14 daqiqada öqiladi

482 marta körilgan

Adabiyot – hayratlar dunyosi

Nurboy Jabborov

Bu yoruğ olam hayratga limmo-lim. Biroq hayrat tuyğusi odamning xohişiga boğliq emas. Yaratgan Egam hamma bandasiga ham ato etmagan şu tuyğuga meni bolaligimdan oşno etgani uçun köp şukr aytaman. Dastlab nimadan hayratlanganim yodimda yöq. Lekin tonggi şafaqning gözalligini hayrat oğuşida kuzatganman. Uzoqdan köringan qorli toğlar, çöqqilarga hayratlanib boqqanlarim esimda. Yoz keçalarida uyimiz oldidagi supada benihoya yorqin, ilkis tursa odamning boşi tegib ketişi mumkindek tuyulgan yulduzlarga, sutday yoruğ oyga hayrat töla nigohlarimni qadaganim rost…

Otam yigitlik kezlari nom çiqargan çavandoz bölgan. Nainki Qaşqadaryo, qöşni Surxon va hatto Turkmanistonning bizga tutaş viloyatlarida ham Abdulhakim çoboğonni (bizda çavandozni şunday ataşadi) va uning uloqçi otini yaxşi tanişgan. Azaldan özi şunday: zör bölsa, mard bölsa, çoboğonning nafaqat özi, mingan oti ham şuhrat qozongan. Rahmatli bobomning öz oğizlaridan eşitganman, kunlardan birida Turkmanistonning (öşa kezlari örtada çegara bölmagan) Xöjapillos degan joyiga otamning köpkari çopadigan otida borganlar. Bir guzardan ötayotganlarida quloqlariga odamlarning gap-sözlari çalingan: “Ot-ku Abdulhakim çoboğonniki, ustidagi bobo kim ekan-a?!” Çoboğonning otasini tanimagan odamlarning otini tanişi çindan hayratlanarli…

Menga mehri alohida bölgani uçunmi, otajonim bir neça marta otga mingaştirib köpkariga olib borgan. Sanoqsiz otlar suronini, çavandozlarning hayqiriğini, şunça talotöpga qaramay, otajonimning qayta-qayta sovrinni halollab çiqqanini körib, hayratim çandon oşgan…

Onajonim benihoya mehribon, munis, muştipar ayol edi. Otamning roziligi onam uçun hayot mazmuni bölgan. “Otangning hurmatini joyiga qöy!” – biz farzandlar ongu şuuriga onajonimiz ana şu tuyğuni singdirgan. Feʼlida ajabtovur mardlik, ğayrat, şiddat, qatʼiyat uyğunlaşgan otam onamga har doim ham yumşoq munosabatda bölavermagan. Ehtimol, sunʼiy muloyimlikdan tabiiy dağallikni köproq qadrlaganlari uçundir, onajonim nazdida otam çin maʼnoda uluğvorlik timsoli edi. Mehribonlik onajonimga Xudodan ato etilgan bir neʼmat edi. Olti kelindan birortasini ham “sen”lamagani buning isbotidir.

Bir iborani juda köp takrorlar edilar onam: “Döstdan köp duşman”. Men hayratga tuşardim: “Nega? Axir döstlarimiz juda ham köp-ku?! Uyimizga muttasil kelib-ketuvçi qöni-qöşni, qavmu qarindoş, oşnoyu begonalar döst bölmay kim?!” Bu muxtasar iboraning asl mohiyatini keyinçalik angladim… Bir muştipar ayol siyratida şunçalik aqlu zakovat, çöng sabru sadoqat, şu qadar mehru muruvvat mujassam bölgani hayratga sazovordir…

Maktabda öqir ekanman, asosiy yumuşim mutolaa bölgan. Qarindoşlarimizdan bölgan kutubxonaçi mendan bezor edi. Yostiqday romanlarni, katta-katta kitoblarni bir kun, keçi bilan ikki kunda “xatm” qilardim. “Öqib kelyapsanmi yoki öqimay?” – ajablanib söroqqa tutardi mudira. Baribir kitob berişga majbur edi. Menda badiiy asarlarni saralaş imkoni bölmagan. Muallifning ismidan to kitob söngidagi kiçik harfda terilgan muharriri kimu neça adadda bosilgani haqidagi maʼlumotigaça öqib taşlar edim. Könglimga maʼqul tuşgan şeʼrni bir-ikki öqişda yod olardim. Öqiganlarimdan qalbimda iz qoldirgan ayrimlarining nomi hanuz yodimda: “Odam böliş qiyin”, “Toğda ösgan bola”, “Ruhim”, “Yuzma-yuz”… Berilib öqiganimdan, asar voqealarida qahramonlar bilan baravar iştirok etib, ular quvonsa quvonib, iztirob çeksa, iztirob çekardim. Esimda, Safar akam harbiy xizmatdan kelganida, qöşnilarning bolalari suyunçi sörab, şovqin solib uyimizga kirib kelişgan. Mutolaaga şönğib ketganimdan dastlab ularning xuşxabari quloğimga kirganu, qattiq bandligimdan aqlu şuurimga yetib bormagan… Barça baravar soldatni kutib olişga çiqib ketgaç, şuurimda oçilgan darçadan xuşxabar şamolday kirgan, men ham akamning diydoriga yugurganman…

Otam çöponlik qilgani uçun yoz böyi yaylovda qöy boqar edik. Saraton oqşomlari oy sutday yoruğ bölar, çilla issiğida qöylar kunduzi maza qilib ötlay olmas, şu bois tunda qöyni yoyişga çiqar edik. Tungi qöy boqiş “yoyiş” deyilardi. Yaylovda oy şu darajada yoruğ ediki, azbaroyi qiziqişim zörligidan kunduzi öqiy boşlagan kitobimni oy yoruğida davom ettirgan kezlarim bölgan. Çinakam hayratni menga öşa yoz oqşomlari hadya etgan. Menda adabiy-estetik did, badiiy tafakkurni ana şu tinimsiz mutolaa tarbiyalagan bölsa ajab emas.

Saboq

Ilk ustozim otajonim bölgan. Hali maktabga bormasimdanoq qölimga qalam tutqazgan ham, qalam tutgan barmoqlarim ustidan tutib yozişni örgatgan ham – otajonim. Faqat şu tabarruk zot şarofati bilan men maktabga bormasimdanoq savod çiqarganman, öqiş va yozişni töliq egallaganman. Hatto öşa kezlari harbiy xizmatda bölgan Örol akamga xat ham yozganman. Şu bois maktabda eng aʼloçi öquvçi böldim.

Quvvayi hofizam ötkir edi. Har qanday şeʼrni ikki-uç marta öqişda yod olardim. Könglimdagi adabiyotga bölgan muhabbat uçqunlarini olovlantirgan ona tili va adabiyot öqituvçisi Şarif aka Oqnazarov, musiqa muallimimiz Turdiqul aka Obidovlardan bir umr minnatdorman. Maktabda ötkaziladigan bayram tadbirlari asosan Turdiqul aka rahbarligida tayyorlanar edi. U kişi şeʼrni urğulariyu ohangini örniga qöyib, maromiga yetkazib öqir, bizdan ham şuni talab qilardi. Yigirma-öttiz çoğli öquvçi tadbir dasturi böyiça tayyorgarlik körar ekanmiz, men deyarli barça iştirokçilar aytadigan şeʼriy parçalarni yodlab olar edim. Kunlardan birida qaysidir öquvçi adaşib qolganida uning xatosini tuzatib yuborganimni körgan Turdiqul aka şundan keyin kimdir uzrli sabab bilan kelolmasa, unga taqsimlangan şeʼrni ham men aytişimni söraydigan böldi. Men esa, şeʼr öqişdan, şeʼr yod olişdan har doim zavqlanar edim.

1983-yil men uçun omadli keldi – Toşkent davlat universiteti özbek filologiyasi fakultetining talabasi böldim. Öquv yilining avvalidanoq paxta kampaniyasi munosabati bilan fakultetimiz talabalarini Sirdaryoning Oq oltin tumaniga safarbar qilişdi. Paxta teriş yoqimli bölmagani aniq. Dala şaroiti, köhna barak, buning ustiga, oylab universitet auditoriyasidan uzoqda yurişga töğri kelardi. Biroq paxta kampaniyasi biz talabalar hayotidagi eng unutilmas davr bölgani ham haqiqat. Garçi universitetdan yiroqda bölsak ham, öqişdan yiroqda emas edik. Juda köp badiiy, ilmiy kitoblarni Oq oltin tumani dalalarida öqiganimiz bor gap. Bir-birimizdan köçirib yod olganimiz Abdulhamid Çölpon şeʼrlari, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi nazmiy töplamlari, Puşkin, Yesenin kitoblari, Tolstoy, Xeminguey asarlari, Begali Qosimovning sariq muqovali “Izlay-izlay topganim” monografiyasi şular jumlasidandir.

Har oqşom albatta birorta ijodiy tadbir yoki adabiy uçraşuv ötkazilar, bu biz uçun çinakam saboq edi. Ustoz Ozod Şarafiddinov bilan uyuştirilgan turkum suhbatlar bizni özga – yangi bir dunyoga olib kirganini unutib böladimi?! “Şarq yulduzi”, “Yoşlik” jurnallari tahririyatlari, atoqli şoiru adiblar, taniqli olimlar bilan uçraşuvlar orzularimizga qanot boğlagan, ijodning sirli olamiga olib kirgan.

Har holda, universitetga saviyamiz, dunyoqaraşimiz birmunça ösib qaytdik. Darslarga şönğib ketdik. Ustoz Umarali Normatovning hozirgi adabiy jarayonga oid hayajonga töliq maʼruzalari bizda katta taassurot qoldirgan. Alişer Navoiy ijodiga doir darslarni ustoz Begali Qosimovdan tinglaş baxtiga muyassar böldik. Miraziz aka Mirtojiyevning, Mamlakat opa Jöraboyevaning, Mavjuda opa Narimonovaning har bir darsi biz uçun til xazinasi darvozalarini peşma-peş oça borgani hamon yodimda. Ustoz Şarif Yusupovning Furqat hayoti va ijodi haqidagi maxsus kursini tinglagaç, men ilmning nima ekanini, uning zahmatidan halovat topiş qanday bölişini yurakdan his etdim. Furqat ijodi böyiça nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilişimda ana şu maʼruzalardan olgan saboqlarim menga quvvat bağişladi, dasturulamal böldi. 

Fakultetimizda har doim kuçli ijodiy muhit bölgan. Zamonamizning eng maşhur ijodkorlari, olimlari bilan adabiy uçraşuvlar, ijodiy muloqotlar tez-tez uyuştirilardi. Yozuvçilar uyuşmasidagi biror yiğinni ötkazib yubormaslikka intilardik. Bunday uçraşuv va suhbatlardan odatda ruhimiz yettinçi osmonga kötarilib, yangi-yangi orzulardan qanot boğlab çiqardik. Ana şunday uçraşuvlardan biri mening ilmiy istiqbolimni belgilaşda asos – zamin vazifasini ötadi. Bu uçraşuv Özbekiston Fanlar akademiyasi Qölyozmalar institutining akademik Aziz Qayumov boşçiligidagi olimlari bilan ötkazildi. Muloqot davomida eng köp savol bergan talaba özim böldim. Uçraşuvdan qalbim çin maʼnoda bahra oldi: akademik Aziz Qayumov timsolida öz ustozimni topdim.

Şarqona anʼanaga köra, ustoz meni şogirdlikka olişdan avval imtihon qildilar. Qölyozmalarga qiziqişimni eşitgaç, avval nastaʼliqda bitilgan turkiy ğazalni qölimga tutqazdilar – unça qiynalmay öqidim. Forsça biliş-bilmasligimni söradilar. “Örganyapman”, dedim. Forsça ruboiy matnini körsatdilar – qiyinçilik bilan hijjaladim. Tarjima qilişimni buyurdilar – özlarining yordami bilan bir amalladim. Arabiydan xabarim bor-yöqligini söradilar, örgana boşlaganimni aytdim. Öz dastxatlarida yozdilar: “Alimun bilo amal, kasahobun bilo mator”. Yaʼni, “Ilmiga amal qilmagan olim – bamisoli yomğirsiz bulutdir”. Yod bilganim uçun ravon öqib, tezda tarjima qildim. “Qaysi söz “bulut”ni bildiradi”, söradilar ustoz. “Sahob”, dedim. “Matnda “kasohob”ku… deya navbatdagi savolni berdilar. “Ka” – “bamisoli” degani, – javob berdim men. Ustoz meni şogirdlikka qabul qildilar. Nazarimda, bu hikmat mening arabiy bilimimni sinaş barobarida, qanday olim böliş zarurligi haqidagi saboq ham edi. Qançalik eplayotganimni bilmayman-u, lekin ustozning bu saboğiga amal qilişga intilib kelaman…

Xalqimizda nazar topişning şarofati haqida köp gapiriladi. Men ustozlarimning duosini olganim, ularning nazarini topiş baxtiga muyassar bölganim uçun qança şukr aytsam oz. Doktorlik dissertatsiyam himoyasida ustoz Begali Qosimov: “Har qanday dissertatsiyaning ahamiyati birinçi navbatda ilmdagi mavjud fikrlarni, qaraşlarni özgartira olişida namoyon böladi. Nurboy Jabborovning tadqiqoti ana şu jihatdan qimmatli”, deya eʼtirof etdi. Umrining katta qismini Furqat ijodini örganişga bağişlagan Şarif Yusupov domla: “Dissertantning eng katta yutuği şundaki, u özigaça bölgan furqatşunoslarning yarimta ham gapini takrorlamagan, nimaiki aytsa, yangi gap aytgan, salaflaridan bir boş yuqorida turib aytgan”, deb baholadi. Ustoz Abdulla Oripov kitoblaridan birini menga taqdim etar ekan, dastxatida mehrini: “Aytib qöyay, sen adabiyotimiz uçun vaqtida yoqqan yomğirsan!” degan obrazli taşbih orqali izhor etdi. Bir ilm odami uçun bundan ham ortiq eʼtirof bölmas. Bir olimning tole yulduzi çaraqlagani şunçalik bölar. Ustozlarning mehrini mujassam etgan bu sözlarni yodga olganimda, tölqinlanib ketaman. Şunga munosib bölişga intilaman.

Jamiyat oynasi

Matbuot – jamiyat, millat hayotining oynasi. Millatning husnu malohati ham, qabohati ham ana şu oynada aks etadi. Muayyan millatning darajasi uning matbuoti mavqeidan baland böla olmaydi. Matbuotning saviyasi, öz navbatida, millatning saviyasini belgilaydi. Şu bois özini hurmat qilgan millat matbuoti rivojiga bor imkoniyatini safarbar etadi. Umrimning muayyan qismini matbuotga boğlagan odam sifatida buni yaqqol his etaman…

Jurnalistik faoliyatimni dastlab Oliy sud naşri bölgan “Kuç – adolatda” gazetasida boşladim. Arxivlardan qatağon yillari qurbonlariga aylangan juda köp oddiy odamlar qismatiga doir haqiqatlarni aniqlab, ular asosida “Qatağon yilnomasi” ruknida turkum maqolalar eʼlon qildim. Ana şu asnoda uluğ Sohibqironning hayotiy aʼmoli bölgan “Kuç – adolatda” şiorining mohiyatini qalbdan his etdim.

Meni yangi taʼsis etilgan “Fidokor” gazetasiga maʼnaviyat bölimi mudiri sifatida işga taklif etişdi. Holbuki, öşa kezlari Özbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti doktorantiman. Azbaroyi qiziqişim zörligidan, qolaversa, doktorantning stipendiyasi bilan oila tebratiş qiyinroq bölgani bois tahririyatning bu taklifini mamnuniyat bilan qabul qildim. Çinakam uyqusiz tunlar boşlandi. Ğoyalar menga tinçlik bermaydi, tuni böyi maşinka çiqillatib çiqaman. Gazetaning bir sonida beş-olti xil imzoda şunça materialim çop etiladi. Millatimizning eng yetuk ijodkorlari, olimlari bilan suhbatlar eʼlon qildim. Özbekiston Qahramoni, adabiyotşunos olim Ozod Şarafiddinov, Özbekiston Qahramoni, xalq yozuvçisi Said Ahmad, Özbekiston Qahramoni, xalq şoiri Abdulla Oripov, Özbekiston xalq şoiri Xurşid Davron, akademiklar Törabek Dolimov, Neʼmatulla Ibrohimov, Muzaffar Xayrullayev, professorlar Abduqodir Hayitmetov, Begali Qosimov, Şarif Yusupov, Naim Karimov, Aşraf Ahmedov, Saʼdulla Otamurodov… Oliy Majlis deputatlari, siyosatşunoslar, faylasuflar… Zamonamizning eng dolzarb muammolari xususidagi bu suhbatlar men uçun çinakam maktab vazifasini ötadi. Suhbatlaşganim bu uluğ siymolardan juda köp narsa örgandim. Ulardagi havas qilganim fazilatlarni özimda tarbiyalaşga harakat qildim. Fikrim ötkirlaşa, qalamim çarxlana bordi… 2002-yili ana şu jurnalistik faoliyatim yuksak darajada eʼtirof etildi. Muhtaram Yurtboşimiz farmoniga köra “Şuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu eʼtirof meni yanada faol bölişga undadi.

2003-yili meni “Özbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasiga işga taklif qilişdi. Öşa kezlari men – Milliy universitet dotsenti – adabiyot ahlining ana şu yuksak minbarida dastlab bölim mudiri, keyin boş muharrir örinbosari sifatida faoliyat olib bordim. Yozuvçilar uyuşmasining naşri hisoblangan bu gazetadagi faoliyatim meni uyuşmaning öşa paytdagi rahbari ustoz Abdulla Oripov bilan yaqinlaştirdi. Abdulla akaning maqolalarini gazetaga tayyorlaş jarayonida bu uluğ ijodkorning sözga masʼuliyati neçoğlik yuksak ekanini körib, töğrisi, hayratlanganman. Gazetaning 2004-yil avgust sonlaridan birida ustozning “Ertangi kun işonçi” sarlavhali maqolasi bosildi. Maqolani oyning örtalarida topşirgan bölsalar, qariyb ikki hafta davomida ustoz har kuni muntazam ravişda bir neça marta qönğiroq qilib, qaysi sahifaga tahrir kiritgan bölsalar, sözma-söz aytib turadilar – men bu tuzatişlarni matnga kiritaman. Maqola gazetada bosilişidan bir kun avval ustoz tahririyatga keldilar. Abdulla aka, boş muharririmiz Ahmadjon aka Meliboyev va kamina birga ötirib, yana maqola tahriri ustida işladik. Ikkala ustoz öz tahrirlarini kiritgaç, mening fikrim bilan ham qiziqişdi. Tortinib-qimtinib baʼzi fikrlarni aytdim – ustoz mamnuniyat bilan qabul qildilar. Maqola söngidan mana bu törtlik ham örin olgan edi:

Darveş umr böyi çekib ğam, zahmat,

Dunyoda haqiqat axtardi faqat.

Bir kun örab dedi uni xaloyiq:

Haqiqat özing-ku, özing haqiqat!

Dastlabki variantda törtlikdagi “xaloyiq” sözi örnida “olomon” sözi qöllangan edi. Ming bir istihola bilan: “Olomon” sözida salbiy ohang bor. Aslida darveşning özi haqiqat ekanini anglagan toifani “olomon”dan köra “xaloyiq” deyilsa, afzal bölmasmikan?!” – deya fikr bildirdim. Şu payt ustoz: “E, “xaloyiq” qilib özgartir, judayam töğri!” – dedilar mamnuniyat bilan. Şu tarzda tahrir qilindi. Ustozni kuzatib qöydik. Keçki payt telefon jiringladi. “Labbay!” deya göşakni olsam, ustozning ovozlari: – Nurboy, ötgan barça uluğ ustozlarim va özim nomimdan “olomon”ni “xaloyiq”qa aylantirganing uçun senga ming bor taşakkur, – dedilar samimiyat va mehr bilan. Zamonamizning şunday uluğ ijodkori yoş bir muxlisining fikriga şu qadar eʼtibor bilan qaraşi, badiiy sözga bölgan yuksak talabçanligi meni hayratda qoldirdi. Sözni qay darajada qadrlaş, eʼzozlaş zarurligi haqidagi bu saboq çinakam ijodkorlik örnini yaltiroq sözbozlik egallayotgan bugungi kunda naqadar ahamiyatli ekani izoh talab qilmaydi.       

Avlod tarbiyasi – millat tarbiyasi

Millatparvar alloma Abdurauf Fitratning bu sözlari barça zamonlarga tegişlidir. Men faqat savodnigina emas, hayot darsini, adabiyot darsini ham dastlab otajonimdan örgandim. Tarbiya borasida otam menga çinakam ibratdir. “Halolning boşi qilday bölsa ham, tomiri toğday böladi. Şuning uçun u yengilmasdir. Haromning esa, boşi toğday bölsa ham, tomiri qilday böladi. Garçi vahimali körinsa ham, istalgan fursatda tomiri “çirt” etib uzilib ketişi heç gap emas”. Betakror taşbihlar vositasida otam köp takrorlaydigan bu obrazli hikmat mudom peşonamda çaraqlab turadi. Hayot yölimda mezonni töğri olişga undaydi. Öz navbatida, men ham bu ögitni bolalarim qalbiga, şuuriga singdirib kelaman.

Adabiyotşunos uçun uning ilmiy asarlari mohiyatini oiladagilar tuşuna olişi – Tangri taoloning inoyati. Oilam bekasi Şahloxon bilan kursdoş bölganmiz. Universitetni bitirganimizdan beri maktabda, bir qança yillardan buyon kollejda ona tili va adabiyotdan dars berib keladi. Nimaiki yozmay, birinçi tinglovçi, öquvçi, baho beruvçi – u. Yoningda şunday hamfikr, hammaslak  insonning bölişi baxt, deb bilaman.

Katta öğlim Sirojiddin iqtisod sohasini tanladi. Mayli, oilada hamma söz bilan şuğullanmasdan, iqtisodni öylaydigan odam ham bölişi kerak-ku, deb qarşilik qilmadim. Ayni kezda magistraturada tahsil olyapti. Garçi iqtisodiyot sohasini tanlagan bölsa-da, adabiyotga ham mehri zör.

Men özbekning qönğirot uruğiga mansubman. “Alpomiş” dostonida Hakimbekning xonjiğali beklaridan ekani aytiladi. Qönğirotning ana şu – xonjiğali tarmoğidan, Alpomiş boboning tus nevarasiman. Şuning uçun ikkinçi farzandim qiz tuğilganda, ism tanlaşda öylab ham ötirmaganman. “Qönğirotning qizi Oybarçin böladi-da”, deganman. Oybarçin qizim ota kasbini tanladi, navoiyşunos bölmoqçi. “Şarq yulduzi”, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti” singari jurnallarda, “Özbekiston adabiyoti va sanʼati”da maqolalari çop etildi – quvonçim içimga siğmadi. “Badiiy til va tasvir” degan möjaz kitobçasi çiqdi – behad sevindim. Joriy 2014-yili hazrat Alişer Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori böldi – şodligim daryoday toşdi. Farzandingning yutuği özingnikidan ham totli bölar ekan. Tengini topib uzatdim – iloyo baxtli bölsin! Uning timsolida adabiyotşunosligimiz noyob bir isteʼdod bilan boyişidan umidvorman.

Ikkinçi öğlim Jaloliddin ham filolog bölişni ixtiyor qildi – eʼtiroz bildirmadim. Faqat dunyoga çiqadigan filolog bölişini maslahat berdim. U Toşkent davlat şarqşunoslik instituti xitoyşunoslik fakulteti ikkinçi kursida tahsil olyapti. Kitob – jonu dili, mutolaa – eng sevimli maşğuloti. Şarqşunoslik instituti qoşidagi akademik litseyda öqib yurgan kezlari xitoylik bir mehmon kelajak rejasi haqida söraganida u şunday javob bergan: “Sizlarda Konfutsiy bor, bizda esa Alişer Navoiy. Men kelajakda şu uluğ bobomning asarlarini xitoy tiliga tarjima qilmoqçiman”. “Ö, ofarin, niyatingga yet”, degan ekan xitoylik mehmon. U hozir xitoy tilini mukammal örganişga butun vujudi bilan kirişgan. Men ham uning ana şu uluğ niyatiga yetişini tilayman.

Jajji qizim Muslimabonu 5-sinf öquvçisi. Har kuni qaysi fanlardan neçta “aʼlo” baho olgani haqida hisobot berişdan çarçamaydi. Uning ham kelajagidan umidim katta.

Hazrat Navoiy ota-onani uluğlar ekan, avlodlarga qarata: “Tun-kunungga aylagali nurpoş, Birisin oy angla, birisin quyoş”, deya ögit bergan edi. Zohiran farzandlarga qaratilgan bölsa-da, bu hikmat zamirida ota-onaning burçi, masʼuliyati ham obrazli ifodalangan. Yaʼni ota-ona oy va quyoş yangliğ farzandlar şuurini, hayot yölini yoritib turişi kerak, degan teran mohiyat yaşirin bu satrlar zamirida. Hayotim boriça, baholi qudrat, şunga intilib kelaman. Zero, avlodlar orasidan munavvar siymolarning yetişib çiqişi – Vatanning, millatning baxti. Farzandlari maʼrifatli millatning istiqboli, şubhasiz, nurli böladi.

Nurboy JABBOROV

1966-yilda Dehqonobod tumanida tuğilgan. Toşkent Davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet) özbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan.

Bir qança tarixiy, adabiy asarlarni qölyozma manbalar asosida tadqiq qilgan, ilmiy izohlar, luğat va körsatkiçlar bilan naşr ettirgan. “Maʼrifat nadir” kitobi muallifi,  “Milliy uyğoniş davri özbek adabiyoti” darsligining hammuallifi, respublika matbuotida 400 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari, şu jumladan 20 ga yaqini Xitoy, Turkiya va Qozoğistonda çop etilgan. Filologiya fanlari doktori, professor. Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.

“Yoşlik” jurnali, 2014-yil 12-son

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Oldingi
Keyingi

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)