(Hajviya)
Tabiatimdagi tortinçoqlikni bir amallab yengib, general Şmigalovning kabinetiga kirdim. General stol yonida ötirar va qartada “kapriz de dam” usulida fol oçardi.
– Nima xizmat, azizim? – muloyimgina söradi u, işora bilan kresloga ötirişga taklif etarkan.
– Huzuringizga, janobi oliylari, iş böyiça keldim, – dedim men, ötirayotib Xudo bilsin nimagadir syurtugimni tortib qöyarkanman. – Yaʼni, xizmat vazifasiga daxli bölmagan, xususiy xarakterdagi iş yuzasidan. Men jiyaningiz Varvara Maksimovnaning qölini sörab keldim.
General yuzini sekinlik bilan men tomon burdi, menga sinçiklab qaradi va qartalarni polga tuşirib yubordi. U lab-lunjini imillab yiğiştirgaç, tilga kirdi:
– Siz… nima?.. Aqldan ozganmisiz, nima balo? Aqldan ozdingizmi, sizdan sörayapman? Qanday… jurʼat etdingiz? – vişilladi u, qip-qizarib. – Qanday jurʼat etdingiz, tirmizak, mişiqi?! Qandoq botindingiz bu yösin hazillaşişga… marhamatli afandim…
Şmigalov oyoqlarini tapillatgança çunon baqirdiki, hatto oynalar zirillab ketdi.
– Turilsin!! Kim bilan sözlaşayotganingizni unutmang! Marhamat qilib çiqing va qayta közimga körinmang! Marhamat! Daf böling!
– Biroq men uylanmoqçiman, janobi oliylari!
– Boşqa yerda uylanasiz, menikida emas! Mening jiyanimga böyingiz yetmaydi, marhamatli afandim! Uning tenggi emassiz! Na mol-mulkingiz, na jamiyatdagi mavqeingiz uning qölini söraş huquqini bermaydi sizga! Bu sizning tarafingizdan ğoyat beadablik böldi! Xayr, sizni keçirdim, bola, ammo minbaʼd meni bezovta qilmasligingizni ötinib sörayman!
– Hm… Siz şu yöl bilan allaqaçon beş kuyovning kavuşini töğrilab qöydingiz… Biroq oltinçisidan osonlikça qutulmaysiz. Nega rad etayotganingizni bilaman. Keling, bundoq qilamiz, janobi oliylari… Vijdonim va şarafim ila söz beramanki, agar Varyaga uylansam, uning vasiy otasi ekaningizdan foydalanib sarflab yuborgan pullaringizdan bir çaqa ham talab qilmayman! Çin sözim!
– Takror ayting, nima dedingiz! – allaneçuk çirsildoq tovuşda dedi general, qaddini bukkança misoli ğazabi qözigan erkak ğozdek yonimga zipillab kelib. – Qaytar! Qaytar dedim, yaramas!
Men gapimni takrorladim. General badtar qizarib, xona içida zir yugura boşladi.
– Şunisi yetmay turuvdi! – yana oynalarni titratdi u, zir yugurgança qöllarini havoda silkitarkan. – Qöl ostimdagilar meni öz uyimda, dahşatli, doği ketmas sözlar bilan haqorat qilişsa-ya! Yo parvardigor, bu körgiliklar ham bormidi! Tobim… tobim qoçyapti!
– Ammo sizni işontirib aytaman, muhtaram janob! Nafaqat talab qilmayman, balki bandayi ojizligingiz vajidan Varyaning pullarini xarjlab yuborganingizga şama ham qilmayman hatto! Varyaga ham buyuraman, lom-mim demaydi! Çin sözim! Nega bunça jahl qilasiz, ğaladonni sindirmoqçi bölyapsizmi? Sudga bermayman sizni!
– Qay gördagi mişiqi, tirmizak… yalangoyoq… yuzimga tik boqib şunday jirkanç sözlarni aytsa-ya! Marhamat qilib çiqib keting, yigitça, yodingizda bölsinki, men buni heç qaçon unutmayman! Meni nihoyatda qattiq tahqirladingiz! Umuman olganda… sizni keçiraman! Yengiltaklik orqasida beadab iş qilib qöydingiz, nodonligingiz tufayli… Oh, stolim ustidagi buyumlarga qölingizni tekkizmang, jin ursin sizni! Qartalarga tegmang! Jönang, men bandman!
– Heç nimaga tegmadim! Nega yolğon aytasiz? Vijdonan söz beraman, general! Söz beramanki, hatto şama ham qilmayman! Sizdan biror nima talab qilişni Varkaga ham taqiqlayman! Sizga nima kerak tağin? Ğalati odamsiz, Xudo haqqi… Uning otasidan qolgan ön mingni öz ehtiyojingizga sarflab yubordingiz… Naçora? Ön ming unçalik katta pul emas… Gunohingizdan ötsa böladi…
– Men bir çaqa ham sarflagan emasman… şundoq! Hozir sizga isbotlab beraman! Mana hozir… Dalil-isbotim bor!
General qaltiroq qöllari bilan stol ustidagi qutini oldiga tortdi, undan boğlangan allaqanday qoğozlarni oldi va, xörozning tojisidek qip-qizargança titkilay boşladi. Uzoq, imillab, bemaqsad titkiladi. Boyoqiş juda hayajonlangan va önğaysizlangan edi. Uning baxtiga, kabinetga xizmatkor kirib tuşki ovqat tortilganini maʼlum qildi.
– Yaxşi… Tuşlikdan söng sizga isbotlab beraman! – ğöldiradi general, qoğozlarni yiğiştirarkan. – Uzil-kesil… toki miş-mişlarga örin qolmasin… Faqat ovqatlanişimga imkon bering… körasiz öşanda! Qayoqdagi, Xudoyo özing keçir… tirmizak, muttaham… ona suti oğzidan ketgani yöğ-u… Boring, tuşlik qiling! Men tuşlikdan keyin… sizga…
Biz tuşlikka çiqdik. Birinçi va ikkinçi taomni tanovul qiliş çoğida general qovoğini solib, jahllanib ötirdi. U şörvasiga jon-jahdi bilan tuz separ, yiroqlardagi momoqaldiroq kabi naʼra tortar, stulini qattiq çayqatardi.
– Nega bugun avzoyingiz buzuq? – söradi undan Varya. – Bu holingiz men yoqmaydi… nima deyişga ham hayronman…
– Menga yoqmaysiz deyişga qanday hadding siğdi! – ödağayladi unga general.
Uçinçi va sönggi taom tanovulida Şmigalov çuqur tin oldi va közlarini pirpiratdi. Yuzidan ruhan ezilayotgani, dard çekayotgani sezilib turardi… U şu qadar baxtsiz, aftodahol körina boşladiki! Manglayi va burni ustiga katta-katta ter tomçilari çiqdi.
Tuşlikdan söng general meni kabinetiga taklif qildi.
– Azizim! – menga qaramasdan va frakim etagini ohista tortqilab söz boşladi u. – Varyani xotinlikka oling, men rozi… Siz yaxşi, mehribon kişisiz… Roziman… Sizlarga oq fotiha beraman… unga va senga, mening fariştalarim… Tuşlikdan oldin seni bu yerda… sökkanim, ğazablaganim uçun afu et… Seni özimga yaqin olganimdan… ota örnida bölganimdan şunday qildim… Lekin men haligi… ön ming emas, haligi… ön olti mingni sarflab yuborganman… Varkaga Natalya xola qoldirgan pullarni ham sovurganman… qimorda yutqazganman… Kel, endi, xursandçilikka… şampan içaylik… Keçirdingmi?
General özining köm-kök, “hozir yiğlab yuboraman” deb turgan va ayni çoğda tantana qilayotgan közlarini menga tikdi. Men qolgan olti mingning ham bahridan ötdim va Varvaraga uylandim.
Yaxşi hikoyalar doimo töy-tomoşa bilan yakunlanadi!
Anton ÇEXOV
Rus tilidan Oybek MÖMINOV tarjimasi
“Yoşlik”,2013/12
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


