir xavotir, norozilik bordek edi. Nogoh “Saflarni tekislang”, degan ogohlantiriş yangradi-yu, Hasan şitob bilan masjidga qarab yurdi. Şunda… şunda, e voh, quşça pastroqqa tuşib, göyo yölini tösmoqçi bölgandek harakat qildi: ğalati, çiyillaşga öxşagan tovuş çiqarib, naq tumşuği ostigaça parillab keldi. Hasan qölini zarda bilan siltadi: kişt-e!.. Barmoqlari quşçaning qayerigadir tegib ötdi. Jonivor zarbdan uçib yerga quladi, ikki-uç momiq pati esa havoda hilpirab qoldi…
Hasan çopib içkariga kirib ketdi…
Husan bölsa bu orada maşina töxtatib, huşini batamom yöqotgan yoşullini nihoyat azza-bazza quçoqlab, orqa örindiğiga yotqizdi, özi bölsa şoşib haydovçi yoniga çökdi.
– Iltimos aka, tezroq haydang… Oppoq maşina şitob bilan qözğaldi.
Boyadan beri masjid, qiyğos gullagan örik va şovqinli köça ustida çarx urib aylanayotgan quşça yana vijir-vijir qildi. Havoda “Ollohu akbar” degan sas yangraganda gumbazli bino tepasiga bordi-da, bir çarx urib, söng yengil harakat bilan boyagi bayzo maşina ketgan yoqqa yeldi…
Masjid darvozasi yonida qöriqçi askarlardek qaqqayib turgan tilançi ayol va qopqora bolakayning yerda çallak-pallak bölib yotgan ikkinçi quşçani körib qolib, tutiş uçun qilgan astoydil harakatlari zoye ketdi. Özi tomon bostirib kelayotgan xavf-xatarga közi tuşgan quşça bir siltanib önglandi, söng qanotlarini tekislagança havolandi… Uçib borib esa örik şoxiga qönib oldi…
* * *
Bir mahal ibodat tugab, namozxonlar qofila-qofila bölib masjidni tark eta berişdi. Ular bilan Hasan ham çiqib kelib, örikning ostida bir bahya oyoq ildi. Dam kasalxona tomonga, dam esa qarşi tomonga taraddud içida boqdi. “Majlis bor edi-ku, Husan!” – deya piçirladi afsus bilan. Söng şayx Ahmad Junayd bilan bölajak uçraşuv sururi qalbini bir entiktirdi va şu entikiş tölqiniga özini topşirdi…
Ayni damda boyatdan beri jimgina ötirgan quşça pir etib havoga kötarilgandi, titroq novdalardan duvillab örik gullari tökildi. Söng quşça şitob bilan yurib ketayotgan Hasanning boşi ustiga uçib borgança ğalati siyoqda çarx ura boşladi. Körgan kişi “Nimasini yöqotdi ekan bu quşça?”, deb öylaşi tayin edi. Lekin Hasan neçundir quşçani körmadi. Ehtimol, köçadan viz-viz ötayotgan maşinalar şovqini yoki yigit qalbida jöş urayotgan orzular ğalayoni xalaqit bergandir. Nima bölgandayam, quşça yana bir muddat öşa köyda uçib, çunon bezovtalik içra çuğurladi-da, birdan heç qanday parranda zotiga xos bölmagan şiddat ila kökka tik parvoz qildi… Köp ötmay moviy ranglarga singib, ğoyib böldi…
Darvoqe, quşça uçganda titrab qolgan şoxga qöşilib endi butun daraxt gullarini tökişga kirişdi, aftidan, bu işni novdalarida bitta ham çeçak qolmay, batamom şip-şiydam bölgunça davom ettirgudek alfozda edi…
Uluğbek Hamdam
“Yoşlik” 2010/9
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


