U talabalik yillaridayoq şoir bölib tanildi. Nomining matbuotda ilk bor paydo bölganiga öttiz yildan oşdi. Men uni sal kam öttiz yildan beri bilaman. Birinçi muloqot, birinçi taassurot va tanişuv xotira devoriga bir umrga muhrlangan edi. XX asrning 90-yillari talabalari hayotining dolğali davri – yaqin moziyning öziga xos murakkab sahifasi. Hurlikka taşnalik, özbekning özligi, milliy “men” qadri, xalqona urf-odatlar va qadriyatlar, ayniqsa, özbek tilining davlat maqomi uçun kuraşlar milliy or-nomus va ğurur bilan uyğunlaşgan davrlar edi. Uç-törttamiz Toşkent davlat universitetining (hozirgi ÖzMU) özbek filologiyasi fakultetidan Qöqon pedagogika institutiga, talabalar örtasida ötkazilayotgan olimpiadaga bordik. Bilimlar bellaşuvi, özaro bahs-munozaralar böldi. Keyin adabiy gurung – muşoiraga, şeʼrlar öqişga navbat yetdi. Vujudidan öktamlik yoğilib turgan yoş yigit örtaga çiqdi; harakatlariga mos şaxd bilan dadil şeʼr öqidi:
Ayri tilli ilon,
Ğayri dilli ilon
Dermiş:
“Bir til bilan
Qanday yaşar inson?..”
Ayri tilli ilon…
Bu Farğona davlat universiteti talabasi Iqbol Mirzaaliyev edi. Şeʼr mazmunan Iqbolning ovozi – nidosi, ijtimoiy voqelikka nisbatan hujumi va himoyasi edi. Ilonning hayrati zaminida kinoya bor; ramzli beş satr zamon keçimini anglaş va fikrlaş uçun yetarli adabiy sarmoya edi. Bu şiddat, şijoat va şeʼr davrani öyga çömdirdi. Barça uzun-qisqa nutqlar mazmuni, çaqiriq va şiorlar mohiyati şu kiçkina şeʼrda mujassam edi göyo. Iqbolning şeʼri bilan ovozini şunda tanidim. Söng u poytaxt adabiy muhiti bilan boğlandi. Buvaydalik şoir Şuhrat Neʼmat (rahmatli) bilan adabiy davralarga kirib keldi. Muxlislar orttirib, tabiiyki, ijodkorlar ehtiromiga erişdi… “Şarq yulduzi”da bosilgan bir turkum şeʼrlariga professor Umarali Normatov oq yöl yozganini eslayman. Iqbol universitetni bitirib, Toşketda işlay boşladi. Şundan beri qança suvlar oqib ötdi, neça bor gullar oçildi, qança tandir nonlar yopildi – asr almaşdi.
Iqbol hamon öşa-öşa, hanuz uning şeʼriy kayfiyati, topqirligi, hozirjavobligi özgargan emas. Özbek şeʼriyati osmonida yangi bir yulduz çaraqladi; öziga xos ovoz egasining bu maydondagi zafarli yurişlari boşlandi. Töğrisi, iqboli kulgan yaxşi bir şoir tuğilgani çin edi.
Izma-iz “Yurakning şakli”, “Köngil”, “Seni soğinaman” kabi ixçam töplamlari bosildi. Söng öndan ortiq kitoblari çiqdi. Oşiqlik, işq motivi – Iqbol ijodining ilk bosqiçiga xos. Şunday şeʼrlarida uning köngli, yuragining şakli, soğinçi namoyon böladi.
Inson tafakkuri tiniq, ruhi salomat bölmasa, ötkinçi dunyoning şafqatsiz talotöplari içra izsiz yöqolişi, bamisoli çarxpalakdek tez aylanayotgan tirikçilik tegirmonida maydalanib ketişi heç gapmas. Zero, işq-muhabbatni kuylagan, şu orasta tuyğuni qadrlagan şeʼriyat gözal böladi. Çunki odam farzandi “hamişa bir hisga asir ekan” (Abdulla Oripov taʼbiri). Haqiqatan, muhabbat inson vujudidagi bebaho gavhardir. Jahon adabiyoti, umuman, insoniyat yaratilgandan to hozirgaça har kim uçun eng latif, qiziq va eng hayajonli mavzu bu – muhabbatdir. Muhabbatdan ayro asar – kemtik, işqdan ayro köngil – yetim. Işq yonida hijron, visol va soğinçlar ham bor.
Yelkamga yuk taşladi osmon,
Bu azoblar qöygaymi omon?!
Tuşun, seni soğindim yomon,
Seni bugun körmasam bölmas.
Yor soğinçi qalbga tiriklik suvini olib kiradi; hissiz yurak toş qotadi. Rivoyat qilişlariça, bir ulamo şahar ahlini jamlab, amri maʼruf, nahyi munkar qilayotgan ekan. Izdihom orasidan bir kimsa asta qölini kötarib, örnidan turib, olimga yuzlanib: “Hazrat, şu yerda butun şahar ahli yiğilibdi. Sizdan iltimos, keça mening eşagim yöqolgandi. Şuni töplangan odamlardan suriştirib, topişga yordam bersangiz”, debdi umid va iltijo bilan. Olim unga ötiriş işorasini qilib, sözida davom etibdi. Dunyo va dindan, zamin va zamondan, yaxşi va yomondan, bezovtalik va xotirjamlikdan uzoq sözlab, gapini işq-muhabbatga, uning kuydirguvçi aʼmollariga, telbakezar şamollariga borib boğlabdi. Keyin odamlardan: “Qani, aytinglar-çi, orangizda muhabbat javhari qalbiga kirib bormagan kimdir bormi?” mazmunida savol sörabdi. Biri qölini kötarib: “Uzr, şu tuyğu heç ham qalbimda mehmon bölmadi. Işq ne, muhabbat ne – heç anglamadim. Birovni sevganimni eslay olmayman”, debdi mazmunan. Ikkinçi kimsa örnidan turib: “Men ham işq-muhabbat dardini boşdan keçirganim yöq”, deya haligi kimsaning gapiga qöşilibdi. Uçinçi kişi yeridan turib, u ham öz holi öşalarga öxşaşligini aytibdi. Ulamo: “Hoy, eşagini yöqotgan odam! – deb murojaat qilibdi va: – Hali nima degan eding?! Eşak yöqoldi deganmiding. Atigi bitta eşakmidi? Mana, marhamat, senga uçta eşak”, degan ekan.
Işq dardiga yöliqqan odam holini taʼriflaş qiyin, tavsifiga söz topib bölmaydi. Bağri kuygan ham, yuragi xun bölgan ham öşa-öşalar. Ammo Oşiq Maşrab taʼbiriça: “Bu dardni bedavo derlar”. Oşiq bola hijron azobida kuyib kul bölişi, gul işqida sayroqi bulbul – şoirga aylanişi mumkin. Şu maʼnoda Iqbolning “Unutma” degan iltijosi ham boşqaça:
Bir tola soçingni aylagan tumor,
Böylaringdan mastu böyingga xumor –
Kim bölsa, öşani unutma zinhor,
Bağri qon, yuragi xunni unutma!
Sevgi satrlari – Iqbol şeʼrlarining öqildizi. Ayniqsa, yoşlikning qaynoq pallalarida yozgan har bir şeʼrida ayni mavzu badiiy talqin etiladi. Umid va eʼtiroz, öpkalaniş va çorlov, ikkilaniş va quvoniş, dadillanişu duduqlaniş – bularning barçasi işq dardiga mubtalo odam köngil holatining kontrast sifatlari. Mavlono Abdulla Qodiriyning nurli qahramoni Mirzo Anvar fikriça: “Işq davomi, avom öylagança, vasl emas – hajrdir. Zero, vasl işq ötini söndirguvçi, hajr esa kamolatka erişdirguvçidir”. Iqbol Mirzo öşa tuyğuni qatʼiy qilib:
Bulutlar uçraşdi çaqmoqlar otib,
Çaqmoq – soğinçlarning oydin gulimi?
Yomğir şivirladi tökilayotib:
Visol – muhabbatning gözal ölimi,
deb yozadi. Uşbu banddagi bulutlar töqnaşuvi va uning oqibatida yalt-yult çaqmoqning gulga taşbehi ham juda örinli va gözal.
Iqbol Mirzoning har bir kitobidagi şeʼri fikrga undaydi; yurakni zavq-şavqqa töldiradi. Qölimdagi kitobining istalgan bir sahifani oçdim: “Kosa”. Öqib kelib töxtadim:
Oyoğim ostida kuldirgiçim bor,
Bitta joyni bosib turolmayman heç.
Axir, yöllarimda Xiva intizor,
Öşdaman saharda, Möynoqdaman keç.
Bu tinib-tinçimangan odamning holi. El xizmatiga kamarbasta, ertayu keç çopib işlayotgan odam suvrati. Bitta “kuldirgiç” sözi bandga zeb berib, mazmunni oyday yoritib turibdi. Sözning tasavvurda akslanib, yoyilişi – assotsiatsiyasi öqiyotgan odamda bir olam xotira uyğotadi. Ulğaygan odam heç qaçon çopağon bölaman degan öyda oyoği ostiga “kuldirgiç” haşarotini surtmaydi. Bizda uni “oliguluk” deydi. Mayda tuproq uyumining şakli ayrim odamlar yuzidagi kuldirgiç çuqurçasiga öxşagani uçun vodiyda uni “kuldirgiç” deydi. Muhammad Şarifning “Kuldirgiç” degan yaxşi hikoyasi bor. Öqib bolalikning örpongli çang köçalarida çopgan edim. Şu sabab Iqbol şeʼridagi mitti “kuldirgiç”ga duç kelib taqqa töxtadim. Va yana bolalikka qaytdim. “Kosa” şeʼri Nukusdagi Savitskiy muzeyida saqlanayotgan kosa uçun teridan tikilgan bitta buyum – ğilofga közi tuşgan şoirning şu bir lahzada paydo bölgan taassuroti mahsuli. Bu şeʼr ğilof töğrisida emas, inson qalbining ğilofi – inson köngil kosasi va uning himoyasi, osmon şaklidagi ötov, uning içkarisida yaşaydigan oila-çanğaroq töğrisida. Qiziği şundaki, Savitskiy muzeyiga men ham borganman, ğaroyib eksponatlarni körib hayratga tuşganim ham rost. Ammo Iqbol minglab eksponatlar içidan bitta kosa va uning ğilofini körgan hamda şu detal asosida özbek bilan qoraqalpoq döstligini, boşida qalpoğini asrlar böyi asrab kelayotgan qoraqalpoqdek bir millat udumlariga doir qaraşlarini ajoyib tarzda bayon qilibdi…
Kitob mundarijasidan “Şavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar” bağişlov-marsiyasini izladim. Iqbol uni Milliy universitetning kiçik zalida bölib ötgan bir uçraşuvda öqigan edi. Qaysi yil ekani esimda yöq, ammo maʼno-mazmuni, ritm-ohangi hamon yodimda.
Uçib-qönib, uçib-qönib şom-saharlar,
Nafis sanʼat sahnasida poyga ketdi.
Şavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Kapalaklar uçmaydigan joyga ketdi.
Beş bandli şeʼr. Har bandning uçinçi misrasida haligi alam va iztirobga töla söroq qöyiladi. Odamning yuragini larzaga soladigan savol. “Şavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar” – şoir odamlarga tajohili orifona murojaat etadi. Holbuki, özining “Çiroq yonib öçmaydigan joyga ketdi”, “Yolğon qasam içmaydigan joyga ketdi”, “Tuhmat toşi tuşmaydigan joyga ketdi”, “Osoyişta uxlaydigan joyga ketdi” kabi tayyor javoblari bor. Bunday alamli yöqotişlarni ifodalagan taʼsirçan şeʼr öquvçining fikriy oqimini uşbu foniy, uç kunlik ğanimat dunyoga keliş va ketiş mohiyatini anglaş tomonga yönaltiradi. Şu motivdagi – Şavkat Rahmon, Oxunjon Madaliyev, Muhammad Yusuf vafotiga bağişlangan “Akalarimga” şeʼri ham eʼtiborli. Uç marta aylangan “ajal qamçisi” uçta yulduzni “falakdan uzib” ketgani, şoir jigarida “uçta tiğ izi” qolgani – uç yöqotişning obrazli bayoni, albatta.
Köngil köşkiga joylaşgan yaqinidan ajraliş – oğir yöqotiş. “Qöqon şamoli” qirq ikki yoşida boqiy dunyoga safar qilgan, özidan ajoyib şeʼrlar qoldirgan rahmatli Aʼzam Öktamga bağişlanadi. Şeʼrda şamol ramzi jonlanib, misoli mahaktoş vazifasini bajaradi. Şamol yaxşini yomondan, töğrini öğridan, haqni nohaqdan ajratadi. Bor-yöği uç kun şiddat bilan guvillab esadigan şamol dunyoni alğov-dalğov qiladi.
Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu!
Borni bor, yöqni yöq qilib berguvçi.
Boşingga zör savdo tuşmasdan burun
Kimning kimligini bilib berguvçi!
Yaşaş qanday yengil – şamoldan keyin,
Ajib bir xuşhollik, bir ajib surur.
Ğuborsiz havolar ipakdek mayin.
Şamol, senga qulluq, senga taşakkur!
Şamol imtihonidan ötiş – saodat. Men bilgan Aʼzam Öktam yoru birodarlari, uzoq-yaqinlariga – “kimning kimligi”ga sinovçan nazar soladigan inson edi… Şeʼr matnidagi “şamol”ning metaforik tabiatiga parallel ravişda tasavvurda pokiza bir inson qiyofasi paydo böladi. Inson va tabiat, tabiat va jamiyat – kengqamrovli tuşunçalar. Ular şoirning qanotli yuragiga örnaşsa, parvozi baland böladi…
Dunyodagi heç bir baliqçi örgimçak töri bilan baliq tutmaydi. Faqat şoirgina “Örgimçak törini daryoga”, “Tillo baliq tutib ziyoga” solişi mumkin. Bunday ingiçka va oydin tafakkur tarzi faqat şoirlargagina inʼom qilingan neʼmatdir…
Şoir şeʼrlarida goho “şamoyil” yonida “şamol” öynaydi; “ötinçi” bilan “ötkinçi” qatorida “ökinç” paydo böladi; “andalib” esa “aldanib”ga uyğunlaşdi. Bir tovuş öyini yoki örin almaşinuvidan ixtiyorsiz hayratlanasan. Qoyil qolib, boşingni çayqaysan. “Bir oh ursak, har oşiqdan köra oşiq ohimiz bor” – bu ham tajnisli gözal misra. “Qumdan qurgan qörğonim qani?” kabi savol poydevoriga bevafo umr qöyiladi. “Palakni daraklab kapalak halak” – har bir söz qofiyali, ohangli, maʼnili va, eng muhimi, şoir umrning ötkinçi va bevafoligini yana bir – boşqaça yösinda lönda ifodalaydi.
Quyidagi parçalarda ham original satrlar bor:
Kipriklaring poyloqçi,
Kokillaring ayğoqçi.
Hamsoyangman ham soyang,
Jismim boru huşim yöq.
Yoki:
Öşa kun men mast edim,
Mast edim – menmas edim.
Bormas edim soğ bölsam,
Sevaman demas edim.
Iqbolning bunday poetik sanʼatlarni mahorat bilan qöllagan yaxşi şeʼrlari esda qoladi. U kapalak obraziga köp murojaat qiladi. “Kapalak tutgandayin Nigohing tutib oldim” – ajib topildiq. Bunday körkam misra şeʼrning ustuni-örasi, törasi, umurtqasi, aurasini taşkil etadi. Yana kimgadir: “Sen – ninaçi kabi öynoqi. Sen – kapalak kabi beğubor”, deb tavsif beradi. Ninaçi, kapalak – tabiatning juda nafis, latif, ingiçka, rangpar haşarotlari. Uluğlar taʼbiriça, birorta inson zoti aqalli ninaçiyu kapalakning singan nozik-mayda qanotini tuzatişga qodir emas. Demak, “nazokatni qaydan olgan kapalak” – şoirning öylanişi örinli.
Sindirmaydi yillar kimni,
Tuyğularin silliqlaydi,
Har körganda yuragimni
Kapalaklar qitiqlaydi.
Iqbol Mirzo şeʼrlarida sevgi yölida uçib borayotgan bu kabi nazokatli kapalak yoki öynoqi ninaçi, yuzi qizargan atirgul, tuyoğidan tillo soçadigan jayronlar uçraydi. Bunday lirik obrazlar biri ikkinçisini töldirib, şoir şeʼrlarining umummanzarasini, yuragining mahobatli suvratini namoyon qiladi.
Iqbol şeʼrlari haddan taşqari murakkab emas. Ularni anglab, tuşunib, his etib turasiz. Sizni zavqlantiradi, yurakni köpirtirib, hayajonga soladi. Ammo tizginsiz tuyğularga qanot bağişlagan şeʼr sirini topiş qiyin. Çunki şoir şunday bir lahzada borliqni “xayol közi” bilan körib, “lazzatga ğarq bölib” yaşaydi. Şoir yopirilib, tölib-toshib kelgan xayol inʼomini qoğozga köçiradi. Bu ijod jarayoni haqidagi bizning sodda tasavvur. Aslida şeʼr va şoirlik ijod psixologiyasining eng murakkab mavzusidir. Çunki şeʼriy ifodalaridan baʼzan şoirlarning özi hayron böladi, gohida tasavvur tasviriga özlari ham ojiz qoladi. Çölpon nadomat bilan “Şu ojiz holimda şoirmanmi men?” deb yozğirgani rost. Köpinça har qanday odam gözallikni körib, sezib, anglab, zavq oladi. Ammo uni söz bilan ifodalaşga qiynaladi. Çin isteʼdod egasi şu tuyğuni moddiylaştiradi; Şayxzodaga öxşab şeʼrda esayotgan şamolni suvratlantiradi.
Iqbol Mirzoning şeʼrlarida oçiq eʼtiroflar, aççiq haqiqatning rost ifodalari bor:
Davrangizga kira olmayman,
Kirsam, könglim yora olmayman.
Sizga talant bera olmayman,
Meni yomon körgan odamlar.
Sizga uka, aka, jöraman,
Duoingiz qilib yuraman.
Men sizlarni yaxşi köraman…
Meni yomon körgan odamlar.
Uning lirik qahramoni – şafqatsiz; özini foş etişdan, iqrordan qörqmaydi: bolaligi va beğuborligini, ğörligi va zörligini eslaydi. Bunisi – yaxşi. Ammo har öqiganimda “Oldim şoir degan tavqi laʼnatni” misrasi menga negadir tahrirtalab körinaveradi.
“Sözda sehr, şeʼrda hikmat bor”, deganlaridek, Iqbol Mirzoning keyingi davrda yozilgan şeʼrlari hayotiy hikmatlar bilan bezatilgandir. Biroq bu xil falsafiy bitiklar uning yoşlik davridagi şeʼrlarida ham uçraydi:
Bu dunyoga kelganim –
U dunyoga safarim.
Bu dunyoni yengganim –
U dunyoda zafarim.
Qöyma, qisqa va har qanday odam hayotining tarxi-eskizini özida akslantiradigan misralar. Band qarşilantiriş sanʼati asosiga qurilibdi. “Men” şeʼrida ikki nuqta aro jismi muallaq muallif özini yer bilan osmon orasida köradi. “Qaldirğoçdek ikki joyda manzili” bor şoir “dayr aro sayr”ning muvaqqat ekanini yaxşi biladi. Bunday hayotiy real falsafa şeʼrga teranlik bağişlaydi. Iqbolning butun boşli şeʼrlari, “Yiğlasam, holimga özim kulardim”, “Asaldayin zaharim”, “Muzlar quçoğida isindi vido”, “Ey yaqinim, olisim”, “Sizni yomon yaxşi köraman” kabi önlab misralari tazodli.
Şoir ijodining katta bir sahifasi el-yurt, özbek xarakterining tavsifi, mamlakatning tarixiy şaharlari va şaxsiyatlari töğrisida yozilgan şeʼrlardan iborat. “Aytgil, döstim, nima qildik, Vatan uçun” – juda örinli tergov, talab va sörov.
Boşing egib, taʼzim ayla, şukrona ayt,
Seni guldek erkalagan çaman uçun.
Osmonlarda yurgan bölsang, tuproqqa qayt,
Aytgil, döstim, nima qildik Vatan uçun?
Şoir agar bobolarining faqat isminigina sanasa ham, tabiiyki, katta bir doston bölişi mumkin. Özbek – dunyo tamadduniga ulkan uluş qöşgan xalq. Uning nomiga or-nomus, ibo va hayo maʼnodoş. Şu eʼtibordan “Özbek” şeʼrida millat va mamlakat tarixi bayon qilinadi.
Manglayga kaft qöyib olisga boqsam,
Edildan körinar böylaring, özbek.
Tuş kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar Enasoylaring, özbek.
Nazarimda, Iqbolning bu şeʼri özigaça şu yölda yozilgan “Özbekiston”, “Özbegim” kabi şeʼrlar qatoridan örin olişga loyiqdir.
Adabiyotşunoslikda ijodiy taraqqiyot, mavzular almaşinuvining ilmiy-nazariy talqiniga nisbatan “evolyutsiya” tuşunçasi işlatiladi. Bunda muayyan adibning badiiy ijod namunalari, mavzular yoki zamon xronologiyasiga köra tahlil qilinadi. Şu eʼtibordan, Iqbol avval öynab va sözlarni öynatib yozar edi, hozir öylab va odamlarni öylatib yozadi. Avvalgi şeʼrlarida “men” kuçli, keyingi davrda qamrovi kengayib, milliy va umumbaşariy mavzularning adabiy-falsafiy muhokamasi kuzatiladi. Biroq uning şeʼrlariga xos samimiyat, şiddat, şaxd, jöşqinlik, jinday piçing, qoçirim, ozgina erkalik va erkinlik hamon öşa-öşa – navqiron yoşlik pafosida. Şeʼrlaridan taralgan ovoz hali-hanuz öşa-öşa – navqiron yoşlikning sadosi. Aslida, iqboli kulgan köngil şoirining ijodiy baxti ham şudir.
Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori.
“XX asr özbek şeʼriyati antologiyasi”, “XX asr özbek hikoyasi antologiyasi”, “Özbek adabiy tanqidi antologiyasi” kitoblarining ğoya muallifi va tuzuvçilaridir biri. “Jadid munaqqidi Vadud Mahmud”, “Qodiriy qadri”, “Yangilaniş soğinçi”, “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin”, “Adabiyotşunoslik metodologiyasi” kabi kitoblar muallifi.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


