12 daqiqada öqiladi

395 marta körilgan

Şamolli keça

Şamolli keça

(Hikoya)

 

“Yetim bola, hoy bola,

Singling qani, boy bola?..”

R. Rahmatdan

Danğaraning daştida, şamolli keçada aka va singil buvilarinikiga ketib borişmoqda edi.

Qoronği tuşa boşlagan bölsa-da, hali tevarakni enlab ulgurmagan edi.

Qarama-qarşidan esayotgan şamol şiddati ostida oç kulrang tusli notaniş butalar yovvoyi is taratib yulqinar, kötarilgan çangu tözon isi ham tevarakni tutib ketgan edi. Yöl çetidagi oqiş jiydalarning şoxlari uzilguday bölib yulqinardi. Qamişlar sinib ketgan poyalarini tiklolmay şovullardi, havoda tözon va qamiş popiltiriqlari çirpirak bölib uçardi.

Aka oldinroqda, baquvvat bir tayoq tutgança, yerni ura-ura odimlardi. U avvaliga singlisining qölidan tutib oldi, biroq eski xazonlar va mayda-xas çöplar quyun çirpiragida köziga tiqilib qattiq açiştirganida qölçasini qöyib yubordi. Hozir qizaloq akasining ortidan çopqillab ergaşar, şamol guldor köylakçasiniyu römolini yulqilardi. Poçasidan ingiçka oyoqçalari körinib turardi, ikki örim yovvoyi soçi kiçkinagina guldor römoli ostidan çiqib qolgan, akamdan qolib ketmay deb deyarli yugurgilab borardi. Şamol ufurişlari ostida oldinga xiyol enkayib, köylagi goho yelkan kabi şişib qadam taşlayotgan akasi köziga heç narsadan qörqmaydigan ğoyat kuçli, yurakli botir bölib körinardi.

Şamol esa goh yer betiga tuşib, goh yuksaklarga kötarilib ğuvillab esardi.

Şamol bu makonlarda tösatdan qözğaladi. Toğ oralarida yetilib, öngirlar orasidan ökirib-vahşat solib çiqib keladi. Qişloqlarning naridan-beri ohaklangan devorlaridagi çanglarni uçirib, tomlarning qumlarini soçib, köça tuproğini tözğatib-tözğitib esaveradi. Makkapoyalarni ağanatadi, kir öralarda huştak çaladi, suvlarni çayqatadi, tepalarda ğuvillaydi, pastga tuşganida çelaklarniyu choʻpcavatlarni ağanatib, yumalatib yuboradi. Dala-daştdagi yumron inlarini qum bilan kömadi, ovsarroq quşlar qurgan uyalarni tamomila buzib taşlaganida jajji polaponçalari çirqillagança yerga qulab tuşib, vahşiy hayvonlarga yem bölişadi.

– Aka, sekinroq!

– Tez-tez yur dedim!

– Aka, jon aka, sekinroq yur, yetolmayapman axir!

Minglar ortda qolib ketgan, u yoği Daştqişloq. Daştqişloqda bolalarning buvisi yaşaydi. Bu ikkovlon şu bugun buvinikida yotib qoliş uçun yölga çiqişgan.

Bularning onasi yöq, bir neça yil avval kasal bölib olamdan ötib ketgan. Baland böyli, kelişimli, yoqimli ayol edi. Bolalariga juda mehribon, bolalar ham uni juda yaxşi körişardi. Qip-qizil, singib pişgan nonlar yopardi… Azbaroyi ayolining hurmati, ota ançagaça uylanmay yurdi, har kuni ertalab sahar çiqib ketib, şom qorayganida gandiraklay-gandiraklay kirib kelardiyu bolalarini quçoqlab, közlaridan sariq yoşlari oqqança bir nimalarni ğöldiray-ğöldiray axiyri uxlab qolardi. Bir neça oy şu alfozda keçdi, şunda buvilari jonga ora kirdi, qarovsiz qolgan bolalarni öz uyiga bot-bot opketadigan böldi. Nihoyat, ota tönğillay-tönğillay, birovlarning qistovi bilan Çomoçdan bir beva ayolga uylandi. Bu beva xastahol, ozğin, köp javraydigan bir xotin edi. Yil ötmay ingiçka, rangi siniqqan, ozib-tözgan bir bola tuğdi.

Aka-singil u çaqaloqdan begonasiraşadi, yozğirişadi. Şu sabab, hovlining işlarini saranjomlagaç, köpinça buvilarinikiga yotgani ketib qolişadi. Buvining uyi oddiy, kiçkina, ammo osoyiştalikka töla. Havosi sarin, yoqimli. Kiçkina tokçada behi çoy damlangan turadi. Sandal ustida qurutlar, turşaklar, vassalarga behi, olma, anor, uzum boşlari osilgan. Vassalarning soni töqson töqqizta. Yana, jiyda isiyam kepturadi.

Bugun şamol qözğalmasidan avval bolalar uy işlarini bajarib ulgurişdi. Ota dalada, bola mol-holga qarab, ötinlarni ğamladi, qizaloq esa katta qozonda suv isitib, tandirdagi kuldan qöşib kir yuvdi, dorga qatorlaştirib osdi, xonalarni supirib-sidirib, eski şolçalarni taşqariga opçiqib qoqdi. Ögay uka nimagadir tinmay çirillab yiğlagani-yiğlagan. Ögay ona esa çaqaloğining boşidan kelolmaydi, dumba yoğini dokaga örab şimdiradi, bola çiqarib taşlab yana çirillaydi.

Şamol ana öşa mahalda qözğala boşladi. Uning zörayişi öziga xos: avvaliga ekinzorlaru daraxtlarni silkitib-silkitib goh-goh şiddat urib turdi, paydar-pay esib, tandirning kullarini tözğitdi, kir öralarning zangor suvlarini çayqatdi. Aka-singil ertalabdanoq buvinikiga ketamiz deb ahd qilib qöyişgan, çunki çaqaloqni qarğab javranayotgan kuyinçak bu ayol jonlariga tekkan. Yumuşlar bitguniça vaqt ham keç böldi, toğu toş tepasida qoramtir bulutlar töplanib, kökni enlab kela boşladi. Birpasda tözonlar uçdi, köchaning tuproğini tözğitib derazalarga olib kelib urdi.

Mana şu mahalda ikkovlon qöl uşlaşib uydan çiqişdi-da, buvinikiga yöl olişdi.

 

* * *

…Havo bulut bölgani uçun şom ertaroq qöndi. Söqmoq yölning bir tomonida yovvoyi daraxtzor, bir tomonda töqay boşlandi.

Şamol yanada kuçliroq esaverdi.

U osmondagi bulutlarni ham şitob bilan surib borardi. Bulutlar töda-töda bölib uyilar, goh oralari oçilib, bözrang oyning bir çeti ham körinardi. Balki bir ozdan keyin yomğiru jala quyib yuborar? Goh bulut oralaridan oy möralaganida tevarak yorişar, şunda şamolning qilmişlari yanada yaqqolroq közga taşlanar, atrof egilib-bukilayotgan dov-daraxt, şox-şabba tovuşlariga tölib ketgan edi.

– Aka, qörqib ketyapman!

– Qörqma, nimadan qörqasan?

– Aka, sen qörqmaysan-a?

– Yöq, men heç narsadan qörqmayman!

Şu mahal qizgina oyoği allaqanday ildizga ilaşib yiqilib tuşdi. “Voy ölay”, deb hadik va qörquv aralaş öşa zahoti akasiga qaradi. Aka ortiga qaramay ketib bormoqda. Ozğin yelkasinigina köradi qizaloq, ensasidagi soçi şamolda yulqinadi. Qizgina apil-tapil örnidan turib, köylagini ikki qöli bilan tutgança yana akasining ortidan çopdi. Akasi hammadan kuçli, qörqmas yigit. Ana, qölida tayoği, şamolda yulqina-yulqina adl ketib borayotir.

Bu qizginani Nozik deydilar. Ikki yuzi böğriqqan, qölçalariyu barmoqçalari qadoqli, kaftlari qavargan, lekin qiyiqqa moyil qora közçalari kulib-kulib turadigan yoqimtoy qizaloq u. Nozik ismini buvisi qöygan. Onasi esa uni Nazokat deb çaqirardi. Xolalari uni Latofat deydilar. Dugonalari Nozi desalar, ammalari Gözal deydilar… Qizginaning yoqimtoyligi rahmatli onasiga tortgan.

Yana, öziga öxşagan jamalaksoç qizaloqlar bilan töptoş öynardi, goho lattadan qöğirçoq yasab, bolasini ovutardi. “Voy jonim bolajonim, oçqab ketdingmi?” deb öziça mehribonçilik körsatganida, akasi uni masxara qilib kular edi. Qizginalar kiçkina çöplarni bir-biriga boylab, bir bölak matoni kiyim qilib kiydirib “mehmon-mehmon” ham öynaşardi. Sumalak mahali tortina-tortina, katta xotinlarning “böl ha böl, uyalmaygina qol” deyişlari ostida ulkan kapgirni qozonga botirib, neça toş çiqişiniyam körardi, beş-oltita toş çiqib qolsa uyalganidan qoçib ham ketar edi.

Lekin hozir u sarosimada, goh mitti qölçalarini yozib, goh şamol yulqilayotgan köylagini tutib, akasining ortidan çopib-çopqillab bormoqda.

Aka döq urgani bilan, özi qörquvdan dir-dir titrayotganini singilga sezdirmadi. Poyonsiz daştda, şamolli keçada mana şunday borişyaptiyu kişilar orasida oğizdan oğizga ötib yuradigan hamma vahimali narsalar hozir şamol qaʼridan çiqib keladiganday tuyulmoqda edi. Pastak notaniş butalar ostida yovuz jinlar bölişi mumkin, ular şunaqa şamolli keçalarda yolğiz qolib ketgan kişilarni poylab izğişadi. Şovullayotgan qoramtir daraxtlarning ustidan qiliç kötargan qora kişi tuşib kelişiyam mumkin. Höv anavi xaroba – kimsasiz eski maçit içida dev kutib turgan bölsa-çi? Ha, allaqanday kişilar yöl ustida hoziru nozir, bu suronda birov qiçqirsayam eşitilmaydi, hammayoqni tabiatning nolalari tutib ketgan mahalda öşanaqa kişilar yöllarda, daraxtlar ostidayu ustida mana şunaqa bemahalda yölga çiqqan kişilarni adaştirib ketişadi. Adaşganlarning baʼzilari qişloqqa sira qaytişmaydi, ularni keyinçalik ham birov körmaydi, goho kimdir qandaydir tasodif sabab qaytib kelsa ham esi oğib, oğiz-burni qiyşayib qolgan böladi.

Şunday mahallarda vahimalar girdobida adaşib ketganlarning nimalarni körişganiniyu nimadan bunça qattiq qörqişganiniyam birov bilmaydi. Özlari esa, aytib berişolmaydi.

* * *

…Oy bulutlar ostiga yana kirib ketdi. Tölqin-tölqin bulutlar kök yuzini tamomila qoplab oldi.

– Aka!

– Yursangçi tez-tez, “aka”lamasdan!

– Aka!..

– E, nima deysan?

– Akajon!..

Şamol battar şiddat urardi. Şunda daraxtlarning kölankalariga jon kirganday böldi. Bir buta örnidan ilkis qözğalib yöl ustiga taşlandi. Yum-yumaloq kattakon bir narsa şundoq yonginasidan yumalab ötib qamişlar orasiga kirib ketdi. Akaning esiga buvisining ertaklaridagi dahşatlar keldi, göyo bu allaqaysi jodugarning kesilgan boşi-yu “Hap sanimi!” deya kimnidir yaniy-yaniy yumalab borib çuqurga tuşib ketganday! Daraxtlar şoxlarini çözib, yolğizoyoq yölga yaqinlaşib kela boşlaşdi. Akaning yuzlari muzlab ketdi, Aksiga olib uzoqlarda çiroq ham körinmaydi. Çunki qişloqdagi çiroqlar şamolda öçib qoladi. Öt çiqib ketmasin deb şam ham yoqmaydilar. Qöy-közilarning baʼraşlariniyu kuçuklarning vovullaşlarini şamol uçirib ketadi.

– Aka, akajon!..

Yigitça yöqdan bino bölgan qörquvini yengişga urinardiyu şu şamol ostida çayqala-çayqala, tizzalari dir-dir qaltirab qadam taşlar edi. Jonholatda yugurib qoçgisi kelardi. Lekin, qayoqqa? Buvining qişloğigaça ança bor, tevarak yulqinayotgan, şitirlayotgan, ingranayotgan daraxtlaru butalarga töla. Töqayzorda vahşiy hayvonlar ham bölişi mumkin. U tayoğini yanada mahkam qisimlab oldi. Ozgina yurişsa, buvining qişloğiga yetib olişadi. Daştu dalalar uzra ğuvillayotgan bu şamol hozir, şu pallada qörqinçli xolos. Ertaga tong otsa, sira qörqinçli bölmay qoladi. Hozir ötayotgan yerlaridan ertaga kunduzi ötsa, hamma narsa tinçlanib-sokinlaşgan böladi. Lekin, hozir nega bu qadar qörquv uyğotayotir? Qoronği bölgani uçunmi? Ha, qoronğida narsalarning körinişlari özgarib ketadi, vahima kuçayadi. Aslida yölga çiqişmasa bölar ekan. Nimagayam çiqişdi? Ögay onaning yonida, çaqaloqning biğillaşiyu otaning tönğillaşi ostida bölsayam tinçgina uxlaşgani yaxşimasmidi? Ayvonda körpaga burkanib olib, şamol ovoziga quloq solib uxlayverardi. Şamolda teraklarning qarsillab sinişini eşitib yotiş mazza… Bu daştdan ham qarsillayotgan ovozlar kelmoqda, balki qanaqadir daraxtlarning şoxlari sinayotgandir? Butalar mustahkam, bari yer bağirlab qolgan, qayişqoq, daştning butalari şamolga moslaşib ketişgan.

Heç bölmasa oy bulutlar ostiga kirib ketmay tursaydi. Lekin oy çiqsa, vahima yana kuçayadi. Oy yoğdusida daştda nimalardir harakatlanayotganday tuyuladi. Yurak yana şuvillab ketadi. Tezroq, tezroq yurib buvinikiga yetib oliş kerak. Adaştiruvçilar balki rostdan ham bordir? Nega bölmasa kap-katta odamlar ham ularni gapirib yurişadi?

Yigitça şu tarz – yuzlari muzlab, qadamini ildamlatib deyarli yugurib bormoqda edi. Qamişlar orasida bir nimalar qattiq şitirlardi. Balki u yerda ham qanaqadir vahşiy hayvonlar qulay payt poylab yugurib borişayotgandir? Tezroq buvinikiga yetib olsaydi…

 

* * *

…Nihoyat, qişloqning daraxtzorlari qorayib körindi. Şamol yanada avjiga çiqqan, daraxtlarning qurigan şoxlari bu yerda ham qarsillab sinardi. Çapdagi zovurning dönglari ustida böğiq huştak çala boşladi. Qişloqda ovozlar özgaça, daştdagi kabi yovvoyi, hurkituvçi emas. Bu yerda ham nimalardir taraqlayapti, kimningdir eşigi şamolda oçilib-yopilib ğiyqillayapti, kuçuk vovullaşi eşitilyapti.

Tuproği tözğib yotgan köçadan deyarli çopib borar edi yigitça. Heç qayerda çiroq yöq, höv naridagi baʼzi uylarning kiçkina derazalarida şam alangasi lipillamoqda. U uydagi kişilar balki hozir bamaylixotir gurunglaşib ötirişgandir? Yigitçaning yuragi qiniga siğmay ura ketdi, iç-içidan ğalati, yovvoyi sevinç kötarilib keldi. U qah-qah otib kulib yubordi, nafasi tiqilib-tiqilib kulardi u… Nihoyat, buvining eski uyiga ham yetib keldi. Içkari tomonidan zulfini ilingan eşik ham şamolda taqirlamoqda edi, yelkasi bilan qattiq urgan edi, oçilib ketdi.

– Buvi-i! Buvi-i! – deb ovoz berdi u.

– Voy xayriyat-ey! Voy xudoga şukur-ey! – saldan keyin şamolning uvillaşlari aro odam tovuşi kelişini işonib-işonqiramay kutib ötirgan buvi kalişini apil-tapil kiyasola, çiqib keldi. – Eson-omon yetib kelvoldilaringmi, bolajonlarim, qörqib ketmadilaringmi?

– Yöğ-e, nima deyapsiz, şamoldanam qörqamanmi? – dedi yigitça kekkayib. Yuragidagi yovvoyi quvonç  va xotirjamlik endi unda ösmirona ğurur uyğotdi. Qörquvi çekingan, boyagi vahimalari kulgiliyu bemaʼni tuyula boşladi.

– Voy, buving çöri, botirimdan örgilay! – dedi buvi.

Söng, çiqayotgan joyida tösatdan töxtab, sarosimalanib söradi:

– Hoy ölgur, singling qani?

Yigitçaning yuzidagi baxtiyorlik ifodasi birdaniga ğoyib böldi, göyo u ifodani ham şamol uçirib ketganday böldi. U hangu mang bölib ortiga alangladi.

Singil yöq edi!

– Yigit bölmay öl, Nozik qani?

Nariroqda, egilib-bukilayotgan daraxtlar ostida ham, hozir oy xira yoritib turgan tuproq yölda ham qizaloq körinmas edi.

Boyagina “aka-aka”lab çopqillab ortidan kelayotgan edi-ku? Kiçkina guldor römoli ostidan ikki örim yovvoyi soçi tikkayib çiqib turgan edi-ku? Poçalaridan ingiçka oyoqçalari körina-körina, goh tevarakka “voy ölmasam” deya alanglab-alanglab, goh akasining kuçu qudratidan bolalarça mağrurlanib-faxrlanib, köylakçasini şamol yulqilay-yulqilay çopib-çopib kelayotgandi-ku? Qani qizaloq? Qay yerda qolib ketdi u?

Köçalar, boğlar, yulqinib-silkinayotgan bu makonlar böm-böş, faqatgina şamol – odam yaşamaydigan uzoq toğlarning yolğiz qoyalari orasidan çiqib kelgan mana şu vahşiy şamolgina butun olam uzra yoyilib-soçilib şiddat urmoqda edi, xolos.

 

* * *

Danğaraning şamoli – bahaybat toğ oralaridan közga körinmas benihoya ulkan maxluq singari çiqib kelgan şu şamol ökirib-pişqirib rosa esdi!

Şu turişda u hozir Qirqlar, Minglar, Aravon, Jilva, Çomoç, Soylar, Nayman, Begovot kabi yuzlab qişloqlar ustida tözon va qum soçib vahşat solib, çunon ökirib-ökirib ötdi-ki!

Daraxt oralarini aylanib-aylanib esişida nola ohanglari ham borga öxşardi. Kuç va qudratini insonlarning omonat makonlari uzra namoyon qila-qila, goh bözlay-bözlay, goh nolon-nolon, goho esa isyon ila qiçqira-qiçqira, şiddati pasayganida esa ingrana-ingrana esaverdi.

Uning esişida boşqa maʼnolar ham borga öxşardi.

“Yetim bola” deb ovoz çiqardi u tomorqalar ustida.

Ayqaş-uyqaş bölib sinib ketgan jöxorizorlar uzra esa “Hoy bola” deb dağdağa qildi!

Va qahqaha urib, şöring qurğur akaning soçlarini uzib olguday bölib yulqilayverdi:

 

“Yetim bola, toy bola,

Singling qayda, boy bola?..”

 

* * *

Bu – hayotda juda köp voqealarni köraverib diydasi qotib ketgan kampir edi. Lekin hozir sarosimaga tuşib, vahima va qörquv ila yigitçaning soçlaridan tortib, muştlari bilan boşiga ura-ura, yiğlay-yiğlay nido qilardi:

– Erkak bölmay öl, top singlingni, qirilib ketgur! Bor, qayt izingga, topolmasang öşa yoqlarda ölib ket!

Ha, butun bu bepoyon kengliklarni birday enlab, quturib-vahşat solib esardi şamol.

Yigitça bir tomondan or-nomus titroği, bir tomondan yana öşa vahimalarga röpara kelişning qaltiroği ila ortiga ögirildi.

Sal narida qişloq uylari tugab, yana kimsasiz daşt, ğalati oqiş butalar, goh yakkam-dukkam, goh qalin, ayqaşib ketgan qamişlar, yulğunlar, töronğillar töla yaydoq daşt boşlanib ketgan, battar quturib esar edi Danğaraning tentak şamoli.

Bu yigitça, onasining yolğiz yodgori, öşa qörqinçlar bilan yana yuzma-yuz kelişi kerak edi.

Yuzma-yuz kelişi nimasi, orasida sanqib, mitti va yoqimtoy singilni izlaşi kerak edi. Daraxtlar ustidan tuşib keladigan qiliç kötargan qora kişi, butalar tagida olov yoqib ötirgan odamçalar, nima uçun kimsasiz makonlarda kezib yurişlarini birov bilmaydigan ğalati kişilar, qamişzorlar içra qulay payt poylab yugurgilab borayotgan vahşiy hayvonlar izğigan daşt aro… nozik-nihol singilçasini topişi kerak edi!

Vahşiy şamol endi uning yuz-közlariga, boşiga tuproq soçar, soçlaridan yulqilab qiynar edi. Uning şiddatida kampirning yoğoç eşigi taraqlab yopildi, yopildiyu yana qaytib lang oçilib ketdi.

Yigitça yana ortiga qarab yölga çiqdi.

Kim bilsin… içidagi şiddatli qörquvlarni yengib u makonlarda izğigani taqdirda ham, toparmikin singlisini? Bu talotöp va suron içra nafis-nihol ön bir yaşar qizaloq qaysi puçmoqlarda ekan hozir? Yeru kökni enlab-buzib esayotgan va jonliyu jonsizni harakatga keltirib quturayotgan şu vahşiy şamol ostida, qay buta yoki daraxt tubida, qay çuqurda dir-dir titrayotgan ekan?

Mabodo topgan taqdirda ham… qay ahvolda toparkin?

Topa olarmikin?

Isajon SULTON

“Yoşlik”2012/4

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Oldingi
Keyingi

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)