13 daqiqada öqiladi

535 marta körilgan

Asl adabiyot haqida öylar

«Xos»lar kimlar?
«Ommaviy madaniyat»ning millat ongini qamrab olişiga qarşi kuraşarkanmiz, köpinça, uni kompyuter öyinlari, nobop kinolar va körsatuvlar orqali kirib keladi deb öylaymiz. U faqat öqimagan, ilmsiz kişilarnigina komiga tortmoqda, degan fikr ham örinsiz.
Eʼtibor berganmisiz, A.Kamyu, J.P.Sartrning asarlarida bayon etilayotgan hayot tarzi, ğoya va fikr asosida nima yotadi? Umuman, adabiyot öz atrofini örab turgan muhit va dunyoqaraşdan çetga çiqib ketişi mumkinmi?
«Modern» deb nomlanadigan uslublarning adabiyotimizga kirib kelişi va ularni xalq qabul qilmasa-da, özini ziyoli sanaydiganlar tomonidan köklarga kötarilişi ğalati holat.
Albatta, şaklan jahoniy, mazmunan milliy, deyişlari mumkin. Lekin adabiyot şakl bilan hal qilinadigan holat emas. Adabiyot şakl, fikr, tuyğu va ğoya uyğunligidan iborat yaxlitlik. Şunday ekan, şaklni özgartirib, «modern» uslubda ijod qilayotgan kişi özini aldamoqda xolos. Çunki özgarişlar fikrga, tuyğuga va ğoyaga ham tegişli. «Ğarb modern adabiyoti» deganda biz avvalo şaklni emas, ğoya va fikrni tuşunmoğimiz kerak. Aynan biz uçun yot bölgan fikr va ğoyani!
Hatto arxitekturada ham ğarb modern sanʼati kör-körona qabul qilinmaydi, balki atrof-muhitga, tabiatga, ob-havoga moslaştirilgan holda qayta işlanadi. Çunki bilamiz, tabiat, muhit erkalikni, özi bilan kelişmaslikni keçirmaydi. Biroq nima uçun adabiyotda ğarb sanʼatiga töliq ergaşiş, uni töliğiça köçirib oliş lozim? Ne sababdan aynan uşbu oqimga moslab, aytiş lozim, undan köçirib asar bitmagan yozuvçilarni «anʼanaviylar» deb, ularga ögay köz bilan qaraş kerak?
Har qanday şaroitda, har qanday davrda turli ğoyalar va mavzularda yaxşi va gözal asarlar bitiladi. Bugun jahon adabiyotiga baho berişda köpinça ğoyaviy jihatlarga urğu beriladi. Biz buni tuşunişimiz va tan olingan asarlarni olqişlab, unsurlarini adabiyotimizga olib kirişda  huşyor bölmoğimiz lozim.
Albatta, xalq asta-sekin hammasini örniga qöyadi va nimani öqiş, nimani öqimaslikni tanlab olaveradi. Lekin ayrim ziyolilar «xos adabiyot» deb, özini ommadan bir poğona yuqori qöyib, öşa sanʼatni tarğib qilişini tuşuniş qiyin.

Yozmaydigan yozuvçilar, öqimaydigan öquvçilar
Ğarb adabiyotiga taassub urib yozilgan, öqilmaydigan adabiyotni olqişlab, mutolaa qilinayotganlarini mensimasligimiz adabiyot haqidagi tuşunçamiz tahrirtalab etişini anglatadi. Nima uçun öquvçini mensimasligimiz, ularning dididan kulişimiz kerak? Har holda, öşa öqiyotganlarni hurmat qilişni örgansak bölardi. Axir, adabiyot öqilmasa heç nima!
Tuşunmaydigan qilib, murakkab yoziş ötgan asrning sakson-töqsoninçi yillarida qoldi. Bugun jahon adabiyotda soddalik tomon yuz burmoqda. Postmodernizmning öziga xos jihati ham şu aslida – barça uslub va qaraşlarga örin beriş, bağrikenglik bilan yondaşiş. U modernizm kabi keskin emas, xilma-xillikni maʼqullaydi, barça yangi va eski uslublar bilan hamkorlik qiladi.
Xöş, hayotning maʼnisizligini oçib beriş adabiyotning boş vazifasimi? Özi, adabiyotning vazifasi nima aslida?
Şu paytga qadar şusiz ham maʼni va mantiği bölmagan yaşaşga sanʼat, xususan, adabiyot maʼni indirib kelgan. Insoniyat tarixining boşlanğiç pillapoyalaridan şunday bölgan. Bugunga kelib, hammasi teskari aylanib ketdi – biz «modern» deb ataydigan adabiyot göyo yangilik topganday, hayotning bemaʼniligini uqtirişga berildi. U, «körib, bilib qöyinglar, hayot maʼnisiz, yaşaş befoyda, uriniş samarasiz», demoqçi böladi.
Inson umrining heçligi, atrofimizni öragan köp odatlar, narsalar, voqea-hodisalar behudaligini, tagzaminiga boqsang, yoş bolaning öyiniga öxşab ketişini hammayam biladi, tuşunadi. Lekin insoniyat hali öz tirikligi, hayotini nimaga sarflasa butkul maʼnili bölişini töliq anglab, idrok etolgani yöq. Buning yölini ham bilmaydi. Lekin şu yöldagi urinişlar bor, bunga adabiyot ham baholi qudrat öz hissasini qöşib kelmoqda… edi. Endi esa yangi oqimlar hammasini öşa, boşlangan joyiga olib borib qöyiş payida.
Bizda, ayniqsa, yoş, havaskor yozuvçilarimiz uşbu yönalişga mukkasidan ketgan. Ular, albatta, maʼnisizlikka ilk bor duç kelib özlariça katta haqiqatni oçganday böladi va buni boşqalar bilan «örtoqlaşiş»ga harakat qiladi.
Barça gap aytib bölinganday, hamma fikrlar ifodalanganday tuyuladigan davrimizda, yangi gap, yangi fikr va yangi ğoya juda-juda uluğlanadi. Unga rostmi, yolğonmi, ijobiymi, salbiymi, kanaday yopişib olinadi. Biroq insoniyat özining minglab yillik tarixi davomida nima yaxşi, nima yomonligini ilğagan va öziga zarar keltiruvçi har qanday illatlarni çekkaga surib taşlagan.
Ammo globallaşuv zamonimizda, axborot erkinligi davrida axborotga öçlik, yangilikka taşnalik kundan-kunga avj olib bormoqda. Unga yangi gap-söz, tomoşa, tuyğu va ehtiroslar kerak. Axborot ham şör suvga öxşab qoldi, qança köp içsang, taşnalik şunça ortaveradi. Xalqimizning oddiy va sodda bir maqoli bor – oyda yegan töq, kunda yegan oç böladi. Bu axborotga ham tegişli.
 Şu sababli bugun adabiyotdan yangilik kutamiz va har qanday biz uçun yangiça köringan holatni «kötar-kötar» qilişga tayyormiz.
Aslida biz yangilik deb qabul qilayotgan fikr, ğoya, voqealar ğarb adabiyotining 20 asr boşlaridagi siyqa mavzusi. Negadir ulardan ğoyadan tortib, voqea-yu uslubgaça köçirib, yangilik yaratganimizni uqtirmoqçi bölamiz.
Ikkinçidan, bu ğoyalar mağzi va uning oqibati nimalarga olib kelişini ğarb timsolida allaqaçon körib turibmiz.
Ğarbni ham bu işi uçun huda-behuda koyiyveriş şart emas. Yevropa aynan milliy mahdudlikka berilib ketgani sababli ötgan asrning özida ikki marta jahon urişini boşdan keçirdi. Bu esa oqil kişilarni tegişli çoralar körişga undadi. Bugungi zamonaviy Ğarb psixologiyasi ham, adabiyoti ham aynan şu illatning oldini oliş va bartaraf etiş uçun xizmat qilgan va öylab topilgani şu bölgan – individualizm. Psixologiya odamlarda şuni tarbiyalay boşlagan, adabiyot esa şunday hayot tarzini tarğib etgan. Milliy ruh keyingi öringa tuşirilib, alohida inson va uning orzu-istaklari, xohişi asosiy qilib belgilanişi natijasida katta uruşlarning oldi olingandir, milliy mahdudlik çekingandir, lekin oqibatda insonning beadoq istaklari bilan boğliq boşqa muammolar yuzaga keldi.
Aslida adabiyotning vazifasi nima?
Insoniyat umri behudaligini, maʼni-maqsadsiz yaşab yurganini yaxşi biladi. Adabiyotning vazifasi esa şu hayotga maʼni bağişlaş. Aslo uning beʼmaniligini yanada çuqurroq ifodalaş emas! Buni yangilik, ilğor ğoya sifatida baholaş va qabul qiliş şart ham emas. Bu maqsadsiz, maʼnisiz, faqat özi uçun yaşaşga bel boğlangan odamlar minglab yillardan buyon his etib kelayotgan oddiy haqiqat.
Tez-tez quloğimizga çalinadiki: avvalambor öquvçi yaratilayotgan asarlarni öqişga tayyor bölişi lozim! (Balki, avvalambor, öqişli asarlar yoziş kerakdir?!)
Bu bilan ayrim yozuvçilar özining xalqdan ilgarilab ketganini uqtirmoqçi böladi. Şunda «ilgarilab, qayoqqa ketyapsiz, oşna?!» – deging keladi. Deylik, kimdir ğarbning yoki boşqa bir tomonning etagiga yopişib, xalqdan ajralib ketayotgan bölsa, özi nima deb öylaşidan qatʼi nazar, bu hali uning ilgarilab borayotganini anglatmaydi, bu şunçaki ajraliş, xolos. Balki ortga ketayotgandir? Özi va pirlarining ortida bormagani uçun xalqni tuşunmaslikda ayblaş şart emasdir, balki.
Ayrim hollarda «SMS»bop mikroasarlar bitilayotganini qanday izohlaş mumkin? Adabiyot – avvalambor katta asarlar emasmi? Bu – rusumga ergaşib, öqimaydigan qatlam didiga moslaşişga uriniş, xolos.

Maʼnining maʼnisizligi
Hayratlanarlisi, gohida yetuk olimlarimiz ham Ğarb adabiyotini berilib maqtaydi va, hatto, «ular adabiyotda bizdan ilgarilab ketgan ekan», deganga öxşaş gaplar ham quloqqa çalinadi. Aksariyat yozuvçilarimiz, özini ziyoli sanaydigan öquvçilarimiz ham şunday fikrda.
Şunda köngilda savol tuğiladi: qayga ilgarilab ketgan? Nimada ilgarilagan – fikr berişdami, syujetdami, tildami, inson ruhiyatini ifodalaşdami?
Şu savollarga javob topging keladi.
Ğalati jihati, ularga javob olgan bilan yuqoridagi fikrni isbotlab bölmaydi.
Xöş, Ğarb adabiyoti fikr berişda, ğoyalarni ifodalaşda ilgarilagan, deylik. Bu nimada körinadi? Bilamiz, öqiymiz, tuşunamizki, bugun ğarb adabiyotida absurd, maʼnisizlik, yolğizlik boş ğoya! Bular milliy mentalitetimizga yot-ku! Demak, bu borada ilgarilab ketişlari mumkin emas… Har kimning öz ğoyasi öziga aziz! Qolaversa, bu yölning narigi uçi yöq! Juda ildamlagan bölsalar öz yölidan ketaverişsin. Bu borada ularga ergaşmaymiz. Esini tanigan millatning adabiyoti ğoyada birovga ergaşmaydi! Qolaversa, yon-atrofni bilmay, ildamlik bilan botqoqqa tomon ketayotgan kişining ortidan çopgandan köra, sekin-asta öz yölingdan borganing maʼqul.
Nazarimda, Ğarb adabiyotini ruhiyatni ifodalaşda ilgari ketgan, deb tuşunamiz. Lekin har bir millatning ruhiyati öziga xos. Nima uçun biz ğarbning individualizmga, egoistlikka asoslangan, hayotdan maʼni-maqsad topolmay qiynalayotgan qahramon ruhiyatini ifodalayotgan adabiyotini ilğor sanaşimiz kerak?  Töğri, bu biz uçun yangilikdir, axir adabiyotimiz heç qaçon hayotni vaqtning mantiqsiz, maʼnisiz bölagi sifatida tarğib etmagan. Bu haqda öylaşga imkon ham, rağbat ham bölmagan. Demak, yangilik. Lekin yangilikning barçasi ham ijobiy degan tuşunçaning özi maqbul emas!
Bilasiz, har qanday yangi taniş, uni hali töliq bilmasangiz, jozibali, aqlli va dono körinadi. Keyinçalik, yaxşi örgangaç bilasizki, u ham barça eski tanişlarday, gohida ulardan nomaqbulroq.
Insonga doim begonalar jozibali körinadi.
Tarixga nazar soling: millatlar öziga yölboşçini köpinça öz safidan emas, özga millat vakillaridan tanlagan. Filipp va öğli Iskandar makedoniyalik böla turib Gretsiyada va u orqali yarim olamda tojdorlik qildi. Çingizxon va avlodi Möğuliston qolib, Osiyoning yarmiga egalik qildi, Bobur Hindistonda, mamluklar Misrda, arablar Ispaniya va Markaziy Osiyoda bir muddat xöjayinlik qildi. Öşa zaminlarning öz yigitlari, oqsuyaklari yöqmidi? Bor edi, albatta. Lekin millat özidan çiqqan yölboşçini tan olmaydi, jozibali, sirli-sehrli tuyulmaydi-da. Bu insoniyatning eng katta xatosi. «Öz yurtingda payğambar yöq», – deydi ruslar.
Yoki boşqa misol. Yigit-qizlar turmuş qurmoqçi bölsa, ota-ona kelin, kuyov qidirib qolişadi. Uçraşuvlar taşkillaştiriladi. Nega? Axir qiz ham, yigit ham bankada ösmagan, şu yoşga yetgunça kim bilandir tanişgan, sevişgan, lekin turmuş quriş vaqtida özgani qidirişadi. Öylaşadiki, boşqa bir joyda sirli, jozibali, har qanday illat, kamçilikdan xoli turmuş örtoği bor. Şuni izlaşadi…
Adabiyot ham şunday. Töliq bilmaganimiz, örganmaganimiz uçun Ğarb adabiyoti biz uçun jozibali tuyuladi. Qolaversa, bunda reklama va tarğibotning örni ham beqiyos. Axir reklamaning reklama ekanligini tuşunmay, ança mahal «Alkimyogar»ni jahonning eng ilğor asari sanamadik-mi? Endi bilsak, örtamiyona ekan.
Biz hanuzgaça katta yoqali tor köylak, poçasi keng şimda – ötgan asr 70-yillarining rusumidagi kiyimlarda yurgan kişiday, eski, muammoli adabiyot komidamiz.
Har bir inson könglidagi özi tegişli bölgan millat bilan ğururlaniş hissi qöşilib, qöşilib xalq darajasida milliy ğururga aylanadi. Aynan şu ğurur bizda «modern adabiyot» deyilayotgan, özgaça qaraşlar ifodalanayotgan adabiyotni tan olmayotgandir. Şu sababli uni öqimayotgandir. Biz esa zör berib, «xos adabiyot»ni öqiyolmaydi bular, deb behuda zorlanayotgandirmiz?!

«Söz sanʼati» sözdagi sanʼat emas
Bugun odat tusiga kirgan – har bir yozuvçi, tanqidçi negadir özini millatdan ilgarilab ketgan, deb hisoblaydi. Şu sababli ham öqilmaydigan kitoblarni ular «ilğor adabiyot» sanaydi. Şu örinda bir kiçik savol – şu millat farzandi sifatida biz undan ilgarilab keta olamizmi? Biz millatni adabiyot va sanʼatda qaygadir boşlab boriş qudratiga egamizmi? Albatta, hammamiz özimizni şunga munosib deb öylaymiz, lekin subyektiv fikr har doim xato bölgan. Xalqning didini tan olmayotgan bizlarni balki xalqning özi tan olmayotgani töğridir.
Yangi adabiyotni tuşuniş, öqiş uçun maʼlum tayyorgarlik kerak, deymiz. Umuman, bu dunyoda nimanidir tuşuniş uçun albatta tayyorgarlik zarur. Deylik, men Ğarb dunyoqaraşida şakllangan va tarbiyalangan bölsam, albatta ularga mos adabiyotni tuşunaman. Lekin Şarq ruhida tarbiya topgan, ğarb dunyoqaraşini tuşunmaydigan insonlarni «tuşunmaydigan»lar deyişga va ularni bir poğona pastda körişiga haqqimiz bormi?
Ğarb sanʼatining inqirozi, aynan modernizmdan boşlanganini aytişadi. Biz esa negadir ğarb allaqaçon ötib ketgan yöldan, uning vayronalaridan borişni afzal körmoqdamiz.
Mutaxassislar taʼkidlaşiça, impressionizmning, umuman, Ğarb modernizmining asosida tijorat yotadi. Sanʼat bilan savdo qiluvçi savdogar hali heç kimga nomaʼlum bölgan, heç kim tan olmagan fransuz rassomi Syuzannning barça suratlarini arzon bahoda sotib oladi. Oradan bir yil ötib esa Syuzann maşhur rassomga aylanadi, uning suratlari misli körilmagan baholarda sotila boşlaydi. Bularning barçasi öşa savdogarning tarğiboti hosilasi edi. Oqibatda Syuzannga taqlid qiluvçi, uning izidan boruvçilar köpayadi. Şu tariqa impressionizm yuzaga keladi.
Masalan, men uçun Joysning bitta jumlani 70-80 betgaça çözişi va bu orqali rekord örnatganining qiziği yöq. Şunga urğu beriş orqali «Uliss»ni öqişni tarğib qiliş kitobning qadrini yerga uradi, xolos. Bilamiz-ku, aytadigan bölsa, kitobning öziga xosliklari, ijobiy tomonlari köp.
Demak, xulosa şuki, öşa kitobni boşqalar tuşunmaydi, deb tarğib qilayotganlarning öziyam tuşunmaydi. Umuman, uni tuşuniş kerakmi? Bizning öquvçi şunga majburmi?
Yoki, deylik, Joysning bitta romanni turli uslublarda bitişi, bu bilan Joys har xil uslublarda yoza oladi, deyişlari qiziq. Men yoki siz, qadrli öquvçi, heç bir asarni uning muallifi qançalar aqlli yoki zörligini biliş uçun mutolaa qilmaysiz. Mutolaadan maqsad – köngil ehtiroslari, yurak tölqinlari va nimanidir örganiş. Agar kitob faqat muallifning aqlliligi, donoligini biliş uçun öqiladigan bölsa, uning sariq çaqalik qimmati bölmaydi.
Umuman, «söz sanʼati» deyilganda sözni har usulga solib, uning özidan nimadir yasaş yoki körsatişni tuşuniş kerak emas, çamamda. Söz sanʼati – avvalambor,  söz orqali ruhiyat, kayfiyat, holat va voqeani aniq va tuşunarli ifodalaş.
Balki bugun jahonga çiqolmayotganimizning ham sababi tilni asosiy mezon qilib olayotganimizda-dir… Biz «söz sanʼati» deb asosiy urğuni söz jozibasiga berib, boşqa jihatlarni unutib qöyayapmiz, çamamda. Şu sababli «zör adabiyot» deb çet ellarga taqdim etayotganlarimiz olamşumul natijalarga erişmayotgandir. Axir tarjima jarayonida til jozibasi birinçi öringa qöyilgan adabiyot butkul özligini yöqotadi. Tarjima heç qaçon buni töliq ögirib berolmaydi. Şuning uçun adabiyotga, heç bölmaganda çet ellarga taqdim etilayotganlariga, qöyilayotgan talabni özgartiriş, gözal ğoya, dolzarb fikr va jozibali voqealar bayon etilgan asarlarimizga urğu beriş lozimdir… Bilmadim…
Umuman olganda, biz jahonga çiqişga urinişimiz kerak emas. Aksinça, jahon bizga kelsin. Adabiyotda tartib aslida şunday!
Adabiyot milliy öziga xoslik, milliy ğoya va milliy fikrlaş doirasida qolişi kerak. Axir jahonga yana bitta Joys, yana bitta Kafka yoki Tolstoy kerak emas. Axir biz «jahonga çiqiş» deganda jahon tan olgan adiblarga taqlid qilişni tuşunamiz, negadir…

Dangasalik – boş mezon!
Zamonaviy adabiyotimizdagi yana bir holat haqida söz yuritmay ötolmayman. Bu – sermahsullik masalasi. Nazarimda, adabiy jarayonimizda ğalati bir qaraş şakllanib qolgan: qança kam yozsang, şunçalar «zör» yozuvçisan, qança köp yozsang, demak, umuman yozuvçi emassan! Adabiyot haqida umumiyroq qilib söz aytgan kişi borki, bir karra köp yozayotgan yozuvçilardan şikoyat qilib ötadi. Şusiz bugungi adabiyot töğrisidagi mulohazalar töliq bölmaydi.
Unutamizki, haqiqiy yozuvçi faqat köp yozişi kerak. Umuman, öz kasbining ustasi köp va xöp işlaşi lozim. Agar, bizning hozirgi mezonimiz bilan baholasak, jahon va milliy adabiyotning ölmas vakillaridan katta qismi yöqqa çiqib ketardi. Çunki ular tinimsiz ijod qilgan. Navoiy «Xamsa»ni ikki yilda yaratmaganmi? Bugungi kunimizda bölsa, Hazratni rosa malomat qilarmidik… Adabiyot tarixiga nazar solsak köramizki,  heç bir taniqli yozuvçi, agar erta qazo qilib ketmagan bölsa, kam yozmagan.
Va, agar, yozuvçi qiynalib, azoblanib, ön-ön beş yilda bitta asar bitayotgan bölsa, bilingki, u şunçaki havaskor, xolos, yozuvçi emas. Haqiqiy yozuvçi tinimsiz, muttasil ijod qilişi lozim, va, asosiysi, öz işidan huzurlanişi kerak, qiynalişi emas! Nafaqat adabiyotda, balki har qanday sohada buyuk işlarni, gözal mahsulotlarni öz işidan rohatlanadigan, buni sevadigan insonlar amalga oşiradilar, yaratadilar.
Albatta, yomon asarlarni tanqid qiliş kerak, ayovsiz «döpposlaş» lozim. Lekin har qanday sermahsullik natijasini, hali öqimayoq yomonlaş, asossiz, dalillarsiz tanqid kişini hayratga soladi. Allaqaçon «köp yozişning özi salbiy holat», degan aqidadan voz keçadigan vaqt kelgan. Bunaqa munosabat bilan adabiyotni rivojlantirib bölmaydi.
Kam yozişni tarğib etiş, ikkitadan ortiq roman yozganni mazax qiliş, «Qodiriydan köproq roman yoziş mumkin emas», degan aqidaga amal qilib, ularni turtkilaş bizni millat sifatida tahqirlaydi. Adiblarimiz fransuz, ingliz, rus yozuvçilari kabi önlab romanlar yozişga haqli emasmi? Yoki bizning aqlimiz noqismi? Yo biz özimizni ulardan past olib yurişga mahkummizmi? Yoki xalq köp roman öqişga, köplab asarlari bölişga nomunosibmi?
Buning sababi nimada – tuşunmayman.
Köplab asarlar, romanlar bitayotgan yozuvçilarimizni mayli, qöllamayotgan ekanmiz, heç bölmasa ularning boşiga urib, Qodiriy boboning avtoriteti bilan majaqlab taşlaşga harakat qilmaylik!
Nahotki bugungi «adabiy jarayon» iştirokçilari biz allaqaçon katta va heç kimdan kam bölmagan millatga aylanganimizni, bunday xalqning adabiyoti ham ulkan, rang-barang va öziga xos bölişini tuşunmasalar?  Biz, şunday millatning yozuvçilari, özimizni katta va köplab asarlar bitişga munosibu haqli sanaymiz!
Buyuk adabiy merosdan suv içar ekanmiz, bizning ham bobolarga munosib asarlar bitişga harakat qilişga maʼnaviy haqqimiz bor. Harakatga xalaqit berilmasa, albatta buyuk asarlar ham bitiladi.

Ismoil Şomurodov – 1966-yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanida tuğilgan.
ToşDUning (hozirgi ÖzMU) Jurnalistika fakultetini va Içki işlar vazirligi Akademiyasini tamomlagan.
«Bayroq», «Xazon fasli», «Mağlubiyat», «Odamxör» va «Yoş xotin» nomli kitoblari çop etilgan.

“Yoşlik” jurnali 2014-yil, 6-son

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)