Qaldirğoç
Bugun olis makonga
Uçib ketdi qaldirğoç.
Loy kosali inidan,
Köçib ketdi qaldirğoç.
Kuzning olov yomğiri,
Tegdimikan joniga,
Şu yomğirga dardini
Soçib ketdi qaldirğoç.
Kelib atay yonimga,
Ilhomni öğirladi.
“Bahorgaça!” dedi-yu,
Qoçib ketdi qaldirğoç!
Rangin dunyo
Şoir asli musavvir demak,
Çizar rangin dunyo tasvirin.
Har yaproqda ilohiyat bor,
Har bir toşda rang bor yaşirin.
Kör istagan rangiga böyar,
Xayolida butun dunyoni.
Kimdir çizmoq böladi nuqul
Maʼnisi yöq, rangsiz röyoni.
Körmoq emas, his etiş kerak,
Şudir bizga azaliy saboq:
“Dunyo qadim rangindir va biz
Öylagandan köra ranginroq!”*
Ulgurmoqlik kerakdir vaqtning
Çalinmasdan oxirgi zangi.
Biz dunyoni çiza olamiz,
Oq bölsa bas könglimiz rangi!
Umid
Mitti yulduz miltirar
Olis osmon bağrida.
Eng sönggi umid misol
Umidsizlik qaʼrida.
Xazonrezgi boğlar, kuz,
Dilni kömadi savol.
Sönggi yaproq hilpirar,
Eng sönggi umid misol.
Kimga ne joiz, bilmam,
Menga baxt, quvonç kerak.
Yetmoq uçun manzilga
Mustahkam işonç kerak.
Faqat olğa bormoq şart,
Bölsa-da yölda xatar.
Sönggi umid manzili,
Sönggi nafasga qadar!
Çittigul
Çittigulim, çittigul,
Mittigina, mitti gul.
Hasratlaşamiz birga,
Dilda bardoş bitdi, gul.
Böying onam böyiday,
Mungli nayning kuyiday.
Şabnammi közyoşlaring,
Seni kim ranjitdi, gul?
Bölib qolsa barging çang,
Xömrayadi gulğunçang.
Holim yomon, holim tang –
Dil hijronni totdi, gul.
Köngil nega xijilroq,
Gulbarglaring qizil, oq.
Senga taniş qizaloq
Ön yettiga yetdi, gul!..
1941-yil
Poyingga tiz çökib, sevgilim,
Men ham dilroz aytaman dedim.
Jang maydoni çorladi seni,
Vaʼda berding, “Qaytaman!” deding.
Seni kutar qirğinbarot jang,
Men qanday jim öltiraman-a?..
Ketar çoğing dedim çimrilib:
“Agar ölsang, öldiraman-a?!”
“Poyingga tiz çökay, sevgilim…”
Bitdim kunu tunlar ora xat
Menga omon bölsang bas edi,
Kelmasa bas edi qoraxat.
Poyingga tiz çökay, sevgilim
Qolayapsan neçun keçikib…
Kutib oldim ön sakkizimni
Sensiz juda-juda içikib.
Qaytding…
Qaytding, faqat oyoqlaring yöq,
Meni yengdi, qayğular yengdi!
Jilmaygança deding:
“Poyingda,
Bir umr tiz çökaman endi…”
Muruvvatxon Ğafforjonova
1998-yili Farğona şahrida tuğilgan. Hozirda Farğona kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejida tahsil oladi.
“Yurt kelajagi – 2015” respublika körik-tanlovi ğolibi.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida