8 daqiqada öqiladi

658 marta körilgan

“Şeʼrim yana özing yaxşisan”

Ming yillarki, şeʼriyat va inson baqamti yaşab kelmoqda. Ming yillarki, fikr va tuyğuni ifoda etişning önğayroq usullari borligiga qaramay, inson şeʼrdan voz keçmayotir. Ming yillarki, söz sehrgarlari bir qölda qalam, bir qölda “xanjar” tutib, birida şeʼr yozib, ikkinçisida unga oçiq-oşkor “tahdid qilib” kelmoqdalar. Ming yillarki, söz ustalari şeʼr tufayli ruhiyat va köngilda keçadigan oğriqli hissiyotlarni qoğozga tuşirişdan zavq olib, ijod qilişda davom etmoqdalar.

“Baxtlidir şeʼr töqişga xavasi yöq har kişi – Umrini ötkazar tinç, bölmas ğami, taşvişi”, deb yozadi betakror rus şoiri Aleksandr Puşkin. Sevimli şoirimiz Erkin Vohidov ham unga jörovoz böladi: “Şeʼriyat bu – yurakda qon silqigan jarohat…” Özbekning yana bir vallomat isteʼdodi Muhammad Yusufning mana bu izhori esa ikki ustoznikidan ham oşib tuşadi: “Şoh asar bölsa ham tupurdim öşa – Bolamni yiğlatib yozgan şeʼrimga!”

Xöş, şeʼriyatga, umuman, sözga oşno böliş şunçalik uqubatli ekan, undan voz keçib qöya qolsak bölmaydimi?! Axir, şusiz ham umrimizni mazmunli ötkazişga yaraydigan narsa-vositalar köp-ku! Tanlaş imkoniyatimiz şu qadar keng ekan, nega aynan köngilga oğriq beradigan, ruhiyatni larzaga solib, “ming baloga giriftor” aylaydigan şeʼrda töxtalişimiz kerak?!

Gap şundaki, ijodkorni ham, kitobxonni ham aynan şunday tanlovda töxtalişga heç kim majbur qilmaydi. Gap şundaki, şunday abadiy qonuniyat mavjud: badiiy sözga, u qaysi janr vositasida voqelanişidan qatʼiy nazar, dard doyalik qiladi.

 

Köngil içra ğam kamligi asru ğamdur,

Alam yöqligi doği qattiq alamdur, –

deya yozadi uluğ söz sanʼatkori Alişer Navoiy. Zamonamizning taniqli şoiri Xurşid Davron esa bobokalon şoirimiz söziga hamohang söz aytmoqqa çoğlanib, şunday izhorni qoğozga tuşiradi:

Adabiyot şeʼr, doston emas,

Roman emas, hikoya emas,

Adabiyot – rutubat aro

Hayrat bilan olingan nafas.

“Turkiy söz sehrgari”, qolaversa, şeʼr bahslarida obdon toblangan zamondoş şoirimizki dard, ğam, alam, rutubat sözlariga urğu berayotgan ekan, bu yerda bir gap bor! Gap şundaki, ijod ahli orasida bu sözlar faqat salbiy maʼnoda qöllanmaydi. Işq-muhabbat, soğinç va hijron, döstona va samimiy hurmat, ertangi kunga işonç, ijod va mehnatdagi faollik ham – öziga xos “dard”, bu jabha vakillari uçun. Bularni dard deb atamasa ham bölar. Zero, ularning tub mohiyatida yaratuvçilik va taşabbuskorlikka daʼvat mujassam. Biroq bu xislat-fazilatlarni “dard” deb ataş şuning uçun ham örinliki, ularning barçasi ozmi-köpmi riyozatu maşaqqatni, tahlilu tafakkurni taqozo etadi. Bu jarayonlarsiz insonni mukammal köriş ham muşkul. Şu bois Bobo Maşrab dadil şart qöyadilar:

Dilda darding bölmasa, dardi sarimni kavlama…

Ustozlar hattoki, voqealarni hajv yösinda aks ettirişga bel boğlagan havaskor qalamkaşga ham “yozganlaringda dard yöq”, deya tanbeh berişlari mumkin. Demak, öşa havaskor qalamkaş özi tasvirlayotgan voqealarning ijtimoiy mohiyat va ahamiyatini teran tuşunmagan, kitobxonni “qitiqlab” kuldirişga behuda urinayotgan böladi.

Tabiiyki, köngilda ana şunday “dardi” bölmagan kişining ijod maydoniga kirganidan kirmagani maʼqulroq. Yöqsa, bundan uning özi hammadan köproq zarar köradi. Çunki kitobxon (u xoh munaqqid yoki adabiyotşunos, xoh oddiy şeʼr muxlisi bölsin), şeʼr bağridan ruhiyatda tölqin uyğotadigan, qalbga pörtana soladigan möjizakor kayfiyat yoki holatni, çizgi yoki işorani izlaydi. Bularni topolmadimi, ming urinmang, bunday şeʼr yoki qöşiqni unga maʼqullata olmaysiz.

Biz u qadar tuşunib yetmagan va hisoblaşavermaydigan ong osti sezgilarimiz, kerak bölsa, şeʼr misralari bağridan rang, hid va hatto, taʼm izlaydi. Va ana şularning biri yoki bir neçtasini topişga imkon bergan şeʼrni çuqur qoniqiş bilan qabul qiladi. Şu bois Hamid Olimjonning “Novdalarni bezab ğunçalar, Tongda aytib hayot otini,  Va şabboda qurğur ilk sahar, Olib keldi gulning totini” satrlari bilan boşlanuvçi qöşiq yangraşi hamono iş-yumuşimizdan bir lahza uzilib, xayol ummoniga ğarq bölamiz. “Derazamning oldida bir tup, Örik oppoq bölib gulladi” misralari yodimizga kelgan asno beixtiyor deraza oldiga borib, taşqariga nigoh taşlaymiz.

Söz sanʼatida paradokslar juda köp. Bir qalamkaş ijodida bir-biriga zid fikrlar, tuyğular tölqiniga istagança duç keliş mumkin. Bu ham, şubhasiz, öziga mansub bölgan muhit va şaroitning ijodkor ruhiyatiga körsatgan taʼsiriga daxldor. Binobarin, uluğ söz sanʼatkori Alişer Navoiy barçamizning tasavvurimizdan umr böyi xalq bilan bir tanu bir jon bölgan, uning manfaatlarini öz manfaatlaridan ustun qöygan siymo sifatida örin olgan. “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yöq xalq ğamidin ğami” – bu olijanob şoir hayoti va ijodining boş şiori. Darhaqiqat, u çinakam odamiylikni xalq dardu ğamini, taşvişini aritişda, bilʼaks, xalq dardi bilan işi bölmagan kimsani odamiylikdan yiroq deb bildi. Va butun umr ana şu ğoyaga sodiq qolişga intildi. Biroq şoir asarlari bağrida xalqdan, ayniqsa, özligini anglamagan, ilmu maʼrifatdan yiroq toifadan şikoyat, undan yiroqlaşişni istaş kayfiyati ustuvor bölgan bayt va misralar ham uçraydi.

Parim bölsa, uçib qoçsam ulusdan, to qanotim bor,

deb yozadi öz ğazallaridan birida.

“Ulus” va “xalq” sözlari – özaro maʼnodoş. “Xalq” – butun isteʼmolda bölgan va odamlar jamoasini anglatadigan söz. “Ulus” ham şunday maʼnoni ifoda etadi, ammo u eskirib isteʼmoldan çiqqan va hozirda unga ötmiş voqeligi aks etgan asarlar matnida duç kelişimiz mumkin. Demak, dastlab eslaganimiz satrlarda xalqqa fidoyilikni tarğib qilgan şoir keyingi misralarda “ulusdan qoçiş” xayoliga tuşayotir. Xöş, Navoiydek umrini xalqqa baxşida etgan zot ne sabab “ulusdan qoçiş”ni orzu qildi? Bunga, birinçidan, Navoiy odamiylik fazilatiga qöygan talabning benihoya teran va jiddiyligi zamin yaratgan. Butun umr botinni poklaş, zohiriy qutqulardan xalos böliş orzusida yaşagan şoir bu masalada andak xatoga yöl qöygan kimsadan uzoqlaşiş taraddudini körgan. Ikkinçidan, har qança buyuk orzular oğuşida yaşamasin, Navoiy ham inson edi va inson sifatida öziga xos xarakterga ega, örni kelganda bu xarakter qirralari uning hayot tarzida namoyon bölişi tabiiy hol edi. Manbalar uluğ bobomizning öta talabçan va ançayin injiq bölganligidan xabar beradi. Bunday xarakter sohiblari, avvalo, u qadar kirişimli bölişmaydi. Qolaversa, köpçilikka qöşilib-qorilib ketişdan köra, yolğiz qolib xayolga toliş, ezgu rejalar tuziş – ular uçun maqbul yöl. Ular “Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga” hikmatiga amal qilib, söz qadrini ğoyat baland bilişadi. Bizning mulohazalarimiz bir çetda qolaversin, uluğ şoirning özi bunday muhokamalarga çek qöymoq zaruratini avvaldan sezgandek juda köp asarlarida öz feʼl-atvori, ruhiy dunyosidagi ziddiyatlarga işora qiladi. Bizningça, bunday işora şoirning mana bu şoh baytida boşqalaridagidan yorqinroq ifoda topgan:

Meni men istagan öz suhbatiga arjumand etmas,

Meni istar kişining suhbatin könglum

                                                          pisand etmas.

Mana sizga ajoyib paradoks! Ruhiyat tölqinining sözda ifoda topişi! “Sen istaganlarning suhbatiga muşarraf böliş – mangu armon. Seni istaganlarning suhbatini esa köngling tilamaydi”, demoqda şoir. Azal-abad şunday: dunyo – biri kam…

Bunday paradokslarga bir ijodkor qalamiga mansub boşqa-boşqa asarlar misolida takror-takror duç keliş mumkin. Biroq bir asarning özida şunday ziddiyatli fikr va holatlar talqiniga röbarö keliş – tağin-da qiziqarliroq.

Özbekiston xalq şoiri Muhammad Yusuf ijodi çuqur samimiyati, xalqona falsafasi bilan şeʼriyat muxlislarining yuksak ehtiromiga sazovor bölgan. Şoir ijodini dilga yaqin qilgan omillar talaygina. Şulardan biri, şubhasiz, otaşnafas şoirning lirik qahramon ruhiyatiga xos ziddiyat va töqnaşuvlarni mantiqli tasvirlaşdagi betakror mahoratidir. Bu fazilatning, yuqorida qayd etilgandek, birgina şeʼr misralari aro namoyon bölişi esa şoyon diqqatga sazovor:

 

Şunday bemorlar borki,

Töşakda mixlanib yotar benajot,

Uyalib ketasan tuzalganingdan.

 

Şunday şifokorlar borki,

Tuğişgan akangday qaraydi senga,

Tuzalib ketasan uyalganingdan…

“Şifoxonada” deb nomlangan mazkur şeʼrdagi asosiy urğu dardi aks – teskari qilib takrorlaş sanʼati asosida vujudga kelgan “Uyalib ketasan tuzalganingdan” va “Tuzalib ketasan uyalganingdan” misralari bağrida jo bölgan.

Voqean, kasalxonada yotgan bemorning şifo topişi – mötadil holat. Ammo hamma ham tuzalavermaydi. Buning uçun kamida şoir yoki şoirona qalb egasi böliş va odamlarni osmon qadar seviş lozim. Şu bois şoir qöllagan bu taşbehdan ğaşlanmaysiz. Bir hikoya yoki qissa vositasida ifoda etiş mumkin bölgan fikrni olti misra şeʼr bağriga jo eta olgan sohibi qalamga tasanno aytasiz.

Ayni şunday mantiqli muqoyasaga asoslanganligi bois suymagan kişisi bilan yaşaşga mahkum lirik qahramonning mana bu sözlari ham heç bir iştiboh uyğotmaydi:

Çimzor,

Çimildiqda sovuq yor quçdim.

Pöstin gilam qilib mehrobga qoqdi.

Közimni çirt yumib,

Keçalari jim,

Men uni öpganda –

U meni çaqdi.

Çaqdi,

Çaqaverdi zahri söngunça.

Çaqdi goh bilagim,

Goh yuragimni.

U qança çaqsa, men tirildim şunça,

Şunça eslayverdim kapalagimni!..

Şoirning “Osmonning oxiri” deb nomlangan mansurasidan olingan mana bu satrlarda esa muallif murojaat etgan paradoksning eng mantiqli va zalvorlilari jamlangan: “Siz ming maşaqqat bilan çiqqan çöqqida kapalak ham bor, qumursqa ham yaşaydi. Sizning bu yutuğingiz ular uçun oddiy bir turmuş taşvişi… Men hidlab töymagan bedani biya qarsillatib çaynaydi. Yalpizni suv oqizib ketadi. Men közimga surtgan suvda qurbaqa çömiladi… Har qanday hayqiriq söngida nimadir dunyoga keladi. Nimadir dunyodan ketadi. Kulib gul oçiladi – yiğlab şabnam tökiladi. Daryo toşadi – toğ nuraydi. Kelin xörsinadi – yanga ermak qiladi…”

Bu satrlarni öqir ekansiz, beixtiyor öyga tolasiz, insonning dunyoni anglaşdek buyuk imtihon oldida neçoğlik ojiz ekanligini eʼtirof etaroq ruhiyatingiz larzaga keladi.

Şunça mulohazadan söng kuzatişlarimiz avvalida örtaga qöyganimiz savolga tağin qaytgimiz keladi: şeʼriyatga, umuman, sözga oşno böliş – “dard”ga oşno  böliş ekan, undan voz keçib qöya qolsak bölmaydimi? Javobimiz tayin: Aslo! Şeʼrga goho “dard”, goho “umidsizlik”, goho ruhiyatdagi “talotöp”lar doyalik qilajagidan çöçimoq – noörin! Zotan, şeʼriyat ular bağridan yoruğ umidlar izlab yaşaydi. Busiz şeʼriyat – şeʼriyat, adabiyot – adabiyot emas!

Şodmon SULAYMONOV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Yoşlik”2012/5

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)