Taniqli şoir va tarjimon Mirpölat MIRZO bilan suhbat
– Mirpölat aka, ijod kim uçun iztirob, maşaqqat, kim uçun huzurbaxş maşğulot. Sizga–çi?
– Bir asarni yozib tugatganingdan keyin, uni qaçon boşlovdim, qanday tugatdim, deb mulohaza qilasan. Lekin bu jarayon tafsilotlarini aniq-tiniq idrok eta olmaysan. Keyingi safar bir boşdan nazorat qilaman deb dilingga tugasan, lekin befoyda.
– Şeʼr siz uçun uzoq davom etadigan ruhiy his–hayajonlar ifodasimi yoki tuyqus ehtiroslar, tuyğular tuğyonimi?
– Fikr yuragimga uruğday tuşadi. Şu uruğni asrab, olib yuraman. Vaziyat, holat yetilganda uni qoğozga bitaman. Yaʼni şeʼr yoziliş jarayonida u unib, barg yozadi, ğunçalaydi.
– Şeʼriyatingizda uzrxoh misralar ham talaygina. Masalan, “Faqat sen ğaşlanma ötmiş izimga, Telba yoşligimni solib yuzimga”, deganga öxşaş. Bu ijobatsiz muhabbat uçun tazarruyingizmi yoki vijdon azobimi?
– Şeʼriyat hamişa idealni kuylagan. Ideal esa erişilmagan, erişib ham bölmaydigan, ilk muhabbat darajasidagi yuksak tuyğu. Inson hayoti, afsuski, faqat tuyğu va işq-muhabbatdan iborat emas. Umr davom etaveradi. Siz keltirgan misralar ana şu jarayonning qoğozga tuşgan holati bölsa kerak. Bu juda bir yuksak darajada gurillab yongan moviy alanga bölmagandir, ehtimol. Biroq bu yerda mehr, insonni anglaş jarayoni yotibdi. Senga kimdir dili, qismatini boğlayapti. Öşaning oldida masʼuliyat hissini sezasan. Bular ham şeʼriyatda, adabiyotda aks etişga töla haqli holatlar. Bu yerda murosa, armon tuşunçasi bor. Masʼuliyat tuşunçasi ham bor…
– Hazrati Yassaviy tuğilgan zaminda tuğilgansiz. Har gal siz bilan Sayramga borganimizda hamyurtlaringiz qalbidagi sizga, sizning ijodingizga ayriça mehr va ixlosni körib quvonçlarga tölib qaytamiz.
– Juda kö-öp yurtlarni kezdim. Özbekistonimizning barça mintaqalarida şeʼrlar öqiganman. Lekin özim tuğilgan zaminga borganimda vujudimni ayriça hayajon qamraydi. Toşkentga qaytgaç esa, Sayram meni hamişa umidvor nigoh bilan kuzatayotganini his qilib turaman. Va… mana şu tuyğuga munosib bölişim kerak, deb öylayveraman. Men yurtdoşlarimni hamişa adabiyotni sevgan, sevayotgan holatda körişni orzu qilib yaşayman. Töğrisi, ana şu, siz ilğagan, hamyurtlarimga xos bölgan ayriça xislatlardan faxrlanib, gapirib yurişdan ham maroq tuyaman. Ehtimol, mana şu tuyğu ham menga ijodiy kuç bağişlar. Xolis aytganda, bu zamin şeʼrparast, sanʼatni dil-dilidan qadrlovçi insonlar makonidir.
– Sizni birinçi uçratganimda, Farğona vodiysidan bölsa kerak deb öylovdim. Ijodingizda ham vodiyga intiliş tuyğulari börtibroq qolgan misralar juda köp. Masalan:
Alvon-alvon bölib yondi toğu töş,
Bokira dillarda tuğyon urar jöş,
Atlasga burkandi Sayram, Qöqon, Öş,
Qadim Turkistonga xuş kelding, bahor!
– Negadir, bolaligim va yoşlik yillarim Farğona vodiysiga juda katta bir havas, mehr, hayrat nazari ila qaraş tuyğusi bilan şakllangan.
– Qaysidir bir suhbatimizda bu Qodiriyning qahramonlariga muhabbatimiz oqibati bölsa kerak, deb aytuvdingiz.
– Albatta. Qodiriy isteʼdodining, sehru jozibasining yana bir qirrasi butun özbek yigitlarini Vodiy qizlariga oşiq qilib qöygani, desam mubolağa bölmaydi.
– Raʼnolar, Kumuşlar millatimiz yigitlarining ideali demoqçisiz-da…
– Ha. “Sen Kumuşning diyoridansan” deb yozgan ham edim. Keyin taqdir meni Farğona vodiysi bilan boğladi. Kumuş diyoriga kuyovman.
– Siz kirgan davralarning gurunglari birdan gurillab ketadi. Tabiatingizdagi yumorga moyillik kö-öplarning havasini keltiradi. Biroq, negadir, hazil şeʼrlar yozmaysiz.
– Ruhiyatimdagi hazil-huzul, mutoyibaga moyillik, çamamda, ijodkorning xiyobonda sayr etib, toza havodan nafas olib turiş zaruratiga öxşaydi. Lekin hayot faqat öyin-kulgi, hazil-huzildan iborat emas. Ijodkor dunyoni doim teran muşohada etişga burçli. Dunyoni falsafiyroq, jiddiyroq aks ettirsam, deyman.
– Maşhur qozoq şoiri Öljas Sulaymonovni özbek öquvçilari asosan sizning tarjimangizda kaşf qildi. Yodimizda, “Arğumoqlar” nomli yupqagina kitobçada oddiy özbek şeʼrxonlari qalbiga Öljasning behalovat qalbi bilan birga qozoqning bepoyon kengliklarini ham olib kirgan edingiz. Bugun şu boradagi fidoyiligingiz harorati biroz pasayganday…
– Kutilmagan maʼlumot sifatida bir gapni aytay. Şu kunlarda Öljas oğaning yangi töplamini çop etişga tayyorlab qöydim. Bugun-erta naşriyotga topşirsam kerak. Kitobni öqigan odam Öljas hozirgi kunimizning ham eng yorqin, atoqli şoirlaridan biri ekanligini yana bir bor his etadi.
– Tanqidçilarni bugun birov adabiyotşunos, birov sinçi deb atayapti. Sizning-ça, ular kimlar? Tanqidga munosabatingiz?
– Darhaqiqat, tanqidçi özi kim? Ular ilm qiladigan, adabiy asarni öqib şarhlab beruvçilarmi yoki asarlarni saviya darajalariga qarab saralovçilarmi? Men ularni bugungi adabiy voqelikda adabiyot sirlarini nihoyatda çuqur tuşungan, uning taqdiri, kelajagi uçun teran qayğuradigan ijodkorlar deb bilaman. Tanqidçi yostiqday asarni öqib, u haqida maqola bitib, qançalik şarafga erişadi, aniq aytiş qiyin. Adabiyotni qismatim, deb biladigan, ayni çoğda adabiyot qismatini öylaydigan tanqidçilar bugun juda kam. Tanqidga munosabatimga kelsak, xolisona fikrlarni qabul qilmaslik johillikdir.
– Demak, tanqidçi – ijodkor, şundaymi?
– Albatta, tanqidçi ham ijodkor, fikr şoiridir u. Mulohaza qiluvçi, fikrdan fikr kaşf qiluvçidir. Tanqidçidagi isteʼdod ijodkornikidan sira kam emas. Sinçiga kelsak (aslida u ham tanqidçi), bu özimizda ilgaridan bor söz. Otlarning burniga qamişnamo narsa tiqib, nasli va imkoniyatlarini aytib beruvçilarni şunday ataşgan. Sin sözining negizi ham nigoh degan maʼnoni anglatadi. Demak, tanqidçi teran nigoh, teran nazar sohibi.
– “Mukofot” nomli şeʼringizni öqib kişi har xil öylarga boradi. Mansab, unvon, mukofot tuşunçalarining öz tasavvuringizdagi inʼikosini ham biroz oydinlaştirsangiz.
– Öz kundalik maşğuloting sirli olami oşuftasiga aylangan çoğingda öşa dunyo, öşa maʼvo eng mötabar mukofot bölib tuyuladi.
– Töğri tuşungan bölsam, öşa muhit ham mansab, ham martaba, ham unvon ekan-da.
– Mukofotlar heç kimni befarq qoldirmaydi, albatta. Çunki bu ham eʼtirof belgisi. Muhimi şundaki, “eʼtirof”larga boğlanib qolmaslik ham kişiga maroq beradi. Odam yuragida zahmatlarga nisbatan matonat tuyğusini şakllantiradi bu. Va sizni yanada köproq işlaşga, ijod qilişga rağbatlantiradi.
– Mirpölat aka, döstlik haqida nima deya olasiz? Ulfat, jöra, örtoğ degan gaplar bor. Lekin çinakam döst deganda… har kim ham öylanib qoladi.
– Umr ötgan sayin imkoning ortar,
Bir-bir bitib ketar kamu köstlaring.
Har jihatdan tökis bölarsan, faqat
Kamayib borarkan asl döstlaring.
Bu satrlarni yigirma beş yil avval bitgan ekanman. Asl döstlarim öşa paytda ham sanoqli edi. Çorak asrdan keyin qança qolganligi haqida özingiz xulosa çiqarib olavering. Nima qilay, çinakam döstlikka doir talabim özim uçun öta qadrli. Bu tamoyildan çekiniş, özimga xiyonat böladi. Döstlik haqida turkum şeʼrlar bitdim. Keling, ulardan birini öqib beray.
– Bajonidil.
– Eng asl, eng noyob bisoti uçun
Hadik-xavotirlar keçmaydi kimda?
Men seni yurakdan eʼzozlab butun,
Qizğanib yaşayman pinhon – içimda.
Riyoga izn etmas asl döstlik heç,
Sen mudom yurgansan undan yuqori.
Lekin nima bölar – ertami yo keç
Közing boğlab qöysa mansab viqori?
Yöq-yöq, na martaba va na unvonga
Qadding egmagansan, boqqansan tikka.
Ammo xavotirim – uşbu zamonda,
Netgum, tuşib qolsa mehring boylikka?
Bunda men ojizman, çunki tillo-zar,
Eng sof yurakni ham qilar söqir, kar.
– Demak, boyib ketişni orzu qilmaysiz? Boylik ijodkorga baxt keltirmaydi, isteʼdod zavoli degan gaplar ham bor.
– Şon-şuhratga intilmagan va boyib ketişni orzu qilmagan ijodkorning özi yöq. Şon-şuhrat ijodkorning içki izzat-nafsini qondirsa, boylik uning saxovatpeşaligida (hotamtoyligi bölmagan ijodkor, menimça, asl ijodkor emas) asqotadi.
Men ham boyib ketişni orzu qilaman. Lekin bu borada nimaiki rejalar tuzmay, heç birida muvaffaqiyat qozona olmadim. Bir paytlar tuzgan rejalarimga farzandlarim işonib, ularning onasi işonqiramasdi. Oxir-oqibat bunga özim ham işonmaydigan böldim. Buning boisini öylay-öylay topdim: tinmay ijod qilib va ketma-ket kitoblar çiqarib boyib ketaman deya xayol qilar ekanman… Lekin boşqa bir narsadan mamnunman: agar orzuimga erişganimdami, xoksorlikda keçirgan turfa-teran tuyğulardan, keçinmalardan bebahra qolardim. Xayriyatki, unday bölmadi. “Boylik isteʼdod zavolimi?” degan savolingizga esa javobni mabodo boyib ketsam, öşanda aytarman.
– Tarjimaçilikka ham juda katta kuç sarfladingiz. Bu şaxsiy ijodingizga xalaqit bermadimi?..
– Baʼzan şunday xayolga ham boraman. Lekin tarjimani doim sevimli ijodiy jarayon, deb bildim. Afsuslanmayman. Tarjima ham gözallik olamiga sayr. Men ana şu olamga olib kiradigan sirli kalitni nihoyat topib olgandekman… Axmatova, Svetayeva, Brodskiy, Rubsov, Voznesenskiy… Har biriga bir-bir yarim oy sarflab katta-katta turkumlarni özbekçaga ağdardim. Va bu jarayon ham men uçun ajoyib möjizalar yaratiş davri böldi, deb ayta olaman. Pasternakning bitta şeʼrini bir oylab tarjima qilolmay yurgan kunlarim ham bölgan. Bu sohada zahmatlar çekkan bölsam-da, beqiyos maroqlandim ham. Endi, yana navbat öz qalbimning tarjimalariga.
– Köngilga olmasangiz, yana bir gap. Albatta siz tarjima qilgan şoirlar jahon adabiyoti şaʼnini yelkasida kötargan siymolar. Ular faqat sizning tarjimangizda bir xillikka mahkum bölib qolmadimikin?
– Imkoni boriça ana şunga yöl qöymaslikka harakat qildim. Qanday qilib, deysizmi? Har bir şoirning hayotga, ijodga bölgan munosabatini çuqur örgandim. Va tabiiyki, ular bu jihatdan bir-biriga mutlaqo öxşamasdir. Va ayni şu jihat ularning özligini, ijodiy öziga xosliklarini saqlab qolişimga yordam berdi. Ayrimlar tarjima qilayotgan şoiriga marhamat körsatiş tuyğusi bilan qöliga qalam oladi. Men esa ularga muxlis sifatida yondaşdim. Şoirning ohangini saqlab qoliş uçun esa butunlay öşa şoir ruhiy olamida yaşaş kerak. Rubsov tarjimasiga kirişişdan oldin u haqidagi köp asarlarni öqib çiqdim. Yana bir muhim gap: men tarjima qilayotgan şoirlarimga qul emasman. Qöpol tuyulsa ham aytay, poy-patak emasman. Kerak bölsa, ular bilan töğridan-töğri gaplaşib, munozaraga kirişadigan darajaga çiqib, keyin tarjimaga qöl uraman. Men ularga xuşomad qilib, uluğligi oldida boşimni kötarolmaydigan darajadagi ijodkor emasligimni ham bilaman…
– Savolimiz könglingizni oğritgan bölsa, maʼzur tuting…
– Yöq-yöq. Bunday gap öz könglimdan ham bot-bot ötadi. Tarjima asnosida ozgina lanjlikka berilsang, tarjimani-ku çiqararsan, lekin öşa şoir özligini, öziga xosligini yöqotişi turgan gap. Deylik, tarang bir ruhda bitilgan ruboiyni oddiy törtlikka aylantirasan. Bunday olib qaraganda, hamma narsasi joyidaday. Birov eʼtiroz ham bildirolmaydi. Biroq şoir öşa tört satrga joylagan ifor yöqqa çiqadi. Öşa iforni yöqotmay ögiriş uçun şoir ijod olovida qanday yongan bölsa, sen ham şunday yonişing şart. Şuning uçun işga kirişişdan oldin qalbingda öşa şoir qalbidagi olovni yondirib qölga qalam olişing zarur. Tarjimaga qöl urişdan oldin şeʼrni yozişda şoirga qaysi tuyğu turtki böldi, qaysi söz qalbiga alanga taşladi – şuni qidiraman.
– Savoldan savol tuğiladi-da. Brodskiyni tarjima qiliş uçun Brodskiy qalbiga kirolmaysiz, u yaşagan davrda yaşay olmaysiz-ku, axir…
– Töğri, yaşolmaymiz. Lekin his etiş tuyğusi bor-ku. Tasavvur qiling, Brodskiy badarğa bölib ketdi. Qisqa vaqt içida Vatandan çiqib ketişga mahkum qildilar. Neça ön yillar hijratda yurdi. Ammo yuragida Peterburg yaşadi. Men uning iztiroblarini çuqur idrok etdim. Şoir bir şeʼrida “aprel yomğirlari yoğib turgan pallada Peterburg tuproğini öpib ölişni istayman”, deb yozgan edi. Bu qanday buyuk soğinç ekanligini şoir yuragim bilan his qilaman. Uning yana bir buyuk jihati, heç qaçon öz alami, iztiroblarini, iddaosini peş qilmadi. U özini şeʼrlari içiga yöğirib taşladi. Şoirning öz şeʼrlariga yöğrilgan pallalarini topib, tuyğularini börttiribroq körsatoldim, deb öylayman. Voznesenskiy şeʼrlari ustida ham soatlab ötirganman. Bundan çarçamaganman ham. Çunki yuragimda ilhomdan taşqari beqiyos maroq hissi ham bor edi-da. Şoir yaratgan har bir satrning özbekça böy-basti, butun salobati bilan namoyon qilib beriş, albatta, mendan juda katta fidoyilikni talab qilardi. Haykaltaroş oddiy toşda ajoyib siymolarni köradi. Undan, oddiy toşdan qanday qilib mana şunday ajoyib siymo yaratdingiz, deb söraşibdi. U savolga javoban, bu juda jön iş. Toşdan ortiqça joylarini olib taşlab, kerakli qismini qoldirdim, vassalom, degan ekan. Har qanday xorijiy şoirni öqiganimda dastlab xayolimda uning şeʼrining özbekça böy-basti gavdalanadi. Ana şu böy-bastni namoyon qiliş uçun ter tökib işlayman. Men uçun bugun tarjima qilib bölmaydigan şoir yöq. Tarjimonning eng muhim vazifasi şoir yuragi – u öz şeʼri tubiga kömgan çöğni, hovur-hayajonni topa olişi. Qolgani tajribaning işi…
– Mabodo, möjiza yuz berib, yana talabaga aylanib qolsangiz, özingizga qanday munosabatda bölgan bölardingiz?
– Afsus, qaytmaydi-da u damlar!.. Agar mabodo, talabaga aylanib qolsam, ilm ummoniga boşim bilan şönğirdim. Arximedga öxşab, tayanç nuqtasini topib bering, Yerni joyidan siljitaman, degan bölardim!
– Talantli bir ijodkor akamizga özingizni jamiyat maxovigining bir vintiga aylantirib qöymayapsizmikin, degan havotir izhor qildim. U nima dedi, deng. Agar Navoiy hazratlari öz hayotini hokimiyat hayotidan ayro tutganda tom maʼnodagi Navoiy böla olmas edi, degan gapni aytdi.
– Navoiy hokimiyatdan imkoniyatlarini tölaroq namoyon qiliş uçun foydalangan bölişi mumkin. Ammo uni hokimiyatga çin dildan intilgan, deb aytolmaymiz.
– Kimlarga havas qilib yaşaysiz? Yaxşi yozayotganlarni raqib sanaysizmi?
– Hayotda igna bilan quduq qaziydiganlarga havas qilib yaşayman. Barça yaxşi yozayotganlar mening raqiblarimdir. Biroq Xudodan ularga bundan-da yaxşi yozişlarini sörayman. Çunki şunda mening ruhiyatimda yangi ufqlar iştiyoqi tuğiladi va ğayratim yanada alangalanadi.
– Yurtboşimiz tomonidan yozuvçilarga alohida eʼtibor, ğamxörlik körsatilyapti. Qalam ahli şu ardoqqa munosib asarlar yaratayapti, deb öylaysizmi?
– Har qalay, intilişlarimiz bor. Lekin bu reja va niyatlarni ijodimizda yetarli darajada öz aksini topmoqda deb bölmaydi. Balki bu birdan ruyobga çiqadigan jarayon emasdir. Lekin hammamizni bir narsa quvontirdi – bu Yozuvçilar uyuşmasi faoliyatining jonlanganidir. Bu ayniqsa, janrlar böyiça işlaydigan kengaşlarning yillik hisobotlari yiğinlarida yaqqol közga taşlandi. Har bir kengaş öz sarhisobini qildi va bu sarhisob yangi izlanişlarga, yangi rejalarga zamin yaratdi. Adiblarimiz bundan ham faolroq işlaşlari mumkin. Agar ayrim muammolar hal qilinsa…
– Qaysi muammolarni nazarda tutyapsiz?
– Xususan, kitob naşri muammosini. Yozuvçi asarini yaratib, naşriyotga olib boradi. Naşriyotning ahvoli maʼlum: mablağimiz yöq, homiy topib keling, deydi. Kitob muallifi homiy topdi ham deylik, bu kitob bosildi ham deylik. Endi yozuvçi uni sotiş bilan (noşirlar tilida realizatsiyasi bilan) ovora bölişi kerak. Agar yozuvçi zimmasidan homiy topiş burçi va bosilgan kitobini realizatsiya qiliş vazifasi olib taşlansa, u bitta örniga, uçta asar yaratgan bölarmidi…
– Bundan 15-20 yillar oldin dökonlarimiz jovonlari belini sirqiratib turgan qator “mumtoz asar”lar birdan ğoyib böldi-qoldi. Vaholanki, ularni birov olib taşlagani ham yöq edi…
– Ularni jovonlardan istiqlol şabadasi supurib taşladi. Tarix sahnasidan butun boşli bir tuzum uloqtirilgaç, uning maddohlariga örin qolarmidi?!
– Inson har bir amali uçun nafaqat bu dunyoda, balki u dunyoda ham javobgardir. Bir paytlar yoşlik harorati bilan bitib qöygan ayrim satrlarni öqib bugun afsuslangan paytlarim bölgan. Ana şunday tuyğu-tazarrular sizni ham qiynaydimi?
– Har qanday şaroitda ham vijdonimga xilof böladigan satrlarni qoğozga tuşirmaslikka harakat qildim. Bu borada könglim tinç.
– XXII asr özbek şeʼriyatini qanday tasavvur qilasiz? Öşa maʼvo-makonda özingizning ijodingiz haqida öylaganingizda nimalarni his qilasiz?
– U zamondagi şeʼriyat borasida, jumladan, özim haqimda ham biror narsa deyişim muşkul. Lekin qiyin-qiyin – bugungi kunda bir-birini qöllab, bir-birini oldinga surib yurganlarga qiyin… Bu aniq.
– Hozirgi adabiy jarayonning yana qaysi jihatlari sizni çuqur öylarga toldiradi?
– Ayrim ijodkor döstlarimiz hayotda boşqa millat şoirlariga, asosan Ğarb ijodkorlariga taqlid qilişadi. Ijodkor hayotini uzlatda, yolğizlikda yoki allaqanday ehtiroslar oğuşida tasavvur etişadi. Şunday bölişi mumkindir. Lekin bizning milliy mentalitetimiz sal boşqaçaroq. Bu mağzi juda töq va çuqur Şarq mentaliteti. Şarq odami umrining maʼlum bir pallasida faqat ijodda emas, hayotda tutgan örni, farzandlari kamoli darajasidan ham masrurlanadi. Ğarbda ön sakkiz yoşdan keyin öz farzandiga bor, bilgan işingni istaganingça qil, deydi, hatto “alvido” sözini bamaylixotir aytişi mumkin. Bizda-çi?.. Al-Buxoriyning ustozi Abdulloh ibn al-Muborak al-Marvaziy hayoti va ijodini örgana turib, dunyoga mutaassiblik bilan emas, hamişa fikrçan ruhda qaraş kerakligini ham angladim. Buyuk insonlarning hamma jihatlari ham sen ibrat oladigan fazilat bölmasligi mumkin ekan. Al-Marvaziy aytadi: tört mingta ustoz kördim. Ularning uçtasininggina feʼl-atvori menga matlub böldi. Ularning içida ham falonçida adab-axloq, takalluf özlaştirilgan edi. Falonçida ilm bilan axloq uyğun edi. Falonçining har bir fazilati tuğma edi, deb yozadi. Biz insonga berilgan fikrlaş tuyğusini heç qaçon yöqotmasligimiz kerak. Inson fikrlaşga imkoni yöq lahzalarda ham fikr egasi. Dunyo tinimsiz evrilib bormoqda. Bu umumbaşariy jarayonda inson tabiatidagi ezgu xislatlarning putur topayotganligi taşvişga soladi. Bu bizning azaliy ideallarimizga putur yetkazmasmikin, deb xavotir qilaman. Mana şu tuyğular yorqin böyoqlar ila adabiyotimizda aks etişi va bu muammo adiblarimizni çuqur öyga toldirişi kerak. Muhimi, özligimizni saqlab qoliş tuyğusi tafakkurimizni tark etmasa, bas. Zero, quşlar yuragini doim issiq ölkalar tortib turganiday, şak-şubhasiz, bizni ham şarqona anʼana va udumlarimiz öziga tortib turadi. Qonimizda gupurgan ana şu tuyğulargina bizni qiyin davrlardan bezaxa olib ötişi mumkin.
Abdu NABI suhbatlaşdi.
“Yoşlik” jurnali, 2011-yil 6-son
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


