Shom va tong orasida

0
34
marta ko‘rilgan.

(Qissa)

Oldi-qochdi gaplar orasida O‘ktamning qulog‘iga allaqanday zaif chaqiriq eshitildi. Kechaning bir mahalida kimningdir chaqirib kelishi noodatiy hol edi. Shu bois uning ko‘nglini shubha egalladi. O‘ktam rostdan ham kimdir keldimi yo yo‘q, deb tashqariga chiqdi. Fonus yorug‘ida mo‘ralab, ostonadan sal narida eshagining jilovidan tutib turgan kimsani ko‘rdi. So‘ng o‘sha tomonga borar ekan, avvaliga uni tanimadi. Keyin mehmonni tusmollab:

– Qodir akani ulimisan?! – dedi.

– Ha, O‘ktam aka, Shoberdiman! – dedi boyagi yigit atrofga alanglab. 

– Tinchlikma? Nima gap?

– Tinchlik desayam bo‘ladi. Bugun Inkabodga ko‘pkariga boribedik. Otimizdi oyog‘iga bir nima bo‘ganga o‘xshaydi. Oqsayapti, – dedi Shoberdi allanechuk yasama ohangda. – Bobom uyda bo‘sa, otdi ko‘rib berama, deb kebedim.

– Bobo-ku uyda, – dedi O‘ktam nimanidir sezganday ehtiyotkorlik bilan. – Gertak1 mazasi yo‘qday. O‘zim borib ko‘rsam bo‘lmaydima?!

Bu gapni kutmagan Shoberdi ne qilishini bilmay, bir zum ikkilanib qoldi va:

– Otamga aytib ko‘ray, mayli, desa, ertalab kelaman, – dedi-yu ortiga qaytdi.

U ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha O‘ktam Shoberdini kuzatib turdi. Keyin tezda uyga qaytib kirdi. U ostona hatlashi bilan uzoqdan hushtak chalindi. Bu Toshqul sho‘roning ogohlantiruvchi tovushi edi. Sho‘ro ehtiyotsizlik qilibmi yoki rejasi amalga oshishiga ishonibmi, bemalol hushtak chalib hamtavoqlarga ishora bergandi. Endi nima bo‘layotganiga aqli yetgan O‘ktam:

– Uying kuygurlar otamdi olib ketishga kebdi, – dedi o‘pkasi toshib.

Bundan xabar topgan ayollar dodlab yubordi. Qobil aka ularni tinchlantirib, derazani ochdi va O‘ktamga:

– Sen tomdi ustiga chig‘ib, yot. Nima bo‘lsayam, kim qanday gap aytsayam joyingdan turma! Bilding-ma?! Sen, – dedi Shodiyorga yuzlanib, – derazadan tashqariga chig‘ib, O‘ktamdi oyog‘idan ko‘tarib yubor. So‘ng o‘zing to‘g‘ayga qarab chop. Toshquldi “kuchuk”lari chalg‘isin. Ular tutib olib, nimaga qochding, desa, “O‘ktamdi senlarga ushlab beraman, deb orqasida quvdim. Qochib ketdi”, deysan. Boboni so‘rasa – Sho‘rchiga ketgan.

Bu vaqtda Toshqul sho‘ro to‘rt nafar qizil askar bilan uyning chor tarafidan kelardi. O‘ktam tomga chiqib pusib oldi. Shodiyor jon boricha duch kelgan tarafga yugurib ketdi. Ikki nafar askar uning ketidan tushdi. Boshqalari Toshqul sho‘roga qo‘shilib uyga bostirib kirdi.

– Gde, babay?! Gde?! – derdi sho‘ro ovozining boricha o‘shqirib.

– O‘zingizdi bosing, Toshqulboy, – dedi Qobil aka imkon qadar bosiqlik ila. – Boboni bizam kutayapiz. Ertalab ulini daraklab Sho‘rchiga ketganidan beri qaytib kemadi.

– Aldama! Hozir O‘ktam uyda, mazasi yo‘q, deb aytdi!

– Yo, ukkag‘ar-yey, – dedi Qobil aka astoydil kuyunib va tog‘avachchasining shunday deganiga rostdan ham ishonmay. – O‘ktam bekarga derazadan chig‘ib qochmagan ekan-da?! Eshikdan kirib, teshikdan chig‘ib ketganiga nima bo‘ldiyakan deb orqasidan Shodiyordi jo‘natdik…

Bu gapdan Toshqulning battar fig‘oni chiqdi va qizil askarlar bilan uyni ag‘ar-to‘ntar qilib yuborishdi. Ular duch kelgan narsani har tomonga sochar, izlaganini topolmayotganday tag‘in ko‘rpa-to‘shaklarni u yoqdan-bu yoqqa uloqtirardi. Ularning ko‘rsatayotgan hunaridan qo‘rqib ketgan ayollar bir-birlarining pinjiga suqilib yig‘lar, Elmurod esa Qobil akaning butidan mahkam quchib, choponi orasiga yashirinib olgan edi. Toshqul sho‘ro tinimsiz axtarinar va to‘satdan uy egalariga qarab o‘shqirib qolardi. Bir mahal sho‘ro ular boya o‘tirgan xona bilan eshigi bitta bo‘lgan kichik xonadagi sandalni tepib o‘tdi. Cho‘g‘ to‘la o‘choqqa tushgan ko‘rpacha tutay boshladi. Buni ko‘rgan Qobil aka Elmurodni onasining yoniga tashlab, o‘sha tomonga qarab yugurdi. Uning ortidan chiqqan Oydin ko‘zadagi suvni olib chiqdi.

Qobil aka suvni lovullab turgan cho‘g‘ ustiga sepib yuborgan edi, xonani tutun aralash ko‘tarilgan bug‘ qopladi. Shu payt eshik ochilib, uyga kimlardir kirib keldi. Ular xonadagi tutundan qo‘rqib ketdi, shekilli, ostonada turib qoldi. Ularni tanib-tanimay turgan Maryam momo:

– Bolam! O‘ktamjo-on! – dedi uni tutib olishgan, degan o‘yga borib.

Bu Qobil aka o‘ylagan hiylaning yanada ishonarli chiqishiga sabab bo‘lmoqda edi. Shu bois Qobil aka qizil askarlar qurshovida turgan Shodiyorni tanigan bo‘lsa-da:

– O‘ktam! – dedi.

Qobil akaning chaqirig‘idan keyin hushyor tortgan Shodiyor:

– Men Shodiyorman, aka, O‘ktam qochdi. Bilmayman, qayerga ketdi, lekin to‘g‘ay oralab jo‘q bo‘ldi, – dedi tez-tez, ammo hamma eshitsin deganday baland ovozda. So‘ng sarosimaga tushib qolganini yashirmadi. – Nima bo‘lyapti o‘zi? Uy nimaga tutyapti?

Bu gaplarni jim eshitib mushohada qilib turgan Toshqul sho‘ro O‘ktamning qochib ketganiga va eng muhimi, Tangriqul boboning uyda yo‘qligiga ishonch hosil qilib, battar tutaqdi. U endi butun uyni qaytadan ag‘dar-to‘ntar qilib chiqdi. Oydinning ro‘parasida to‘xtab huv o‘shanda, ko‘l bo‘yida unga yeb qo‘yguday bo‘lib qaragani kabi hirs bilan tikildi. So‘ng, hali bu ko‘rguliklar ham senga kam, deganday, boyagi ko‘zani urib sindirdi. Toshquldan bir lahza ham nigohini uzmay kuzatayotgan Qobil aka uning Oydinga qarab qolganidan g‘azabi qo‘zidi. Ammo noiloj qo‘lini musht qilib jim turardi. Agar Toshqul yana bir soniya o‘rnidan jilmay Oydinga qarab turaverganida Qobil aka uning jag‘iga musht tushirishi tayin edi. Toshqul buni sezganday yon-atrofda sochilib yotgan kitoblardan birini qo‘lga oldi. Bu kitoblar eski alifboda yozilgan bo‘lib, Navoiy, Bobur, So‘fi Olloyor kabi allomalarning asarlari va o‘sha kuni Tangriqul bobo o‘qib o‘tirgan Ahmad Yassaviy kitobi edi. U tag‘in uyning narigi burchida turgan kichik sandiqni ochib qaradi. Bu yerda ham bir-biridan nodir qo‘lyozma kitoblar taxlanib turgandi. Ularni ham bir-bir ko‘zdan kechirgach, yonidagi askarga:

– Bularni yig‘ishtirib ol. Idoraga olib boramiz, – dedi sochilib yotgan kitoblarga ishora qilib.

Bu vaqtda O‘ktam loysuvoq tom ustida yerga bag‘rini berib yotgandi. U qulog‘ini ding qilib, uydagi holat qanday ekaniga qiziqar, hammasidan ham yomoni tezda tobi qochadigan onasining sog‘ligini o‘ylar edi. U bu yerga chiqqanida terlab ketgan va hansirab zo‘rg‘a nafas olayotgan bo‘lsa, endi o‘zini ancha o‘nglagandi. Tag‘in terlagan badani birdan yaxlab, sovuqdan qaltiray boshladi. Bunday yotishga ortiq bardoshi yetmasligini bilgan O‘ktam boshini ko‘tarib atrofga alangladi. Shu payt eshikdan chiqqan qizil askarning bosh kiyimi ko‘zga tashlandi. U shosha-pisha berkindi. Tashqarida turganlar o‘zaro kengashdi. So‘ng har tomonga qarab yoyilib ketdi.

– Sho‘ytib, O‘ktamdi qayerga ketganini bilmaysiz?! – baland ovozda so‘radi askarlarni jo‘natib, o‘zi uyda qolgan Toshqul sho‘ro kinoya bilan.

O‘ktam ularni allaqachon ketib bo‘ldi, deb tomdan tushmoqchi edi. Bu tovushni eshitgach, o‘rniga qaytib yotdi va alam bilan tufladi. Shu payt Toshqul sho‘ro bilan Qobil aka hamon ochiq turgan eshikdan tashqariladi. Ular bir muddat jim turib qolishdi. Toshqul sho‘ro qo‘lidagi tayog‘i bilan etigiga tinimsiz urib, asabni buzadigan tovush chiqarardi. Qobil aka esa qo‘llarini dam orqasiga, dam oldiga bog‘lab toqatsizlanardi. Nihoyat, Toshqul sho‘ro tilga kirdi:

– Qobil aka, o‘ylab ko‘ring, boboy chini bilan Sho‘rchiga ketganma?!

– Bulardi hammasi, – dedi u uyni qo‘li bilan ko‘rsatib, – sizlar kelishdan avvalam Sho‘rchida deb aytib o‘tirgandi. Yana bilmadim.

– Mabodo uni Sho‘rchidan topolmasam, boboydi joyiga siz ketasiz, shuni bilasizma? – dedi sho‘ro gapini dona-dona qilib.

– Bilmay o‘libmanmi, Toshqulboy?! Bizdayam, bola-chaqa bor. Ag‘ayin bo‘sa, o‘z yo‘liga. Har kim go‘rga yakka kiradi…

Bu so‘zlarni aytish Qobil akaga qanchalik og‘ir bo‘lmasin, u yuz-ko‘zini o‘zgartirmay sho‘roga tik qaradi. Toshqul sho‘ro bir zum o‘ylanib turdi-da, kelgan tomoniga qaytib, qorong‘ilikka singib ketdi.

 

* * *

Qobil aka tag‘in uy to‘rida chordona qurib o‘tirar, uning o‘ng tomoniga Shodiyor cho‘kkan, O‘ktam esa hamon sovuqdan qaltirab, burchakda ko‘rpa yopinib olgandi. Maryam momoning tobi qochgan, rangi oqarib yotardi. Uning ikki yonida Zarifa momo bilan kelini Oydin og‘ir-og‘ir nafas olayotgan kampirga diqqat bilan qarab turgandi. Elmurod esa onasining tizzasiga bosh qo‘yib, xonadagi umumiy sukutga jo‘r bo‘lmoqda edi. Bu sukutdan barcha birday toliqqan, boz ustiga tun yarimdan og‘ib, hammani uyqu elitmoqda edi. Bir zamon Maryam momo ko‘zini ochib, atrofga alanglab qaradi. So‘ng kelinini imlab qoshiga chaqirdi. Oydin o‘tirgan joyida engashib, momoga qulog‘ini tutdi va boshini ko‘tarib Qobil akaga qaradi-da:

– Aka, narigi xonaga joy tashlab beray, – dedi.

– Yo‘q! Hozir uyquning mavridimas, – dedi u.

Keyin nimadir yodiga tushib, tashqariga chiqib ketdi. Bir muddat o‘tib xonaga qaytib kelgan Qobil aka:

– Qor boshlabdi, – dedi xushxabar yetkazayotgan kishiday mamnun. – Bu yaxshi! Izlardi ko‘mib… Shodiyor, bir tashqarilab ke, – dedi tag‘in nimadandir shubhalanib. – Uydi aylanib tur, o‘zim chaqiraman.

Shodiyor ostonaga qarab yurish barobarida qo‘lini qulog‘iga karnay qilib, ko‘z-quloq bo‘lib turaymi, deganday bosh silkidi. Qobil aka uning farosatidan quvondi. Ha, deb bosh chayqab ko‘zlarini baravar yumdi. Shodiyor chiqib ketgach bir muddat o‘tib Qobil aka gapida davom etdi:

– Qor izdi jo‘g‘atadi… O‘ktam, kelin bilan ikkoving zarur narsalardi olinglar. Ketmasanglar bo‘maydi! Bugundan qolmaslik kerak. Tog‘amga o‘zim xabar qilaman, – dedi u Tangriqul boboni nazarda tutib.  – U Boymoqli tomondan yurib Xo‘jamulkiga keladi, – Qobil aka bir zum tin olib, og‘ir xo‘rsindi. Keyin bu ishlarning barchasiga o‘zi aybdorday boshini xam qildi.

– Hech kim shu sovuqda daryodan o‘tib ketdi, deb o‘ylamaydi… kechuvgacha bildirmay yetib olsak bo‘ldi. Hozir daryo dog‘ tashlagan, eshakdan tushmay bemalol o‘tib ketsa bo‘ladi.

– Aka, enam shu ahvolda, – dedi O‘ktam Qobil akaning fikriga qo‘shilishni ham, qo‘shilmasligini ham bilmay.

– Chechamga bolalardi omonligi kerak, a? – dedi u Maryam momoga ma’noli qarab.

– Chin, chin. Menga baloyam urgani yo‘q. Qayerga bor, desang, qancha jur, desang ketaberaman. Shuginani joni omon bo‘sa bo‘ldi, – dedi nabirasining boshini silab.

 

Tong chog‘i Qobil aka bilan Shodiyor kechuvga boradigan yo‘lning ikki tarafini kuzatib bormoqdaydi. Ularning ortidan ko‘ch-ko‘ron ortilgan ulovlardan birida Maryam momo, ikkinchisida esa Oydin o‘g‘li bilan ergashgan edi. Eshaklar yukning og‘irligidan ovozsiz qadam tashlar, izma-iz ketayotgan O‘ktam ham oyog‘ini omonat bosardi. Nihoyat, ular daryoning keng, ammo sayoz oqadigan joyiga yetib kelishdi. Bu vaqtda qish kelmasdan burun yog‘a boshlagan qor butun dunyoni oppoq rangga bo‘yab ulgurgan edi. Faqat suv o‘z tusini yo‘qotmagan, uning yuzasidan chiqayotgan hovur va shaldiroq ovoz hayot haqida qo‘shiq kuylayotganday edi. Ular sohilga shu kuyni tinglash uchun yig‘ilganday bir muddat sukutga cho‘kdi. So‘ng navbatma-nav­bat bir-birlarini bag‘irlariga bosib xo‘shlasha boshlashdi. Qobil aka Oydinga ro‘para kelar ekan:

– Kelin, diydor qiyomatga qolmaydi! O‘zim sizlardi izlab topaman, – dedi va Elmurodga yuzlandi:

– Elmurodboy! Siz endi katta jigit bo‘lib qoldingiz. Polvon bolalar hech narsadan qo‘rqmaydi, – deb Qobil aka bir dam o‘yga toldi. So‘ng: – Bobotovdan qarasang ena daryo yaltirab ko‘rinadi. Huv, Boysuntovning anavi cho‘qqisini mo‘ljal olib daryoga qara. Uylaring shuning ro‘parasida! Esingdan chiqmaydiya?! – dedi.

Elmurod, yo‘q, deganday boshini sarak-sarak qildi. Qobil aka uni bag‘riga qattiq bosdi. Oydin esa jimgina olisdagi qishloqqa qaradi. Ko‘z oldida baxtli damlari keldi. U o‘g‘li tug‘ilganida Mengziyoning qanchalar quvonganini esladi. Keyin ko‘z oldida Toshqul paydo bo‘ldi. O‘sha kuni Mengziyoni olib ketayotganda va kecha uyiga kirib to‘s-to‘palon qilgan sho‘roning g‘azabnok basharasini eslab: “Yeryutgur Toshqul. Senga ham Xudoning aytgani bordir”, dedi.

Bu vaqtda O‘ktam chorig‘ini yechib, onasi o‘tirgan ulovning jilovidan yetaklab, suv kechgan edi. Ularning ortidan Oydin eshagiga xila berdi. O‘ktamning tizzasiga urib oqayotgan suv havodan iliq bo‘lgani uchun oyog‘iga sovuq bilinmas, lekin tizzadan balandi daryoning izg‘irin shamolida qaltirardi. Eshaklar ham tayrinib ketmaslik uchun avaylab qadam tashlar, suvga tekkan xurjun og‘irlashib, yurishi sustlashdi. Ular daryoning o‘rtasiga borganda O‘ktam bir qalqib, belga uradigan chuqurga tushib ketdi. Maryam momo ulovning yolidan mahkam tutib: “Bolam!” dedi. O‘ktam tezda o‘zini o‘nglab, chuqurdan chiqib oldi. Qirg‘oqda hamon ularni kuzatib turgan qondoshlari: “Voh!” deb yuborishdi. Hammasi joyida ekanini ko‘rishgach esa, daryoning yuqori qismidan yur, deb ishora qila boshladi. O‘ktam goh chap, goh o‘ng tomondan yo‘l axtarib, tekis joyni topdi. So‘ng jonivorlarning suvda uzoq vaqt turib qolishi yaxshilik emasligini bilib, yo‘l davomini tekshirmay ularni yetaklay ketdi. Narigi qirg‘oqqa yetib olishganida O‘ktam sovuqdan ko‘karib ketgan, suv tekkan libosi esa allaqachon muzlab qotib qolgan edi. Uzun quloq jonivorlar ham sovuqdan dirdirardi. O‘ktam jon boricha tezlashib, ust-boshini alishtirdi.  Sovuqni yengish uchun tez-tez qadam tashlab, manzil tomon yo‘l boshladi. Ular qishloqdan olislab borgani sari yuragi orqaga tortar, yana bir bora o‘zlari tug‘ilib o‘sgan qishloqni ko‘rgisi kelardi. Ammo Maryam momo orqaga qaramaslikni bot-bot uqtirardi. Oydin ham, O‘ktam ham ortga ko‘z tashlasa, qandaydir musibat ro‘y berishi mumkin ekan, deb o‘yladi. Ammo momodan bu haqida so‘rashning mavridi emasdi.

 

* * *

Ularning eson-omon o‘tib olganini ko‘rgan Qobil aka bilan Shodiyor og‘ir xo‘rsindi. Keyin kelgan yo‘llari bu yoqda qolib, boshqa tomondan qishloqqa qarab yurdi. Shodiyor anchagacha hamrohining yonida so‘zsiz ketdi. Ammo uning ichi qizib bormoqdaydi. U zo‘r berib qondosh­larining keyingi taqdiri va hozirgi qilgan ishlari qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi yo yo‘qligi haqida o‘ylanib borardi. Ammo Qobil akaning kayfiyatiga qarab og‘iz ocholmas, uning o‘zi bu haqda gap boshlashini intiq kutardi. Lekin Qobil aka hamon vazminlik ila qor kechib, yon atrofni kuzatib ketardi. Oxiri Shodiyor chiday olmadi va:

– Bu yil qor erta tushdimi? – deb o‘smoqchilab gap boshladi.

– Ha, qishdi qahri qattiq bo‘ladiganday, – dedi Qobil aka ma’noli qilib.

– Shu-shu… Bu sovuqda xolam… mazasi yo‘q edi, – dedi u Maryam momoni o‘ylab.

– Yaratgandi karami keng! Yaxshilarga yo‘liqsin, iloyim!

Qobil aka bu so‘zlar bilan, aslida, o‘ziga ham tasalli bermoqda edi. U ham qondoshlari haqida qayg‘urib, yuragi siqilib, ortiq bu haqida so‘zlagisi kelmadi. Tag‘in kechadan buyon rejalashtirgan ishlarini davom ettirish uchun Shodiyorga yuzlandi:

– Sen tez uylaringga bor-da, akangga ayt, Termizga – Tangriqul tog‘amdi izlab yo‘lga chiqsin. Bor gapdi tushuntirib aytsin. Biz borsak, ishimizdi misi chig‘adi. Seni Toshqul tergov qilsa, shu kechani o‘zida uyga qaytib keganman, hech narsa bilmayman, deb turaber. Meni so‘rasa, bilmayman, bir o‘zim qaytdim, degin.

– Unday desam, sizdi… – dedi Shodiyor chin dildan hamrohini o‘ylab.

O‘zicha reja pishitgan Qobil aka:

– Shunday deb aytaber, qoganini o‘zim boplayman, – dedi. Keyin bunday ishlarga Shodiyorning bardoshi yetishiga ishonmay:

– Tilingdan chayonga chaqtirsayam, o‘tirik gapdan qaytma, – dedi. Shodiyor rostdan ham kishi bilmas azobga duchor bo‘ladiganday ranggi quv uchdi. Ammo qo‘rquvni bildirmaslik uchun hiringlab kuldi va:

– Tilimdi kesib tashlasayam aldayberaman, – dedi. 

Ular kelgusi rejalarini kelishib olgach, ikki tomonga qarab ketdi. Shodiyor betartib o‘sgan pattazor yoqalab uylari tomon, Qobil aka esa boshqalarda daryoga ters tomondan kelayotganday taassurot qoldirish uchun qishloq tepasiga qarab yo‘l tortdi. Qobil aka ovul uylarni aylanib, tepaliklar tomondan uyiga qarab kelar ekan, o‘zidan sal narida kecha O‘ktamni chaqirib kelgan Shoberdini ko‘rdi. U behuda yurmaganini, bil’aks Toshqul sho‘roning topshirig‘i bilan poyloqchilik qilishga chiqqanini angladi. Qobil aka Shoberdiga qorasini ko‘rsatmay shu yerdan burilib, uyiga narigi tomondan ketmoqchi bo‘ldiyu ulgurmadi. Qobil aka noiloj yo‘lida davom etib Shoberdining yoniga bordi.

– Tong saharlab buyoqlarda adashib yuribsan? – dedi Qobil aka uning ko‘ziga tik qarab.

– Qor bemavrid tushdi, qushlar ko‘payib qolgan bo‘lsa kerak, deb ovga chiqibedim, – dedi u qo‘lidagi palaxmonni ko‘rsatib.

– Menam ov dardida huv qirgacha borib keldim, – dedi Qobil aka. – Bittayam qush yo‘q. Bunday paytda kaklik, chil degani serob bo‘lardi.

– Chin aytasiz. Hech balo yo‘q.

Qobil aka yo‘lida davom etib uyi tomon ketdi. Shoberdi esa sir bergisi kelmay qishloqdan olisladi. U Qobil akani Boysun yo‘lida ko‘rganini aytib sho‘rodan suyunchi olish uchun shoshilardi. Ayni damda Toshqul sho‘ro Tang­riqul boboni va kecha qochib ketgan O‘ktamni ushlash uchun Sho‘rchiga boradigan yo‘lga poyloqchi qo‘ygan edi. O‘zi esa kechagi askarlardan ikkovini ergashtirib, Sho‘rchiga – Tangriqul boboni qo‘lga olish uchun ketib borardi.

* * *

– Haliyam bo‘lsa kechmas, Tangriqul bobo bolalari bilan qayerga ketganini aytsangiz, o‘zingizga oson bo‘ladi, – dedi Toshqul sho‘ro qo‘li bog‘liq turgan Qobil akaga tik qarab.

– O‘zbekchalab aytdim, Toshqulboy, bilmayman. Tog‘a meniki, lokin ixtiyori o‘zida. Qayerga ketganini nima bilaman.

Toshqul sho‘ro alam bilan tufladi. G‘azabnok nigoh ila Qobil akaga tik boqdi. Qobil aka ham kiprik qoqmay sho‘roga qarab turaverdi. Toshqul o‘zini qo‘yarga joy topolmas, Tangriqul boboni qo‘ldan chiqarib, shu bilan birga Oydinning ham izsiz yo‘qolgani unga alam qilayotgandi. Nima bo‘lgan taqdirda ham sho‘ro Oydinni yo‘qotib qo‘yaman deb o‘ylamagan edi. Bu uning barcha rejasini chippakka chiqargandi. Xolbuki, Toshqul sho‘ro avval boboni, undan so‘ng O‘ktamni qo‘lga olib, bu oilaning erkaklarini tag-tubi bilan yo‘qotib, alaloqibat Oydindan qasd olish va… yuragining tub-tubida yashirinib yotgan hayvoniy hissiyotini qondirishni istardi. Sho‘ro agar Oydin o‘g‘li va qaynonasi bilan yolg‘iz qolsa, istalgan payt uyiga kirib, u bilan o‘ynashib yuraman, deb o‘ylardi. Endi Oydin izsiz g‘oyib bo‘lgani uchun sho‘roning ko‘ksiga in qurgan shaytoniy hirs uni tobora vahshiy qilib yuborayotgan edi. Sho‘ro qonga tashna yirtqichday Qobil akaga qaradi va:

– Oxirgi marta so‘rayappan, ular qayerga ketdi? – dedi og‘zidan tufuk otilib. Qobil akaning ham joni halqumiga keldi. Bir tomondan taqdiri hal bo‘lganiga aqli yetib, endi rost so‘zlasa ham omon qolmasligini tushungan edi. Qobil aka Shodiyorga buyog‘ini o‘zim boplayman, deganida ish bunchalik chigal bo‘lib ketishini bilmagandi. U o‘shanda Toshqul sho‘roga, biz bilmaymiz, shu kecha uyga qaytgandik, degan gap kifoya qiladi, u ming yomon bo‘lgani bilan odam bolasi-ku, deb o‘ylagandi. Hozir sho‘roning g‘azabiga uchrab, nafsning nuqsi urgan ko‘ziga tik boqar ekan, qattiq adashganini his etdi. Qobil aka Mengziyoning izidan qamoqqa ketishiga shubhasi qolmadi. Taqdirga tan berdi. Ayni chog‘da bundan xo‘rligi keldi. Dunyo faqat va faqat razolatdan iboratdek ko‘rindi. Mana shu voqealar boshlanganidan buyon sho‘roni sizlab, unga mulozamat qilib yurgani alam qildi. Haq bo‘la turib Toshqulning gaplarini ma’qullab, uning qarshisida qo‘l qovushtirib turish Qobil aka uchun o‘lim bilan barobar edi. Oxiri bunga ortiq bardoshi yetmay, bor alam va g‘azabini jamlab, sho‘roning yuziga tufurib yubordi.

* * *

Mengziyoning surgun bo‘lgani haqida bilib qishloqqa qaytayotgan Tangriqul boboga oilasining ahvoli haqida xabar kelgach titrab ketdi. U ancha vaqtgacha o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Xabar bermish mo‘ysafidning ahvoliga qarab ancha joygacha hamroh bo‘lib keldi. So‘ng ular daryoning ikki sohili bo‘ylab yo‘llarida davom etishdi.

Tangriqul bobo otni o‘z ixtiyoriga qo‘yib xayoloti bo‘lib qolganday ketib borarkan, ko‘z o‘ngida Mengziyo zanjirband holida do‘mbira chalib, Toshqulga tik qarab qo‘shiq aytayotgani gavdalandi:

“Sirting odam bolasi

Iching – jayra yo ilon,

Sensan odam olasi

Nima tirik sen bilan.

 

Keng dunyoni sen betak,

Yaxshilarga tor qilding,

Odamzot bolasini,

Ne sababdan xor qilding?!

 

O‘ylab tursam sotibsan

Ham elingni, yurtingni,

Po‘lat bilan tildirsa,

Kamlik qilar urtingni…”2 

 

Tangriqul bobo shu kabi xayol bilan Xo‘jamulkiga yetib kelganida qor allaqachon erib bitgandi. Bu orada osmonni qora bulut qoplab, yomg‘ir yog‘ib o‘tdi. Endi havo ancha yumshab qolgan bo‘lsa-da, kechqurun va ertalab qish nafasi sezilib turardi. Havoning bunday tez o‘zgarishidan qordan omon chiqqan va uncha-muncha sovuq ta’sir qilmaydigan gulu giyohlarning ham tusi o‘zgargan edi. Tabiatning bu taxlit turlanishi Tangriqul boboning vujudida ham ro‘y bergan, yo‘l davomida ancha toliqib, yuzi sovuq urgan yashillik yanglig‘ so‘lg‘in tortgandi. Ayniqsa, Shodiyorning katta akasi uyidan xabar yetkazib, qo‘shni qishloqqa borishni aytganidan so‘ng ahvoli yanada ayanchli tus oldi. U aytilgan manzilga yaqinlashgani sari ko‘ngli qishlog‘ini qo‘msay boshladi. Shu bois ham daryodan bir-ikki chaqirim naridagi qishloqqa qarab emas, sohil tomon yo‘l oldi.

U daryoning bu sohili bo‘ylab qishloq ro‘parasiga kelar ekan, uyi tomonga uzoq termilib qoldi. Tangriqul bobo qanchalik istamasin, tug‘ilib o‘sgan qadrdon go‘shasiga qayta borolmasligi va, ayniqsa, ota-onasi qabrini yana bir bor ziyorat qilish imkoni yo‘qligi unga shu qadar og‘ir iztirob berardiki, bundan mo‘ysafidning eng so‘nggi umidi ham so‘nib borardi. Tangriqul bobo qishlog‘iga qarab turarkan, uyiga bir qadam bo‘lsa ham yaqin bo‘lishni istab, daryo labi tomon ot jilovini burdi va sohildagi keksa tol daraxti yoniga borib to‘xtadi. Tolning tarvaqaylab o‘sgan shoxlari osmonga qo‘l yoyib turar, ammo quchoqqa sig‘mas tanasiga qurt tushib yemirilgan va daryoga tomon engashib o‘sganidan hozir yiqilib ketadiganday taassurot uyg‘otardi. Uning yonida ot ustida egarga suyanib o‘tirgan Tangriqul boboning hozirgi ahvoli keksa tolga nihoyatda uyg‘unligidan ikkalasini bir-biridan ayri tasavvur etib bo‘lmasdi. Uzoq vaqt bir joyda turib qolganidan toliqqan jiyron qattiq pishqirib yer depsindi. Bu tovushdan tolga qo‘ngan ilgir qush cho‘chib qanotlarini keng yoyib, havoga ko‘tarildi. Ro‘parada uchib kelayotgan chumchuqlar galasi uni ko‘rishi bilan to‘zg‘ib ketdi. Ammo ilgir ularga parvo ham qilmay, ohista qanot qoqib, boshqa daraxtga borib qo‘ndi. Xayoli chalg‘igan Tangriqul bobo sergak tortib, otga dam berish uchun egardan tushdi. Lekin oyog‘i uvishib qolganidan tushgan joyida turib qoldi. Mo‘ysafid qamchining sopi bilan etik qo‘njiga urdi. Shu payt tinimsiz u yoqdan bu-yoqqa urilayotgan kichik zarrachalar butun tanasi bo‘ylab tarqaldi va bunga bardoshi yetmay o‘tirib qoldi.

Tangriqul bobo qishloqqa qarab o‘y surib chakmonining ichki cho‘ntagidan xaltachaga tugilgan bir siqim tuproqni qo‘lga oldi. Mo‘ysafid tuproqni mahkam siqarkan, ko‘zidan yosh sizdi va pichirlab: “Bu dunyoda tirik ayrilgan yomon-a”3, dedi.

Kech tushib, qishloq odamlarining oyog‘i tiyilmaguncha yaqin atrofda tentirab yurgan Tangriqul bobo tun qorong‘isida Xo‘jamulkining narigi burchida yashaydigan Omon polvonning uyiga bordi. Polvon katta xonani Tang­riqul boboning oilasiga bo‘shatib bergandi. Ularning bu yerdaligini uy egalaridan boshqa birov bilmasdi. Mehmonlar uzoq vaqt xonaga qamalib, ovozsiz o‘tirishdan joni halqumiga kelgan, ayniqsa, Elmurodning bardoshi butkul tugab bitgan va tez-tez xarxasha qilayotgan edi. Momosi bilan onasi uni imkoni boricha bosiqlik ila yupatishga urinar va Tangriqul boboning tezroq yetib kelishini intiq kutardi. Go‘yo oila boshi kelsa, barcha dard-sitamlar tugaydiganday edi. Ammo mo‘ysafid Mengziyoning surgun qilingani haqida shumxabar olib keldi. Ularning dunyosi yanada qorong‘ilashib ketdi. Maryam momo ham, kelini Oydin ham baralla yig‘lab yubordi. O‘ktam esa ko‘z yoshini yashirib, burchakda bosh egib o‘tirardi. Elmurod allaqanday musibat ro‘y berganini fahmlasa-da, hali uning go‘dak qalbi bu kunlarning dahshatini butkul anglab yetmagandi.

– Bo‘ldi-da endi. Bir-eki yil o‘tmay qogan joyi yo‘q! Ha, deb ko‘z yosh qilmay, eson-omon kesin, deb duo qilinglar, – dedi Tangriqul bobo. 

Uning so‘zlaridan so‘ng kelin-qaynona ko‘z yoshlarini artdi. Maryam momo endi Tangriqul boboning holidan qayg‘urib:

– Jurt kezib kelishdi o‘zi bo‘lama?! Bir moydongina dam oling, – dedi.

– Ay, – deya qo‘l siltadi Tangriqul bobo. – O‘zimizga qora joy topayik, so‘ng qogani bir gap bo‘lar.

– Biz-ku qayerda bo‘lsak ko‘nib ketaberamiz, bu go‘daklar nima qiladi, bobosi?! Kunning shu sovug‘ida uy tiklashdi o‘zi bo‘ladima?

– Qiziq gaplardi gapirasan, kampir. Xudoyim bir uloqdi, to‘rt shuvoq4di yaratgan. Bu yerda qolsak, polvonga aziyat berib qo‘yamiz. Ertaroq yo‘lga chiqqanimiz ma’qul.

– O‘ktamjon, – dedi Maryam momo o‘g‘liga yuzlanib, – polvon akangga ayt, biz qaytamiz.

O‘ktam Omon polvonni chaqirib kelish uchun tashqariga chiqdi.

– Kelin, siz tugunlardi tayyorlang, – dedi Tangriqul bobo Oydinga yuzlanib.

– Hamma narsa-ku tayyor turibdi, – deb gap boshladi Maryam momo. – Polvondan qora uyini so‘rasak bermasmikin?! Borib bizdi o‘tovdi olib kelaberardi. Joyiga-joy desak-da!

– Bo‘maydi, – dedi Tangriqul bobo. – Uni olib ketishdi o‘yla.

– Esa, sovuqda qayerda jon saqlaymiz, bobosi?!

– Bobotovga yetsak, g‘orda bo‘lsayam yashayberamiz.

Shu payt eshik ochilib, avval O‘ktam, so‘ng Omon polvon kirib keldi. Polvon baland bo‘yli, bug‘doyrang va jiddiy boquvchi nigohi odamni sergak torttiradigan kishi edi. U mo‘ysafidga:

– Nimaga darrov qaytaman, deb qoldingiz?! Yo bizdan biror kamchillik o‘tdima? – dedi.

– Sira unday demang, polvon!

– Unday bo‘lsa, bemahalda qayerga borasiz?

– Endi, polvon, sizgayam, bizgayam shunisi ma’qul. Tulki qirq hunarim bor, yaxshisi, ko‘rinmaslik, degan ekan. Siz bergan non-tuzingizga rozi bo‘ling! Nasib qilsa, yaxshi kunlarda xizmat qilayik.

– Ajab gaplaringiz bor-da! Sho‘nday paytda kuningizga yaramasak, qachon poydamiz teyadi. Rozi bo‘ling, deb uyaltirmang-ey! Otam rahmatli bo‘lganlarida shu gapingiz uchun xapa bo‘lardi.

– Ha, jo‘ramiz ko‘p yaxshi odam edi. Umri qisqa ekan-da, – deb do‘sti – Omon polvonning otasini xotirladi Tangriqul bobo. – Oriyatli, izzat-nafsni biladigan shermard edi rahmatli.

– Chin aytasiz, – dedi polvon otasini ko‘z oldiga keltirib. – Otamga o‘xshashga bizdi kuchimiz jetmadi… Ha-yey, bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topilar, deb bekor aytishmagan. O‘ktamboy ham boshqalarga esh bo‘lib, qo‘ltig‘ingizdan kirib qanotingizdi ko‘tarib tursa, bu kunlaram o‘tadi, – deb gap ravishini o‘zgartirib yubordi u.

– Bori umidim shulardan. Bo‘masa, jonim shirinlik qib eldan bosh olib ketayotganim yo‘q. Bolalardi ertasini o‘ylab, – dedi mo‘ysafid. So‘ng mezbondan izn so‘radi. – Bizga duo bering, polvon!

– Duo sizdan.

Tangriqul bobo qo‘lini keng yoyib duo o‘qidi. So‘ng barchasi baravar o‘rnidan turib, tashqariladi. Omon polvon butun oilasi bilan ularni kuzatib qo‘ydi. Tangriqul bobo oilasi bilan tun yarmidan o‘tganida Bobotog‘ni mo‘ljal olib jo‘nadi. Mo‘ysafid ot bilan oldinda borar, uning izidan Maryam momo bilan kelini o‘zlarining  uzunquloq jonivorida, O‘ktam va Elmurod esa Omon polvon in’om etgan hangida hammadan orqada borardi. Zimiston kechada notanish yo‘ldan yurish qiyinligi bois jonivorlar imillar va kattaroq kesak yoki toshdan hurkib, arzimas chuqurdan ham sakramasdan aylanib o‘tardi. Bu yurishdan, ayniqsa, Elmurodning sillasi qurib uyqusizlik quvvatini so‘rib olgandi. Uni endi uyqu eltganida eshakning qaltis harakatidan uyg‘onib g‘ingshir, shamol urayotgan yuzini akasining ko‘ksiga bosib yana uxlashga urinardi. Har bir tepalik avval kunlarga, so‘ng yillarga ulanib borayotganday, vaqt imillab o‘tardi. Ular shu tariqa tong yorishmaguncha qirma-qir, soyma-soy o‘tib bordi. Nihoyat, Tangriqul bobo ot jilovini tortdi. Ular jar ichidan – shamolpanadan joy hozirlashdi. O‘ktam otasi bilan yuklarni tushirib, o‘tin qarab ketdi. Maryam momo esa kelini bilan ko‘rpa-to‘shak yoydi. Ko‘p o‘tmay ota-bola qurib qolgan yontoq sudrab keldi. O‘ktam:

– Bu yerda o‘tin yo‘g‘akan, – dedi.

– Cho‘l bo‘gandan so‘ng shu-da, – dedi onasi qumg‘onga suv quyar ekan.

– Suvdi tejash kerak. Yo‘l uzoq. Cho‘lda buloq bo‘maydi. O‘ktam, o‘tni o‘zing yoq, chechang qiynalib ketdi, – dedi Tangriqul bobo.

O‘ktam olov yoqdi. Oydin yemak uchun narsalarni hozirlab, dasturxon yozdi. Elmurod olov taftida lanj bo‘lib qo‘lida bir tuyur non bilan uxlab qoldi. Boshqalar deyarli gap-so‘zsiz tamaddi qilishardi. Bir zamon:

– Shu joylardayam odam yashaydima? – dedi Maryam momo huvillab yotgan yaydoq cho‘lga ishora qilib.

– Bobotovdi etagida odam bor. Buloqdi girdida. Undan bermog‘on bahorgi jurt, – dedi mo‘ysafid.

– Tovgacha boramizma? – dedi O‘ktam olisda cho‘qqisi yaltirab turgan Bobotoqqa qarab.

– Nari borsa, eki kunlik yo‘l, – dedi Tang­riqul bobo yo‘lni nazarga ilmaganday xotirjamlik bilan.

– U yaqda sho‘ro yo‘qma? – deb so‘radi Maryam momo soddalik bilan.

– Ay, sho‘roni bormagan joyi borma? Lokin bizdi birov tanimasa bo‘ldi. Tinch yashayberamiz, – deb Tangriqul bobo Termizga borayotganda uyidan joy bergan To‘ra akani esladi. Shundagina u bilan taqdirlari bir-biriga o‘xshash ekanini payqadi va:

– Xo‘roz bari joyda birday qichqiradi, – dedi.

Bu gapdan so‘ng ular borayotgan manzilning siri yo‘qolib, Bobotog‘ ham mung‘ayib turganday ko‘rina boshladi.

Shu payt Tangriqul bobo jar tepasidan enib kelayotgan tulkiga ko‘zi tushdi. Boshqalar ham o‘girilib unga termildi. Tulki ularni endi ko‘rdi, shekilli, joyida toshday qotdi. So‘ng xavfni tekshirish uchun oldinga ikki qadam tashladi. Shu payt O‘ktam aksa urib yubordi. Tulki qo‘rqqanidan ortiga qaytib yugurdi. Ammo sal nariga borib to‘xtadi. Bir muddat o‘tib o‘sha yerda cho‘nqayib o‘tirdi-da, odamlarni kuzata boshladi. Tulki qo‘rqib uzoqqa ketmagani uchun Tangriqul bobo nimanidir sezib atrofga alangladi. Keyin o‘tirgan joyidan o‘n qadamcha naridagi chuqurdan tulki bolasi tumshuq chiqarib turganini ko‘rdi.

– Ey, bolasi borakan-da! Biz tinchini buzib qo‘yippiz. Aytdim, bu nimaga qo‘rqmay turibdi, deb. Uyini, bolasini qo‘rigan jonzot qo‘rquvdi esdan chig‘aradi-da!.. Ha, esa omin, – deb qo‘lini duoga ochdi mo‘ysafid. – Gertak dam oldik. Endi yo‘lga tushsagam bo‘laberadi. Elmurodni uyg‘otinglar. Elmurod, otajon! Qarang, tulki keldi…

Elmurod istamaygina uyquli ko‘zini ochdi. Ammo oromi buzilganidan g‘ingshib, xarxasha qila boshladi. Bobosi uni zo‘rg‘a yupatib, otga mingashtirib oldi. Ular tag‘in ulovning tebranishiga mos holda chayqalib, adoqsiz cho‘l bag‘rida chumoliday o‘rmalab borardi. Ular shu ketgancha tushgacha tinim bilmadi. Tushdan so‘ng qulay joy topib kechga dovur dam olishdi va yana tuni bilan yo‘l yurilgach, ertasi kuni peshinga yaqin tog‘ etagidagi qishloq tepasidan chiqishdi. Bungacha ular bo‘laricha bo‘lgandi. Jonivorlar esa yo‘lda duch kelgan ko‘lmak suvdan qoniqib ichib-ichmay sillasi qurib, oyoqda zo‘rg‘a turardi. Shu bois o‘n-o‘n besh chog‘li uydan iborat qishloqni ko‘rishganida sevinib ketishdi.

Qishloq etakdagi tekislikda quyuq joylashgandi. Chor tarafi tekis toshloq bo‘lgani bois uylar supada o‘tirgan chollarday taassurot uyg‘otardi. Tog‘ bag‘rida daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zgan, aftidan, u yerda buloq bo‘lib suv qishloqqacha yetib kelmagandi. Tangriqul bobo oilasi bilan turgan tepalikdan esa yolg‘izoyoq yo‘l ilon izi hosil qilib o‘rtadagi soydan o‘tib, so‘ng qishloqqa chiqib borardi. Ularga ayni damda mana shu masofa ham juda olis bo‘lib ko‘rinmoq edi.

 

Ular soydan o‘tib, qishloqqa yaqinlashgach, bo‘ribosar ko‘ppaklar yo‘l to‘sdi. Itlar juda yaqin kelmagan bo‘lsa-da, ular o‘sha joyda to‘xtab qoldi. Bundan xabar topgan qishloq ahli mehmonlarga peshvoz chiqdi. Kelayotgan kishi tez yurib tayoq bilan itlarni quvib soldi. Tangriqul bobo mezbonning yetib kelishini kutib turish odobsizlik bo‘lmasin, deb otdan tushdi. Mo‘ysafid jiyronning jilovidan tutib odimladi. O‘ktam ham otasining izidan yurdi. Ularning orasida besh-olti qadam qolganda Tang­riqul bobo mezbonga salom berdi. Ular ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashishdi va boyagi kishi mo‘ysafidni uyga taklif etib, yo‘l boshladi.

 

Qishloq ahlini Tangriqul bobo va uning oilasi qiziqtirib qo‘ygan edi. Zero, ularning yuzi ter va changdan sho‘rlab, uyqusiz ko‘zlari qizarib kirtaygan, ust-boshi ham yorilgan lablari yanglig‘ bir ahvolda edi. Boz ustiga yuz-ko‘zlarida so‘ngsiz iztirob zuhur bo‘lib kishida allaqanday achinish hissini uyg‘otar edi. Yo‘l azobi Tangriqul bobo va oilasini holdan toydirgandi.

Tog‘lik aholi ularning boshiga og‘ir musibat tushganini payqab turar va buning qandayin ko‘ngilsizlik ekanini bilishga oshiqardi. Illo, ularning ayrimlari umri bino bo‘lib shu tog‘-toshlardan nari chiqmagan, unda-bunda o‘tib qaytadigan yo‘lovchilarni hisobga olmaganda begona odamga duch kelishmagandi. Bozor uchun shaharga boradiganlar ham oyda bir uydan chiqardi. Shu bois yangilikka o‘ch qishloqdoshlar mehmondan ko‘z uzmasdi. Ularga tomoshagoh bo‘lib qolganidan o‘zini noqulay sezgan Tangriqul bobo toqatsizlanib kelini va Maryam momoni begona nigohlardan gavdasi bilan to‘sishga urinardi. Nihoyat, qishloq kayvonisi kelib, ayollarni nari olib ketdi. O‘zini biroz erkin his etgan mo‘ysafid mezbon bola olib kelgan choygumdagi iliq suvga yuz-qo‘lini chaydi. So‘ng ro‘paradagi xonadon ostonasidan hatladi. Uy to‘rida o‘zi tengi chol o‘tirardi. Uning moshguruch soqoli chiroyli kuzalgan, chehrasidan hamon yosh yigitlarday g‘ayratli bo‘lib ko‘rinardi. Chol – Toshboy bobo epchillik bilan o‘rnidan turib salom berib, Tangriqul boboga uy to‘ridan joy ko‘rsatdi. Ular baravariga chordona qurib o‘tirar ekan eshikdan O‘ktam ko‘rindi. Toshboy bobo o‘rnidan jilmay u bilan salomlashdi. Boya kutib olishga chiqqan mezbon O‘ktam bilan yonma-yon joylashdi. Mehmon va mezbonlar bir-birlari bilan so‘rashisharkan, eshik qiya ochilib, Elmurod ichkariga bosh suqib qaradi. Tangriqul bobo uni ko‘rishi bilan:

– Bor, Elmurodjon, momongga bor, – dedi.

Uning gapi tugamasdan Elmurodning ortidan boya qo‘lga suv quygan mezbon bola ko‘rinib:

– U yaqda jilayapti. Siz bilan o‘tirarkan, – dedi.

Bu gapdan so‘ng Toshboy bobo Elmurodga qarab:

– Ke! Kel-ey bu yaqqa. O‘t bobongdi oldiga. Ha, yasha! Polvon jigit ekan-da bu, – dedi.

Elmurod begona odamlardan uyalib, qimtinib, bobosining oldiga keldi. U Tangriqul boboning tizzasiga bosh qo‘ydi. Mezbonlar oldida o‘zini noqulay sezgan mo‘ysafid nabirasiga:

– Turib o‘tir, ulim. Uyat bo‘ladi, – dedi.

Bunga javoban Toshboy bobo:

– Qo‘ying, yosh bola yo‘lda charchagan… Yot, yotib damingdi ol. Eh-he, senga bir suruv oshna bor. Bir uxlab tur, keyin shular bilan o‘ynaysan, – dedi.

Elmurod g‘ujanak bo‘lib yotib oldi. Tangriqul bobo u kelishidan oldin chala qolgan gapini davom ettirdi:

– Bu kenja ulim O‘ktam. Bunisi nebara, – dedi Tangriqul bobo Elmurodni ko‘rsatib. – Katta ulimdi bolasi. O‘zi birovgina…

Tangriqul bobo shu tarzda butun oilasini tanishtirib chiqar ekan, qayerdan kelayotganiyu ne maqsadda tentirab yurganigacha ro‘y-rost aytib berdi. Toshboy bobo va o‘g‘illari bularni o‘tkinchi yo‘lovchi deb o‘ylagandi. Endi ularga muqim joy kerakligini bilgach, noqulay ahvolda qoldi. Chol buni sezdirib qo‘ymaslikka urinib, o‘zini va o‘g‘illarini tanishtira ketdi.

– Bu Panji, – dedi boya itlarni quvib solgan kishini ko‘rsatib. – Kenja ulim. Oldingizda o‘tirgan akasi Chori. Boshqalari haydovga ketgan. Ho‘kumatdi bir suruv qo‘y-echkisi, besh-olti qora moli bor. Shulardi aylantirib keladi…

Toshboy boboning aytar gapi tugab qolganidan so‘ng bir muddat o‘ylanib turdi-da:

– Sizlarga qora uy tikib bersak bo‘ladi, – dedi. – Lokin sovuqlik qiladi… Chori, uying loysuvoq bo‘ganma? – deya o‘g‘liga murojaat etdi chol nimadir yodiga tushib.

– Ha, suvaganmiz. Eshik-derazasi yo‘q, – dedi Chori.

– Unga kigiz tutib qo‘ysa bo‘ladi, – dedi Toshboy bobo va gapida davom etdi. – O‘zi sho‘nisi ma’qul, – u endi Tangriqul boboga yuzlanib so‘zlardi. – Qora uy torlik qiladi. Uyimizdan joy bersak, erkin yasholmaysiz. O‘zingizga bir uy bo‘sa, bemalol oyoqdi uzatib o‘tirasiz-da, to‘g‘rima? Ha, yashang! Choriga uy qurgandik. Troma5 erta kelib, tashvish ko‘payib, ko‘chib o‘tolmadi… Xo‘sh, gap bunday. O‘ktamboy bilan bular borib uydi ko‘rib, kamini to‘g‘irlasin. Bugundan qoldirmay. Ertaga ishonch borma?! Qor tushama, boshqa bo‘lama, bilmaymiz! Supur-sidiriga kelinlar borib qarashadi. Ha, jigitlarga omin, – deya Toshboy bobo qo‘lini duoga ochdi.

Mezbonlarga qo‘shilib O‘ktam ham tashqariga chiqdi. Tangriqul bobo esa tizzasiga bosh qo‘yib uxlab qolgan Elmurodni yerga yotqizib, choponi bilan ustini yopdi.

O‘ktam mezbonlarga ergashib borar ekan, Bobotoqqa sinchkov nazar tashladi. Yaqiniga kelib qaralganda yanada haybatli ko‘rinadigan toqqa mahliyo bo‘lib hamrohlarning gapini eshitib-eshitmay kelayotgan O‘ktam Bobotoqqa bir paytlar derazadan qarab o‘tirganini esladi. Uning hozir turgan yeri – cho‘qqi etagidan daryo sohilidagi uyi va hatto uning derazasi ko‘rinadiganday ortiga o‘girilib qaradi. Ammo havoning tundligidan uzoqni ko‘rib bo‘lmasdi. U bahor kelib, osmon tiniqlashsa, bu yerdan uyimizni bemalol tomosha qilsa bo‘ladi, deb o‘yladi va bu xayol unga oz bo‘lsa-da taskin berdi.

Ular shu kuni kechgacha yangi qurilgan uyning atrofida kuymalanib, ikki xonali toshdevor boshpanani odam kirsa bo‘ladigan holga keltirishdi. Deraza va eshikka gulsiz qora kigiz tutib, ayniqsa, darichani ochib bo‘lmaydigan qilib mahkamlashdi. Uzun xonaning o‘rtasida sandal qilindi. Shundan so‘ng Panjining ayoli bilan Oydin kelib, xonaga ko‘rpa-to‘shak tashladi. Aka-uka mezbonlar o‘choq uchun qiy, chalma, sandalga olov qalashga archa o‘tinidan olib kelib, yondagi kichik xonaga joyladi. Yana o‘tinxonaga qarab ketgan Chori chelak ko‘tarib kelib:

– O‘ktamboy, bunda yer moyi6 bor, tutantiriqqa yaxshi. Agar yana zurur bo‘lsa, tumanda qora ko‘ldan olib kelaberasiz, – dedi.

Bu vaqtda bir tarafdan Maryam momo, narigi tomondan esa Tangriqul va Toshboy bobolar uyni ko‘rish uchun keldi. Ularning barchasi jam bo‘lib ichkariga kirdi. Oydin va tog‘lik kelin esa tashqaridagi o‘choqqa o‘tin qalab olov yoqdi. So‘ng lovullab turgan cho‘g‘ni yangi qazilgan sandalga soldi.

Toshboy bobo Tangriqul boboga yuzlanib:

– Qani torting! Jurt qulli bo‘lsin! – dedi. Tangriqul bobo rahmat aytib, yo‘l boshladi. Ular devorning nami ketmagan va odam tafti urmagan zax xonaga kirib, sandal atrofida chordona qurdi. Maryam momo esa xurjundagi narsalarni titkilab, qorachiroqni topib yoqdi. Shundan so‘ng eshik-derazasiga kigiz tutilgan qorong‘i xona biroz yorishdi.

Endi ular qadim qadrdonday suhbatlashib o‘tirishardi. Bir mahal Toshboy bobo o‘zining ikki o‘g‘li, kelini va Tangriqul boboning oila azolari jam bo‘lib o‘tirganidan foydalanib, ko‘nglidagi gapni to‘kib soldi.

– Endi, oshna, shu jurt sizga. Saraton kelib, havo toq bo‘sa, o‘zingizga uy tiklaysizma yo Choriboyga boshqadan qurib beramizma, kelishib ketaberamiz. Hali ungacha ko‘p gap bor. Lokin uyga begonasiramay, bovurdi bosib yashaybering. Xo‘-o‘sh, endi O‘ktamboyam, kelinam yosh. Uyda qamalib o‘tirib nima qiladi? To‘g‘rimi?! – uning gapidan Tangriqul bobo muddaosini bildi va diqqat bilan quloq tutdi. – Gapdi qisqa qisak, O‘ktamboy Panji oshnasi bilan kelishib mol haydovga borsa. Kelingayam ish ko‘p. Ana, sigir sog‘adi. Juda bekor bo‘lib qolsa, qo‘zilardi bog‘ishadi. Ishqilib qorong‘i xonada qamalib o‘tirishdan yaxshi-da!

– Bo‘masam-chi, – deya uning gapini ma’qulladi Tangriqul bobo. – Odam yashash uchun harakat qilish kerak.

– Ha, yashang! Siz zeriksangiz, – endi bevosita Tangriqul boboga xitob qildi chol, – yonimga gurungga borasiz. Ekovlashib zerikib qolsak, bolalardi ishidan xabar olamiz. Uni unday-buni bunday qi, deb turamiz-da. Xo‘p, qo‘lida ko‘p hunari bor odamga o‘xshaysiz. Bilmaganimizdi bizgayam o‘rgatasiz. Bolasi tushmagurlar o‘zimizga o‘xshab qo‘pol, desangiz. Tunov kuni Choriboydi katta akasi bir echkini urib o‘ldirib qo‘yibdi, – cho‘pon o‘z molini urib o‘ldirishiga yosh bola ham ishonmasa-da, Toshboy bobo nihoyatda nazokat va topqirlik ila Tangriqul boboga vazifa yuklamoqda edi. – Shularga urmay, so‘kmay suruvdi yo‘lga solishni o‘rgatib bersangiz, binoyi bo‘ladi… Ha, kelishib olgan bo‘sak, bizga ruxsat. Sizlar bemalol dam olingizlar. O‘ktamboy ertalab Panji bilan podaning izidan ketsa, charchab qolmasin. Qani, omin!

Toshboy bobo o‘g‘illari va kelini bilan chiqib ketdi. Tangriqul bobo oilasi ila yolg‘iz qoldi. Ular hujrani uyimiz deb bilishsa ham o‘zlarini cho‘lda duch kelgan joyda dam olayotganday his etardi. Bu xonaga yillar davomida uyida to‘shalib turgan ko‘rpa-to‘shak tashlangani bilan toshdevor ham, shiftda osilib turgan archa novdasi ham va hatto jonga ora kiryotgan sandal ham mutloq begona edi. Ular Xo‘jamulkida – Omon polvonning xonadonida yoki kimsasiz cho‘lda tin olgan paytda ham o‘zlarini bu qadar yolg‘iz his etishmagandi. Boz ustiga derazadan bir tola ham nur tushmasligi va moychiroqning ojiz yog‘dusi ularning ko‘ngliga tun zulmatidan-da dahshatli qo‘rquv solardi. Bu og‘ir sukutu zulmatni ilk bora Elmurodning titroq ovoz bilan bergan savoli yorib o‘tdi.

– Bobo, uyga qachon ketamiz?!

– …

 

* * *

Ikki kundan so‘ng toqqa qalin qor tushdi. Ba’zi joylarda qor tizzaga urar, bunday vaqtda mol boqishning o‘zi bo‘lmasdi. Cho‘ponlar qo‘y-echkini sovuq urmasin, deb tinimsiz yurgizib turar, ayollar esa mol ozuqa olishi uchun pichan g‘aramlarini sochib tashlardi. Bu yerda ham daryoning shamolidek izg‘irin sovuq jondan o‘tib ketar edi. Suruvga qarayotganlar qo‘y yog‘ini goh nonga bulab yer, goh issiq yog‘ni ichib sovuqqa biroz bo‘lsa-da bardosh berardi. Ammo ko‘p o‘tmay izg‘irin o‘z ishini ko‘rsatar, ularning madori qurib, uyda dam olayotganlarga navbat tegardi. Shu tariqa ular kun bo‘yi navbat almashib, ham o‘zlarining, ham mol-holning jonini saqlardi. Buni yaxshi bilgan Toshboy bobo avval boshdan Tangriqul boboga ham yumush borligiga ishora qilgan edi. Shu bois Tangriqul bobo O‘ktam bilan o‘rin almashib cho‘ponlarga ko‘mak berardi. Yumushlar mo‘ysafidga malol kelsa ham bundan sira o‘zini olib qochmasdi. Zero, uning va butun oilasining yemak-ichmagi Toshboy boboning zimmasida edi va ular hech narsadan zoriqmasdi. Faqat qor qoplagan zaminday o‘zgarmas kunlarning adog‘i ko‘rinmas, bundan Tangriqul bobo va oilasining diqqati oshardi. Qon-qarindosh va uy sog‘inchi ichki dard kabi sezdirmasdan ularning madorini so‘rib olmoqda edi. Hammadan ham ko‘proq Oydinning sillasi qurib borardi. Uni dard beayov ezar, shunga qaramasdan Oydin birovga bu haqda churq etib og‘iz ochmas, o‘tkinchi xastalikdir, deb jon boricha o‘zini ishga urardi. Oydin yumush bilan chalg‘ishga qancha urinmasin bari behuda edi. Boz ustiga Toshqul sho‘roning sovuq nigohi ko‘z oldidan ketmasdi. Sho‘ro Mengziyoni olib ketayotganda va Tangriqul boboni izlab kelgan paytda Oydinga yeb qo‘yguday tikilgani uning ko‘z o‘ngida qotib qolgandi. Bundan Oydinning dili xufton bo‘lib yoqimsiz narsa yeganday o‘zini lohas sezardi. Tag‘in ko‘lda cho‘milayotganda Toshqul uni poylagani esiga tushar va ko‘ngliga soya tashlab turgan bu voqea endi Oydinning butun hayotiga qora bo‘yoq chaplagandi. Oydin shular haqida o‘ylaganida el og‘zida doston bo‘lgan chehrasini balchiqqa bulashga yoki tig‘ bilan nimtalashga ham tayyor edi. Xolbuki, Oydin oilasining sarson-sargardon bo‘lib yurishida o‘zini aybdor sanardi. Ana shunday paytda sho‘roning nahs bosgan nigohidan qutula olmasligi uning dilini ayovsiz ezg‘ilab tashlagan edi.

Yana tag‘in Oydin sevgidan sarxush bo‘lib yurgan chog‘ini eslar, o‘sha paytda ko‘nglini charog‘on aylagan tuyg‘u endi yuragiga burov solardi. U bu azobga bardosh berolmay goho:

– Yeryutsin seni, Toshqul! Ko‘zingdi qum to‘ldirsin!.. Seni qoshingda shaytonam uyaladi. Axir, har qanday pastkashlikdi chegarasi bor, lekin seni qilig‘ing… Xudoga soldim. O‘zi hisobingni qilsin! – desa, ba’zan:

– Agar shu qilig‘ing bo‘lmaganda yaxshi odam eding-ku! …Ko‘nglimni sendan sovitgan Xudoyimga ming shukurlar bo‘lsin! – der va bu gapni birov eshitib qolishidan cho‘chib tilini tishlardi. Keyin g‘o‘r va sodda yoshligiga la’natlar aytar, bu iztirobdan ozod bo‘lish uchun Elmurodni bag‘riga bosib, bolaning ko‘ziga uzoq termular edi. Zero, uni musibatdan faqatgina go‘dakning ma’sum va beg‘ubor nigohigina qutqara olardi.  Mana shunday ichikishlar uni anchayin holdan toydirdi. Bir oy o‘tar-o‘tmas dard kuchaygandan kuchayib, Oydin to‘shakka mixlanib qoldi.

Oydin tuni bilan isitmaning zo‘ridan ingrab chiqar, tomog‘idan suv ham o‘tmasdi. Maryam momo uning boshida girgitdon bo‘lib yonidan bir qadam ham nari ketolmay qoldi. Tangriqul bobo ham, O‘ktam ham cho‘ponlarga qarashish uchun chiqsa-da, o‘y-xayoli uyda – Oydinning qayg‘usi bilan edi. Uning ahvoli jiddiy ekanini ko‘rgan Toshboy bobo bu havoda tog‘ so‘qmog‘idan yurish xavfli bo‘lsa-da, o‘g‘lini narigi qishloqdan tabib aytib kelishga yubordi.

Tabib Oydinning ahvolini ko‘rib dong qotdi. U qayta-qayta bemorning tomirini ushlab ko‘rib bosh chayqar, ammo yonidagilarga biron so‘z demay, hammaning diqqatini oshirardi. Nihoyat:

– Tushunmadim, – dedi tabib. – Dardi borga o‘xshamaydi. Ahvoli bo‘lsa… Biron irim-amal qilish kerakdir?

– Qilmagan amalimiz qolmadi. Endi bari umidimiz sizdan, – dedi Tangriqul bobo.

– Qo‘limdan kelsa, jon deb davolayman. Biz bir sababchi, – dedi tabib o‘ylanib.

Oydinga qanday davo qilishni bilmay tabibning boshi qotgan edi. So‘ng giyoh xaltasidan tugun chiqarib, dorivorlarni saralab:

– Bular quvvat dori. Bunisi shamollashdi yo‘qotib, issig‘ini tushiradi. Narigisi ishtahani ochadi. Bizdi bilganimiz shu. Davosini Ollo bersin! – dedi.

Tabib dorilarni qanday tayyorlab, qaysi mahal ichirish kerakligini tushuntirgach, ketishga izn so‘radi. Toshboy bobo uni kuzatib qo‘yish uchun tashqariga chiqar ekan:

– Rustamboy, – dedi tabibga qarab. – Kelindi ahvoli tangmi?!

– Ochig‘i, bilmayman. Boyagi gapim gap. Hech bir dardi yo‘q. Irim-amaldan bo‘lsa kerak.

– Siz bilmaydigan dard yo‘q edi-ku, Rustamboy. Qirq mamlakatdan kelib, sizdan davo topganlardi ko‘p eshitganmiz, – dedi Toshboy bobo uning gapiga ishonmay.

– Bizam bandamiz, bova. Bilganimizdan bilmaganimiz ko‘p… O‘zi bular kim, ilgari bu yerda yashashmasdi?

– Kim bo‘lardi, kun o‘targa mol boqib yurgan cho‘liq. Ilgari tovning narigi tomonida yasharkan. Arkar7 bilan sen-menga borib qolibdi. Uyam bo‘lsa qishdi kunida quvib solibdi, – dedi Toshboy bobo, Tangriqul bobo haqidagi xabar hukumat odamiga yetib borishini istamay. Tabib ha deganday bosh chayqadi-yu, yo‘liga ravona bo‘ldi. U qirdan oshib ketguncha Toshboy bobo tabibni kuzatib turdi. So‘ng Tangriqul boboning uyiga qarab yurdi. Eshik qarshisiga borib yo‘taldi-da:

– O‘ktam, – dedi.

Ichkaridan Tangriqul bobo ovoz berdi:

– Keling, kelabering!

Toshboy bobo ichkariga kirganida Elmurod onasining yoniga yotib olgan, Maryam momo kosada dori tayyorlayotgan edi. Tangriqul bobo uni xona to‘riga taklif etdi. Ular Oydin noqulay ahvolga tushmasin uchun unga orqa qilib o‘tirdi. Bu orada Maryam momo ishtaha ochadigan dorini tayyorlab keliniga ichirdi. Ammo Oydin dorini qaytarib tashladi va qaynotasining o‘tirganiga ham e’tibor bermay, og‘ir uh torta boshladi. Maryam momo uning boshida parvona bo‘lib aylanar ekan, Elmurodga:

– Tur, bolam, bobongdi oldiga o‘t, – dedi.

Elmurod erinchoqlik qilib o‘rnidan jilmadi. Borgan sari o‘zini yanada behol sezayotgan Oydin bazo‘r qo‘lini ko‘tarib, Elmurodning boshiga qo‘ydi va o‘g‘lining isitmasi borligini bilib qoldi. Oydin buni Maryam momoga aytdi. Kampir Elmurodning issig‘ini ko‘rib bo‘laricha bo‘ldi va ovozini baralla qo‘yib:

– Nima balo bo‘lyapti senlarga?! – dedi.

Momoning bu hayqirig‘idan so‘ng Tangriqul bobo o‘girilib qarab:

– Tinchlikma?! – dedi.

– Endi nebarangizdi issig‘i chig‘ibdi.

Bu gapdan so‘ng Tangriqul boboning hafsalasi pir bo‘lib:

– Bu nimasi bo‘ldi? – dedi.

Toshboy bobo bu savol o‘ziga qarata aytilganday:

– Avvaldan-oxir bizda bunday dard bo‘lmagan. Ana Rustamboy, hech bir kasali yo‘q, dedi. Esa, men sizlardan panalatib so‘rab ko‘rdim, – dedi.

Toshboy bobo bu mulohazalarni ajib bir mahzunlik bilan aytarkan, Maryam momo boshida yarq etgan fikrdan quvonib:

– Esayganda esimni jemay o‘layin, – dedi. – Bularingiz yer oyinlagan-ku, bobosi!

– Ay, ishlaring tushsin… Tuproq bormidi?!

Mariyam momoning avzoyi o‘zgarib, boyagi quvonchi yo‘qoldi va:

– Bilmayman! Shoshilganda esdan chiqqan bo‘lmasin-da, ishqilib, – dedi. 

Chol-kampirning so‘zlarini tinglab o‘tirgan Toshboy bobo hayratlanib:

– Yer oyinlashi nimasi? Qanday tuproq kerak? – dedi.

– Buyam bir kasallik, – dedi Tangriqul bobo. – Odam tug‘ilib o‘sgan joyidan uzoqlashsa, havo o‘zgarib, shunday dardga jo‘lig‘adi. Odam o‘zi yashaydigan joydi bir siqim tuprog‘i bilan boshini yuvsa, dardi ariydi. Bo‘lmasa, ming dori-darmon qisin, poydasi yo‘q.

– Ey, sho‘nday demaysizma? Ilgari eshitganman. Pasdan olib kegan qo‘yimiz uch kun o‘tmay, hech narsa jemay qoldi. Shunda qancha yo‘l yurib tuproq olib kebedik.

– Ha, ana shu-da! Bu o‘zi odamdayam, moldayam bo‘ladi.

– Oydin, tuproq bormidi? – deb so‘radi ularning gapini bo‘lib Maryam momo.

Oydin yotgan joyida boshini bazo‘r ko‘tardi. Xayolini jamlab olayotganday atrofga javdirab boqib:

– Kenja bilmasa, – dedi.

Maryam momo uning javobini kutmasdan, uyni ag‘dar-to‘ntar qilib, buyumlar orasidan tugunga tugilgan tuproq izlay boshladi. U chor tarafga alanglab axtarinar ekan, o‘sha kuni o‘zining tobi yo‘qligi bois O‘ktamning ham, Oydinning ham yurt tuprog‘idan bir siqim olish xayolidan faromush bo‘lganini bilmasdi. Umuman olganda, ular o‘sha vaqtda o‘z jonlari bilan ovora edi. Ammo, shunga qaramasdan ular buni unutishi mumkin emasdi. Negaki, Maryam momo farzandlari uydan olisga, uzoq muddatga ketadigan bo‘lsa, bir siqim tuproqsiz jo‘natmasdi.

Maryam momo tuproq topishdan umidini uzib borgani sari nafas olishi og‘irlashib, o‘zini nihoyatda ojiz va notavon his qilmoqda edi. Bungacha Tangriqul bobo ham o‘rnidan turib, axtarina boshladi. Mo‘ysafid uyidan chiqishda bir siqm tuproq olib ketgani aniq edi. Ammo uni qayerga qo‘yganini eslay olmasdi. Bir payt Tangriqul bobo daryo sohilida o‘tirgani, cho‘ntagidan tuproqni olgani yodiga tushdi. U shosha-pisha chakmonining cho‘ntagini qaradi. Tuproqning yo‘qlini bilgach Tangriqul bobo uni sohilda qoldirib kelgani ayon bo‘ldi. Ammo chol-kampir umidini uzmay axtarinishda davom etardi.

Toshboy bobo noqulay ahvolga tushdi. U o‘tiraverishni ham, turib ketishni ham bilmay, aro yo‘lda qoldi. Bu orada O‘ktam ham sovuqdan qizarib ketgan qo‘llariga kuh-kuhlab kirib keldi. U ko‘rinishi bilan ota-onasi baravariga:

– Tuproq olganmiding? – dedi.

Gap nimada ekanini bilgan O‘ktam sovuq urgan qo‘lini bir-biriga ishqalab, uyidan jo‘nash oldida va undan so‘ng bo‘lib o‘tgan hodisalarni xotirasida tikladi. Derazadan qochib chiqqanini, tom ustida sovuq yeb yotganini, so‘ng Toshqul sho‘ro ketgach, tomdan tushib onasining tobi yo‘qligini ko‘rgani va sovuqda qaltirab daryo kechib o‘tganini. Bularning barchasi xuddi hozir sodir bo‘lganday ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘tdi. Ammo tuproq olganini sira ham eslay olmadi. Ular hafsalasi pir bo‘lib, boshini egib, gardani bilan xonadagi og‘ir sukutni bazo‘r ko‘tarib turarkan, Toshboy bobo:

– Shu yerning tuprog‘i bo‘lmaydima? – dedi.

Unga javoban Tangriqul bobo og‘ir bosh chayqab, yo‘q, ishorasini qildi. O‘ktam esa:

– Qishloqqa borib, tuproq olib kelaman, – dedi.

– Bugun kech bo‘ldi. Qishloqqa borishdi ertaga o‘ylab ko‘ramiz, – dedi Toshboy bobo. Uning gapi boshqalarga ma’qul tushdi.

Oydin esa qishloq so‘zini eshitib, kelinlik uyini, Mengziyoni esladi. So‘ng daryodan kechib o‘tgach, orqaga burilib qishloqqa so‘nggi bor qaragani yodiga tushdi. O‘shanda qorga burkangan qishloq, sohildagi jangalzor ortida xokisor va g‘arib bo‘lib ko‘ringan edi. O‘shandan buyon uylari yodiga tushganida beixtiyor shu manzara ko‘z oldiga keladi. Qishloqni shunday manzarada eslash Oydinga sho‘roning sovuq nigohiday azob beradi va qaynonasining: “Orqaga qaramanglar”, degan gapini eslaydi.

 

Kechaning bir mahalida Oydin og‘ir uh tortdi. Barcha baravariga unga qaradi. Oydinning rangi sarg‘ishtob bo‘lib qolgan, yuz-ko‘zi yanada so‘lg‘in tortgandi. Oydinning og‘ir-og‘ir nafas olishini aytmasa, unda hayot alomati sezilmasdi. Uning ahvolini ko‘rib, shoshib qolgan Tangriqul bobo qiroat bilan oyat o‘qiy boshladi. Mayin va mahzun ohang bilan taralayotgan kalomni eshitgan Oydin alanglab atrofga qaray boshladi. So‘ng qaynonasiga ko‘zi tushib aybdordek nigohini olib qochdi. Tag‘in kaftini o‘g‘lining peshonasiga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo qo‘li havoda titrab, o‘q yegan qushday tapillab tushdi. 

Oydin kalomni maroq bilan tinglab oroyish olarkan, yuz-ko‘zida hayot alomati sezilmay qoldi. Buni ko‘rgan Maryam momo: “Bola-am!” deb dodlab yubordi. Uning ovozidan Elmurod cho‘chib tushdi. Oydin esa ko‘zlari olayib atrofga alanglab qoldi. Tangriqul bobo chakki qilding, deganday bosh chayqadi.

Maryam momo nabirasini turg‘izib:

– Bolajonim, enangdi betidan o‘p, – dedi.

Elmurod go‘dakligiga borib norizo ohangda ingrandi. Lekin momosining qistovi ila onasining yuziga lab tekkizdi. Shu tobda Oydin bazo‘r ko‘zini ochib o‘g‘liga qaradi. Bu nigohda qishlog‘iga so‘nggi marta qaraganida ko‘nglida bosh ko‘targan tuyg‘ular jamlangan edi. Ayni damda ko‘z oldidan eng go‘zal va baxtli damlari birma-bir o‘tdi. U avval beg‘ubor yoshligini, daryo sohilida poda boqib yurgan o‘smirlik chog‘ini, Mengziyo bilan to‘ylarini va Elmurodning tug‘ilganini esladi. Oydin bularning barcha-barchasini bir lahzada ko‘z o‘ngidan o‘tkazib ma’yus jilmaydi va yuzida o‘zgacha oroyish zuhr bo‘ldi.   

Oydinning joni uzilgach, Maryam momo va O‘ktam ovoz chiqarib yig‘lab yubordi. Bundan Elmurod qo‘rqib ketdi. Ular bolaning ahvolini ko‘rib, o‘zlarini biroz qo‘lga oldi. Shunda ham Maryam momo uni bag‘riga bosib, aytib-aytib yig‘lar edi. O‘ktam hamon ko‘z yoshi qilayotgan bo‘lsa-da, o‘zini qo‘lga olib, otasiga yuzlandi:

– Men borib Toshboy bobomga aytib kelay. Qish kuni qisqa, ertaroq urinaylik, – dedi ertangi dafn marosimini nazarda tutib.

Ammo Tangriqul bobo hech kutilmaganda qat’iyat bilan:

– Yo‘q! – dedi. – Hech narsa kerakmas!

Uning bu gapidan ajablanib ona-bola mo‘ysafidga qaradi. Tangriqul bobo:

– Ertaga hammamiz ketamiz, – dedi.

– Qayerga ketamiz, bobosi? – deb so‘radi Mariyam momo.

– Qayerga bo‘lardi, uyga-da!

– Qishdi shu sovug‘ida…

– Jonim shirinlik qilib uydi tashlab kemadim. Bolalardi ertasini o‘ylab el-xeshdan ayrilib chiqqanman… Bular, – deya Tangriqul bobo bolalariga ishora qilib gapida davom etdi. – qishloqdi bir siqim tuprog‘isiz yasholmaskan, bu yaqda tentirab nima qilaman?!

 

Toshboy bobo va butun ovul ahli qancha urinmasin, Tangriqul boboni yo‘ldan qaytarolmadi. Axiri Toshboy bobo:

– Hammagayam tuvilib-o‘sgan joyi aziz. Kim bo‘masin, juragi uyga tortaberadi, – dedi. – Sizga duo beramiz… Panjiboy bilan Mavlon hamsoyamiz hamroh bo‘ladi.

Shu kuni ular mayitni olib yo‘lga chiqdi. Ular ancha yurib, tog‘ etagiga enib kelishgach, Maryam momo bepoyon dashtga qarab: “Dunyosi shuncha keng ekan, bandalari nimaga yer talashadi?” dedi. So‘ng Oydinning jasadiga ko‘zi tushib dardi yangilandi. Toshqul sho‘roning ismini tutib la’natlay ketdi. Shu payt Tang­riqul bobo:

– Jim! – dedi. – Birovdi bolasini bunchalik qarg‘ama. Toshqul nima qisin? U o‘zi Xudo urgan qorabovur8 banda bo‘lsa! O‘zi bilgichlardi gapi-gap: odam g‘ujurini jo‘g‘otsa, boridan ayrilishi chin ekan. Toshquldi nimasi qoldi? Na mardligi bor, na oriyati! Ana, kimlardi orqasidan ergashib, kimlardi poy-patagi bo‘lib yuribdi. Ey-yey, u sho‘rlikdi ko‘rgan kuni qursin!

 

Ular daryodan o‘tib qishloqqa kirib kelganida izg‘irin jon-jonidan o‘tib ketganidan na issiq-sovuqni va na og‘riqni sezmay qolishgan edi. Quloq-burunlari sovuqdan qizarib, ko‘kargan bo‘lsa ham, charchoq va madorsizlik sabab tanasida ter ko‘pchigandi. Tangriqul bobo shamol pana deb Elmurodni xurjunning bir ko‘ziga solib, uning boshqa pallasiga bola vazniga teng yuk joylagan edi. Elmurod uzoq yo‘l davomida po‘stakka o‘ranib xurjun ichida g‘ujanak bo‘lib o‘tirgani bois qo‘l-oyog‘i uvishib qoldi. U mitti joni bilan shuncha azobga bardosh beraman deb karaxt bo‘lib qolgan edi…

 

…Elmurodning keyingi umri deyarli shu holatda o‘tdi. Zero, u o‘zini jon saqlash uchun xurjun ichida po‘stakka o‘ranib o‘tirganday his etardi. Elmurod xurjundan bosh chiqarib, adog‘i ko‘rinmas qorli so‘qmoqqa termulgani kabi yo‘l qarab umr o‘tkazdi. Xolbuki, vaqt o‘tgani sari u onasining o‘limiga ko‘nikdi. Ammo sho‘ro olib ketgan otasi va bobosini, keyinchalik urushga ketib izsiz yo‘qolgan O‘ktam amakisini umr bo‘yi kutib yashadi. Shunday chog‘larda bobosi aytganiday Toshqulning sho‘rlik bandaligiga shubha bilan qarardi. Inchinun, sho‘roga yugurdaklik qilib yurgan Shoberdi O‘ktam bilan bir paytda urushga ketib, oyoqsiz bo‘lib qaytdi-yu, uzoq yashamadi. Ammo shu safda frontga jo‘nagan Toshqul sho‘ro jangu-jadal ichida yurib ham biror joyiga tig‘ tekkizmay omon qaytdi. Endi yana Toshqul sho‘ro qishloq ko‘chasida salmoqlanib qadam tashlar, o‘zini bepoyon dashtning va, hatto, asov daryoning ham hojasidek tutardi.

Vaqt o‘tib Tangriqul bobo va Mengziyo baxshi oqlangani haqida bir parcha qog‘oz qo‘liga tekkan Elmurodning dilida umid yolqinladi. U o‘zicha: “Otam va bobom begunoh ekanini hukumat bilibdimi, ularni aybdor deganlar to‘hmatchiligi uchun jazosiz qolmaydi”, deb o‘ylagandi. Ammo…

U doim oqlov qog‘ozini qo‘liga olganida otasini eslar va sovuq o‘lkaning shamoli yuziga urganday bo‘lar, ayni chog‘da dunyo nohaqlik va yovuzlikdan iborat deb iztirob chekardi.

Lekin uzoq yillar o‘tib, Elmurod tongda kunchiqarga qarab quyoshning bosh ko‘tarishini tomosha qilib, sho‘roning achchiq qismatini eslab, bobom Toshqulga hukm o‘qigan ekan, degan xayolga borishini hali tassavvur qila olmasdi. Zero, yillar Toshqulga gard yuqtirmay asrab-­avaylab kelgani bilan u keksayib, nafsning qora nuqsi urgan sovuq nigohi xira tortib, qabohatga to‘yingan vujudi shalvirab, mehrga mushtoq bo‘lgan chog‘ida qismatning achchiq qamchisi boshida o‘ynay boshlashini; Toshqulning qulog‘iga dod-fig‘on qilayotgan odamlarning dahshatli o‘kiriklari eshitilib, bu tovushlar borgan sari avj olib, chidab bo‘lmas darajada chinqiriqqa aylanishini; oxir-oqibat sho‘roning asabi butkul ishdan chiqib, savdoyi bo‘lib qolishini; aqldan ozgan sho‘roni bolalari uyga qamab, obro‘li oila sha’niga dog‘ tushirayotgan cholga yemak-ichmagini panjarali deraza ortidan berishini; soch-soqoli, tirnog‘i o‘sib, yovvoyi odamday bo‘lib qolgan sho‘ro kuni bilan deraza panjarasiga osilib dod solavergach, o‘g‘li otasiga qo‘l ko‘tarishgacha borishini; bundan battar jazavaga tushgan sho‘roning tomog‘i bug‘ilib, tobora holdan toyib borishini; buni ko‘rib-bilib turgan qishloqdoshlar sho‘roni qarg‘ish urganligini ovoz chiqarib aytolmasa ham o‘zlaricha shunday xulosa qilishini-da hali bilmasdi!..

 

Yillar shoshqin daryoday o‘tib ketdi…

Toshqul sho‘roning ayanchli qismati nihoya topgani haqida xabar tarqalgach, erta tongda uning janozasiga sanoqligina odam to‘plandi. Yig‘ilganlar mayit so‘nggi yo‘lga hozir bo‘lishini kutib turishardi. Eldan ajralib qolishni istamay, janozaga kelgan Elmurod bobo yovvoyi o‘t bosgan chog‘roq hovlining bir chetida qishloqdoshlar gapiga quloq tutib o‘tirardi. Odamlar televizorda aytilgan yangilikni muhokama qilar, kecha mustaqil bo‘lgan yurtning kelgusi taqdiri haqida so‘zlashardi. Bu gaplar orasida o‘tgan-qaytgan voqealar yodga olinib, gap daromadi Toshqul sho‘roga borib taqaldi. Ular o‘lgan odam haqida yomon so‘z aytib qo‘yishdan cho‘chishdi chog‘i, birdan jim bo‘lib qolishdi. Elmurod boboning ko‘z oldiga yana qorli dovon keldi. Keyin bu azobli xotiradan butkul qutulmoqchi bo‘lgandek do‘ppisini qo‘lga olib tizzasiga urib qoqdi. Shu payt bosh xotiralar duvillab to‘kilganday chor atrofini gard qopladi. Ammo zum o‘tmay gard havoga singib, g‘oyib bo‘ldi. Elmurod bobo tag‘in Toshqul sho‘roning so‘nggi yillardagi ayanchli taqdirini esladi. Keyin: “Bobom Toshqulga hukm o‘qigan ekan”, degan xayolga bordi. Ayni chog‘da qulog‘iga Tangriqul boboning gapi eshitildi: “Tulki iniga qarab ulisa, qo‘tir bo‘ladi!”

Tamom.

1   Gertak – ozgina (sheva)

 

2      “Oychinor” dostonidan

3              “Kuntug‘mish” dostonidan

4      Shuvoq – o‘simlik. Bu iborada har kim o‘z rizq-nasibasi bilan tug‘iladi, degan ma’no bor.

5      Troma – Kuz (shevada)

6      Yer moyi – neft’. U vaqtlarda neft’ yer yuziga qaynab chiqib ko‘lmak hosil qilgan.

7      Arkar – bosh cho‘pon

8      Ko‘ksi qora

(Oxiri. Boshi o‘tgan sonda.)

Bobo RAVSHAN

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.